Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Agar toʻlanishi lozim boʻlgan neustoyka kreditorning majburiyatini buzish oqibatlariga nomutanosibligi koʻrinib tursa, sud neustoykani kamaytirishga haqli
[Koʻchirma]
Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarma (bundan buyon matnda — Boshqarma)si xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “SURXON TARMIT JAMOL” tayyorlov savdo MChJ (bundan buyon matnda — MChJ)dan 45 500 000 soʻm penya undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo toʻliq qanoatlantirilgan. MChJdan Boshqarma foydasiga 45 500 000 soʻm penya undirilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarorining MChJdan Boshqarma foydasiga 45 500 000 soʻm penya undirish qismi “MChJdan Boshqarma foydasiga 6 066 510 soʻm penya undirilsin” deb oʻzgartirilgan.
Boshqarma kassatsiya tartibida shikoyat bilan murojaat qilib, unda MChJ tomonidan investitsiya majburiyatlari toʻliq bajarilmaganligi, shartnomada ushbu holda penya undirish nazarda tutilganligi, biroq apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan penyani undirish haqidagi daʼvo talabini qisman rad etish sabablari asoslantirilmaganligi bayon etilib, qarorni bekor qilish, ishni yangidan koʻrish uchun apellatsiya instansiya sudiga yuborish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birgalikda muhokama qilib, quyidagilarga koʻra kassatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan, apellatsiya instansiyasi sudining qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, Boshqarma, Botirov Bexzod Isroiljonovich (bundan buyon matnda — Fuqaro) hamda Termiz tuman hokimligi (bundan buyon matnda — Tuman hokimligi) oʻrtasida 2013-yil 5-iyunda Tuman hokimligi tasarrufidagi Termiz tumani, Paxtaobod QFY, Qahramon mahallasida joylashgan “Yoshlar markazi”ning eski binosini investitsiya majburiyatlari evaziga nolli xarid qiymatida sotish toʻgʻrisida 1176-sonli oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan.
Shartnomaning 3.1-bandida, Fuqaro mazkur shartnomaning 2-ilovasi va investitsiya kiritish rejasiga muvofiq, 100 000 000 soʻm miqdordagi investitsiya majburiyatlarini 9 oy muddat ichida bajarishi belgilangan.
Shartnomaning 2-ilovasiga koʻra, Fuqaro 2013-yilning 2-choragida binoni buzib olish uchun ishchilarni yollashga 10 000 000 soʻmlik, 2013-yilning 3-4-choragida binoni qayta qurish va taʼmirlash ishlariga (sement, pishgan gʻisht, blok, elektrojihozlar, santexnika jihozlari, akfa eshik va romlar, alyukafon va boshqa qurilish materiallari) oʻrnatish uchun 70 000 000 soʻmlik, 2014-yilning 1-choragida zamonaviy tikuvchilik sexi, erkaklar va ayollar saloni hamda orgtexnika doʻkonini tashkil qilib, faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun 20 000 000 soʻmlik investitsiya kiritish majburiyatini olgan.
2013-yil 28-oktabrda 2013-yil 5-iyunda Boshqarma va Fuqaro hamda MChJ oʻrtasida tuzilgan shartnomaga 1268-sonli qoʻshimcha kelishuv tuzilgan.
Mazkur qoʻshimcha kelishuvning 2.1-bandiga koʻra, “Majburiyatni qabul qiluvchi” MChJ 2014-yilning 1-iyul oyiga qadar umumiy qiymati 100 000 000 soʻm miqdoridagi investitsiya maburiyatlaridan 40 000 000 soʻmlik qismi Fuqaro tomonidan bajarilganligini eʼtiborga olgan holda, qolgan 60 000 000 soʻmlik investitsiya majburiyatlarini belgilangan jadvalga muvofiq kiritish, 10 ta yangi ish oʻrni yaratish va yaratilgan ish oʻrinlarini 2 yil muddatga saqlab qolish majburiyatini olgan. Shuningdek, shartnomaning qolgan bandlari taraflarning hoxishiga koʻra oʻzgarishsiz qoldirilishi belgilangan.
Daʼvogar tomonidan 2013-yil 26-dekabrda 01-05/3082-sonli talabnoma bilan investitsiya majburiyatlari bajarilmaganligi oqibatida jarima va penya undirilishi, shartnoma bekor qilinishi haqida MChJ ogohlantirilgan. Biroq, MChJ tomonidan talabnoma oqibatsiz qoldirilgan.
