Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Bitim haqiqiy boʻlmaganida taraflarning har biri boshqasiga bitim boʻyicha olgan hamma narsani qaytarib berishi shart
[Koʻchirma]
“Suv qurilish-taʼmirlash” koʻp tarmoqli xususiy korxonasi xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat kilib, Davlat mulki qoʻmitasi Surxondaryo viloyat hududiy boshqarmasidan 6161935 soʻm asosiy qarz, 21755808 soʻm foiz, 6000000 soʻmlik safar va advokatlik xarajatlari, 150000000 soʻm boy berilgan foyda, 150000000 soʻm maʼnaviy zararni undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, javobgardan daʼvogar foydasiga 3886500 soʻm asosiy qarz, 14336000 soʻm foiz, 3000000 soʻm advokatlik xizmati uchun toʻlangan haq, 15000000 soʻm ishchanlik obroʻsiga yetkazilgan zarar undirilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Kassatsiya shikoyatida sud qarorlarini qonun doirasida qayta koʻrib chiqish soʻralgan.
Protestda sud qarorlarini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun yuborish soʻralgan.
Sudlov hayʼati shikoyat va protest vajlarini muhokama qilib, ishdagi hujjatlarni oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra sud qarorlarini oʻzgartirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, Davlat mulki qoʻmitasi Surxondaryo viloyat hududiy boshqarmasining 2003-yil 23-dekabrdagi 603-sonli buyrugʻiga asosan Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi tarkibidagi “Suvmash” zavodi hissadorlik jamiyati “Suvmash” zavodi Surxondaryo filiali masʼuliyati cheklangan jamiyatga aylantirilgan. Uning Nizom jamgʻarmasi 61650000 soʻm, shundan mehnat jamoasining jamiyat ustav fondidagi ulushi 10 foiz, yaʼni 6165000 soʻm, koʻchmas mulk birjasi orqali sotiladigan 90 foiz ulush esa 55485000 soʻm etib belgilangan. Jamiyat ustavining 90 foiz ulushi birja savdosida “Suv qurilish-taʼmirlash” koʻp tarmoqli xususiy korxonasi tomonidan 47313500 soʻmga sotib olingan.
Davlat mulki qoʻmitasi Surxondaryo viloyat hududiy boshqarmasi va “Suv qurilish-taʼmirlash” koʻp tarmoqli xususiy korxonasi oʻrtasida 2004-yil 9-yanvarda jamiyat nizom jamgʻarmasining 90 foiz ulushini sotib olish boʻyicha 1-sonli shartnoma tuzilgan.
Keyinchalik xususiylashtirish jarayonlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 9-martdagi 119-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat mulki boʻlgan obyektlarni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom talablariga zid ravishda oʻtkazilganligi sababli Davlat mulki qoʻmitasi Surxondaryo viloyat hududiy boshqarmasining 2003-yil 23-dekabrdagi 603-sonli buyrugʻi hamda 2004-yil 9-yanvardagi 1-sonli shartnoma sud tomonidan haqiqiy emas, deb topilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 114-moddasining ikkinchi qismiga koʻra, bitim haqiqiy boʻlmaganida taraflarning har biri boshqasiga bitim boʻyicha olgan hamma narsani qaytarib berishi shart.
Daʼvogar tomonidan davlat aktivini sotib olish uchun jami 51200000 soʻm toʻlab berilgan, shundan fuqarolik ishlari boʻyicha sudning qarori asosida 47313500 soʻm qaytarilib, 3886500 soʻm qaytarilmagan.
Shuning uchun sudlar tomonidan 3886500 soʻm asosiy qarzni daʼvogar foydasiga undirish haqida toʻgʻri xulosaga kelingan.
Javobgarning daʼvogar tomonidan asosiy qarz sifatida talab qilingan 6161935 soʻm savdo birjalariga toʻlanganligi uchun ushbu talab asossizligi haqidagi vajlari bilan kelishib boʻlmaydi. Chunki, 2003-yil 23-dekabrdagi 603-sonli buyruq va 2004-yil 9-yanvardagi 1-sonli shartnoma aynan javobgarning aybi bilan, yaʼni yuqorida qayd etilgan Nizom talablari aynan javobgar tomonidan buzilganligi sababli haqiqiy emas, deb topilgan. Ushbu holat fuqarolik ishlari boʻyicha Qashqadaryo viloyat apellatsiya instansiyasi sudining 2005-yil 13-dekabrdagi ajrimi bilan tasdiqlanadi.
Shuning uchun daʼvogar savdo birjalariga toʻlangan summani javobgardan undirishni toʻgʻri talab qilgan.
Shuningdek, sud tomonidan daʼvogarning advokatga toʻlangan 3000000 soʻmni undirish haqidagi talabi ham toʻgʻri qanoatlantirilgan. Chunki, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 14-moddasiga koʻra, agar qonun yoki shartnomada zararni kamroq miqdorda toʻlash nazarda tutilmagan boʻlsa, huquqi buzilgan shaxs oʻziga yetkazilgan zararning toʻla qoplanishini talab qilishi mumkin. Zarar deganda, huquqi buzilgan shaxsning buzilgan huquqini tiklash uchun qilgan yoki qilishi lozim boʻlgan xarajatlari, uning mol-mulki yoʻqolishi yoki shikastlanishi (haqiqiy zarar), shuningdek bu shaxs oʻz huquqlari buzilmaganida odatdagi fuqarolik muomalasi sharoitida olishi mumkin boʻlgan, lekin ololmay qolgan daromadlari (boy berilgan foyda) tushuniladi.
