Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Agar belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji toʻlanganligi va boshqa sud xarajatlari qoplanganligini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilmagan boʻlsa, davlat boji toʻlashni kechiktirish, boʻlib-boʻlib toʻlash mumkinligi qonunda nazarda tutilgan hollarda bu haqda iltimosnoma berilmagan yoxud iltimosnoma rad etilgan boʻlsa, sudya daʼvo arizasi va unga ilova qilingan hujjatlarni qaytaradi
[Koʻchirma]
Daʼvogar — “Ikkinchi — Temir — Beton Servis” masʼuliyati cheklangan jamiyati daʼvo arizasi bilan xoʻjalik sudiga murojaat qilib, javobgar — “PRIOR SIRIUS BEST” masʼuliyati cheklangan jamiyatidan 7000000 soʻm asosiy qarz, 3500000 soʻm penya, jami 10500000 coʻm undirishni soʻragan.
Toshkent shahar xoʻjalik sudining ajrimi bilan daʼvo arizasi qaytarilgan.
Kassatsiya shikoyatida ajrimni bekor qilib, daʼvo arizasini sudning ish yurituviga qabul qilish uchun birinchi instansiya sudiga yuborish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birgalikda muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra kassatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, 2010-yil 11-mart kuni “Ikkinchi — Temir — Beton Servis” masʼuliyati cheklangan jamiyati daʼvo arizasi bilan xoʻjalik sudiga murojaat qilib, daʼvo arizasini davlat bojisiz ish yurituvga qabul qilishni soʻragan.
Daʼvo arizasida ishni sudda koʻrish bilan bogʻliq sud xarajatlari toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emasligi sababli, birinchi instansiya sudining 2010-yil 17-martdagi ajrimi bilan daʼvo arizasi va unga ilova qilingan hujjatlar qaytarilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 118-moddasining 5-bandiga koʻra, agar belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji toʻlanganligi va boshqa sud xarajatlari qoplanganligini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilmagan boʻlsa, davlat boji toʻlashni kechiktirish, boʻlib-boʻlib toʻlash mumkinligi qonunda nazarda tutilgan hollarda bu haqda iltimosnoma berilmagan yoxud iltimosnoma rad etilgan boʻlsa, sudya daʼvo arizasi va unga ilova qilingan hujjatlarni qaytaradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2008-yil 18-apreldagi “Xoʻjalik sudlari tomonidan davlat boji toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 180-sonli qarorining 7.1-bandiga koʻra, davlat boji toʻlashni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash uchun ruxsat berish manfaatdor tarafning yozma iltimosnomasi boʻyicha amalga oshiriladi.
Mazkur Qarorning 7.2-bandiga muvofiq, davlat boji toʻlashni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash toʻgʻrisidagi iltimosnoma faqat obyektiv asoslar boʻlganda va taqdim etilgan hujjatlar davlat boji toʻlash uchun zarur boʻlgan miqdordagi pul mablagʻlari bank hisob raqamlarida mavjud emasligini tasdiqlagan hollarda qanoatlantirilishi mumkin. Bunday hujjatlar boʻlmaganida iltimosnomani qanoatlantirish rad qilinadi.
Birinchi instansiya sudi daʼvogar tomonidan belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji toʻlanganligi va boshqa sud xarajatlari qoplanganligini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilmaganligi, davlat boji toʻlashni kechiktirish, boʻlib-boʻlib toʻlash haqida iltimosnoma berilmaganligi sababli, Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 118-moddasining 5-bandiga asosan daʼvo arizasini asosli ravishda qaytargan.
2010-yil 17-may,
10-1019/3905-son