Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Agar apellatsiya, kassatsiya shikoyatlari va boshqa hujjatlar aloqa tashkilotiga muddatning oxirgi kunida soat yigirma toʻrtga qadar topshirilgan boʻlsa, muddat oʻtkazib yuborilgan hisoblanmaydi
[Koʻchirma]
“Urganch maxsus qurilish servis” YoAJ daʼvo arizasi bilan xoʻjalik sudiga murojaat qilib, “Urganch uy-joy qurilish-montaj servis” xususiy korxonasidan 32317359 soʻm asosiy qarz, 16158670 soʻm penya undirishni soʻragan.
Xorazm viloyat xoʻjalik sudi tomonidan daʼvo arizasi ish yuritishga qabul qilinib, xoʻjalik ishi qoʻzgʻatilgan.
“Urganch uy-joy qurilish-montaj servis” xususiy korxonasi ham daʼvo arizasi bilan xoʻjalik sudiga murojaat qilib, “Urganch maxsus qurilish servis” YoAJdan 13376167 soʻm asosiy qarz, 6688083 soʻm penya, 2006425 soʻm jarima undirishni soʻragan.
Sudning 2009-yil 14-iyuldagi ajrimi bilan mazkur xoʻjalik ishi birlashtirilgan.
Birinchi instansiya sudining 2009-yil 9-dekabrdagi hal qiluv qarori bilan “Urganch maxsus qurilish servis” YoAJ daʼvo talabi qisman qanoatlantirilib, “Urganch uy-joy qurilish-montaj servis” xususiy korxonasi hisobidan “Urganch maxsus qurilish servis” YoAJ foydasiga 32317359 soʻm asosiy qarz, 4524430 soʻm penya undirilgan. Daʼvoning qolgan qismi hamda “Urganch uy-joy qurilish-montaj servis” xususiy korxonasining daʼvo talabi toʻliq rad etilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining 2010-yil 15-yanvardagi ajrimi bilan apellatsiya shikoyati qaytarilgan. Ushbu sudning 2010-yil 10-fevraldagi ajrimi bilan apellatsiya shikoyatini qabul qilish rad etilgan.
Kassatsiya shikoyatida apellatsiya instansiyasi sudining 2010-yil 10-fevraldagi ajrimini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun apellatsiya instansiya sudiga yuborish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birgalikda muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra kassatsiya shikoyatini qisman qanoatlantirib, apellatsiya instansiyasi sudi ajrimlarini bekor qilishni, apellatsiya shikoyatini koʻrish uchun apellatsiya instansiyasi sudiga yuborishni lozim topadi.
Apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan 2010-yil 15-yanvarda apellatsiya shikoyatini qaytarishda quyidagi kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgan.
“Urganch uy-joy qurilish-montaj servis” xususiy korxonasi 2009-yil 9-dekabrdagi hal qiluv qaroridan norozi boʻlib yozgan apellatsiya shikoyatini 2010-yil 9-yanvarda pochta orqali (pochta kvitansiyasi i/v 181 mavjud) Xorazm viloyat xoʻjalik sudiga yuborgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 97-moddasining uchinchi qismiga koʻra, protsessual harakat belgilangan muddatning oxirgi kuni to soat yigirma toʻrtgacha bajarilishi mumkin. Agar apellatsiya, kassatsiya shikoyatlari va boshqa hujjatlar aloqa tashkilotiga muddatning oxirgi kunida soat yigirma toʻrtga qadar topshirilgan boʻlsa, muddat oʻtkazib yuborilgan hisoblanmaydi.
Biroq, apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan “Urganch uy-joy qurilish-montaj servis” xususiy korxonasining apellatsiya tartibida shikoyat berish muddati oʻtganligi hamda muddatni tiklash toʻgʻrisida iltimosnoma boʻlmaganligi uchun apellatsiya shikoyatini qaytarish haqida barvaqt xulosaga kelingan.
“Urganch uy-joy qurilish-montaj servis” xususiy korxonasi apellatsiya shikoyatini u bilan murojaat qilishning oxirgi kuni, yaʼni 2010-yil 9-yanvarda pochta orqali yuborganligi sud eʼtiboridan chetda qolgan.
Shuningdek, “Urganch uy-joy qurilish-montaj servis” xususiy korxonasi Xorazm viloyat xoʻjalik sudiga apellatsiya shikoyati va muddatni tiklash toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan murojaat qilgan. Ammo, apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan 2010-yil 10-fevraldagi ajrim bilan apellatsiya shikoyatini qabul qilishni rad etish haqida ham barvaqt xulosaga kelingan.
Sud tomonidan xususiy korxonaning shikoyat vajlari oʻrganilmagan. Cud yuzaki asoslar bilan shikoyatni qaytarib, xatoga yoʻl qoʻygan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Kassatsiya instansiyasida ishlarni koʻrishda Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining qoʻllanilishi toʻgʻrisida” 2005-yil 23-dekabrdagi 136-sonli qarorining 14-bandiga koʻra, kassatsiya instansiyasi sudi ishni koʻrib chiqishda sud tomonidan ish uchun ahamiyatli holatlarning toʻliq tekshirilganligini, sud aniqlangan deb topgan holatlarning isbotlanganligi, moddiy va protsessual normalari toʻgʻri qoʻllanilganligini tekshiradi. Bunda sud kassatsiya shikoyatida bayon etilgan vajlar bilan cheklanmasligi kerakligi haqida tushuntirish berilgan.
Bu holda sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatini qisman qanoatlantirib, apellatsiya instansiyasi sudi ajrimlarini bekor qilishni hamda apellatsiya shikoyatini koʻrish uchun apellatsiya instansiyasiga yuborishni lozim topadi.
Ishni yangidan koʻrishda birinchi instansiya sudi taraflar oʻrtasida tuzilgan shartnomani hamda daʼvo talablarini asoslovchi hujjatlarning asl nusxalarini talab qilib olib, ishga qoʻshib oʻrganib, moddiy va protsessual huquq normalari bilan asoslantirilgan qaror qabul qilishi va ishni sudda koʻrish bilan bogʻliq boʻlgan sud xarajatlarini taraflar oʻrtasida taqsimlab, undirishi lozim boʻladi.
2010-yil 19-aprel,
22-0905/7118, 22-0902/7880-son