Fermer xo‘jaliklari faoliyati samaradorligini yanada oshirish, shuningdek yer va suv resurslaridan oqilona foydalanilishini ta’minlash, fermer xo‘jaliklarining moliyaviy va iqtisodiy holatini mustahkamlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qishloq xo‘jaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasi qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari tomonidan hududiy fermyerlar kengashlari, fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirokida hamda jamoatchilikni keng jalb etgan holda:
fermer xo‘jaliklarini yuritish uchun berilgan yer uchastkalari maydonlarini xatlovdan o‘tkazish, ulardan samarali va oqilona foydalanilishini tanqidiy tahlil qilish;
fermer xo‘jaliklarining moliyaviy va iqtisodiy holatini, fermer xo‘jaliklari faoliyatini samarali amalga oshirish, yer uchastkasining ijara shartnomasi shartlarini, fermer xo‘jaliklari va tayyorlov tashkilotlari o‘rtasida, eng avvalo, davlat ehtiyojlari uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotish bo‘yicha tuzilgan kontraktatsiya shartnomalarini bajarish uchun moddiy-texnika bazasining, mehnat resurslari va aylanma mablag‘larning mavjudligini o‘rganish;
fermer xo‘jaliklarini yuritish uchun berilgan yer uchastkalari maydonlarini hududlarning mehnat resurslari bilan ta’minlanganlik darajasini, aholi zichligini, fermer xo‘jaliklarining iqtisodiy va moliyaviy ko‘rsatkichlarini nazarda tutib, ular ishlarining samaradorligini, tegishli kasbiy jihatdan tayyorlangan kadrlar salohiyati mavjudligini hisobga olgan holda yanada maqbullashtirish ishlari amalga oshirilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Qishloq xo‘jaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari bilan birgalikda ishlab chiqilgan, xalq deputatlari tuman va viloyatlar Kengashlari tomonidan ko‘rib chiqilgan va tasdiqlangan:
fermer xo‘jaliklarini yuritish uchun berilgan yer uchastkalari maydonlarini yanada maqbullashtirishning, ularning ixtisoslashuvi asosiy yo‘nalishlariga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar bo‘yicha yig‘ma yakunlari 1, 1-1 — 1-5-ilovalarga* muvofiq;
fermer xo‘jaliklarini maqbullashtirish yakunlariga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va tumanlar bo‘yicha fermer xo‘jaliklari soni va ularning ixtisoslashuvi yo‘nalishlarini hisobga olgan holda ularga beriladigan yer uchastkalarining o‘rtacha maydonlari 2, 2-1 — 2-13-ilovalarga* muvofiq ma’qullansin.
* 1 — 2-13-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari hamda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi:
O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi bilan birgalikda bir hafta muddatda yangi tashkil etilgan fermer xo‘jaliklari rahbarlari bilan, shuningdek yer uchastkalari maqbullashtirilgan fermer xo‘jaliklari rahbarlari bilan yer uchastkalarini uzoq muddatga ijaraga olish shartnomalari tuzish chora-tadbirlarini ko‘rsinlar;
“O‘zdonmahsulot” AK bilan birgalikda o‘n kun muddatda 2016-yil hosilidan davlat ehtiyojlari uchun boshoqli ekinlar doni sotish yuzasidan shartnomalarni qaytadan tuzish chora-tadbirlarini ko‘rsinlar;
“O‘zneftmahsulot” AK, “O‘zkimyosanoat” AJ va qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatuvchi boshqa tashkilotlar bilan birgalikda fermer xo‘jaliklari bilan ular tomonidan moddiy-texnika resurslari sotib olish hamda xizmatlar ko‘rsatish yuzasidan shartnomalarni o‘n kun muddatda qaytadan tuzish chora-tadbirlarini ko‘rsinlar;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi va Davlat statistika qo‘mitasi bilan birgalikda tugatilgan fermer xo‘jaliklarini yuridik shaxslarning davlat reyestridan belgilangan tartibda chiqarish chora-tadbirlarini ko‘rsinlar.
Amalga oshirilgan ishlar natijalari to‘g‘risida 2015-yil 25-dekabrgacha Vazirlar Mahkamasiga axborot berilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Shunday tartib belgilansinki, unga ko‘ra 2016-yil 1-yanvardan boshlab fermer xo‘jaliklarini yuritish uchun yer uchastkalarini berish va ularni olib qo‘yish hududiy fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlarining va yer uchastkalari berish (realizatsiya qilish) komissiyalari xulosasiga ko‘ra xalq deputatlari tuman Kengashlarining qarori asosida amalga oshiriladi.
(4-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 26-dekabrdagi 1021-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.12.2017-y., 09/17/1021/0465-son)
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi fermer xo‘jaliklarining qonuniy manfaatlari samarali huquqiy himoya qilinishini, fermer xo‘jaliklarini tugatish va tashkil etishning belgilangan tartibiga qat’iy rioya etilishini ta’minlasinlar.
(4-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
Oldingi tahrirga qarang.
5. O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari bilan birgalikda fermer xo‘jaligining asosiy ishlab chiqarish va iqtisodiy ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladigan fermer xo‘jaliklarining yagona bazasini tashkil etsinlar.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 26-dekabrdagi 1021-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.12.2017-y., 09/17/1021/0465-son)
6. Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston Fermyerlari kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi Adliya vazirligi bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar yuzasidan bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsinlar.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.