Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Nizo xoʻjalik sudiga taalluqli boʻlmaganligi uchun nizo boʻyicha ish yuritish tugatilgan
[Koʻchirma]
Toshkent shahar “Uz CLAAS Service” masʼuliyati cheklangan jamiyati (bundan buyon matnda — MChJ) xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy taʼminlash departamentining Qashqadaryo viloyat boshqarmasi (bundan buyon matnda — Boshqarma) va Mirishkor tuman sud ijrochilari boʻlimi (bundan buyon matnda — Boʻlim) sud ijrochilariga nisbatan sud hujjatlarini ijro etmaganligi uchun mansabdor shaxslarni javobgarligini hal etishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan arz qilingan talabni qanoatlantirish rad etilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Kassatsiya shikoyatida Boshqarma va boʻlim sud ijrochilari tomonidan sudning ijro hujjatlari Oʻzbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Qonun talablari asosida ijro etilmaganligi birinchi instansiya sudi tomonidan inobatga olinmagan holda arz qilingan talabni qanoatlantirish rad etilganligi vaj qilib keltirilib, hal qiluv qarorini bekor qilib, arizani qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul qilish soʻralgan.
Protestda esa, mazkur talab xoʻjalik sudlariga taalluqli boʻlmaganligi sababli, hal qiluv qarorini bekor qilish va arz qilingan talab boʻyicha ish yuritishni tugatish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyati va protestda keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra, hal qiluv qarorini bekor qilishni va mazkur ish boʻyicha ish yuritishni tugatishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, Toshkent shahar xoʻjalik sudining 10-1408/265-sonli xoʻjalik ishi boʻyicha qabul qilgan hal qiluv qaroriga asosan 2014-yil 3-martda ijro varaqasi berilgan.
Mazkur ijro hujjatiga koʻra, javobgar Mirishkor tumanidagi “Mirishkor Turon Agrotexservis MTP” MChJ hisobidan Toshkent shahridagi MChJ foydasiga 334 085 113 soʻm asosiy qarz, 15 000 000 soʻm penya va 4 016 221,36 soʻm sud xarajatlari undirish belgilangan.
MChJning 2014-yil 2-apreldagi 335-sonli sud ijro varaqasini majburiy ijroga qaratish toʻgʻrisidagi iltimosnomasi Boshqarmaga 19-avgust kuni taqdim etilgan va Boshqarma vakili I.Pirnazarov tomonidan qabul qilinganligi imzosi bilan tasdiqlangan.
Sud ijrochisi tomonidan ijro ishi yuritishni qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi qaror 2014-yil 27-avgust kuni chiqarilgan va qarzdor tarafga yuborilgan. 2014-yilning 12-sentabrida qarzdorning mol-mulklarini xatlash toʻgʻrisida dalolatnoma tuzilgan.
Birinchi instansiya sudi tomonidan ishni koʻrishda moddiy va protsessual huquq normalari notoʻgʻri qoʻllanilib, daʼvoni qanoatlantirishni rad etish haqida notoʻgʻri xulosaga kelgan.
Chunki, mansabdor shaxslarga nisbatan moddiy, intizomiy turdagi choralar qoʻllash toʻgʻrisidagi talablar korxona yoki tashkilotlarning raxbariyati yoki yuqori turuvchi organi tomonidan amalga oshiriladi. Vaholanki, Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining 152-moddasiga koʻra, nizoni koʻrish vaqtida tashkilotlar, davlat organi va boshqa organ, mansabdor shaxs yoki fuqaroning faoliyatida qonun hujjatlari buzilgani aniqlangan taqdirda xoʻjalik sudi xususiy ajrim chiqarishga haqlidir.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Sudning hal qiluv qarori haqida” 2007-yil 15-iyundagi 161-sonli qarorining 1-bandida sud tomonidan qabul qilingan qaror moddiy va protsessual qonunchilik normalari bilan toʻliq mos kelishi, ish hujjatlari va sud aniqlagan holatlarga muvofiq boʻlishi kerakligi qayd etilgan talablarga rioya etmaslik qarorning bekor qilinishi yoki oʻzgartirilishi uchun asos boʻlishi mumkinligi, sudlar tomonidan barcha masalalarni hal etmaydigan, yuzaki, asoslantirilmagan qarorlarning qabul qilinishi mumkin emasligi haqida tushuntirish berilgan boʻlib, sud tomonidan mazkur Plenum qarori talablariga rioya etilmagan.
Birinchi instansiya sudi moddiy huquq normalariga eʼtibor qaratmasdan hamda ish holatlariga aniqlik kiritmagan holda hal qiluv qarori qabul qilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Kassatsiya instansiyasida ishlarni koʻrishda Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining qoʻllanilishi toʻgʻrisida” 2005-yil 23-dekabrdagi 136-sonli qarorining 14-bandida kassatsiya instansiyasi sudi ishni koʻrib chiqishda sud tomonidan ish uchun ahamiyatli holatlar toʻliq tekshirilganligi, sud aniqlangan deb topgan holatlarning isbotlanganligi, moddiy va protsessual huquq normalari toʻgʻri qoʻllanganligini tekshirishda sud kassatsiya shikoyatida bayon etilgan vajlar bilan cheklanmasligi haqida tushuntirish berilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 188-moddasining birinchi va ikkinchi qismiga koʻra moddiy yoki protsessual huquq normalarining buzilishi yoxud notoʻgʻri qoʻllanilishi xoʻjalik sudining hal qiluv qarorini yoki qarorini oʻzgartirish yoxud bekor qilish uchun asos boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Birinchi instansiya sudida ishlarni koʻrishda Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining qoʻllanishi toʻgʻrisida” 2007-yil 15-iyundagi 162-sonli qarorining 25-bandida, daʼvo arizasini qabul qilishni rad etish asoslari XPKning 117-moddasida nazarda tutilgan va ushbu roʻyxat kengaytirilgan tarzda talqin qilinmasligi, agar XPK 117-moddasi birinchi qismining 1 va 4-bandlarida nazarda tutilgan asoslar daʼvo arizasi ish yuritishga qabul qilinganidan keyin aniqlansa, ish yuritish XPK 86-moddasi birinchi qismining tegishincha 1 va 3-bandlariga asosan tugatilishi haqida tushuntirish berilgan.
Sudlov hayʼati, birinchi instansiya sudi tomonidan arz qilingan talabga notoʻgʻri baho berilganligi sababli hal qiluv qarorini bekor qilib, ish yuzasidan yangi qaror qabul qilishni, mazkur nizo xoʻjalik sudlariga taalluqli boʻlmaganligi sababli Xoʻjalik protsessual kodeksining 86-moddasi birinchi qismi 1-bandiga asosan ish yuritishni tugatishni, oldindan toʻlangan sud xarajatini MChJ zimmasida qoldirishni, ishni videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida olib borilganligi bilan bogʻliq 30 000 soʻm sud xarajatini MChJ hisobidan Oliy xoʻjalik sudining depozit hisobiga undirishni lozim topadi.
2015-yil 13-yanvar,
18-1407/22191-son