Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Tadbirkorlik subyektlari tomonidan eʼtiroz qilinadigan qoʻshimcha hisoblangan bojxona toʻlovlari xoʻjalik sudi qarori boʻyicha undiriladi
“Avtooyna” masʼuliyati cheklangan jamiyati (bundan buyon matnda jamiyat deb yuritiladi) xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi Toshkent viloyat boshqarmasining (bundan buyon matnda boshqarma deb yuritiladi) 2015-yil 29-maydagi 3-sonli 305 949 163,7 soʻmlik undirilishi soʻzsiz (akseptsiz) tartibda amalga oshiriladigan inkasso topshiriqnomasini ijro etilishi mumkin emas deb topishni soʻragan.
Sudning 2015-yil 23-iyundagi ajrimi bilan ishga DAT “Asaka bank” javobgar, 2015-yil 8-iyuldagi ajrimi bilan Toshkent viloyat moliya boshqarmasi va “GM-USBEKISTAN” AJ nizo predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslar sifatida jalb etilgan.
Birinchi instansiya sudining 2015-yil 22-iyuldagi hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirilgan. Shuningdek bojxona organi xodimlariga nisbatan xususiy ajrim chiqarilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Kassatsiya shikoyatida birinchi instansiyasi sudi tomonidan ishni koʻrishda moddiy va protsessual huquq normalari notoʻgʻri qoʻllanilganligi sababli, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xorijiy investitsiyalar ishtirokida “Jeneral Motors Oʻzbekiston” korxonasini barpo etish toʻgʻrisida” 2008-yil 21-fevraldagi 800-sonli qarorining 8-bandiga asosan “Jeneral Motors Oʻzbekiston” YoAJ, “Oʻzavtosanoat” AK, shuningdek 1-ilovaga muvofiq roʻyxat boʻyicha “Jeneral Motors Oʻzbekiston” YoAJ avtomobillarini ishlab chiqarishda ishlatiladigan butlovchi buyumlar, materiallar va texnologik jihozlar ishlab chiqaruvchi boshqa korxonalar tomonidan olib kelinadigan mahsulotlar bojxona toʻlovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) toʻlashdan ozod etilganligi belgilanganligi, biroq jamiyat tomonidan olib kelingan mahsulotlarning bir qismi “Jeneral Motors Oʻzbekiston” YoAJ korxonasiga emas, balki ichki va tashqi bozorga yetkazib berilganligi, bu haqda qonuniy kuchga kirgan sud qarori borligi koʻrsatilib, hal qiluv qarori va xususiy ajrimni bekor qilish soʻralgan.
Kassatsiya protestida birinchi instansiya sudi tomonidan ish hujjatlari toʻliq oʻrganilmaganligi sababli hal qiluv qarorini bekor qilib, ish boʻyicha yangi qaror qabul qilish soʻralgan.
Sudlov hayʼati Fargʻona viloyat prokuraturasining 2015-yil 19-oktabrdagi 13/13.4-15-sonli xatiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 184-moddasining uchinchi qismiga koʻra mazkur ish yuzasidan kiritilgan kassatsiya protesti chaqirib olinganligi sababli, kassatsiya instansiyasi sudida kassatsiya protesti boʻyicha ish yuritishni tugatishni lozim topadi.
Sudlov hayʼati shikoyat vajlarini muhokama qilib, ishdagi hujjatlarni oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni, kassatsiya protesti boʻyicha kassatsiya instansiyasi sudida ish yuritishni tugatishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining 2014-yil 14-sentabrdagi 14/1-16628-sonli xatiga koʻra Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi tomonidan 2014-yil (iyul oyi) uchun tasdiqlangan tekshirishlar reja-jadvaliga asosan 2014-yilning iyul-avgust oylarida jamiyatda rejali soliq tekshiruvi oʻtkazilgan.
Boshqarmaning 2014-yil 25-iyuldagi 02-3/8-6746-sonli xati orqali jamiyat tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xorijiy investitsiyalar ishtirokida “Jeneral Motors Oʻzbekiston” korxonasini barpo etish toʻgʻrisida” 2008-yil 21-fevraldagi PQ-800-sonli qarorining (bundan buyon matnda Qaror deb yuritiladi) 8-bandiga asosan bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozdan foydalanilayotganligi maʼlum qilinib, xoʻjalik yurituvchi subyektlarda oʻtkaziladigan tekshiruvda imtiyozlardan maqsadli foydalanilishi koʻrib chiqilishi soʻralgan.