Shartnomaning 8.4-bandida, mazkur shartnomaning 4-boʻlim, 1-bandi shartnomaga 2-ilova 1-bandida belgilangan investitsiya majburiyatlari oʻz vaqtida kiritilmagan taqdirda, MChJ har bir kechiktirilgan kun uchun oʻz vaqtida kiritilmagan investitsiya maburiyatlarining 0,4 foizi miqdorida, lekin oʻz vaqtida toʻlanmagan toʻlov qiymatining 50 foizidan ortiq boʻlmagan miqdorda Boshqarmaga penya toʻlashi belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi (bundan buyon matnda — FK) 260-moddasining birinchi qismiga koʻra, qonun hujjatlari yoki shartnoma bilan belgilangan, qarzdor majburiyatni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda kreditorga toʻlashi shart boʻlgan pul summasi neustoyka hisoblanadi.
FK 261-moddasining birinchi — ikkinchi qismlariga koʻra, neustoyka jarima yoki penya shaklida boʻladi.
FKning 326-moddasiga koʻra, agar toʻlanishi lozim boʻlgan neustoyka kreditorning majburiyatini buzish oqibatlariga nomutanosibligi koʻrinib tursa, sud neustoykani kamaytirishga haqli. Bunda qarzdor majburiyatni qay darajada bajarganligi, majburiyatda ishtirok etayotgan taraflarning mulkiy ahvoli, shuningdek kreditorning manfaatlari eʼtiborga olinishi kerak.
Sud alohida hollarda qarzdor va kreditorning manfaatlarini hisobga olib, kreditorga toʻlanishi lozim boʻlgan neustoykani kamaytirish huquqiga ega.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007-yil 15-iyundagi “Majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun mulkiy javobgarlik toʻgʻrisidagi fuqarolik qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 163-sonli qarorining 4-bandida quyidagicha tushuntirish berilgan: FKning 326-moddasiga muvofiq sud qarzdor tomonidan majburiyatlarning bajarilish darajasini, majburiyatda ishtirok etuvchi taraflarning mulkiy ahvolini, shuningdek kreditorning manfaatlarini eʼtiborga olib, neustoyka miqdorini kamaytirishga haqli.
Shu bilan birga sudlar shuni eʼtiborga olishlari lozimki, neustoykaning eng kam miqdori FKning 327-moddasida koʻrsatilgan foizlar miqdoridan kam boʻlmasligi lozim.
Boshqarma daʼvo arizasida MChJ tomonidan amalda kiritilmagan investitsiya majburiyatidan emas, oldi-sotdi shartnomasi umumiy qiymatidan kelib chiqqan holda 45 500 000 soʻm penya undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudi esa ushbu holatga huquqiy baho bermasdan penyani toʻliq undirish haqida barvaqt xulosaga kelgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007-yil 28-dekabrdagi “Apellatsiya instansiyasi sudida ishlarni koʻrishda Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksini qoʻllash haqida”gi 173-sonli qarorining 15-bandiga koʻra ishlarni apellatsiya tartibida koʻrishda sudlar qonun boʻyicha birinchi instansiya sudi ish uchun ahamiyatga ega boʻlgan holatlarni toʻliq tekshirganligini, sud aniqlangan deb topgan holatlarning isbotlanganligini, sudning hal qiluv qarorida bayon qilingan xulosalari ish holatlariga muvofiqligini, moddiy yoki protsessual huquq normalarining buzilmaganligini, mazkur normalar toʻgʻri qoʻllanilganligini aniqlashlari lozim.
Apellatsiya instansiyasi sudi qayd etilgan Plenum qarori talablariga rioya qilgan holda, MChJ tomonidan kiritilmagan investitsiya qiymati 40 433 000 soʻmni, ushbu summaning 50 foizi esa 20 221 500 soʻmni tashkil etishini inobatga olib, undirilishi lozim boʻlgan 20 221 500 soʻm penya summasini 6 066 510 soʻmga qadar kamaytirish haqida toʻgʻri xulosaga kelgan.
Ushbu holda, sudlov hayʼati, sud qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilishga asos yoʻq deb hisoblaydi.
Qayd etilganlarga koʻra, sudlov hayʼati, apellatsiya instansiyasi sudining qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni, Oʻzbekiston Respublikasi Solik kodeksi 330-moddasining 19-bandiga koʻra, Boshqarma davlat bojidan ozod etilganligi sababli, ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq davlat bojini undiruvsiz qoldirishni, 7000 soʻm pochta xarajati Boshqarma tomonidan oldindan toʻlanganligini inobatga olishni hamda ishni kassatsiya instansiyasi sudida videokonferensaloqa rejimi orqali koʻrish bilan bogʻliq 30 000 soʻm sud harajatini uning zimmasiga yuklashni lozim topadi.
2015-yil 4-mart,
19-1403/15128-son