Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Ashyoviy dalillarni saqlash va joʻnatish bilan bogʻliq protsessual chiqimlar summasi mahkumlardan undiriladi
[Koʻchirma]
Daʼvogar — “Buxoro trans terminal” ishlab chiqarish transport kompaniyasi xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar — “Oʻzmarkazimpeks” davlat aksiyadorlik tashqi savdo kompaniyasi (matnda keyingi oʻrinlarda — DATSK) hisobidan 5235394 soʻm undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo rad etilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Kassatsiya shikoyatida hal qiluv qarorini bekor qilib, daʼvoni qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul qilish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birgalikda muhokama qilib, hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, “Nishon tolasi” paxta terminali aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2006-yil 6-martda 21043013-raqamli vagonda 216 ta, 128-088, 128-092 markadagi paxta tolasi kiplari eksportga joʻnatilayotgan paytda maxsus paxta tolasi kiplarining sifat koʻrsatkichlari hujjatlariga mos kelmasligi Buxoro viloyat bojxona boshqarmasining 6-sonli “Buxoro-2” TIF bojxona posti xodimlarida shubha uygʻotgan va mazkur kiplar 2006-yil 6-martdagi dalolatnomaga asosan “Buxoro trans terminal” masʼuliyati cheklangan jamiyatining “erkin ombori”ga tushirilgan. Buxoro viloyat bojxona boshqarmasining 2006-yil 17-martdagi xati va bojxona xizmati xodimining 2006-yil 25-martdagi qaroriga asosan 216 kipdan iborat paxta tolasi saqlash uchun “Buxoro trans terminal” korxonasi rahbarlari va masʼul xodimlariga topshirilgan.
Paxta tolasi kiplarining sifat koʻrsatkichlari hujjatlariga mos kelmasligi holati yuzasidan Qashqadaryo viloyat prokuraturasi tomonidan “Nishon tolasi” aksiyadorlik jamiyati mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, ularga nisbatan jinoyat ishlari boʻyicha Kitob tuman sudining hukmi chiqarilgan. Shu bilan birga ish boʻyicha daliliy ashyo sifatida eʼtirof etilgan 216 kipdan iborat paxta tolasi “Nishon tolasi” paxta terminali ochiq hissadorlik jamiyatiga qaytarilgan.
Buxoro viloyat sud ijrochilari tomonidan hukm ijrosi 2007-yil 10-sentabrda taʼminlanib, jinoyat ishi yuzasidan daliliy ashyo sifatida eʼtirof etilgan 216 kipdan iborat paxta tolasi “Nishon tolasi” paxta terminaliga qaytarilgan.
Daʼvogar tomonidan 216 kip paxta tolasini 2006-yil 6-martdan 2007-yil 10-sentabrgacha boʻlgan davr mobaynida saqlash bilan bogʻliq qilingan xarajatlar 5235394 soʻmga hisoblangan.
Daʼvogar xoʻjalik sudiga murojaat qilib, shu xarajatlarni 5235394 soʻm miqdorda javobgar — “Oʻzmarkazimpeks” DATSK dan undirishni soʻragan.
Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 318-moddasi talabiga muvofiq, ashyoviy dalillarni saqlash va joʻnatish bilan bogʻliq xarajatlar summasi protsessual chiqimlar tarkibiga mansub boʻlib, shu Kodeksning 320-moddasi birinchi qismi mazmuniga koʻra, ashyoviy dalillarni saqlash va joʻnatish bilan bogʻliq protsessual chiqimlar summasi mahkumlardan undiriladi.
Bundan koʻrinadiki, daʼvogarning 216 kip paxta tolasini 2006-yil 6-martdan 2007-yil 10-sentabrgacha boʻlgan davr mobaynida saqlash bilan bogʻliq xarajatlari protsessual chiqim boʻlib, nizo yuzasidan birinchi instansiya sudi tomonidan daʼvogarning daʼvosini rad qilish haqida asosli toʻxtamga kelingan.
Sudlov hayʼati yuqorida bayon etilganlarni inobatga olib, hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan qoldirishni, ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq pochta xarajatlari va davlat boji daʼvogar tomonidan oldindan toʻlanganligini inobatga olishni lozim topadi.
2009-yil 23-fevral,
10-0805/13237-son