Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
MUDDATLI HARBIY XIZMATChILARNING PUL TAʼMINOTI MIQDORLARINI OShIRISh TOʻGʻRISIDA
Muddatli harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilish maqsadida va Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 5 yilligi munosabati bilan:
1. Belgilab qoʻyilsinki, muddatli harbiy xizmatchilar va kursantlar har oylik pul taʼminoti miqdorlari eng kam ish haqiga nisbatan foizlarda belgilanadi va uning oshishiga qarab oʻzgartirib boriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
2. 1997-yil 1-yanvardan boshlab muddatli harbiy xizmatchilar va kursantlar har oylik pul taʼminotining eng kam miqdorlari Yagona tarif setkasidagi eng kam ish haqining 50 foizi miqdorida belgilansin, yoki muddatli harbiy xizmatchilar va kursantlarning hozirdagi vaqtda amalda boʻlgan pul taʼminoti miqdorlari oʻrtacha 1,5-marta oshirilsin.
Muddatli harbiy xizmatchilar va kursantlarning pul taʼminoti miqdorlari oshirilishi bilan bogʻliq xarajatlar recpublika davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshirilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda:
(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-iyundagi PF-5456-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.06.2018-y., 06/18/5456/1316-son)
— mazkur Farmonni oʻz boʻlinmalariga yetkazsinlar;
— muddatli harbiy xizmatchilar va kursantlarga mazkur Farmonda belgilangan har oylik pul taʼminoti oshirilishini hisobga olgan holda ular oʻz vaqtida qayta hisoblab chiqilishini va toʻlanishini taʼminlasinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi oʻn kun muddatda Yagona tarif setkasiga muddatli harbiy xizmatchilar mehnatiga haq toʻlash boʻyicha oʻzgartirishlar kiritsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 10-yanvar,
PF-1697-son