Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Yer uchastkasidan oqilona foydalanilmaganda, bu qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar uchun hosildorlik darajasi uch yil mobaynida normativdan (kadastr bahosiga koʻra) past boʻlishida ifodalanganda yer uchastkalariga boʻlgan huquqlar bekor qilinadi
[Koʻchirma]
Shoʻrchi tuman hokimligi (bundan buyon matnda daʼvogar deb yuritiladi) bilan “Haqiqat NP” fermer xoʻjaligi (bundan buyon matnda javobgar deb yuritiladi) oʻrtasida 2010-yil 13-mayda “Fermer xoʻjaligi tomonidan yer uchastkasini uzoq muddatli ijaraga olish toʻgʻrisida” shartnomasi tuzilgan.
Shartnoma shartlariga asosan daʼvogar javobgarga 80.1 ga yer uchastkasini paxta va gʻallachilik qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishni yuritish uchun ijaraga topshirishi, javobgar esa yer uchastkasini qabul qilishi va undan shartnomada va Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunlarida nazarda tutilgan maqsadlarda foydalanishi lozim boʻlgan.
Shoʻrchi tumani hokimligi huzuridagi Yer uchastkalari berish masalalarini koʻrish boʻyicha komissiyasining xulosasiga koʻra javobgar 2012-2013-yillar davomida 80.1 ga yer maydonidan davlatga paxta va gʻalla sotish rejasini bajarmaganligi aniqlangan. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 31-yanvardagi “Fermer xoʻjaligi yer maydonini maqbullashtirish va uni tugatish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomi (bundan buyon matnda — Nizom deb yuritiladi) 14-bandining v, g va d-bandlari qoʻpol boʻzilgan holda yer ijaraga berilgan qishloq xoʻjaligi ekin maydonlaridan oqilona foydalanmasdan normativ kadastr bahosidan past hosil olganligi, davlat ehtiyojlari uchun qishloq xoʻjalik mahsulotlarini xarid qilish boʻyicha tuzilgan kontraktatsiya shartnomalari shartlarini bajarilmaganligi, xoʻjalik faoliyatni past va samarasiz rentabellik bilan yuritganligi holatlari tasdiqlangan va bu haqida tegishli dalolatnoma tuzilgan.
Komissiyaning xulosasida qayd etilgan holatlarning asosliligi ishdagi mavjud hujjatlar bilan ham oʻz tasdigʻini topgan.
Daʼvogarning 2010-yil 13-maydagi nizoli shartnomani ixtyoriy ravishda bekor qilish haqidagi talabnomasi javobgar tomonidan eʼtiborsiz qoldirilganligi sababli, daʼvogar xoʻjalik sudiga javobgarga nisbatan daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, 2010-yil 13-maydagi yer uchastkasini uzoq muddatli ijaraga olish haqidagi shartnomani bekor qilishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 2014-yil 31-oktabrdagi hal qiluv qarori bilan daʼvo toʻliq qanoatlantirilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Ushbu hal qiluv qaroridan norozi boʻlib javobgar tomonidan berilgan kassatsiya shikoyatida, daʼvogar tomonidan daʼvo arizasida keltirilgan vajlar asossiz ekanligi, javobgarning yer maydonining meliorativ holati tekshirilganda suv taʼminoti yetishmaydigan va sugʻorish inshootlari yaroqsiz holatga kelib qolgan yerlar toifasi aniqlashtirilgan holda dalolatnoma rasmiylashtirilganligi, birinchi instansiya sudi ish uchun ahamiyatli boʻlgan holatlarni oʻrganmasdan, moddiy va protsessual huquq normalarini notoʻgʻri qoʻllagan holda daʼvoni qanoatlantirish haqida barvaqt xulosaga kelganligi bayon qilinib, hal qiluv qarorini bekor qilib, daʼvoni qanoatlantirishni rad etish haqida yangi qaror qabul qilish soʻralgan.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar vakillarining tushuntirishlarini va prokurorning hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirish haqidagi fikrini tinglab, sudlov hayʼati ish hujjatlarini kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlar bilan birgalikda muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz, javobgarning kassatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim topdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi (bundan buyon matnda XPK deb yuritiladi)ning 135-moddasiga muvofiq xoʻjalik sudining hal qiluv qarori qonuniy va asoslantirilgan boʻlishi kerak.
