Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Majburiyatlar majburiyat shartlariga va qonun hujjatlari talablariga muvofiq, bunday shartlar va talablar boʻlmaganida esa — ish muomalasi odatlariga yoki odatda qoʻyiladigan boshqa talablarga muvofiq lozim darajada bajarilishi kerak
[Koʻchirma]
“Toʻpalangqurilish montaj” boshqarmasi xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat etib, “Denov-Qumqoʻrgʻon-Toshguzar” savdo-ishlab chiqarish korxonasidan 24700000 soʻm asosiy qarz, 3750000 soʻm jarima hamda 0,4 foiz miqdorida penya undirishni soʻragan.
Surxondaryo viloyat xoʻjalik sudining 2009-yil 14-iyuldagi hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, javobgardan daʼvogar foydasiga 24700000 soʻm asosiy qarz, 3750000 soʻm penya undirilgan. Daʼvoning qolgan qismi rad etilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Kassatsiya instansiyasi sudining 2009-yil 7-sentabrdagi qarori bilan hal qiluv qarori bekor qilinib, ish yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborilgan.
Birinchi instansiya sudining 2009-yil 6-noyabrdagi hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, “Denov-Qumqoʻrgʻon-Toshguzar” savdo-ishlab chiqarish korxonasi hisobidan “Toʻpalangqurilish montaj” boshqarmasi foydasiga 24700000 soʻm asosiy qarz, 2470000 soʻm jarima undirilgan. Daʼvoning qolgan qismi rad etilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Kassatsiya shikoyatida 2009-yil 6-noyabrdagi hal qiluv qarorini bekor qilib, daʼvoni rad etish haqida yangi qaror qabul qilish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni muhokama qilib, ish hujjatlarini oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, “Toʻpalangqurilish montaj” boshqarmasi va “Denov-Qumqoʻrgʻon-Toshguzar” savdo-ishlab chiqarish korxonasi oʻrtasida 2008-yil 5-dekabrda 01/12-sonli oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan. Ushbu shartnomaga asosan daʼvogar tomonidan 2008-yil 10-dekabrdagi 32-sonli hamda 2008-yil 24-dekabrdagi 1-sonli hisobvaraq-faktura orqali jami 24700000 soʻmlik har xil turdagi mahsulotlar javobgarga yetkazib berilgan.
“Denov-Qumqoʻrgʻon-Toshguzar” savdo-ishlab chiqarish korxonasi tomonidan yetkazib berilgan mahsulotlar haqi hozirgi kunga qadar toʻlanmay kelinayotganligi ishonchnoma, hisobvaraq-faktura va ishdagi mavjud hujjatlar bilan oʻz tasdigʻini topgan.
“Toʻpalangqurilish montaj” boshqarmasining “Denov-Qumqoʻrgʻon-Toshguzar” savdo-ishlab chiqarish korxonasiga 2009-yil 24-apreldagi 20-sonli xat bilan murojaat qilib, yetkazib berilgan mahsulotlar uchun 24700000 soʻmlik qarzni toʻlab berish haqidagi talabnomasi javobsiz qoldirilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 326-moddasiga koʻra, majburiyatlar majburiyat shartlariga va qonun hujjatlari talablariga muvofiq, bunday shartlar va talablar boʻlmaganida esa — ish muomalasi odatlariga yoki odatda qoʻyiladigan boshqa talablarga muvofiq lozim darajada bajarilishi kerak.
Shu sababli, birinchi instansiya sudi asosiy qarzni qanoatlantirish haqida toʻgʻri xulosaga kelgan.
Bundan tashqari, “Toʻpalangqurilish montaj” boshqarmasi “Denov-Qumqoʻrgʻon-Toshguzar” savdo-ishlab chiqarish korxonasidan asosiy qarzning 15 foizi miqdorida, yaʼni 3750000 soʻm jarima undirib berishni soʻragan.
Taraflar oʻrtasida tuzilgan shartnomaning 6.5-bandiga asosan javobgar oʻz vaqtida yoki toʻliq toʻlovni amalga oshirmagan taqdirda toʻlanmagan mablagʻning 15 foizi miqdorida jarima toʻlashi lozimligi belgilangan.
“Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy huquqiy bazasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 24-moddasi talablariga koʻra, shartnomada majburiyatni bajarmaganlik uchun javobgarlik belgilangan boʻlsa, shartnomada belgilangan javobgarlik qoʻllaniladi. Mazkur Qonun talablariga asosan, javobgar toʻlovni oʻz vaqtida amalga oshirmaganligi uchun toʻlanmagan asosiy qarzning 15 foizi miqdorida jarima toʻlashi lozim.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 326-moddasining ikkinchi qismiga koʻra, sud alohida hollarda qarzdor va kreditorning manfaatlarini hisobga olib, kreditorga toʻlanishi lozim boʻlgan neustoykani kamaytirishga haqli.
Shunga koʻra, birinchi instansiya sudi javobgarning mulkiy ahvolini inobatga olib jarima miqdorini kamaytirib, “Denov-Qumqoʻrgʻon-Toshguzar” savdo-ishlab chiqarish korxonasi hisobidan “Toʻpalangqurilish montaj” boshqarmasi foydasiga 2470000 soʻm jarima undirish haqida asosli xulosaga kelgan.
Shuningdek, daʼvogar jarima bilan birgalikda javobgardan asosiy qarzning 0,4 foizi miqdorida penya undirib berishni soʻragan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007-yil 15-iyundagi 163-sonli qarorining 3-bandiga koʻra, agar shartnomada aynan bitta majburiyatning buzilishi uchun neustoykaning ham jarima, ham penya koʻrinishida toʻlash nazarda tutilgan boʻlsa, daʼvogar faqatgina bir shakldagi neustoyka qoʻllanilishini talab qilishga haqli. Ushbu qonun hujjatlari talablariga asosan, sud daʼvogarning javobgar hisobidan asosiy qarzning 0,4 foizi miqdorida penya undirish haqidagi talabini qanoatlantirishni rad etib, qonuniy toʻxtamga kelgan.
Yuqoridagilarni inobatga olib, sudlov hayʼati birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
2010-yil 1-fevral,
19-0902/5738-son