Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Vakolatli sud hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqayotganda hakamlik sudi aniqlagan holatlarni tekshirishga yoki hakamlik sudining hal qiluv qarorini mazmunan qayta koʻrib chiqishga haqli emas
[Koʻchirma]
“Shirin Dunyo” MChJ (bundan buyon matnda — daʼvogar) “FIDELITY INVESTMENT” MChJ (bundan buyon matnda — javobgar) oʻrtasida 2012-yil 20-iyunda tuzilgan hakamlik kelishuviga koʻra, javobgar “Konsul” advokatlik firmasi huzuridagi doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, daʼvogar oʻrtasida 2012-yil 20-martda tuzilgan kafillik shartnomasiga asosan toʻlab berilmagan 86 147 737 soʻm qarzdorlikni undirib berishni soʻragan.
Toshkent shahar, S. Azimov koʻchasi 54-uy manzilidagi “Konsul” advokatlik firmasi huzuridagi doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudi (bundan buyon matnda — hakamlik sudi) tomonidan javobgarning daʼvogardan 86 147 737,84 soʻm asosiy qarzni undirish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi koʻrib chiqilishi jarayonida tomonlar oʻzaro kelishuv bitimiga kelishganligi bois, sudga ushbu kelishuv bitimini tasdiqlab berishni soʻragan.
Taraflar oʻrtasida tuzilgan kelishuv bitimiga koʻra, daʼvogar jami 86 147 737 soʻm asosiy qarz hamda 430 738 soʻm hakamlik yigʻimi undirilishi hisobiga oʻziga tegishli boʻlgan Toshkent shahar, Chilonzor tumani 19 mavze, 28-uyda joylashgan 410 kv.m iborat qandolat sexini berishga kelishgan.
Hakamlik sudining 2012-yil 27-iyundagi hal qiluv qarori bilan ushbu kelishuv bitimi tasdiqlanib, hakamlik ishi boʻyicha ish yuritish tugatilgan.
Daʼvogar “Shirin Dunyo” MChJ Toshkent shahar xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan qoʻzgʻatilgan 21/14-2836-sonli ish boʻyicha tergov harakatlari olib borish jarayonida fuqaro B. Gulyamov “Shirin Dunyo” MChJ va “Osiyo shirinliklari” MChJning chet elik taʼsischilarning imzolarini qalbakilashtirib, MChJlarning 1 313 499 600 soʻmlik aktivlarini oʻziga va qarindoshlariga rasmiylashtirganligi, taraflar oʻrtasida 2012-yil 27-iyundagi kelishuv bitimiga koʻra “Shirin dunyo” MChJga tegishli boʻlgan konditer sexini qarzdorlik hisobiga berishga kelishishda jamiyat ishtirokchilarining koʻpchiligini ovozi olinmaganligi, ushbu sex binosi 2012-yil 17-fevraldagi 63/11-sonli kredit shartnomasiga asosan garovga qoʻyilganligini, hakamlik sudi tomonidan tasdiqlangan kelishuv bitimi oldingi taʼsischilarning qonuniy huquqlariga taʼsir koʻrsatishini asos qilib, hakamlik sudining 2012-yil 27-iyundagi hal qiluv qarorini bekor qilishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 2014-yil 9-dekabrdagi ajrimi bilan arizani qanoatlantirish rad etilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining 2015-yil 19-fevraldagi qarori bilan sud ajrimi oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Kassatsiya shikoyatida, hakamlik sudi hal qiluv qarori bilan kelishuv bitimini tasdiqlashda “Shirin Dunyo” MChJ direktori kelishuv bitimini imzolashdan oldin konditer sexini qarzdorlik hisobiga berilishi yuzasidan jamiyat taʼsischilarining umumiy yigʻilish qarori olinmaganligi holatiga baho bermaganligi, javobgar taʼsichilaridan biri B. Gulyamov ekanligi, u “Shirin Dunyo” MChJ taʼsischisi K. Gulyamovani turmush oʻrtogʻi ekanligi, kelishuv bitimi manfaatdor shaxs K. Gulyamova tomonidan imzolanganligi, taraflar oʻrtasida tuzilgan kelishuv bitimi jamiyatning boshqa taʼsischilarining mulkiy huquqlarini buzilishiga taʼsir qilganligini, jinoyat ishida B. Gulyamov tomonidan taʼsis hujjatlaridagi taʼsischilarning imzolarini qalbakilashtirishi natijasida “Shirin Dunyo” MChJning aktivlariga ega boʻlganligi aniqlanganligi bayon qilinib, sud hujjatlarini bekor qilib, arizani qanoatlantirish soʻralgan.