Ushbu holatda, taraflar oʻrtasidagi nizo yer ijara shartnomasidan kelib chiqqan.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, taraflar oʻrtasida 2010-yil 13-mayda tuzilgan Yer uchastkasini uzoq muddatli ijaraga olish toʻgʻrisidagi shartnoma shartlariga koʻra daʼvogar javobgarga 80.1 ga yer uchastkasini paxta va gʻallachilik qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishni yuritishi maqsadida ijaraga bergan. Biroq, daʼvogar tomonidan taqdim etilgan Shoʻrchi tuman hokimligi huzuridagi Yer uchastkalari berish masalalarini koʻrib chiquvchi tuman komissiyasining xulosasiga muvofiq, javobgar 2012-2013-yillar davomida ushbu ajratilgan yer maydonidan foydalanish natijasida davlatga paxta va gʻalla sotish rejasini umuman bajarmaganligi aniqlangan. Bundan tashqari, Nizom 14-bandining v, g, va d-bandlari talablari boʻzilgan holda ijaraga berilgan qishloq xoʻjaligi ekin maydonlaridan oqilona foydalanmasdan kadastr bahosidan past hosil olganligi, davlat ehtiyojlari uchun qishloq xoʻjalik mahsulotlarini xarid qilish boʻyicha tuzilgan kontraktatsiya shartnomalari shartlari bajarilmaganligi holatlari tasdiqlangan.
Ushbu holatda, javobgar tomonidan yer ijara shartnomasining shartlari jiddiy ravishda buzilgan hisoblanib, ushbu holatlar daʼvogar tomonidan taqdim etilgan tegishli komissiyaning xulosasi, dalolatnoma, solishtirma dalolatnoma va boshqa maʼlumotnomalar bilan oʻz tasdigʻini topgan.
“Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 17-moddasining birinchi qismida, yer uchastkasidan qonun hujjatlarida va ijaraga olish shartnomasida koʻrsatilgan shartlarda, belgilangan maqsadda, samarali va oqilona foydalanilishini taʼminlashi, tuzilgan kontraktatsiya shartnomalariga muvofiq davlat ehtiyojlari uchun qishloq xoʻjaligi mahsuloti nazarda tutilgan hajmlarda yetkazib berilishini taʼminlashi shartligi fermer xoʻjaligining zimmasiga yuklatilganligi belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Fermer xoʻjaligi yer maydonini maqbullashtirish va uni tugatish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi 2013-yil 31-yanvardagi 22-sonli Qarorining 13-14-bandalariga muvofiq, yer maydonini uzoq muddatli ijaraga olish shartnomasini bekor qilish va fermer xoʻjaligini tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda, mahalliy davlat hokimiyati organlari (tuman (shahar) hokimi) tomonidan taqdim etiladigan daʼvolar asosida, xoʻjalik sudi qaroriga binoan amalga oshirilishi, fermer tomonidan oʻz zimmasiga olingan shartnoma majburiyatlari bajarilishining chuqur tahlili natijasida quyidagi holatlarning aniqlanishi: yer maydonini ijaraga olish shartnomasi shartlarining qoʻpol ravishda buzilganligi, eng avvalo, fermer xoʻjaligiga ijaraga berilgan qishloq xoʻjaligi ekin maydonlaridan boshqa maqsadlarda foydalanilganligi, fermer xoʻjaligini shakllantirish chogʻida fermer xoʻjaligi ixtisoslashuvining buzilganligi, ijaraga berilgan qishloq xoʻjaligi ekin maydonlaridan oqilona foydalanmaslik, muntazam (ketma-ket uch yil mobaynida) normativ kadastr bahosidan past hosil olinganligi, fermer xoʻjaligi bilan tayyorlov tashkilotlari oʻrtasida, eng avvalo, davlat ehtiyojlari uchun qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini xarid qilish boʻyicha tuzilgan kontraktatsiya shartnomalari shartlarining muntazam (ketma-ket uch yil mobaynida) bajarilmaganligi (fors-major holatlarining vujudga kelishi holatlari bundan mustasno), xoʻjalik faoliyatining samarasiz va past rentabellik bilan yuritilishi va uni tugatish bilan bogʻliq masalalar boʻyicha daʼvo arizalarini qoʻzgʻatish va xoʻjalik sudiga berish uchun asos