Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Ishda ishtirok etuvchi har bir shaxs oʻz talab va eʼtirozlariga asos qilib keltirayotgan holatlarni isbotlashi kerak
[Koʻchirma]
“Yunusobod dehqon bozori” AJ aksiyadori Israilova Nasiba Mustafayevna (bundan buyon matnda daʼvogar deb yuritiladi) xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Yunusobod dehqon bozori” AJdan (bundan buyon matnda javobgar deb yuritiladi) 610 700 soʻm yoqilgʻi xarajati va 15 000 000 soʻm maʼnaviy zarar undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo ariza qisman qanoatlantirilgan. Javobgardan daʼvogar foydasiga 610 700 soʻm yoqilgʻi xarajati, 3 000 000 soʻm maʼnaviy zarar undirilgan, daʼvo talabining 12 000 000 soʻm maʼnaviy zarar undirish qismi rad etilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarorining 610 700 soʻm yoqilgʻi xarajati undirish qismi bekor qilingan, hal qiluv qarorining qolgan qismi oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Daʼvogar kassatsiya tartibida shikoyat bilan murojaat qilib, unda sudlar tomonidan ish uchun ahamiyatli holatlar oʻrganilmaganligi, daʼvo talablari asoslantirilmagan holda qisman rad etilganligi, aksiyalarni sotib olish uchun toʻrt xonali uyini sotganligi, dividendlar tushib ketganligi va javobgar aksiyalarni oʻz vaqtida sotib olmaganligi sababli, kommunal toʻlovlardan qarzdorlik yuzaga kelganligi bayon etilib, sud qarorlarini oʻzgartirib, javobgardan 610 700 soʻm yoqilgʻi xarajati va 10 000 000 soʻm maʼnaviy zarar undirishni soʻragan.
Toshkent shahar prokuraturasi kassatsiya tartibida protest keltirib, unda sudlar tomonidan ish uchun ahamiyatli holatlar oʻrganilmaganligi, sud qarorlari moddiy huquq normalari bilan asoslantirilmaganligi bayon etilib, sud qarorlarini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyati va protestda keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birgalikda muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra kassatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan qoldirishni, protestni esa qisman qanoatlantirib, sud qarorlarini bekor qilib, daʼvo arizasini qanoatlantirishni rad etish haqida yangi qaror qabul qilishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlaridan koʻrinishicha, 2009-yil 24-iyunda javobgar aksiyadorlarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishi oʻtkazilib, umumiy yigʻilish bayoni qaror qismining 1-bandida jamiyatda qoʻshimcha aksiyalar chiqarish yoʻli bilan ustav fondini oshirish maqsadida eʼlon qilingan aksiyalarning eng koʻp miqdori 1 000 000 000 soʻm va nominal qiymati 1 000 soʻm boʻlgan 1 000 000 dona hujjatsiz egasining nomi yozilgan aksiya miqdorida belgilanishi 38 679 rozi ovoz, yaʼni 81,78 foiz ovoz bilan tasdiqlangan.
Ushbu navbatdan tashqari umumiy yigʻilish bayoni 2007-yil 27-iyundagi “Birja” roʻznomasida chop etilgan boʻlib, unda jumladan, aksiyadorlar jamiyat aksiyalarini qaytarib sotib olishini talab qilishga haqli ekanligi, mustaqil baholovchi tomonidan narxlangan jamiyatning 1 dona aksiyaning bozor qiymati 6755,80 soʻmni tashkil etishi, aksiyadorlar umumiy yigʻilishining tegishli qarori qabul qilingan sanadan eʼtiboran aksiyadorlar 45 kun ichida ushbu talabni jamiyatga taqdim etishi mumkinligi bildirilgan.
Daʼvogar aksiyalarini bozor narxida sotib olishni soʻrab, javobgarga eʼlonda belgilangan muddatda murojaat qilgan.
Biroq, javobgar aksiyadorlarining 2009-yil 26-avgustdagi navbatdan tashqari umumiy yigʻilish bayoniga koʻra, daʼvogarga tegishli boʻlgan jamiyat aksiyalarini qaytarib olish masalasi boʻyicha aksiyadorlarning 79,19 foizi tomonidan qarshi ovoz bildirilgan va arizachining aksiyalari sotib olinmagan.
