Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Qarzdor aybi boʻlgan taqdirda, majburiyatni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun, agar qonun hujjatlarida yoki shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, javob beradi
[Koʻchirma]
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi (bundan buyon matnda — Palata) “Sharq qurilish” MChJ manfaatida (bundan buyon matnda — daʼvogar) xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Metin qurilish” MChJ (bundan buyon matnda — javobgar)dan 108 016 609 soʻm asosiy qarz, 30 244 650 soʻm penya undirishni soʻragan.
Hal qiluv qarori qabul qilingunga qadar daʼvogar qoʻshimcha daʼvo arizasi berib, daʼvo talabi miqdorini kamaytirib, javobgardan 94 739 447 soʻm asosiy qarz, 26 527 045 soʻm penya undirishni soʻragan.
Sudning ajrimi bilan Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi uchinchi shaxs sifatida ishga jalb etilgan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo talablari qisman qanoatlantirilib, javobgardan daʼvogar foydasiga 94 739 448 soʻm asosiy qarz, 6 631 761 soʻm penya undirilgan. Daʼvoning qolgan qismini qanoatlashtirish rad etilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Sud qarorlaridan norozi boʻlib, javobgar tomonidan kassatsiya shikoyati berilgan. Unda, sudlar tomonidan ishlar hajmining 5 foizi, yaʼni 12 048 548 soʻm kafolat summasi asosiy qarz summasidan chiqarib tashlanmaganligi, obyektda bajarilishi lozim boʻlgan ishlar hajmi smeta va shartnomaga asosan 240 970 958 soʻm belgilanganligi, javobgar tomonidan 150 000 000 soʻm pul mablagʻi oʻtkazib berilganligi, ichki imkoniyatdan kelib chiqib, qoʻshimcha 40 000 000 soʻm apellatsiya instansiyasi sudiga qadar toʻlab berilganligi va toʻlov topshiriqnomalari taqdim etilganligi, lekin apellatsiya instansiya sudi ushbu summani asosiy qarzdan chiqarmaganligi, javobgar hisobidan daʼvogar foydalangan elektr energiyasi, gaz va suv uchun 1 634 192 soʻmlik haqdorlik masalasi hal etilmaganligi bayon qilinib, sud qarorlari bilan undirilgan asosiy qarzdan 12 048 548 soʻm kafolat puli, 1 634 192 soʻm kommunal toʻlovlari, 40 000 000 soʻm oʻtkazib berilgan summani hisobga olgan holda sud qarorlarini oʻzgartirib, 37 288 218 soʻm asosiy qarz undirish haqida qonuniy toʻxtamga kelish soʻralgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining (bundan buyon matnda — XPK) 40-moddasiga koʻra daʼvogar xoʻjalik nizosi boʻyicha hal qiluv qarori qabul qilingunga qadar daʼvoning asosi yoki predmetini oʻzgartirish, daʼvo talablarining miqdorini koʻpaytirish yoki kamaytirish, yoxud daʼvodan voz kechishga haqliligi belgilangan.
XPKning 184-moddasida kassatsiya shikoyati bergan shaxs qaror chiqarilgunga qadar undan voz kechishi belgilangan.
Biroq, javobgar arizada kassatsiya shikoyatidan emas, balki daʼvodan voz kechishi munosabati bilan kassatsiya shikoyatini koʻrmasdan qoldirishni soʻragan.
Bunday holatda, sud javobgarning arizasini qanoatlantirmaslikni, ishni kassatsiya shikoyati asosida koʻrib chiqishni lozim topadi.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birgalikda muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra, sud qarorlarini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, daʼvogar va javobgar oʻrtasida 2013-yil 27-avgustda “Eski Joʻva dehqon bozori” OAJ hududidagi bozorga kirish qismini qayta taʼmirlash ishlarini bajarish yuzasidan 39-sonli pudrat shartnomasi tuzilgan. Shartnoma bahosi taxminiy 200 000 000 soʻm qilib belgilangan. Shartnomaga asosan daʼvogar javobgarning buyurtmasiga asosan shartnomada koʻrsatilgan obyektda qurilish taʼmirlash ishlarini bajarish, javobgar esa bajarilgan ishlarni qabul qilib olish va haqini toʻlab berish majburiyatini olgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi (bundan buyon matnda — FK)ning 631-moddasi birinchi qismiga koʻra, pudrat shartnomasi boʻyicha bir taraf (pudratchi) ikkinchi taraf (buyurtmachi)ning topshirigʻiga binoan maʼlum bir ishni bajarish va uning natijasini buyurtmachiga belgilangan muddatda topshirish majburiyatini oladi, buyurtmachi esa ish natijasini qabul qilib olish va buning uchun haq toʻlash majburiyatini oladi.
Shartnomaga asosan javobgar tomonidan 150 000 000 soʻm pul mablagʻi oʻtkazib berilgan. Daʼvogar obyektda bajarilgan ishlar qiymatini aniqlash yuzasidan oʻtkazilgan 62/1-sonli ekspertiza natijalariga koʻra oktyabr oyida bajarilgan 258 016 609 soʻmlik ishlar uchun rasmiylashtirilgan dalolatnomani javobgarga taqdim etgan. Lekin javobgar tomonidan dalolatnoma imzolanmasdan, daʼvogarning murojaati oqibatsiz qoldirilgan.