hisoblanishi belgilab qoʻyilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksi 36-moddasining 7-bandiga koʻra, yer uchastkasidan oqilona foydalanilmaganda, bu qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar uchun hosildorlik darajasi uch yil mobaynida normativdan (kadastr bahosiga koʻra) past boʻlishida ifodalanganda yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarning bekor qilinishi nazarda tutilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Qishloq xoʻjaligida qonuniylikni taʼminlash va yerdan foydalanishdagi suiisteʼmolchiliklarning oldini olishda xoʻjalik sudlarining rolini oshirish toʻgʻrisida”gi 2004-yil 12-martdagi 115-sonli qarori 7-bandining birinchi qismida, fermer xoʻjaliklari tomonidan tuzilgan kontraktatsiya shartnomalari boʻyicha oʻziga olgan majburiyatlarga koʻra paxta va don ekishga moʻljallangan yerlarga boshqa ekinlar ekish hamda qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan ekin maydonlaridan boshqa maqsadlarda foydalanish, yaʼni bu yerlardan oʻzboshimchalik bilan shaxsiy tomorqa sifatida foydalanish, uy-joy, imoratlar yoki boshqa inshootlarni qurish, oʻzga shaxslarning foydalanishiga berib yuborish, paxta va gʻalla yetishtirish uchun berilgan boʻnak pullari, texnika, yonilgʻi va mineral oʻgʻitlardan foydalanish, lekin mahsulot topshirmaslik, davlat buyurtmasiga oid majburiyatlarni bajarmaslik fermer xoʻjaliklari faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlari talablarini, shu jumladan, yer ijarasi shartnomasini qoʻpol ravishda buzish deb baholanishi, bu oʻz navbatida Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 36-moddasi, Fuqarolik kodeksi 382-moddasining ikkinchi qismiga koʻra fermer xoʻjaligining yer uchastkasiga boʻlgan huquqi va yer ijarasi shartnomasini bekor qilish uchun asos boʻlishi xoʻjalik sudlariga tushuntirish berilgan.
Bundan tashqari, javobgar tomonidan ajratilgan yer uchastkasidan shartnomaga asosan oʻz zimmasiga olingan paxta xomashyosi va urugʻlik paxta xarid qilish, davlat ehtiyojlari uchun boshoqli don xarid qilish boʻyicha kontraktatsiya shartnomalari shartlari ham lozim darajada bajarmaganligi, soliq organlari, moddiy texnika resurslari yetkazib beruvchilar va xizmat koʻrsatuvchilar bilan hisob-kitoblar muntazam ravishda amalga oshirilmagan.
Ushbu holatda, birinchi instansiya sudi daʼvogarning daʼvo talabini toʻliq qanoatlantirish haqida qonuniy toʻxtamga kelgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Sudning hal qiluv qarori haqida”gi 2007-yil 15-iyundagi 161-sonli qarorining 1-bandiga koʻra, sud tomonidan qabul qilingan qaror moddiy va protsessual qonunchilik normalari bilan toʻliq mos kelishi, ish hujjatlari va sud aniqlagan holatlarga muvofiq boʻlishi kerak.
XPK 188-moddasining birinchi qismida moddiy yoki protsessual huquq normalarining buzilishi yoxud notoʻgʻri qoʻllanilishi xoʻjalik sudining hal qiluv qarorini yoki qarorini oʻzgartirish yoxud bekor qilish uchun asos boʻlishi nazarda tutilgan.
Ushbu holatda, hal qiluv qarorini bekor qilishga asoslar mavjud emas.
Qayd etilganlarga koʻra, sudlov hayʼati, birinchi instansiya sudi tomonidan ish holatlariga qonuniy baho berilib, moddiy va protsessual huquq normalarini toʻgʻri qoʻllanilgan holda hal qiluv qarori qabul qilinganligi sababli, uni oʻzgarishsiz, javobgarning kassatsiya shikoyatini esa qanotlantirmasdan qoldirishni, ishni koʻrish bilan bogʻliq davlat boji va videokonferensaloqa rejimida sud majlisini oʻtkazish bilan bogʻliq 30 000 soʻm sud xarajatini XPKning 95-moddasiga koʻra javobgar zimmasiga yuklashni lozim topdi.
2015-yil 1-iyul,
19-1404/20377-son