Shu bois, Toshkent shahar Adliya boshqarmasi daʼvogar manfaatida fuqarolik ishlari boʻyicha M.Ulugʻbek tumanlararo sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgarga daʼvogarga tegishli boʻlgan aksiyalarni sotib olish majburiyatini yuklashni soʻragan. 2012-yil 27-noyabrdagi hal qiluv qarori bilan daʼvo toʻliq qanoatlantirilgan. Fuqarolik ishlari boʻyicha Toshken shahar sudi apellatsiya instansiyasining 2013-yil 4-iyundagi ajrimi bilan nizo xoʻjalik sudida koʻrib chiqilishi lozimligi inobatga olinib, hal qiluv qarori bekor qilinib, ish yuritish tugatilgan.
Keyinchalik, Toshkent shahar Adliya boshqarmasi daʼvogar manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgarga daʼvogarga tegishli boʻlgan aksiyalarni sotib olish majburiyatini yuklashni soʻragan. Toshkent shahar xoʻjalik sudining 10-1307/12319-sonli ish boʻyicha 2014-yil 28-fevralda qabul qilgan hal qiluv qarori bilan daʼvo toʻliq qanoatlantirilgan, javobgarga daʼvogarga tegishli boʻlgan har biri 6755,80 soʻmlik, jami 5130 dona aksiyalarni sotib olish majburiyati yuklatilgan. Kassatsiya instansiyasi sudining 2014-yil 4-iyundagi qarori bilan mazkur hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Daʼvogar daʼvo arizasida 2009-yil avgust oyidan bugungi kunga qadar, bir necha marotoba sud, adliya, prokuratura va boshqa turli idoralarga oilasiga tegishli boʻlgan “Rena” rusumli mikroavtobus va “GAZ-31105” rusumli avtotransport vositalarida qatnaganligi va 610 700 soʻmlik yoqilgʻi sarflaganligi sababli ushbu summani zarar sifatida, shuningdek, 2012-yil 1-yanvar kuni soat 17-00 larda “aksiyalarni qachon olasizlar” deb daʼvogarning manziliga asabiylashib borayotganda yiqilib tushib tan jarohati olganligi va sogʻligini yoʻqotib ishga yaroqsiz boʻlib qolganligi, javobgarning noqonuniy hatti-harakatlari natijasida ruhiy, maʼnaviy va jismoniy azoblarni boshidan kechirayotganligi, puli yoʻqligi sababli nevaralarining aqiqa toʻylarini oʻtkaza olmay qudalari oldida uyalib qolganligi, ushbu holat ham siqilishiga sabab boʻlganligi sababli 15 000 000 soʻm maʼnaviy zarar undirishni soʻragan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi (Bundan buyon matnda FK deb yuritiladi) 14-moddasining ikkinchi qismiga koʻra, zarar deganda, huquqi buzilgan shaxsning buzilgan huquqini tiklash uchun qilgan yoki qilishi lozim boʻlgan xarajatlari, uning mol-mulki yoʻqolishi yoki shikastlanishi (haqiqiy zarar), shuningdek bu shaxs oʻz huquqlari buzilmaganida odatdagi fuqarolik muomalasi sharoitida olishi mumkin boʻlgan, lekin ololmay qolgan daromadlari (boy berilgan foyda) tushuniladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007-yil 15-iyundagi “Majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun mulkiy javobgarlik toʻgʻrisidagi fuqarolik qonun hujjatlarni qoʻllashning ayrim masalalari toʻgʻrisida”gi 163-sonli qarorining 19-bandiga koʻra, zararni qoplash bilan bogʻliq nizolarni hal etishda sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, zararga shartnoma majburiyatlari bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi munosabati bilan tarafning qilgan xarajatlari, mol-mulk yoʻqolishi yoki shikastlanishi, shuningdek agar ikkinchi taraf shartnoma majburiyatlarini bajarganda taraf olishi mumkin boʻlgan, lekin uning ololmay qolgan daromadlari, huquqi buzilgan shaxsning huquqini tiklash uchun qilgan yoki qilishi lozim boʻlgan xarajatlari ham kiradi (FK 14-moddasining ikkinchi qismi). Bunday xarajatlarning zaruriyligi va ularning taxminiy miqdori asoslantirilgan hisob-kitob, tovar, ish, xizmat koʻrsatishdagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun ketadigan xarajatlar smetasi (kalkulatsiya) sifatidagi dalillar, majburiyatlarni buzganlik uchun javobgarlik darajasini belgilovchi shartnoma va boshqalar bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak.
Shuningdek, FK 1021-moddasining birinchi qismiga koʻra, maʼnaviy zarar uni yetkazuvchining aybi boʻlgan taqdirda, zarar yetkazuvchi tomonidan qoplanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining (bundan buyon matnda XPK deb yuritiladi) 55-moddasiga koʻra, ishda ishtirok etuvchi har bir shaxs oʻz talab va eʼtirozlariga asos qilib keltirayotgan holatlarni isbotlashi kerak.