Oʻtkazilgan tekshiruvda jamiyat tomonidan Qarorning 8-bandi bilan belgilangan bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozdan notoʻgʻri foydalanganligi aniqlangan deb hisoblanib, Qarorning 8-bandida “Jeneral Motors Oʻzbekiston” YoAJ “Oʻzavtosanoat” AK, shuningdek 1-ilovaga muvofiq roʻyxat boʻyicha “Jeneral Motors Oʻzbekiston” YoAJ avtomobillarini ishlab chiqarishda ishlatiladigan butlovchi buyumlar, materiallar va texnologik jihozlar ishlab chiqaruvchi boshqa korxonalar tomonidan olib kelinadigan mahsulotlar bojxona toʻlovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) toʻlashdan ozod etilgan boʻlib, tekshirilgan davrlarda jamiyat tomonidan ishlab chiqarilib, “Jeneral Motors Oʻzbekiston” YoAJdan boshqa korxona va tashkilotlarga sotilgan avtomobil oyna mahsulotlari boʻyicha bojxona toʻlovlari qayta hisob-kitob qilinmagan. Tekshirilgan davrlarda jamiyat tomonidan “Jeneral Motors Oʻzbekiston” YoAJdan boshqa korxona va tashkilotlarga sotilgan avtomobil oyna mahsulotlari summasi 3 816 621 300 soʻmni tashkil qilganligi bayon qilingan.
Boshqarma 2015-yil 26-mayda 02-3/8-04222-sonli xat bilan murojaat qilib, Bojxona kodeksining 112-moddasiga asosan 3 kunlik muddat ichida 305 949 163,7 soʻm miqdoridagi notoʻgʻri qoʻllanilgan imtiyoz orqali vujudga kelgan bojxona toʻlovlarini toʻlab berish, aks holda akseptsiz ravishda undirilishi koʻrsatilgan.
Jamiyat 2015-yil 28-maydagi 02-016-0636-sonli javob xati bilan boshqarmaga murojaat qilib, qoʻshimcha hisoblangan bojxona toʻlovlari asossiz ekanligi haqida oʻz eʼtirozlarini bildirgan.
Boshqarma tomonidan jamiyatning hisob raqamiga 2015-yil 29-mayda 3-sonli inkasso topshiriqnomasi qoʻyilib, unda 305 949 163,7 soʻm bojxona toʻlovlari boʻyicha qarzdorlik summasini undirish koʻrsatilgan.
Boshqarmaning ushbu harakatlaridan norozi boʻlgan jamiyat sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, ushbu inkasso topshiriqnomasini ijro etilishi mumkin emas deb topishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudi daʼvoni qanoatlantirish haqida asosli toʻxtamga kelgan.
2015-yil 15-mayda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni taʼminlash, ularni jadal rivojlantirish yoʻlidagi toʻsiqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni 4-bandining toʻrtinchi xatboshisiga koʻra tadbirkorlik subyektlari tomonidan eʼtiroz qilinadigan qoʻshimcha hisoblangan bojxona toʻlovlari xoʻjalik sudi qarori boʻyicha undirilishi belgilangan.
Boshqarma tomonidan hisoblangan qoʻshimcha bojxona toʻlovlariga nisbatan jamiyat tomonidan eʼtiroz bildirilgan boʻlsa-da, boshqarma ushbu Farmonga zid ravishda bojxona toʻlovlarini soʻzsiz undirish yuzasidan bank muassasasiga inkasso topshiriqnomasini taqdim qilgan.
Sudlov hayʼati birinchi instansiya sudi tomonidan boshqarma xodimlari tomonidan qonun buzilishi holatlariga yoʻl qoʻyilganligini inobatga olib, asosli ravishda boshqarma xodimlariga nisbatan xususiy ajrim chiqargan deb hisoblaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Sudning hal qiluv qarori haqida” 2007-yil 15-iyundagi 161-sonli qarorining 1-bandiga koʻra sud tomonidan qabul qilingan qaror moddiy va protsessual qonunchilik normalari bilan toʻliq mos kelishi, ish hujjatlari va sud aniqlagan holatlarga muvofiq boʻlishi kerak.
Birinchi instansiya sudi ushbu Plenum qarori talablariga rioya qilgan holda ishdagi mavjud hujjatlarga huquqiy baho berib, daʼvo arizani qanoatlantirish haqida asosli toʻxtamga kelgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlar bilan kelisha olmaydi. Chunki qoʻshimcha hisoblangan bojxona toʻlovlariga nisbatan jamiyat tomonidan eʼtiroz bildirilgan boʻlsa-da, boshqarma eʼtiroz qilingan qoʻshimcha hisoblangan bojxona toʻlovlarini xoʻjalik sudi qarori boʻyicha undirish chorasini koʻrmasdan, jamiyatning hisob raqamiga asossiz ravishda inkasso topshiriqnomasini qoʻygan.
Qayd etilganlarga koʻra sudlov hayʼati hal qiluv qarori va xususiy ajrimni oʻzgarishsiz qoldirishni, ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish uchun toʻlangan 7 000 soʻm pochta xarajatlarini boshqarma zimmasida qoldirishni lozim topadi.
2015-yil 20-oktabr,
15-1507/13476-son