Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Xoʻjalik sudiga murojaat etilgandan keyin javobgar tomonidan daʼvogarning talabi ixtiyoriy qanoatlantirilganda, davlat boji javobgarga yuklatiladi
[Koʻchirma]
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Andijon viloyat hududiy boshqarmasi (bundan buyon matnda — palata) “Andijonpaxtasanoat” hududiy aksiyadorlik birlashmasi (bundan buyon matnda — daʼvogar)ning manfaatini koʻzlab, “Oʻzmarkazimpeks” davlat aksiyadorlik tashqi savdo kompaniyasi (bundan buyon matnda — javobgar)dan 46 860 882 333 soʻm asosiy qarz, 527 903 566,66 soʻm penya, 1 589 065 873,11 soʻm zarar, 3 044 754 027,47 soʻm toʻlangan kredit foizini undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilgan. Javobgardan daʼvogar foydasiga 39 276 097 470 soʻm asosiy qarz undirilgan. Daʼvoning qolgan qismini qanoatlantirish rad etilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Javobgar tomonidan berilgan kassatsiya shikoyatida sud ishni koʻrish natijasi boʻyicha davlat bojini notoʻgʻri taqsimlanganligi bayon qilinib, hal qiluv qarorining davlat boji undirish qismini daʼvo talabining qanoatlantirilgan qismiga mos holda oʻzgartirish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birgalikda muhokama qilib, quyidagilarga asosan hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, daʼvogar va javobgar oʻrtasida 2012-yil 16-avgustda 30/2012-66-sonli va 2013-yil 3-iyulda 30/2013-1-sonli xorijiy va respublika ichki isteʼmolchilarga sotish uchun paxta tolasi yetkazib berish haqida shartnomalar tuzilgan.
Shartnomalarning 4.2-bandiga asosan xaridor yetkazib beriladigan paxta tolasi uchun oldindan haq toʻlash hamda akkreditiv usulida haq toʻlash majburiyatini olgan, javobgar tomonidan toʻlov usulinining faqat oldindan haq toʻlash shartlarida toʻlovlar amalga oshirib kelingan.
Biroq, javobgar tomonidan shartnoma shartlari toʻliq bajarilmasdan, 2012-yil hosili boʻyicha yetkazib berilgan mahsulotning 12 215 960 208 soʻmga, 2013-yil hosili boʻyicha yetkazib berilgan mahsulotning 34 644 992 124,60 soʻmga teng qismi toʻlab berilmaganligi natijasida javobgarning daʼvogar oldidagi qarzi 46 860 882 333 soʻmni tashkil qilgan.
Ushbu qarzdorlik Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Nazorat-taftish Bosh boshqarmasi xodimlarining 2014-yil 26-dekabrdagi daʼvogar manzilida oʻtkazgan tekshiruv natijalari boʻyicha tuzilgan dalolatnomasi bilan oʻz tasdigʻini topgan.
Birinchi instansiya sudi daʼvo talablarini qisman qanoatlantirib, javobgardan daʼvogar foydasiga 39 276 097 470 soʻm asosiy qarz, 7 200 soʻm pochta xarajati, respublika budjetiga 468 608 823,30 soʻm davlat boji, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudiga 30 000 soʻm sud xarajati undirish toʻgʻrisida qonuniy toʻxtamga kelgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan “hal qiluv qarorining davlat boji undirish qismidagi 468 608 823,30 soʻm davlat boji oʻrniga 392 760 974,7 soʻm davlat boji undirilishi lozim edi” degan vaji bilan kelishmaydi. Chunki, daʼvoda soʻralgan asosiy 46 860 882 333 soʻm qarzdorlikning 7 584 784 862,6 soʻm qismi daʼvo arizasi sudga taqdim etilganidan keyin toʻlanganligi ish hujjatlari bilan oʻz tasdigʻini topadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Xoʻjalik sudlari tomonidan davlat boji toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 2008-yil 18-apreldagi 180-sonli Qarorining 21.4-bandida Xoʻjalik sudiga murojaat etilgandan keyin javobgar tomonidan daʼvogarning talabi ixtiyoriy qanoatlantirilganda, davlat boji javobgarga yuklanishi toʻgʻrisida tushuntirish berilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Sudning hal qiluv qarori haqida” 2007-yil 15-iyundagi 161-sonli qarorining 1-bandiga koʻra sud tomonidan qabul qilingan qaror moddiy va protsessual qonunchilik normalari bilan toʻliq mos kelishi, ish hujjatlari va sud aniqlagan holatlarga muvofiq boʻlishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining 186-moddasiga koʻra, xoʻjalik sudi ishni kassatsiya instansiyasida koʻrganida moddiy va protsessual huquq normalari birinchi instansiya va apellatsiya instansiyasi sudida toʻgʻri qoʻllanilganligini tekshiradi.
Ishni koʻrishda birinchi instansiya sudi moddiy va protsessual huquq normalarini toʻgʻri qoʻllagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Xoʻjalik sudlari tomonidan davlat boji toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 2008-yil 18-apreldagi 180-sonli Qarorining 4.6-bandiga koʻra, agar apellatsiya va kassatsiya shikoyatlari berilganda sud hujjatining faqat undirish yoki undirishni rad etish qismi shikoyat qilinayotgan boʻlsa, davlat boji nizolashilayotgan summadan kelib chiqib hisoblanadi, sud hujjati faqatgina davlat bojini undirish qismida shikoyat qilinayotgan holda, davlat boji toʻlanmaydi.
Bunday holatda sudlov hayʼati, hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni, ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq 7000 soʻm pochta xarajatini javobgar zimmasida qoldirishni, oldindan toʻlangan 379 239,24 soʻm davlat bojini javobgarga qaytarishni va bu toʻgʻrisida maʼlumotnoma berishni lozim topadi.
2015-yil 3-avgust,
10-1503/3118-son