Daʼvogar tomonidan oʻzining buzilgan huquqini tiklash uchun turli idoralarga qatnaganligi natijasida oilasiga tegishli avtotransport vositalariga 610 700 soʻmlik yoqilgʻi sarflaganligini tasdiqlash uchun yoqilgʻi cheklarini taqdim etgan boʻlsada, biroq, qaysi idoraga qaysi marshrut yoʻnalishi boʻyicha qaysi masala bilan borganligi tegishli dalillar bilan isbotlanmagan.
Shuningdek, daʼvogar daʼvo arizasida, 2012-yil 1-yanvar kuni (ushbu holat kassatsiya shikoyatida 2012-yil 13-yanvar kuni deb koʻrsatilgan) soat 17-00 larda “aksiyalarni qachon olasizlar” deb daʼvogarning manziliga asabiylashib borayotganda yiqilib tushib tan jarohati olganligi va sogʻligini yoʻqotib ishga yaroqsiz boʻlib qolganligi, maʼnaviy zarar summasi 15 000 000 soʻmni tashkil etishi (kassatsiya shikoyatida 10 000 000 soʻm maʼnaviy zarar undirish soʻralgan) bayon etilgan boʻlsada, birinchi instansiya sudi odatda 1-yanvar dam olish kuni ekanligiga eʼtibor qaratmagan, maʼnaviy zarar yetkazilishida javobgarning ayblilik darajasi hamda nima uchun aynan javobgardan 3 000 000 soʻm maʼnaviy zarar undirilishi asoslantirilmagan.
Vaholanki, XPKning 135-moddasiga koʻra, xoʻjalik sudining hal qiluv qarori qonuniy va asoslantirilgan boʻlishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007-yil 28-dekabrdagi “Apellatsiya instansiyasi sudida ishlarni koʻrishda Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksini qoʻllash haqida”gi 173-sonli qarorining 15-bandiga koʻra ishlarni apellatsiya tartibida koʻrishda sudlar qonun boʻyicha birinchi instansiya sudi ish uchun ahamiyatga ega boʻlgan holatlarni toʻliq tekshirganligini, sud aniqlangan deb topgan holatlarning isbotlanganligini, sudning hal qiluv qarorida bayon qilingan xulosalari ish holatlariga muvofiqligini, moddiy yoki protsessual huquq normalarining buzilmaganligini, mazkur normalar toʻgʻri qoʻllanilganligini aniqlashlari lozim.
Biroq, apellatsiya instansiyasi sudi esa qayd etilgan Plenum qarori talablariga rioya qilmagan holda, asoslantirilmagan hal qiluv qarorining 610 700 soʻm yoqilgʻi xarajati undirish qismini bekor qilib, 3 000 000 soʻm maʼnaviy zarar undirish qismini oʻzgarishsiz qoldirish haqida notoʻgʻri xulosaga kelgan.
XPK 188-moddasiga koʻra, moddiy yoki protsessual huquq normalarining buzilishi yoki notoʻgʻri qoʻllanilishi xoʻjalik sudining hal qiluv qarorini yoki qarorini oʻzgartirish yoxud bekor qilish uchun asos boʻladi.
XPK 187-moddasining 2-bandiga koʻra, birinchi instansiyaning hal qiluv qarorini va (yoki) apellatsiya instansiyasining qarorini toʻla yoki qisman bekor qilish hamda yangi qaror qabul qilishga haqli.
Bayon etilganlarga koʻra, sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan qoldirishni, protestni esa qisman qanoatlantirishni, sud qarorlarini bekor qilib, daʼvo arizasini qanoatlantirishni rad etish haqida yangi qaror qabul qilishni, ishni birinchi instansiya sudida koʻrish bilan bogʻliq 156 107 soʻm davlat boji va 7200 soʻm pochta xarajatini daʼvogar zimmasida qoldirishni, ortiqcha toʻlangan 893 soʻm davlat bojini daʼvogarga qaytarishni, ishni apellatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlarida koʻrish bilan bogʻliq 156 107 (78 053,50 x 2) soʻm davlat bojini daʼvogar zimmasiga yuklashni, ishni apellatsiya instansiyasi sudida koʻrish uchun ortiqcha toʻlangan 40 346,50 soʻm davlat bojini javobgarga qaytarishni, ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq 7000 soʻm pochta xarajatini daʼvogar zimmasida qoldirishni lozim topadi.
2015-yil 21-oktabr,
10-1518/11209-son