Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Daʼvogar nizoni sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibiga rioya etmagan, bu esa shu toifadagi nizolar uchun qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa, daʼvo koʻrmasdan qoldiriladi
[Koʻchirma]
Uchtepa tuman davlat soliq inspeksiyasi xoʻjalik sudiga murojaat qilib, “KUMUSH” qoʻshma korxonasiga Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 114-moddasiga asosan 5,983 ming soʻm, 119-moddasiga asosan eng kam ish haqining oʻttiz baravari miqdorida — 841200 soʻm moliyaviy jarima qoʻllashni soʻragan.
2009-yil 3-iyundagi sud ajrimi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti Toshkent shahar boshqarmasi nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida ishga jalb etilgan.
Birinchi instansiya sudining 2009-yil 17-iyundagi hal qiluv qarori bilan “KUMUSH” qoʻshma korxonasiga 847183 soʻm moliyaviy jarima qoʻllanilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining 2009-yil 20-avgustdagi qarori bilan hal qiluv qarori bekor qilingan hamda daʼvo koʻrmasdan qoldirilgan.
Kassatsiya shikoyatida javobgarga nisbatan moliyaviy jarima qoʻllash soʻralgan.
Sudlov hayʼati shikoyat vajlarini muhokama qilib, ishdagi hujjatlarni oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra sud qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Birinchi instansiya sudi ishni koʻrishda protsessual huquq normalarining buzilishiga yoʻl qoʻygan.
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 103-moddasining birinchi qismiga koʻra, davlat soliq xizmati organining rahbari yoki rahbar oʻrinbosari soliq tekshiruvi materiallari koʻrib chiqilganidan keyin besh ish kunidan kechiktirmasdan soliq toʻlovchini soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganligi uchun javobgarlikka tortish yoki bundan voz kechish haqida qaror qabul qiladi. Ushbu moddaning toʻrtinchi qismiga binoan soliq tekshiruvi materiallarini koʻrib chiqish natijalari boʻyicha davlat soliq xizmati organining qarori qabul qilingan kundan eʼtiboran ikki ish kunidan oshmaydigan muddatda qarorning nusxasi tilxat olish orqali yoki soliq toʻlovchi tomonidan olingan sanani tasdiqlovchi boshqa usul orqali soliq toʻlovchiga topshiriladi. Agar soliq toʻlovchiga qaror nusxasini topshirishning imkoni boʻlmasa, u pochta orqali buyurtma xat bilan joʻnatiladi va joʻnatilganidan eʼtiboran uch kun oʻtgach, topshirilgan hisoblanadi.
Ushbu Kodeks 104-moddasining birinchi va uchinchi qismlariga binoan, soliq toʻlovchi davlat soliq xizmati organi qarorining nusxasi olingan kundan eʼtiboran oʻttiz kun ichida qarorda koʻrsatilgan soliqqa oid huquqbuzarliklarni bartaraf etishi shart. Belgilangan muddatda soliqqa oid huquqbuzarlik bartaraf etilmagan taqdirda, davlat soliq xizmati organi soliq toʻlovchiga nisbatan jarima qoʻllash toʻgʻrisida daʼvo arizasi bilan sudga murojaat qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik subyektlarini huquqiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2005-yil 14-iyundagi PF-3619-son Farmoni mazmun jihatidan moliyaviy sanksiyalarni qoʻllash masalasini sudgacha hal qilish tartibini belgilaydi. Shu munosabat bilan nazorat qiluvchi organ sudga murojaat qilgunga qadar moliyaviy sanksiya qoʻllanilayotgan shaxsga uni ixtiyoriy ravishda toʻlash toʻgʻrisidagi talabni hamda qoʻllaniladigan jarima summasi koʻrsatilgan hisobni topshiradi yoki topshirilishi maʼlum qilinadigan buyurtma xat bilan yuboradi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Tadbirkorlik subyektlarini huquqiy himoya qilish va ularning moliyaviy javobgarligini erkinlashtirishni takomillashtirishga yoʻnaltirilgan Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarini qoʻllash bilan bogʻliq masalalar toʻgʻrisida” 2006-yil 22-dekabrdagi 12/149-son qarorining 16-bandida tushuntirish berilgan.
Uchtepa tuman davlat soliq inspeksiyasi sudga murojaat qilgunga qadar, moliyaviy sanksiya qoʻllanilayotgan jarimani ixtiyoriy ravishda toʻlash toʻgʻrisidagi qarorni javobgarga 2009-yil 21-mayda topshirgan. Ammo, Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 104-moddasining birinchi qismida belgilangan muddat oʻtmasdan 2009-yil 27-mayda, yaʼni 6 kun ichida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi taqdim qilgan. Dyemak, daʼvogar qonunda belgilangan nizoni sudgacha hal qilish tartibiga rioya etmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 88-moddasining 5-bandiga asosan, daʼvogar nizoni sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibiga rioya etmagan, bu esa shu toifadagi nizolar uchun qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa, daʼvo koʻrmasdan qoldiriladi.
Mazkur holat birinchi instansiya sudining eʼtiboridan chetda qolgan, apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan daʼvo asosli ravishda koʻrmasdan qoldirilgan.
Qayd etilganlarga koʻra, sudlov hayʼati sud qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
2009-yil 3-noyabr,
10-0906/8760-son