Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Hakamlik bitimi mavjud boʻlgan taqdirda, nizo hakamlik sudining hal qiluviga topshirilishi mumkin
[Koʻchirma]
Daʼvogar — “Kristall Mega Trans” MChJ xoʻjalik sudiga murojaat qilib, “Himoya” hakamlik sudi tomonidan chiqarilgan 2008-yil 27-iyundagi hal qiluv qaroriga asosan javobgar — “DUNYO-M” AJga nisbatan ijro varaqasi berishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 2009-yil 26-maydagi ajrimi bilan arizani qanoatlantirish rad etilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining 2009-yil 15-iyuldagi qarori bilan ajrim oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Kassatsiya shikoyatida apellatsiya instansiyasi sudi qarorini bekor qilib, yangi qaror qabul qilish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birgalikda muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra sud qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, “Himoya” hakamlik sudining 2008-yil 27-iyundagi 11-23/06-sonli hal qiluv qarori bilan javobgar — “DUNYO-M” AJdan daʼvogar — “Kristall Mega Trans” MChJ foydasiga 6437000 soʻm asosiy qarz, 3218500 soʻm penya undirilgan.
Daʼvogar xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, hakamlik sudining hal qiluv qarori asosida ijro varaqasi berishni soʻragan.
“Hakamlik sudlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 11-moddasiga muvofiq hakamlik bitimi mavjud boʻlgan taqdirda, nizo hakamlik sudining hal qiluviga topshirilishi mumkin.
Vakolatli sudning hal qiluvida boʻlgan nizoga oid hakamlik bitimi vakolatli sud nizo yuzasidan hal qiluv qarori qabul qilguniga qadar tuzilishi mumkin.
Qonunning 13-moddasiga koʻra, hakamlik bitimida hakamlik bitimi taraflari oʻrtasida kelib chiqqan yoki kelib chiqishi mumkin boʻlgan barcha yoxud ayrim nizolar hakamlik sudida koʻrib chiqilishi kerakligi haqidagi qoida, shuningdek agar nizo doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudi hal qiluviga topshiriladigan boʻlsa, mazkur hakamlik sudining nomi koʻrsatilishi lozim.
Hakamlik bitimida hakamlik sudyalarining soni, hakamlik muhokamasi oʻtkaziladigan joy va til, hakamlik muhokamasining qoʻllaniladigan qoidalari, nizoni koʻrib chiqish muddati haqidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi mumkin.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan talablarga rioya qilinmagan taqdirda, hakamlik bitimi haqiqiy emas deb hisoblanadi.
Lekin, “Kristall Mega Trans” MChJ bilan “DUNYO-M” AJ oʻrtasida nizoni hakamlik sudida hal etish toʻgʻrisida kelishuv tuzilmagan. Nizoni hakamlik sudida hal etish toʻgʻrisida hakamlik bitimi esa “DUNYO-M” AJ va “Tegeran Braf” xususiy firmasi oʻrtasida tuzilgan.
Qonunning 47-moddasi ikkinchi qismining birinchi va oltinchi xatboshisiga muvofiq, hakamlik bitimining qonunlarda nazarda tutilgan asoslar boʻyicha haqiqiy emasligini isbotlovchi dalillar taqdim etilsa, agar hakamlik sudi tomonidan koʻrib chiqilgan nizo qonunlarga muvofiq hakamlik muhokamasining predmeti boʻlmasa, hakamlik sudining hal qiluv qarori vakolatli sud tomonidan bekor qilinishi kerak.
Qonun 53-moddasining ikkinchi qismiga asosan vakolatli sud ijro varaqasi berishni rad etish toʻgʻrisida ushbu Qonunning 47-moddasida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha ajrim chiqaradi.
Qayd etilgan holatlar asosida, apellatsiya instansiyasi sudi ishdagi mavjud hujjatlarga huquqiy baho berib, asosli va qonuniy qaror qabul qilgan.
Bu holda, sudlov hayʼati apellatsiya instansiyasi sudining qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan qoldirishni hamda ishni koʻrish bilan bogʻliq sud xarajatlarini “Kristall Mega Trans” MChJ zimmasida qoldirishni lozim topadi.
2009-yil 26-oktabr,
18-0807/20173-son