Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Litva Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoyalash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Litva Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
oʻzaro foydali shart-sharoitlarda oʻzaro iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishni istab,
bir Ahdlashuvchi Tomon investorlarining investitsiyalari uchun boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida qulay sharoitlarni yaratishga intilib,
investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoyalash ikkala davlatlarning individual ishchi tashabbusi hamda farovonligining oʻsishida ragʻbatlantirishini anglab,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Taʼriflar
Taʼriflar
Ushbu Bitim maqsadlarida:
1. “Investitsiya” atamasi bir Ahdlashuvchi Tomonning investori boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida uning qonunchiligiga muvofiq kiritgan mulkiy boyliklarining barcha koʻrinishlarini, xususan quyidagilarni, ammo nafaqat ularni, oʻz ichiga oladi:
a) koʻchar va koʻchmas mulklar, shuningdek ipoteka boʻyicha talabnoma, hibsga olingan mulkka boʻlgan huquq, garov kabi boshqa har qanday mulkiy huquqlar va shu singari oʻzga huquqlar;
b) aksiyalar, badallar, obligatsiyalar, qarz majburiyatlari va korxonadagi ishtirokning har qanday boshqa shakllari;
v) iqtisodiy boyliklar yaratish uchun sarflangan pul mablagʻlariga taalluqli talabnoma huquqlari yoki iqtisodiy qiymatga ega boʻlgan har qanday faoliyat uchun talabnoma huquqlari;
g) intellektual mulkka boʻlgan huquqlar, shu jumladan mualliflik huquqi, sanoat mulkiga boʻlgan huquq (patentlar, sanoat namunalari va modellari mahsulot belgilari, mahsulot nomlari kabi) sanoat mulkiga boʻlgan huquqlar, shuningdek nou-xau va ishbilarmon obroʻ-eʼtibor;
d) iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish uchun qonun yoki shartnoma beriladigan har qanday huquq, shu jumladan tabiiy resurslarni izlash, qazish va foydalanish uchun konsessiyalar.
Kiritilgan investitsiyalangan yoki qayta investitsiyalangan mulkiy boyliklar shaklining investitsiyalarni qabul qiluvchi davlat qonunchiligiga muvofiq har qanday tarzda oʻzgartirilishi ularni investitsiya sifatidagi xarakteriga taʼsir koʻrsatmaydi,
2. “Investor” atamasi:
a) Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan:
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq uning fuqarosi hisoblanuvchi jismoniy shaxsni;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq taʼsis etilgan va boshqa davlatlar hududida investitsiyalarni amalga oshirish huquqiga ega boʻlgan har qanday yuridik shaxsni bildiradi.
b) Litva Respublikasiga nisbatan:
Litva Respublikasi qonunchiligiga muvofiq uning fuqarosi hisoblanuvchi yoki u yerda doimiy yashovchi jismoniy shaxsni;
Litva Respublikasi qonunchiligiga muvofiq taʼsis etilgan har qanday xoʻjalik subyektini anglatadi.
3. “Daromadlar” atamasi investitsiyalar natijasida olingan qiymatlarni, ammo nafaqat ularni, xususan: foyda, foizlar, sarmoyalarni oʻsishidan kelgan daromadlar, dividendlar, mualliflik gonorarlari va oʻzga mukofotlarni anglatadi.
Investitsiya yoki qayta investitsiyalashdan olingan daromadlar ham investitsiyalar kabi himoya bilan taʼminlanadi.
4. “Hudud” atamasi Ahdlashuvchi Tomonlardan har biriga nisbatan ana shu Ahdlashuvchi Tomonning suveren hududini hamda shu Ahdlashuvchi Tomon xalqaro huquq meʼyorlariga muvofiq oʻz suveren huquqlari va yurisdiksiyasini amalga oshiradigan boshqa har qanday makonni anglatadi.
5. “Ahdlashuvchi Tomon” atamasi, matn mazmunidan kelib chiqqan holda, Oʻzbekiston Respublikasi yoki Litva Respublikasini anglatadi.
2-modda
Investitsiyalarni ragʻbatlantirish
Investitsiyalarni ragʻbatlantirish
Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri oʻz hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlarini investitsiyalarni amalga oshirishda ragʻbatlantiradi hamda oʻz qonunchiligiga muvofiq bunday investitsiyalarni qabul qiladi.
3-modda
Investitsiyalar himoyasi va rejimi
Investitsiyalar himoyasi va rejimi
1. Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri boshqa Ahdlashuvchi Tomonning investorlari amalga oshirgan investitsiyalarini doimo adolatli va teng huquqli rejimini, shuningdek toʻliq himoya hamda xavfsizlikni taʼminlaydi.
