Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Nizo xoʻjalik sudida koʻrish uchun tegishli boʻlmasa, xoʻjalik sudi ish yuritishni tugatadi
[Koʻchirma]
“Lakrisa” masʼuliyati cheklangan jamiyati (bundan buyon matnda — MChJ) xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy taʼminlash departamentining Toshkent shahar hududiy Boshqarmasi (bundan buyon matnda — Boshqarma) va uning Sergeli tuman sud ijrochilari boʻlimi sud ijrochisining (bundan buyon matnda — Boʻlim) xatti-harakatlarini noqonuniy deb topishni va Boʻlim sud ijrochisining 2013-yil 8-yanvardagi 1 193 850 soʻm jarima qoʻllash toʻgʻrisidagi qarorini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan arz qilingan talab qanoatlantirilgan. Daʼvo talabining Boʻlimga nisbatan qismi boʻyicha ish yuritish tugatilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Kassatsiya shikoyatida MChJ tomonidan ijro hujjatini ixtiyoriy ijro etish boʻyicha hech bir choralar koʻrilmaganligi, MChJ hisob raqamida pul mablagʻlari mavjud boʻlmagan taqdirda, sud ijrochilar boʻlimiga qarzdorlikni qoplash boʻyicha taklif bermaganligi va asosiy vositalar va tegishli mol-mulklari roʻyxati taqdim qilinmaganligi haqida vajlar keltirilib, hal qiluv qarorini bekor qilib, ish yuritishni tamomlash soʻralgan.
Kassatsiya protestida birinchi instansiya sudi tomonidan davlat boji undirishda xatoga yoʻl qoʻyilganligi, hal qiluv qarorining xulosa qismida MChJning arz qilingan barcha talablari boʻyicha xulosalar mavjud emasligi haqida vajlar keltirilib, hal qiluv qarorni bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborilish soʻralgan.
Sudlov hayʼati shikoyat va protest vajlarini ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra hal qiluv qarorini bekor qilib, ish yuritishni tugatishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, Toshkent shahar xoʻjalik sudining 2012-yil 14-avgustdagi 10-1203/12564-sonli ijro varaqasiga asosan MChJdan davlat foydasiga 86 853 soʻm davlat boji undirilgan. Boʻlim tomonidan mazkur ijro hujjati boʻyicha 2012-yil 14-noyabr kuni ijro ishi qoʻzgʻatilgan. Ijro jarayonida Boʻlim tomonidan 2013-yil 8-yanvardagi qaroriga asosan MChJning mansabdor shaxsi hisoblangan rahbar T.Sultanovga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 1981-moddasiga asosan eng kam ish haqining 15 baravari, yaʼni 1 193 850 soʻm miqdorida jarima qoʻllanilgan.
Mazkur qarordan norozi boʻlib, MChJ tomonidan xoʻjalik sudiga shikoyat ariza kiritilib, sud ijrochilarning xatti-harakatlarini noqonuniy deb topish va Boʻlim sud ijrochisining 2013-yil 8-yanvardagi 1 193 850 soʻm jarima qoʻllash toʻgʻrisidagi qarorini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudi MChJning arz qilingan talabi xoʻjalik sudiga taalluqli emasligini eʼtibordan chetda qoldirib, arz qilingan talabni mazmunan koʻrib, xatoga yoʻl qoʻygan.
XPK 23-moddasining 1-qismiga asosan xoʻjalik sudiga quyidagi iqtisodiyot sohasida yuridik shaxslar yuridik shaxs tuzmagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan va yakka tartibdagi tadbirkor maqomini qonunda belgilangan tarzda olgan fuqarolar oʻrtasidagi fuqaroviy, maʼmuriy va boshqa huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarga doir ishlar taalluqli.
Boʻlim sud ijrochisi tomonidan MChJning mansabdor shaxsi hisoblangan rahbar T.Sultanov, yaʼni fuqaroga nisbatan jarima qoʻllanilgan. Shundan kelib chiqqan holda, sud ijrosining xatti-harakatlarini noqonuniy deb topib va jarima qoʻllash toʻgʻrisidagi qarorini haqiqiy emas deb topish haqidagi talab xoʻjalik sudiga taalluqli emas.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007-yil 15-iyundagi “Birinchi instansiya sudida ishlarni koʻrishda Oʻzbekiston Respublikasi xoʻjalik protsessual kodeksining qoʻllanilishi toʻgʻrisida”gi 162-sonli qarorining 19-bandi 1, 2-qismlariga koʻra xoʻjalik sudi XPKning 86-moddasida belgilangan asoslarga koʻra ish boʻyicha ish yuritishni tugatadi. Ish yuritishni tugatish nizoning mohiyati boʻyicha sud qarorini chiqarmasdan ish yuritishni tamomlash shakllaridan biri hisoblanadi. Ushbu moddada nazarda tutilgan ish yuritishni tugatish asoslarining roʻyxati tugal hisoblanadi va kengaytirilgan tarzda talqin qilinishga yoʻl qoʻyilmaydi. Agar ish xoʻjalik sudida koʻrish uchun tegishli boʻlmasa, sud ish yuritishni tugatadi. Ishning xoʻjalik sudiga taalluqliligi XPK 23 va 24-moddalarining talablaridan kelib chiqqan holda aniqlanadi deb tushuntirish berilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 86-moddasining 1-bandiga koʻra nizo xoʻjalik sudida koʻrish uchun tegishli boʻlmasa, xoʻjalik sudi ish yuritishni tugatishi belgilangan.
Bayon etilganlarga asosan sudlov hayʼati, birinchi instansiya sudi tomonidan nizoni hal qilishda moddiy huquq normalarini notoʻgʻri qoʻllanib, arz qilingan talabni qanoatlantirish haqida notoʻgʻri xulosaga kelgan deb hisoblab, kassatsiya shikoyatni va protestni qisman qanoatlantirib, yuqorida qayd etilgan Plenum qarorida berilgan tushuntirishlarga rioya qilgan holda nizo boʻyicha qabul qilingan hal qiluv qarorini bekor qilib, nizo boʻyicha ish yuritishni tugatishni, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2008-yil 18-apreldagi “Xoʻjalik sudlari tomonidan davlat boji toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 180-sonli Qarorining 14-bandini qoʻllab davlat bojini undirmaslikni lozim topadi.
2013-yil 10-sentabr,
10-1314/9442-son