Sud majlisida daʼvogar vakili kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni quvvatlab, taraflar oʻrtasida tuzilgan kelishuv bitimi jamiyatning boshqa taʼsischilarining mulkiy huquqlarining buzilishiga taʼsir qilishini, jinoyat ishida B. Gulyamov tomonidan taʼsis hujjatlaridagi taʼsischilarning imzolarini qalbakilashtirishi natijasida “Shirin Dunyo” MChJning aktivlariga ega boʻlganligi aniqlanganligini bayon qilib, sud hujjatlarini bekor qilib, arizani qanoatlantirishni soʻradi.
Javobgar vakili kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarga eʼtiroz bildirib, taraflar oʻrtasida tuzilgan kelishuv bitimi boshqa taʼsischilarning huquq va manfaatlariga taʼsir koʻrsatmasligini, hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish uchun “Hakamlik sudi toʻgʻrisida”gi Qonunning 47-moddasida koʻrsatilgan asoslar mavjud emasligini bildirib, sud hujjatlarini oʻzgarishsiz qoldirishni soʻradi va yozma eʼtiroznomasini taqdim etdi.
Sudlov hayʼati ishda ishtirok etuvchi shaxslar vakillarining tushuntirishlarini hamda prokurorning sud hujjatlarini oʻzgarishsiz qoldirish toʻgʻrisidagi fikrini tinglab, kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birgalikda muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra, sud hujjatlarini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Hakamlik sudlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 47-moddasida hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish asoslari belgilangan boʻlib, unga koʻra:
Vakolatli sud hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqayotganda hakamlik sudi aniqlagan holatlarni tekshirishga yoki hakamlik sudining hal qiluv qarorini mazmunan qayta koʻrib chiqishga haqli emas.
Hakamlik sudining hal qiluv qarori, agar hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilishni soʻrab ariza bergan hakamlik muhokamasi tarafi quyidagi holatlarni isbotlovchi dalillarni taqdim etsa, vakolatli sud tomonidan bekor qilinishi kerak:
hakamlik bitimining qonunlarda nazarda tutilgan asoslar boʻyicha haqiqiy emasligini;
hakamlik sudi hal qiluv qarorining hakamlik bitimida nazarda tutilmagan yoki uning shartlariga toʻgʻri kelmaydigan nizo boʻyicha chiqarilganligini yoxud unda hakamlik bitimi doirasidan chetga chiquvchi masalalar boʻyicha xulosalar mavjudligini. Agar hakamlik sudining hakamlik bitimi bilan qamrab olinadigan masalalar boʻyicha xulosalarini bunday bitim bilan qamrab olinmaydigan masalalar boʻyicha xulosalaridan ajratib olish mumkin boʻlsa, hakamlik sudi hal qiluv qarorining faqat hakamlik bitimi bilan qamrab olinmaydigan masalalar boʻyicha xulosalari boʻlgan qismi bekor qilinishi mumkin;
hakamlik sudining hal qiluv qarori ushbu Qonun 10-moddasining birinchi va uchinchi qismlari talablari buzilgan holda chiqarilganligini;
hakamlik sudi tarkibi yoki hakamlik muhokamasi ushbu Qonunning 14, 15, 16 va 25-moddalari qoidalariga muvofiq emasligini;
hakamlik sudining hal qiluv qarori hakamlik muhokamasi taraflarining qaysi biriga qarshi qabul qilingan boʻlsa, oʻsha taraf hakamlik sudyalarini saylash (tayinlash) toʻgʻrisida yoki hakamlik sudining majlisi boʻladigan vaqt va joy haqida tegishli tarzda xabardor qilinmaganligini hamda shu sababli u hakamlik sudiga oʻz tushuntirishlarini taqdim etolmaganligini.
Agar hakamlik sudi tomonidan koʻrib chiqilgan nizo qonunlarga muvofiq hakamlik muhokamasining predmeti boʻlmasa, hakamlik sudining hal qiluv qarori vakolatli sud tomonidan bekor qilinishi kerak.
Birinchi instansiya sudi daʼvogarning arizasida keltirilgan vajlar hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish uchun asos boʻla olmaydi deb hisoblab, arizani qanoatlantirishni rad etish haqida toʻgʻri xulosaga kelgan.
Chunki, Oʻzbekiston Republikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi (bundan buyon matnda — XPK)ning 1554moddasida hakamlik sudining hal qiluv qarori, agar hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisida ariza bergan hakamlik muhokamasi tarafi quyidagilarni isbotlovchi dalillarni taqdim etsa, xoʻjalik sudi tomonidan bekor qilinishi kerak:
1) hakamlik bitimi qonunda nazarda tutilgan asoslarga koʻra haqiqiy emasligini;
2) hakamlik sudining hal qiluv qarori hakamlik bitimida nazarda tutilmagan yoki uning shartlariga toʻgʻri kelmaydigan nizo boʻyicha chiqarilganligini yoxud unda hakamlik bitimi doirasidan chetga chiquvchi masalalar boʻyicha xulosalar mavjudligini. Agar hakamlik sudining hakamlik bitimi bilan qamrab olinadigan masalalar boʻyicha xulosalarini bunday bitim bilan qamrab olinmaydigan masalalar boʻyicha xulosalaridan ajratib olish mumkin boʻlsa, hakamlik sudi hal qiluv qarorining faqat hakamlik bitimi bilan qamrab olinmaydigan masalalar boʻyicha xulosalari boʻlgan qismi bekor qilinishi mumkin;
3) hakamlik sudi tarkibi yoki hakamlik muhokamasi “Hakamlik sudlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14, 15, 16 va 25-moddalari qoidalariga muvofiq emasligini;
4) hakamlik sudining hal qiluv qarori “Hakamlik sudlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 10-moddasining birinchi va uchinchi qismlari talablari buzilgan holda chiqarilganligini;
5) hakamlik sudining hal qiluv qarori hakamlik muhokamasi taraflaridan qaysi biriga qarshi qabul qilingan boʻlsa, oʻsha taraf hakamlik sudyalarini saylash (tayinlash) toʻgʻrisida yoki hakamlik sudi majlisining vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilinmaganligini hamda shu sababli u hakamlik sudiga oʻz tushuntirishlarini taqdim eta olmaganligini.
Agar hakamlik sudi tomonidan koʻrib chiqilgan nizo qonunga muvofiq hakamlik muhokamasining predmeti boʻlmasa, hakamlik sudining hal qiluv qarori xoʻjalik sudi tomonidan bekor qilinishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2012-yil 15-iyundagi “Xoʻjalik sudlari tomonidan hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish hamda hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasini berish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishda qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 238-sonli qarorining 15-bandida hakamlik sudining hal qiluv qarori XPKning 1554-moddasi birinchi qismida koʻrsatilgan asoslar mavjud boʻlsa bekor qilinishi, bunda isbotlash majburiyati hal qiluv qaroridan norozi boʻlib ariza bergan tarafning zimmasiga yuklatilishi, shu bilan birga, agar XPK 1554-moddasida koʻrsatilgan asoslar xoʻjalik sudi tomonidan aniqlansa hakamlik sudining hal qiluv qarori bekor qilinishi haqida sudlarga tushuntirish berilgan.
Biroq, daʼvogar ariza bilan murojaat etishda hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish uchun 1554-moddasida belgilangan asoslar mavjud ekanligini tasdiqlovchi dalillarni sudga taqdim eta olmagan.
Shu sababli apellatsiya instansiya sudi birinchi instansiya sudining ajrimini oʻzgarishsiz qoldirish haqida asosli xulosaga kelgan.
Bunday holatda, sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan, sud hujjatlarini oʻzgarishsiz qoldirishni, kassatsiya instansiyasida ishni koʻrish bilan bogʻliq toʻlangan 107 635 soʻm davlat boji va 7000 soʻm pochta xarajatini daʼvogar zimmasida qoldirishni, ortiqcha toʻlangan 10 765 soʻm davlat bojini qaytarishni lozim topadi.
2015-yil 11-may,
10-1412/19278-son