Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Xoʻjalik sudiga murojaat etilgandan keyin javobgar tomonidan daʼvogarning talabi ixtiyoriy qanoatlantirilsa, davlat boji javobgar zimmasiga yuklanadi
[Koʻchirma]
Chiroqchi tuman davlat soliq inspeksiyasi xoʻjalik sudiga murojaat qilib, “Bebaho yurt javohiri” ishlab chiqarish-savdo korxonasiga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 119-moddasiga asosan eng kam ish haqining oʻttiz baravari miqdorida — 841200 soʻm moliyaviy jarima qoʻllashni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo rad etilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Kassatsiya protestida hal qiluv qarorining davlat boji qismini oʻzgartirib, qonunga muvofiqlashtirish soʻralgan.
Sudlov hayʼati protest vajlarini muhokama qilib, ishdagi hujjatlarni oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra hal qiluv qarorini oʻzgartirishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlarga koʻra, Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish Respublika Kengashi Chiroqchi tuman hududiy komissiyasining 2008-yil 10-oktabrdagi 231-sonli ruxsatnomasi, Chiroqchi tuman davlat soliq inspeksiyasining 2008-yil 27-noyabrdagi 251-XS-sonli buyrugʻi va tekshirish dasturiga asosan “Bebaho yurt javohiri” ishlab chiqarish savdo korxonasiga qarashli savdo doʻkonida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining savdo va xizmat koʻrsatishga oid qarorlari ijrosi yuzasidan qisqa muddatli tekshirish oʻtkazilgan. Tekshirish tartibi va qoidalari tekshiruvchilar tomonidan buzilmagan.
Tekshirishda 69100 soʻm savdo pullari nazorat-kassa mashinasi xotirasiga kirim qilinmaganligi, 54000 soʻm savdo pullari nazorat-kassa mashinasidan oʻtkazilmasdan bank muassasasiga topshirilganligi, shuningdek doʻkonda mavjud tovarlarga narx yorliqlari yozib qoʻyilmaganligi aniqlangan. Bu haqda dalolatnoma rasmiylashtirilgan.
Tekshirishda aniqlangan huquqbuzarlik boʻyicha hisoblangan moliyaviy jarimani ixtiyoriy toʻlash haqida Chiroqchi tuman davlat soliq inspeksiyasining 2008-yil 28-noyabrdagi talabnomasi javobgar tomonidan bajarilmagan.
Shu sababli daʼvogar javobgarga Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 119-moddasiga asosan moliyaviy jarima qoʻllashni soʻragan.
Hal qiluv qarori qabul qilingunga qadar javobgar oʻz ixtiyori bilan qoʻllanilgan moliyaviy jarimani toʻliq toʻlab berganligi sababli birinchi instansiya sudi daʼvoni rad etish haqida toʻgʻri xulosaga kelgan. Biroq, sud tomonidan sud xarajatlarini undirish masalasi hal etilmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 337-moddasining oʻn beshinchi qismiga muvofiq davlat bojini toʻlashdan ozod qilingan daʼvogar oʻz talablarini daʼvo berilganidan keyin ular javobgar tomonidan ixtiyoriy ravishda toʻliq yoki qisman qanoatlantirilganligi tufayli qoʻllab-quvvatlamagan hollarda davlat bojining summasi javobgardan budjetga undirilishi lozim.
Xoʻjalik sudiga murojaat etilgandan keyin javobgar tomonidan daʼvogarning talabi ixtiyoriy qanoatlantirilsa, davlat boji javobgarga yuklanadi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Xoʻjalik sudlari tomonidan davlat boji toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida” 2008-yil 18-apreldagi 180-sonli qarorining 21.4-bandida tushuntirish berilgan.
Qayd etilganlarga koʻra, sudlov hayʼati hal qiluv qarorini oʻzgartirishni va “Bebaho yurt javohiri” ishlab chiqarish-savdo korxonasidan respublika budjetiga hamda sudlar va adliya organlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga 280400 soʻm davlat boji, Chiroqchi tuman davlat soliq inspeksiyasiga 7000 soʻm pochta xarajatlari undirishni lozim topadi.
2009-yil 13-oktabr,
18-0906/420-son