Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Soliq toʻlovchining xodimi tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlik uchun sudning maʼmuriy javobgarlikka tortish haqidagi qarorida aniqlangan holatlar xoʻjalik sudi tomonidan dalil sifatida foydalanilishi mumkin
[Koʻchirma]
Yakkasaroy tuman davlat soliq inspeksiyasi xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, “ISLOMBEK-HAMKOR” xususiy korxonasiga nisbatan Soliq kodeksi 114-moddasining birinchi qismiga asosan 3 495 250 soʻm, ikkinchi qismiga asosan 225 580 soʻm, 119-moddasining birinchi qismiga asosan 3 552 000 soʻm, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 16-martdagi PQ-605-sonli Qaroriga asosan 23 680 000 soʻm moliyaviy sanksiya qoʻllashni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 2015-yil 22-apreldagi hal qiluv qarori bilan arz qilingan talablar qanoatlantirilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Kassatsiya shikoyatida sud majlisi bayonnomasi notoʻgʻriligi, 2015-yil 22-apreldagi sud majlisi bayonnomasida va hal qiluv qarorida korxona rahbari qatnashgan deb koʻrsatilganligi hamda uning protsessual huquqlari buzilganligi, kirim hujjatlari boʻlmagan 8 turdagi 54 dona 561,0 ming soʻmlik spirtli ichimliklar uning xususiy korxonasiga tegishli emasligi, doʻstlari gaplari uchun olib kelganligini, bu haqda ular sud nomiga tushuntirish xatlarini yozganliklari, 2015-yil 12-fevraldagi dalolatnomalarga qon bosimi oshib ketganligi sababli oʻqimasdan imzo chekilganligi, alkogolli mahsulotlarni sotish uchun ruxsat guvohnomasi berilganligi, lekin xususiy korxona alkogolli mahsulotlarni savdo qilish huquqidan foydalanmaganligi, 23 680 000 soʻm jarima qoʻllash haqidagi talab asossizligi, alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdo qilish qoidalari ular tomonidan buzilmaganligi haqida vajlar keltirilib, Toshkent shahar xoʻjalik sudi hal qiluv qarorining “ISLOMBEK-HAMKOR” xususiy korxonasiga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 16-martdagi PQ-605-sonli Qaroriga asosan 23 680 000 soʻm moliyaviy jarima qoʻllash qismini bekor qilish haqida yangi qaror qabul qilish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni muhokama qilib, ishdagi hujjatlarni oʻrganib chiqib, quyidagi asoslarga koʻra sudning hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlarga koʻra, Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi Toshkent shahar Yakkasaroy tuman hududiy komissiyasining 2015-yil 12-fevraldagi 06-20-sonli qarori bilan tasdiqlangan reja jadvali, Yakkasaroy tuman davlat soliq inspeksiyasi boshligʻining 2015-yil 12-fevraldagi 69-X/S-sonli buyrugʻi va tekshirish dasturiga asosan “ISLOMBEK-HAMKOR” xususiy korxonasiga qarashli savdo tarmogʻida soliq qonunchiligiga rioya etilishi yuzasidan qisqa muddatli tekshirish oʻtkazilgan va uning natijasi boʻyicha 2015-yil 12-fevralda dalolatnoma rasmiylashtirilgan. Tekshirishda uning tartibi va qoidalari buzilmagan.
Tekshirishda “ISLOMBEK-HAMKOR” xususiy korxonasiga qarashli savdo tarmogʻida xaridlar uchun 47 000 soʻmga cheklar berilmaganligi, savdodan tushgan 1 127 900 soʻm naqd pul tushumi yashirilganligi, kirim hujjatlari boʻlmagan 8 turdagi 54 dona 561 000 soʻmlik spirtli ichimliklar, 160 turdagi 1335 dona 5 177 200 soʻmlik mahsulotlar mavjudligi aniqlangan.
Tekshirish materiallari Yakkasaroy tuman davlat soliq inspeksiyasi boshligʻi tomonidan koʻrib chiqilganidan keyin 2015-yil 2-martda “ISLOMBEK-HAMKOR” xususiy korxonasiga nisbatan Soliq kodeksi 114-moddasining birinchi qismiga asosan 3 495 250 soʻm, ikkinchi qismiga asosan 225 580 soʻm, 119-moddasining birinchi qismiga asosan 3 552 000 soʻm, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 16-martdagi PQ-605-sonli Qaroriga asosan 23 680 000 soʻm moliyaviy jarima hisoblash haqida qaror qabul qilingan.
Mazkur qaror ixtiyoriy ravishda bajarilmaganidan keyin Yakkasaroy tuman davlat soliq inspeksiyasi “ISLOMBEK-HAMKOR” xususiy korxonasiga nisbatan moliyaviy sanksiya qoʻllash toʻgʻrisida xoʻjalik sudiga ariza bergan.
Birinchi instansiya sudi ish uchun ahamiyatli holatlarni toʻliq aniqlab, moddiy va protsessual huquq normalarini toʻgʻri qoʻllab, arz qilingan talablarni qanoatlantirgan. Sudning hal qiluv qarorida bayon qilingan xulosalar ish holatlariga muvofiq keladi.
Kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlar hal qiluv qarorining “ISLOMBEK-HAMKOR” xususiy korxonasiga nisbatan qoʻllanilgan 23 680 000 soʻm moliyaviy sanksiya qismini bekor qilish hamda yangi qaror qabul qilish uchun asos boʻlmaydi.
Soliq kodeksi 101-moddasining beshinchi qismiga muvofiq tekshirish dalolatnomasidagi soliq toʻlovchining imzosi uning soliq tekshiruvi natijalaridan rozi ekanligini anglatmaydi. Tekshirishda aniqlangan soliqqa oid huquqbuzarliklar ishdagi dalillar, jumladan 2015-yil 12-fevraldagi tekshirish dalolatnomasi, Yakkasaroy tuman davlat soliq inspeksiyasi boshligʻining 2015-yil 2-martdagi qarori, jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahar Yakkasaroy tuman sudining 2015-yil 30-martdagi qarori bilan isbotlangan.
Mazkur sud qarori bilan “ISLOMBEK-HAMKOR” xususiy korxonasi rahbari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi 164-moddasining birinchi qismi, 166-moddasining birinchi qismi, 1861-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar sodir etilganligi aniqlangan va daliliy ashyo sifatida olingan, shu jumladan 8 turdagi 54 dona 561 000 soʻmlik spirtli ichimliklar yoʻq qilingan. Shu bois kirim hujjatlari boʻlmagan 8 turdagi 54 dona 561 000 soʻmlik spirtli ichimliklar “ISLOMBEK-HAMKOR” xususiy korxonasiga tegishli emas, ushbu spirtli ichimliklar uning doʻstlari tomonidan oʻz tadbirlarini oʻtkazish uchun olib kelingan degan vajlar oʻrinsizdir.
Ushbu holatlar “ISLOMBEK-HAMKOR” xususiy korxonasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 16-martdagi PQ-605-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdo qilish qoidalari buzilganligini isbotlaydi. Mazkur qoidalar buzilganligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdo qilishni yanada tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2007-yil 16-martdagi PQ-605-sonli Qarori 3-bandining birinchi xatboshisida hamda ushbu Qoidalar 16-bandining birinchi xatboshisida yuridik shaxslarga eng kam oylik ish haqining 200 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Soliq toʻlovchining xodimi tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlik uchun jinoyat ishlari boʻyicha sudning maʼmuriy javobgarlikka tortish haqidagi qonuniy kuchga kirgan qarorida aniqlangan holatlar xoʻjalik sudi tomonidan dalil sifatida foydalanilishi mumkin. Bu haqda Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Xoʻjalik sudlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi umumiy qismini qoʻllashning ayrim masalalari haqida” 2010-yil 18-iyundagi 210-sonli qarori 20.1-bandining ikkinchi xatboshisida taʼkidlangan.
Sud majlisi bayonnomasi notoʻgʻri tuzilgan degan vaj bilan kelishib boʻlmaydi. Chunki, “ISLOMBEK-HAMKOR” xususiy korxonasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 134-moddasining beshinchi qismiga muvofiq sud majlisi bayonnomasining toʻla-toʻkisligi va toʻgʻri tuzilganligi xususida oʻz fikrini ishni birinchi instansiya sudida koʻrgan sudyaga bermagan.
Sud majlisi bayonnomasi va hal qiluv qarorida “ISLOMBEK-HAMKOR” xususiy korxonasi rahbarining qatnashgan deb koʻrsatilganligi esa moddiy yoki protsessual huquq normalari buzilganligini yoki notoʻgʻri qoʻllanilganligini bildirmaydi. Qolaversa, ushbu yozuvdagi xato “ISLOMBEK-HAMKOR” xususiy korxonasining arizasiga asosan Xoʻjalik protsessual kodeksi 150-moddasining birinchi qismiga muvofiq tuzatilishi mumkin.
Mazkur ishni koʻrishda “ISLOMBEK-HAMKOR” xususiy korxonasining protsessual huquqlari buzilmagan. Chunki, ishda ishtirok etuvchi shaxslar, shu jumladan “ISLOMBEK-HAMKOR” xususiy korxonasi rahbari G.Shadiyev birinchi instansiya sudi muhokamasining vaqti va joyi toʻgʻrisida tilxat asosida xabardor qilingan. Ushbu holat 2015-yil 20-apreldagi tilxat bilan tasdiqlanadi (i.v.50).
Bunday holda birinchi instansiya sudi Xoʻjalik protsessual kodeksi 130-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq nizoni “ISLOMBEK-HAMKOR” xususiy korxonasi vakilining yoʻqligida, ishdagi mavjud dalillar asosida hal etgan.
Bayon etilganlarga asosan sudlov hayʼati hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni, kassatsiya shikoyati uchun toʻlangan 592 000 soʻm davlat bojini “ISLOMBEK-HAMKOR” xususiy korxonasi zimmasida qoldirishni, ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq 7 000 soʻm pochta xarajatlarini “ISLOMBEK-HAMKOR” xususiy korxonasi zimmasiga yuklashni, Soliq kodeksi 342-moddasi birinchi qismining 1-bandiga muvofiq ortiqcha toʻlangan 59 200 soʻm davlat bojini “ISLOMBEK-HAMKOR” xususiy korxonasiga qaytarishni lozim topadi.
2015-yil 4-avgust,
10-1503/5372-son