2. Ahdlashuvchi Tomonlarning hech biri bir tomonlama yoki kamsitish choralarini qoʻllash yoʻli orqali boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlari amalga oshirgan investitsiyalarni boshqarish, yuritish, foydalanish, egalik qilish va tasarruf etishga toʻsqinlik qilmaydi.
3. Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri rejimlardan qaysi biri qulayligiga bogʻliq ravishda, boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlarining investitsiyalari uchun oʻz investorlarining investitsiyalari yoki istalgan uchinchi davlat investorlarining investitsiyalari uchun yaratganidan kam boʻlmagan qulay rejim yaratadi.
4. Quyidagi hollarda, ushbu Bitim qoidalari Ahdlashuvchi Tomonlardan hech birini istalgan uchinchi davlat investorlari uchun yaratgan afzalliklar, yengilliklar yoki imtiyozlarni boshqa Ahdlashuvchi Tomonning investorlariga nisbatan tatbiq etishga majbur etmaydi:
a) mavjud boʻlgan yoxud kelgusida tashkil etiladigan bojxona uyushmasi, umumiy bozor, erkin savdo zonasi yoki mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikning boshqa shakllari yoinki shu singari boshqa har qanday xalqaro bitim ishtirokchisi boʻlish yoki keyinchalik ishtirok etishi mumkin boʻlish hollarida;
b) mavjud boʻlgan yoki kelgusida tuziladigan ikki tomonlama soliqqa tortilishiga yoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisida shartnomalar yoki soliqqa tortilishiga oid har qanday boshqa bitimga aʼzo boʻlish hollarida.
4-modda
Ekspropriatsiya
Ekspropriatsiya
1. Ahdlashuvchi Tomonlarning hech biri boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining investorlari amalga oshirgan investitsiyalarga nisbatan ekspropriatsiya qilish, davlat mulkiga aylantirish (bundan buyon “ekspropritsiya” yuritiladi) va shunday oqibatlarga olib keladigan choralarni qoʻllamaydi, quyidagi holatlar bundan mustasno, agar:
a) bunday ekspropriatsiya jamoat manfaatlari yoʻlida va qonunchilikda belgilangan tartibga muvofiq amalga oshirilsa;
b) bunday ekspropriatsiya kamsitmaslik asosida amalga oshirilsa;
v) kechiktirishsiz adekvat va samarali kompensatsiya toʻlansa.
2. Ushbu moddaning 1-bandi v) qismida qayd etilgan kompensatsiya ekspropriatsiya qilingan investitsiyalarning ekspropriatsiya qilingan vaqtda yoki bundan avval qanday hol yuz berganligiga bogʻliq ravishda, ekspropriatsiya qilish toʻgʻrisidagi qaror barchaga ovoza qilingan vaqtda belgilangan bozor narxiga muvofiq boʻladi. Bunday kompensatsiya kechiktirilmasdan amalga oshiriladi va ekspropriatsiya qilish vaqtidan boshlab London banklararo birjasi (LIBOR)ning kursi boʻyicha hisoblangan foizlarni qamrab oladi.
3. Ushbu Bitimning 8-moddasida koʻzda tutilgan huquqlari buzilmagan holda, mulkiy boyliklari ekspropriatsiya qilinayotgan investorlar bunday ekspropriatsiya va kompensatsiyaning ushbu moddada qayd etilgan prinsiplar hamda ekspropriatsiyani amalga oshiruvchi Ahdlashuvchi Tomonning qonunchiligiga muvofiqligini aniqlash maqsadida, oʻz ishlarini ekspropriatsiya qiluvchi Ahdlashuvchi Tomonning tegishli sud yoki boshqa vakolatli organi tomonidan kechiktirmasdan koʻrib chiqilishini talab qilish huquqiga ega.
4. Agar, ekspropriatsiya qilayotgan Ahdlashuvchi Tomonning investitsiyalarini himoyalash toʻgʻrisida tuzgan boshqa Bitimi qoidalariga muvofiq investorlarga kompensatsiya toʻlangan boʻlsa, ular ushbu moddaning qoidalariga asoslangan holda talabnoma taqdim etishga haqli emas.
5-modda
Zararlarni toʻlash
Zararlarni toʻlash
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining investorlariga boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida urush, favqulodda holat kiritilishi, isyon, qoʻzgʻolon yoki shunga oʻxshash boshqa voqealar oqibatida zarar yetkazilganda, rejimlarning qaysi biri qulayligidan kelib chiqqan holda, boshqa Ahdlashuvchi Tomon oʻz investorlari yoki istalgan uchinchi davlat investorlariga yaratganidan kam boʻlmagan qulay rejim yaratadi. Bu borada toʻlanadigan har qanday kompensatsiya kechiktirishlarsiz amalga oshiriladi hamda toʻsiqlarsiz oʻtkaziladi.
2. Ushbu moddaning 1-band qoidalaridan qatʼi nazar, boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida
a) investitsiyalarini boshqa Ahdlashuvchi Tomonning harbiy kuchlari yoxud hokimiyat idoralari tomonidan butunlay yoki qisman rekvizitsiya qilish, yoki
b) zaruriyat taqozo etgan holda, investitsiyalarni boshqa Ahdlashuvchi Tomonning harbiy kuchlari yoxud hokimiyat idoralari tomonidan butunlay yoki qisman nobud qilish oqibatida zarar koʻrgan Ahdlashuvchi Tomonlardan birining investorlariga,
restitutsiya beriladi yoki oʻz vaqtida, aynan bir xil va samarali kompensatsiya toʻlanadi.
6-modda
Oʻtkazishlar
Oʻtkazishlar
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlarining investitsiyalar bilan bogʻliq toʻlovlarini toʻsqinliklarsiz oʻtkazilishini kafolatlaydi, xususan:
a) investitsiyalarni qoʻllab-quvvatlash va kengaytirish uchun sarflanadigan dastlabki sarmoyalar va qoʻshimcha qiymatlar;
b) daromadlar;
v) sarflangan mablagʻning butunlay yoki qisman tugatilishi natijasida olingan tushumlar;
g) bevosita ravishda investitsiyalar bilan bogʻliq boʻlgan zayomlar toʻlovi uchun moʻljallangan qiymatlar;
d) ushbu Bitimning 4 va 5-moddalari qoidalariga muvofiq beriladigan kompensatsiyalar;
e) investitsiyalar munosabati bilan uning hududida ishlovchi xorijiy xodimlarga toʻlanadigan ish haqi.
2. Pul oʻtkazish investitsiyalar amalga oshirilgan konvertirlanadigan valyutada yoki investorlarning roziligiga binoan, pul oʻtkazilayotgan sanada qoʻllanayotgan almashtirish kursi boʻyicha istalgan boshqa valyutada va hududida investitsiyalar amalga oshirilgan Ahdlashuvchi Tomon belgilagan tartibga muvofiq asossiz kechiktirishlarsiz amalga oshiriladi.
3. Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlarining investitsiyalari bilan bogʻliq daromadlarini oʻtkazish uchun istalgan uchinchi davlat investorlari amalga oshirgan investitsiyalari bilan bogʻliq daromadlarini oʻtkazish uchun yaratganidan kam boʻlmagan qulay rejimni yaratadi.
4. Ushbu modda qoidalaridan qatʼi nazar, Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri adolatli ravishda hamda kamsitmaslik asosida soliq solish kreditorlar huquqini himoyalash yoki boshqa qonunlar va huquqiy hujjatlarni amalga oshirish bilan bogʻliq choralarni qoʻllashi mumkin.
7-modda
Subrogatsiya
Subrogatsiya
Ahdlashuvchi Tomonlardan birontasi yoxud uning vakolatli organi (“birinchi Ahdlashuvchi Tomon”) investorga sugʻurta kontrakti asosida yoki boshqa Ahdlashuvchi Tomon (“ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon”) hududida investitsiyalarga taalluqli toʻlovlarni amalga oshirgan boʻlsa, ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon:
a) kompensatsiya olgan investorning qonunchilik yoki huquqiy bitishuvlar boʻyicha barcha huquq va talabnomalari birinchi Ahdlashuvchi Tomonga oʻtishini, va
b) subrogatsiya tartibiga muvofiq birinchi Ahdlashuvchi Tomon ham kompensatsiya olgan investor bilan bir xil hajmda shunday huquqlarni amalga oshirish va shunday talabnomalari qondirilishiga erishish huquqiga ega ekanligini eʼtirof etadi.
8-modda
Investitsiyaviy nizolarni hal etish
Investitsiyaviy nizolarni hal etish
1. Bir Ahdlashuvchi Tomon bilan boshqa Ahdlashuvchi Tomonning investori oʻrtasida shu investorning investitsiyalari borasida yuzaga kelgan har qanday nizo doʻstona tarzda hal etiladi. Investor hududida investitsiyalar amalga oshirilgan Ahdlashuvchi Tomonga yuzaga kelgan nizo va uning tafsilotlari bayon qilingan yozma xabarnomani yuboradi.
2. Agar bunday nizo ushbu moddaning 1-bandida qayd etilgan yozma xabarnoma yuborilgan kundan boshlab olti oy mobaynida doʻstona tarzda hal etilmasa, istalgan tomonning iltimosiga binoan va investorlarning xohishiga koʻra nizo hal etish uchun
ikkala Ahdlashuvchi Tomon ham 1965-yil 18-martda Vashingtonda imzolash uchun ochilgan Davlatlar va boshqa davlatlarning fuqarolari oʻrtasidagi investitsiyaviy nizolarni hal etish tartibi toʻgʻrisidagi Konvensiyaga qoʻshilgan boʻlsa, investor, yarashtirish yoki ushbu Konvensiyaga asosan taʼsis etilgan Investitsiyaviy nizolarni hal etuvchi xalqaro markaz (IKSID) qoidalariga muvofiq arbitraj tartibotlari asosida arbitraj sudida koʻrib chiqish uchun IKSIDga, yoki
BMTning Xalqaro savdo huquqi boʻyicha komissiyasi (YuNSITRAL)ning arbitraj reglamentiga muvofiq arbitraj tartibida koʻrib chiqish uchun ad hoc arbitraj sudiga topshiriladi. Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻzaro kelishuviga binoan ushbu qoidalarga tegishli tuzatishlar kiritilishi mumkin.
3. Arbitraj sudining qarorlari har ikkala Tomon uchun ham tugal va majburiy hisoblanadi. Har bir Ahdlashuvchi Tomon ularni tezda bajaradi hamda oʻz hududida ularning samarali ravishda bajarilishi uchun zaruriy choralar koʻradi.
4. Xech qaysi Ahdlashuvchi Tomon yetkazilgan zarar uchun sugʻurta kontrakti yoki kafolat asosida investorga toʻliq yoki qisman ravishda kompensatsiya toʻlovlari amalga oshirilganligi yoxud amalga oshirilishi himoya vositasi sifatida asoslanishi mumkin emas.
9-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi nizolarni hal etish
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi nizolarni hal etish
1. Ushbu Bitimni talqin qilish va qoʻllashga taalluqli, Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi har qanday nizo imkon qadar diplomatik kanallar orqali hal etiladi.
2. Agar Ahdlashuvchi Tomonlar nizo yuzaga kelgan vaqtdan boshlab olti oy mobaynida murosaga kelolmasalar, istalgan Ahdlashuvchi Tomonning talabiga koʻra nizoni koʻrib chiqish uchun arbitraj sudiga topshiriladi.
3. Bunday arbitraj sudi har bir alohida holat uchun quyidagi tarzda tashkil etiladi. Ahdlashuvchi Tomonlardan biri boshqa Ahdlashuvchi Tomondan arbitraj sudi toʻgʻrisida talabnoma olgan kundan boshlab ikki oy mobaynida har bir Ahdlashuvchi Tomon bittadan arbitraj sudi aʼzosini tayinlaydi. Soʻngra bu arbitraj sudining ikki aʼzosi keyingi ikki oy mobaynida uchinchi davlat fuqarosi boʻlishi lozim boʻlgan arbitraj sudining uchinchi aʼzosini tanlaydi. Ikkala Ahdlashuvchi Tomonning maqulloviga koʻra arbitraj sudining uchinchi aʼzosi arbitraj sudining raisi etib tayinlanadi.
4. Agar ushbu moddaning 3-bandida qayd etilgan davrda arbitraj sudi taʼsis etilmasa, boshqa kelishuvlar mavjud boʻlmagan holda, istalgan Ahdlashuvchi Tomon zaruriy tayinlovlarni amalga oshirish xususida Xalqaro sud raisiga iltimos bilan murojaat etishi mumkin. Basharti, Rais Ahdlashuvchi Tomonlardan birining fuqarosi boʻlsa yoki boshqa sabablarga koʻra qayd etilgan vazifani bajara olmasa, zaruriy tayinlovlar Rais muovini tomonidan amalga oshiriladi. Agar Rais muovini ham Ahdlashuvchi Tomonlardan birining fuqarosi boʻlsa, yoki boshqa sabablarga koʻra ushbu vazifani bajara olmasa, zaruriy tayinlovlarni amalga oshirish uchun Ahdlashuvchi Tomon hech qaysisining fuqarosi boʻlmagan, Xalqaro sudning yuqori lavozimdagi aʼzosi taklif etilishi mumkin.
5. Arbitraj sudi ushbu Bitim qoidalari va xalqaro huquq meʼyorlariga amal qilgan holda, oʻz ish tartibini belgilaydi. Arbitraj sudi koʻpchilik ovoz bilan qaror qabul qiladi. Arbitraj sudining qarorlari har ikki Ahdlashuvchi Tomop uchun ham tugal hamda majburiy hisoblanadi.
6. Har bir tomon arbitraj tartibotlaridagi oʻzining arbitraj sudi aʼzosi va vakillari faoliyati bilan bogʻliq xarajatlarni toʻlaydi, Raisning faoliyati uchun sarflanadigan, shuningdek boshqa chiqimlar Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida teng qoplanadi. Biroq, Arbitraj sudi oʻz qarorda Ahdlashuvchi Tomonlardan biri uchun koʻproq xarajatlar belgilashi mumkin va bundan qaror ikkala Ahdlashuvchi Tomon uchun ham majburiy hisoblanadi.
10-modda
Qulayroq sharoitlar
Qulayroq sharoitlar
Ahdlashuvchi Tomonlardan birining qonunchiligiga yoki hozirda mavjud boʻlgan yoxud keyinchalik xalqaro huquqqa muvofiq qabul qilinadigan majburiyatlarga muvofiq, boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlaring investitsiyalari uchun ushbu Bitimga binoan yaratiladigan rejimdan koʻra qulayroq rejim yaratilishi koʻzda tutilsa, qulayroq sharoitlar tatbiq etiladi.
11-modda
Maslahatlashuvlar
Maslahatlashuvlar
Ahdlashuvchi Tomonlardan birining iltimosiga binoan ushbu Bitimni talqin qilish yoki qoʻllash masalalari yuzasidan maslahatlashuvlar oʻtkaziladi.
Boshqa Ahdlashuvchi Tomon bunday maslahatlashuvlarni oʻtkazish uchun zarur boʻlgan barcha choralarni qoʻllaydi.
12-modda
Bitimning qoʻllanishi
Bitimning qoʻllanishi
1. Ushbu Bitim bir Ahdlashuvchi Tomon investorining ushbu Bitim kuchga kirishidan avval va undan soʻng boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida uning qonunchiligiga muvofiq amalga oshirilgan investitsiyalariga nisbatan qoʻllanadi. Biroq, ushbu Bitim kuchga kirishidan avval yuzaga kelgan yoki yuzaga kelishi mumkin boʻlgan investitsiyalarga taalluqli nizolarga yoxud u kuchga kirgunga qadar hal etilgan har qanday talabnomalarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2. Ushbu Bitimning qoidalari yer sotib olish, egalik qilish, foydalanish va idora qilishga doir masalalarga nisbatan qoʻllanmaydi. Bunday masalalar Ahdlashuvchi Tomonlarning qonunchiligiga muvofiq tartibga solib boriladi.
13-modda
Oʻzgartish va qoʻshimchalarni kiritish
Oʻzgartish va qoʻshimchalarni kiritish
Ushbu Bitim kuchga kirayotgan vaqtda yoki u kuchga kirgandan soʻng istalgan vaqtda Ahdlashuvchi Tomonlarning yozma ravishdagi oʻzaro roziliklariga koʻra ushbu Bitimga oʻzgartish yoki qoʻshimchalar kiritilishi mumkin. Bunday oʻzgartish va qoʻshimchalar ularning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralari bajarilganligi toʻgʻrisida Ahdlashuvchi Tomonlar bir-birlariga yozma xabarnoma yuborganlaridan soʻng kuchga kiradi.
14-modda
Bitimning kuchga kirishi amal qilish muddati va toʻxtatilishi
Bitimning kuchga kirishi amal qilish muddati va toʻxtatilishi
1. Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Tomonlar tarafidan uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan barcha davlat ichki protseduralari bajarilganligi toʻgʻrisida oxirgi yozma xabarnoma yuborilgan kundan boshlab kuchga kiradi.
2. Ushbu Bitim oʻn besh (15) yil muddatga tuzilgan. Shu muddat tugagandan soʻng Ahdlashuvchi Tomonlardan birontasi ushbu Bitimning amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida boshqa Ahdlashuvchi Tomonni yozma ravishda xabardor etgan sanadan boshlab oʻn ikki oy mobaynida u oʻz kuchini saqlab qoladi.
3. Ushbu Bitim amal qilishdan toʻxtatilgunga qadar amalga oshirilgan investitsiyalarga nisbatan 1 — 12 moddalarining qoidalari keyingi oʻn (10) yillik davr mobaynida oʻz kuchini saqlab qoladi.
Toshkent shahrida 2002-yil 18-fevralda ikki nusxada, har biri oʻzbek, litva va rus tillarida tuzilgan, bunda barcha matnlar bir xil kuchga egadir. Talqin qilishda farqlar mavjud boʻlgan holda, rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)