Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Agar toʻlanishi lozim boʻlgan neustoyka kreditorning majburiyatini buzish oqibatlariga nomutanosibligi koʻrinib tursa, sud neustoykani kamaytirishga haqli
[Koʻchirma]
Qarshi shahridagi “AZIZ-VOXA” xususiy ishlab chiqarish firmasi xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar — “Qarshi bunyodkor qurilish montaj” MChJdan 33490662 soʻm asosiy qarz, 16745331 soʻm jarima va sud xarajatlarini undirishni soʻragan.
Ish boʻyicha hal qiluv qarori qabul qilingunga qadar daʼvogar daʼvo talabining 16745331 soʻm jarima undirish qismini oʻzgartirib, javobgardan 16745331 soʻm penya undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, javobgardan 33490662 soʻm asosiy qarz, 2344346 soʻm penya undirilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Kassatsiya shikoyatida hal qiluv qarorini bekor qilish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni muhokama qilib, ishdagi hujjatlarni oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, taraflar oʻrtasida 2008-yil 10-noyabrda 25-sonli shartnoma tuzilgan. Ushbu shartnomaga koʻra, “AZIZ-VOXA” xususiy ishlab chiqarish firmasi “Qarshi bunyodkor qurilish montaj” MChJning buyurtmasi bilan Nuriston qoʻrgʻonidagi 630-sonli maktab binosida 137467460 soʻmlik qurilish-taʼmirlash ishlarini bajargan.
“Qarshi bunyodkor qurilish montaj” MChJ bajarilgan ishlar uchun 66000000 soʻm toʻlovni amalga oshirgan, 37976798 soʻmlik qurilish materiallarini bergan, lekin qolgan 33490662 soʻmlik qarz toʻlovlarini toʻlamagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 333-moddasiga koʻra, qarzdor aybi boʻlgan taqdirda majburiyatni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun, agar qonun hujjatlarida yoki shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, javob beradi.
Taraflar oʻrtasida tuzilgan shartnomaga koʻra, daʼvogar javobgardan toʻlovlar kechiktirilgan har bir kun uchun 0,2 foiz miqdorida, ammo asosiy qarzning 50 foizidan oshmagan miqdorda — 16745331 soʻm penya undirishni soʻragan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 326-moddasiga koʻra, agar toʻlanishi lozim boʻlgan neustoyka kreditorning majburiyatini buzish oqibatlariga nomutanosibligi koʻrinib tursa, sud neustoykani kamaytirishga haqli. Bunda qarzdor majburiyatini qay darajada bajarganligi, majburiyatda ishtirok etayotgan taraflarning mulkiy ahvoli, shuningdek kreditorning manfaatlari eʼtiborga olinishi kerak. Sud alohida hollarda qarzdor va kreditorning manfaatlarini hisobga olib, kreditorga toʻlanishi lozim boʻlgan neustoykani kamaytirish huquqiga ega.
Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun mulkiy javobgarlik toʻgʻrisidagi fuqarolik qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida” 2007-yil 15-iyundagi 163-sonli qarorining 4-bandida ham koʻrsatilgan.
Qayd etilganlarga koʻra, hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan qoldirish lozim.
Ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq boʻlgan sud xarajatlari “Qarshi bunyodkor qurilish montaj” MChJ tomonidan toʻlanganligi hisobga olinib, uning zimmasida qoldiriladi.
2010-yil 1-noyabr,
18-1004/12969-son