Daʼvogar tomonidan 2003-yil 23-dekabrdagi 603-sonli buyruq va 2004-yil 9-yanvardagi 1-sonli shartnomaning haqiqiy emas deb topilishi haqidagi nizoning sudlarda koʻrilishida advokatlik xizmati koʻrsatish uchun Surxondaryo viloyat advokatlar hayʼati Rayosati bilan shartnoma tuzilgan va koʻrsatilgan yuridik xizmatlar uchun 3000000 soʻm toʻlangan. Ushbu summa daʼvogar tomonidan oʻz huquqini tiklash uchun qilingan haqiqiy zarar hisoblanadi va u javobgar tomonidan toʻlanishi kerak.
Daʼvogar javobgardan 150000000 soʻm boy berilgan foydani undirish toʻgʻrisida talab qoʻygan boʻlsa-da, javobgarning aybi bilan ushbu summa miqdorida foyda boy berilganligini dalillar bilan isbotlab bermagan. Shuning uchun sudlar tomonidan daʼvogarning boy berilgan foydani undirish haqidagi talabi toʻgʻri rad etilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 327-moddasiga koʻra, boshqa shaxslarning pul mablagʻlarini gʻayriqonuniy ushlab qolish, ularni qaytarib berishdan bosh tortish, ularni toʻlashni boshqacha tarzda kechiktirish yoxud boshqa shaxs hisobidan asossiz olish yoki jamgʻarish natijasida ulardan foydalanganlik uchun ushbu mablagʻlar summasiga foiz toʻlanishi kerak.
Daʼvogar tomonidan sotib olingan ulush uchun toʻlangan pul mablagʻlarini javobgar oʻz vaqtida qaytarmagan. Shuning uchun sud tomonidan daʼvoning bank foizi undirish haqidagi qismi 14336000 soʻmga qanoatlantirilgan. Lekin, 2003-yil 23-dekabrdagi 603-sonli buyruq va 2004-yil 9-yanvardagi 1-sonli shartnoma 2005-yil 13-dekabrda haqiqiy emas deb topilgan boʻlsa-da, daʼvogar mazkur shartnoma asosida toʻlangan pul mablagʻini oʻz vaqtida qaytarish choralarini koʻrmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007-yil 15-iyundagi “Majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun mulkiy javobgarlik toʻgʻrisidagi fuqarolik qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 163-sonli Qarorining 11-bandida agar pul majburiyatini bajarmaganlik yoki uning bajarilishini kechiktirganlik uchun Fuqarolik kodeksining 327-moddasiga muvofiq belgilangan foizlar miqdori (stavkasi) pul majburiyati bajarilishini kechiktirish oqibatlariga ochiqdan-ochiq nomutanosib boʻlsa, sud foizlarni qoplash tabiatini hisobga olib, Fuqarolik kodeksining 326-moddasiga mos holda, Fuqarolik kodeksining 335-moddasiga asosan foizlar miqdorini (stavkasi) kamaytirishga yoki kreditorga uni undirishni butunlay rad etishga haqli ekanligi haqida tushuntirish berilgan.
Sudlov hayʼati daʼvogar asosiy qarzni oʻz vaqtida qaytarish choralarini koʻrmaganligini inobatga olib, undirilishi lozim boʻlgan foiz miqdorini 25 foizga, yaʼni 3584000 soʻmga kamaytirib, javobgardan 10752000 soʻm foiz undirishni lozim topadi.
Garchi, daʼvo arizasida 14336000 soʻm penya sifatida soʻralib, sud qarorlarida esa ushbu summa mulkiy javobgarlik deb undirilgan boʻlsa-da, daʼvo arizasi va hal qiluv qarori mazmunidan koʻrinishicha, ushbu summa Fuqarolik kodeksining 327-moddasida koʻrsatilgan foiz sifatida undirilgan. Shuning uchun javobgarning ushbu summa notoʻgʻri undirilganligi haqidagi vaji asossizdir.
Sudlov hayʼati sud instansiyalarining daʼvogarning ishchanlik obroʻsiga putur yetkazilganligi uchun 15000000 soʻm maʼnaviy zararni undirish haqidagi xulosasi bilan kelisha olmaydi. Chunki, daʼvogar oʻzining ishchanlik obroʻsiga javobgar tomonidan zarar yetkazilganligi nimalardan iborat ekanligini isbotlab bermagan. Vaholanki, Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 55-moddasining birinchi qismiga koʻra, ishda ishtirok etuvchi har bir shaxs oʻz talab va eʼtirozlariga asos qilib keltirayotgan holatlarni isbotlashi kerak.
Shuning uchun sud qarorlarining 15000000 soʻm ishchanlik obroʻsiga yetkazilgan zararni undirish haqidagi qismi bekor qilinib, daʼvoning ushbu qismi rad qilinishi lozim.
Qayd etilganlarga koʻra, sudlov hayʼati sud qarorlarining javobgardan 14336000 soʻm foiz undirish haqidagi qismini oʻzgartirib, foiz miqdorini 10752000 soʻmga kamaytirishni, sud qarorlarining ishchanlik obroʻsiga yetkazilgan 15000000 soʻm maʼnaviy zararni undirish haqidagi qismini bekor qilib, daʼvoning ushbu qismini rad qilishni, sud qarorlarining qolgan qismini oʻzgarishsiz qoldirishni, ishni koʻrish bilan bogʻliq sud xarajatlarini daʼvoning qanoatlantirilgan qismiga mutanosib ravishda taqsimlashni lozim topadi.
2008-yil 7-oktabr,
19-0809/520-son