Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Sud alohida hollarda qarzdor va kreditorning manfaatlarini hisobga olib, kreditorga toʻlanishi lozim boʻlgan neustoykani kamaytirish huquqiga ega
[Koʻchirma]
“Zamonaviy polimer quvur” MChJ xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar — “Samarqandkimyoqurilish” OTAJga qarashli “149-sonli MKK” shuʼba korxonasidan 41384000 soʻm asosiy qarz, 20228000 soʻm penya undirib berishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilgan. “Samarqandkimyoqurilish” OTAJga qarashli “149-sonli MKK” shuʼba korxonasidan 41384000 soʻm asosiy qarz, 5057000 soʻm penya undirilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Kassatsiya shikoyatida hal qiluv qarori va apellatsiya instansiyasi sudi qarorini bekor qilib, daʼvoni rad etish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni muhokama qilib, ishdagi hujjatlarni oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra sud qarorlarini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, taraflar oʻrtasida 2009-yil 30-mayda 18-sonli va 2009-yil 5-sentabrda 32-sonli shartnoma imzolangan.
2009-yil 30-maydagi 18-sonli shartnoma boʻyicha daʼvogar javobgarga 1600 pogonometr (summasi — 61600000 soʻm) 2009-yil 5-sentabrdagi 32-sonli shartnoma boʻyicha 200 pogonometr (summasi — 29784000 soʻm) polietilen quvur yetkazib berish majburiyatini olgan. 2009-yil 30-maydagi shartnoma yuzasidan toʻlovlarni 100 foiz, 2009-yil 5-sentabrdagi shartnoma yuzasidan 15 foiz amalga oshirish kelishilgan.
Mazkur shartnomalar boʻyicha daʼvogar javobgarga jami 91384000 soʻmlik mahsulot yetkazib bergan boʻlib, javobgar tomonidan 50000000 soʻm toʻlov amalga oshirilgan, 41384000 soʻm mahsulot uchun toʻlovlar amalga oshirilmagan.
Taraflar oʻrtasida tuzilgan shartnomalarning beshinchi qismida tovarlarni yetkazib berish franko-sklad sharti asosida amalga oshirilishi, tovarning soni va sifati boʻyicha buyurtmachining shikoyati, eʼtirozi va daʼvosi yetkazib beruvchining omboridan joʻnatilgunga qadar bildirilishi lozimligi tovar joʻnatilganidan keyin bunday daʼvo qabul qilinmasligi qayd etilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 236-moddasiga koʻra majburiyatlar majburiyat shartlariga va qonun hujjatlari talablariga muvofiq, bunday shartlar va talablar boʻlmaganida esa — ish muomalasi odatlariga yoki odatda qoʻyiladigan boshqa talablarga muvofiq lozim darajada bajarilishi kerak.
Fuqarolik kodeksining 449-moddasiga koʻra, agar mahsulot yetkazib berish shartnomasida tovarlar haqi oluvchi (toʻlovchi) tomonidan toʻlanishi nazarda tutilgan boʻlsa va u haq toʻlashdan asossiz bosh tortsa yoki tovarlar haqini shartnomada belgilangan muddatda toʻlamagan boʻlsa, yetkazib beruvchi sotib oluvchidan yetkazib berilgan tovarlar haqini toʻlashni talab qilishga haqli.
Javobgar 2010-yil 19-aprel holatiga 41384000 soʻm qarzi mavjudligini tan olgan holda, ushbu qarzni Samarqand shahar, Kurchatov koʻchasida oʻrnatilgan truboprovodlardagi defekt bartaraf qilinganidan keyin 10 kun ichida toʻlab berishini maʼlum qilgan.
Javobgar tomonidan shartnoma majburiyatlari lozim darajada bajarilmagan boʻlib, 41384000 soʻm asosiy qarz vujudga kelgan va daʼvogar shartnomaning 6-bandiga koʻra toʻlovlarni kechiktirganligi uchun 20228000 soʻm penya hisoblagan.
Fuqarolik kodeksining 333-moddasiga koʻra, qarzdor aybi boʻlgan taqdirda majburiyatni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun, agar qonun hujjatlarida yoki shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, javob beradi.
Biroq, Fuqarolik kodeksining 326-moddasiga koʻra, agar toʻlanishi lozim boʻlgan neustoyka kreditorning majburiyatini buzish oqibatlariga nomutanosibligi koʻrinib tursa, sud neustoykani kamaytirishga haqli. Bunda qarzdor majburiyatni qay darajada bajarganligi, majburiyatda ishtirok etayotgan taraflarning mulkiy ahvoli, shuningdek kreditorning manfaatlari eʼtiborga olinishi kerak. Sud alohida hollarda qarzdor va kreditorning manfaatlarini hisobga olib, kreditorga toʻlanishi lozim boʻlgan neustoykani kamaytirish huquqiga ega. Bu haqda Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007-yil 15-iyundagi “Majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun mulkiy javobgarlik toʻgʻrisidagi fuqarolik qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 163-sonli qarorining 4-bandida ham koʻrsatib oʻtilgan.
Sudlov hayʼati birinchi va apellatsiya instansiyasi sudlari javobgardan daʼvogar foydasiga 41384000 soʻm asosiy qarzni va hisoblangan 20228000 soʻm penyaning 25 foizi — 5057000 soʻmni undirib, toʻgʻri xulosaga kelgan deb hisoblaydi.
Qayd etilganlarga koʻra, sud qarorlarini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan qoldirish lozim.
Ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq boʻlgan sud xarajatlari “Samarqandkimyoqurilish” OTAJga qarashli “149-sonli MKK” shuʼba korxonasi tomonidan toʻlanganligi hisobga olinib, uning zimmasida qoldiriladi.
2010-yil 20-sentabr,
14-1004/8199-son