Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Basharti, kafillik shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, kafil kreditor oldida qarzdor bilan baravar hajmda javob beradi, shu jumladan foizlar toʻlaydi
[Koʻchirma]
Toʻrtkoʻl bank kolleji xoʻjalik sudiga murojaat qilib, “Islom ipagi” firmasi va AT “Savdogarbank” Toʻrtkoʻl filialidan solidar tartibda 5,0 mln soʻm asosiy qarz, 3,2 mln soʻm foiz, 1640,0 ming soʻm jarima, 948,0 ming soʻm zarar, 107880 soʻm davlat boji va 7740 soʻm pochta xarajatlari, jami — 10903620 soʻm undirishni soʻragan.
2008-yil 19-maydagi sud ajrimi bilan AT “Savdogarbank” ishga javobgar sifatida jalb etilgan.
Birinchi instansiya sudining 2008-yil 11-iyundagi hal qiluv qarori bilan “Islom ipagi” firmasi va AT “Savdogarbank”dan solidar tartibda 5,0 mln soʻm asosiy qarz, 3,2 mln soʻm foiz, 107880 soʻm davlat boji va 7740 soʻm pochta xarajatlari, jami — 8315620 soʻm undirilgan. Qolgan daʼvo talablari rad etilgan.
Oliy xoʻjalik sudi Rayosatining 2009-yil 29-yanvardagi qarori bilan hal qiluv qarori bekor qilinib, ish yangidan koʻrish uchun yuborilgan.
Birinchi instansiya sudining 2009-yil 24-martdagi hal qiluv qarori bilan AT “Savdogarbank”dan 5,0 mln. soʻm asosiy qarz, 3,2 mln. soʻm foiz, 107880 soʻm davlat boji va 7740 soʻm pochta xarajatlari, jami — 8315620 soʻm undirilgan. “Islom ipagi” firmasiga qoʻyilgan talab boʻyicha ish yuritish tugatilgan. Qolgan daʼvo talablari rad etilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining 2009-yil 28-maydagi qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Kassatsiya shikoyatida sud qarorlarini bekor qilish soʻralgan.
Sudlov hayʼati shikoyat vajlarini muhokama qilib, ishdagi hujjatlarni oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra sud qarorlarini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlarga koʻra, Toʻrtkoʻl bank kolleji va “Islom ipagi” firmasi oʻrtasida 2004-yil 5-oktabrda tuzilgan shartnomaga muvofiq bank kolleji firmaga bir yil muddatga yillik 24 foiz ustama haq evaziga 5,0 mln soʻm qarz ajratgan. AT “Savdogarbank” Toʻrtkoʻl filiali sanasi koʻrsatilmagan kafillik shartnomasiga asosan olingan qarz va uning foizi oʻz vaqtida qaytarilishiga kafillik bergan.
“Islom ipagi” firmasi tomonidan qarz va uning foizi oʻz vaqtida qaytarilmagan. Daʼvo sudda qoʻzgʻatilgan vaqtda firmaning bank kollejidan 5,0 mln soʻm asosiy qarzi, 3,2 mln soʻm foizdan qarzi mavjud boʻlgan.
“Islom ipagi” firmasi 23-0406/62-son ish boʻyicha 2005-yil 10-yanvardagi hal qiluv qarori bilan bankrot deb topilib, Toʻrtkoʻl tuman hokimining 2005-yil 31-yanvardagi 73/6-son qarori asosida yagona davlat reyestridan chiqarilgan. Shu sababli “Islom ipagi” firmasiga qoʻyilgan talab boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 88-moddasining 4-bandiga asosan ish yuritish toʻgʻri tugatilgan.
Toʻrtkoʻl bank kolleji, “Islom ipagi” firmasi va AT “Savdogarbank” Toʻrtkoʻl filiali oʻrtasida tuzilgan kafillik shartnomasiga asosan firma qarz shartnomasida belgilangan majburiyatlarni bajarmasa, bank olingan qarz va uning foizini bank kollejiga qoplash majburiyatini olgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 293-moddasiga asosan qarzdor kafillik bilan taʼminlangan majburiyatni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda kafil va qarzdor kreditor oldida solidar javob beradilar, basharti qonunda yoki kafillik shartnomasida kafilning subsidiar javobgar boʻlishi nazarda tutilgan boʻlmasa. Kafillik shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, kafil kreditor oldida qarzdor bilan baravar hajmda javob beradi, shu jumladan foizlar toʻlaydi, qarzni undirib olish boʻyicha sud chiqimlarini va qarzdor majburiyatini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi tufayli kreditor koʻrgan boshqa zararlarni toʻlaydi. Agar kafillik shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, birgalashib kafil boʻlgan shaxslar kreditor oldida solidar javob beradilar.
Shu sababli, sud bankdan daʼvogarga 5,0 mln soʻm asosiy qarz, 3,2 mln soʻm foiz undirish haqida asosli xulosaga kelgan.
Birinchi instansiya sudi 1640,0 ming soʻm jarima, 948,0 ming soʻm advokat xizmati uchun toʻlangan zararni undirish haqidagi daʼvo talabini toʻgʻri rad etgan.
Taraflar oʻrtasida tuzilgan kafillik shartnomasining 2.1.1-bandiga koʻra kafil qarz va uning foizini qoplash majburiyatini olgan, ammo qarzdor tomonidan majburiyat bajarilmaganligi uchun hisoblangan jarimani toʻlash majburiyatini olmagan.
Zarar undirish haqidagi talab daʼvogar tomonidan isbotlanmagan. Vaholanki, zararga shartnoma majburiyatlari bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi munosabati bilan tarafning qilgan xarajatlari, mol-mulk yoʻqolishi yoki shikastlanishi, shuningdek agar ikkinchi taraf shartnoma majburiyatlarini bajarganda taraf olishi mumkin boʻlgan, lekin uning ololmay qolgan daromadlari, huquqi buzilgan shaxsning huquqini tiklash uchun qilgan yoki qilishi lozim boʻlgan xarajatlari ham kiradi. Bunday xarajatlarning zaruriyligi va ularning taxminiy miqdori asoslantirilgan hisob-kitob, tovar, ish, xizmat koʻrsatishdagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun ketadigan xarajatlar smetasi (kalkulatsiya) sifatidagi dalillar majburiyatlarni buzganlik uchun javobgarlik darajasini belgilovchi shartnoma va boshqalar bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun mulkiy javobgarlik toʻgʻrisidagi fuqarolik qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida” 2007-yil 15-iyundagi 163-son qarorining 19-bandida tushuntirish berilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudi ushbu holatlarga huquqiy baho berib, hal qiluv qarorini asosli ravishda oʻzgarishsiz qoldirgan.
Kassatsiya shikoyatida bildirilgan kafillik shartnomasi haqiqiy emas deb topilganligi uchun hal qiluv qarorini kassatsiya instansiyasida bekor qilish haqidagi vaj bilan kelishib boʻlmaydi. Chunki, 23-0905/2904(2)-son ish boʻyicha kafillik shartnomasini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarori 2009-yil 12-mayda, yaʼni ish birinchi instansiya sudida koʻrib chiqilganidan keyin qabul qilingan. Shu sababli, ushbu holat hal qiluv qarorini kassatsiya instansiyasi sudida bekor qilish uchun asos boʻlmaydi.
Qayd etilganlarga koʻra sudlov hayʼati sud qarorlarini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim topadi.
2009-yil 30-iyun,
23-0805/2847-son