Shunga koʻra Palata daʼvogar manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgardan 108 016 609 soʻm asosiy qarz va 30 244 650 soʻm penya undirishni soʻragan.
Hal qiluv qarori qabul qilingunga qadar daʼvo talabi miqdorini kamaytirish haqida qoʻshimcha daʼvo arizasi berib, javobgardan 94 739 447 soʻm asosiy qarz, 26 527 045 soʻm penya undirishni soʻragan.
XPKning 54-moddasida ushbu Kodeks va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan tartibda olingan maʼlumotlar ish boʻyicha dalillar boʻlib, ular asosida xoʻjalik sudi ishda ishtirok etuvchi shaxslarning talablari va eʼtirozlarini asoslovchi holatlar, shuningdek nizoni toʻgʻri hal qilish uchun ahamiyatga ega boʻlgan boshqa holatlar bor yoki yoʻqligini aniqlashi, bunday maʼlumotlar yozma va ashyoviy dalillar, ekspertlarning xulosalari, guvohlarning koʻrsatuvlari, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlari bilan aniqlanishi belgilangan.
Birinchi instansiya sudi javobgarning daʼvogar oldidagi mavjud qarzdorligi, bajarilgan ishlarni topshirish-qabul qilish dalolatnomalari, ekspertiza xulosasi hamda toʻlov topshiriqnomalari bilan oʻz tasdigʻini topganligi bois, daʼvoning 94 739 448 soʻm asosiy qarz undirish talabini qanoatlantirish haqida toʻgʻri xulosaga kelgan.
Bundan tashqari, daʼvogar javobgar tomonidan shartnoma majburiyatlari belgilangan muddatda bajarilmagani uchun Oʻzbekiston Respublikasining “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisida”gi Qonunining 32-moddasiga asosan 26 527 045 soʻm penya undirishni soʻragan.
FKning 333-moddasiga asosan qarzdor aybi boʻlgan taqdirda, majburiyatni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun, agar qonun hujjatlarida yoki shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, javob beradi.
Ushbu kodeksning 326-moddasiga asosan agar toʻlanishi lozim boʻlgan neustoyka kreditorning majburiyatini buzish oqibatlariga nomutanosibligi koʻrinib tursa, sud neustoykani kamaytirishga haqli, sud alohida hollarda qarzdor va kreditorning manfaatlarini hisobga olib, kreditorga toʻlanishi lozim boʻlgan neustoykani kamaytirish huquqiga ega.
Birinchi instansiya sudi FKning 326-moddasiga asosan taraflar majburiyatni qay darajada bajarganligi, ularning mulkiy ahvolini inobatga olib, daʼvogarning penya undirish talabini 6 631 761 soʻmga qanoatlantirib, asosli xulosaga kelgan.
Chunki, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007-yil 15-iyundagi “Majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun mulkiy javobgarlik toʻgʻrisidagi fuqarolik qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 163-sonli qarori 4-bandiga hamda Fuqarolik kodeksining 326-moddasiga koʻra sud qarzdor tomonidan majburiyatlarning bajarilish darajasini, majburiyatda ishtirok etuvchi taraflarning mulkiy ahvolini, shuningdek kreditorning manfaatlarini eʼtiborga olib, neustoyka miqdorini kamaytirishga haqli.
Birinchi instansiya sudi tomonidan hal qiluv qarori qabul qilishda moddiy va protsessual huquq normalariga rioya qilinganligi bois, apellatsiya instansiya sudi hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirgan.
Garchand, javobgar kassatsiya shikoyatida daʼvogarga 40 000 000 soʻm pul mablagʻini apellatsiya instansiyasi sudiga qadar toʻlab berilganligi, apellatsiya instansiya sudi ushbu summani asosiy qarzdan chiqarmaganligi, javobgar hisobidan daʼvogar foydalangan elektr energiyasi, gaz va suv uchun 1 634 192 soʻmlik haqdorlik masalasi hal etilmaganligini vaj qilib keltirgan boʻlsada, sud ushbu vajlarni qabul qilmaydi. Chunki, ushbu keltirilgan vajlarni javobgar apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan ishni koʻrish jarayonida ham keltirgan boʻlib, ushbu vajlar sud tomonidan muhokama qilingan va tegishli baho berilgan. Bundan tashqari, javobgar daʼvogarga 40 000 000 soʻm pul mablagʻi oʻtkazib berilganligi, 1 634 192 soʻm kommunal toʻlovlar bosh pudratchi tomonidan amalga oshirilganligini tasdiqlovchi dalillarni sudga taqdim etmagan.
Bunday holatda, sudlov hayʼati javobgarning arizasini qanoatlantirmasdan, sudlar tomonidan moddiy va protsessual huquq normalari bilan asoslantirilgan qarorlar qabul qilingan deb hisoblab, sud qarorlarini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirishni rad etishni, ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq toʻlangan 606 332 soʻm davlat boji va 7200 soʻm pochta xarajatlarini javobgar zimmasida qoldirishni lozim topadi.
2015-yil 16-fevral,
10-1420/14094-son