Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisining Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining 2012-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi N. Umarovning Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining 2012-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotini tinglab va muhokama qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati shuni qayd etadiki, Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan hisobot davrida atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash borasida mamlakatda ekologik vaziyatni sogʻlomlashtirishga va ekologik xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan muayyan ishlar olib borilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va uning tarkibiy boʻlinmalari 2012-yilda oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimov tomonidan 2011-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlariga va 2012-yilda iqtisodiyotni barqaror rivojlantirishning eng muhim ustuvor vazifalariga bagʻishlangan Oʻzbekicton Respublikasi Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisida qoʻyilgan vazifalarni bajarishga yoʻnaltirgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2012-yil 24-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisining Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining 2011-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti haqida”gi SQ-304-II-sonli qarorini ijro etish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilgan, bular natijasida 2011-yildagiga nisbatan atmosferaga ifloslantiruvchi moddalarni chiqarib tashlashning umumiy hajmi 30,2 ming tonnaga pasaygan, 3,6 mln. kub metrga yaqin suv tejalgan, 1,7 ming gektar yer rekultivatsiya qilingan, 484,3 mingta ishdan chiqqan lyuminessent yoritqich utillashtirilgan. Markazlashgan manbalardan uzoqdagi 22 ta ijtimoiy ahamiyatga molik obyektda quyosh fotoelektrik stansiyalari oʻrnatilgan. Sakkizta daryoning, shu jumladan Amudaryo va Sirdaryoning suvni muhofaza qilish zonalaridan 220 ta potensial ekologik xavfli obyekt olib chiqilgan. Atrof muhitni ifloslantiruvchi 294,4 mingdan ortiq manba instrumental usulda tekshirilgan. