Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi rayosatining
Qarori
XORIJIY ELLARDA BEDARAK YOʻQOLGAN OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI FUQAROLARINING TAQDIRINI ANIQLASh, ULARNI OZOD ETISh VA VATANIGA QAYTARISh BORASIDAGI ChORA-TADBIRLARNI FAOLLAShTIRISh HAQIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi 1992-yil 14-yanvarda qabul qilgan 517-XII-sonli qarorni bajarish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Rayosati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Davlat va jamoat xavfsizligi, mudofaa va harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilish masalalari qoʻmitasining raisi oʻrtoq V.R. Niyozmatovning 1979-yildan 1989-yilgacha boʻlgan davr ichida Afgʻonistonda va boshqa mamlakatlarda asir tushib qolgan fuqarolarni ozod qilish borasidagi chora-tadbirlarga doir axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Afgʻoniston Respublikasi va boshqa mamlakatlarda asir tushib qolgan yoki bedarak yoʻqolgan fuqarolarni qidirish va ozod qilish hamda Vataniga qaytarish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Komissiyasining shaxsiy tarkibi (ilova qilinadi)* tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
3. Komissiyaga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini asirlikdan qutqarish yoʻllarini qidirish masalalari bilan shugʻullanish uchun xorijiy mamlakatlarga yuboriladigan delegatsiyalar tarkibini shakllantirish va joʻnatish toʻgʻrisida takliflar kiritish huquqi berilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi asirga tushib qolgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini qidirish va ozod qilish borasidagi ishlarni tashkil etishni pul bilan taʼminlash masalasini qarab chiqsin.
5. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish vazifasi Oliy Kengashning Davlat va jamoat xavfsizligi, mudofaa va harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilish masalalari qoʻmitasi zimmasiga yuklatilsin.
6. Ushbu qarorning bayoni matbuotda eʼlon qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Raisi Sh. YOʻLDOShEV
Toshkent sh.,
1992-yil 16-mart,
561-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 5-son, 240-modda)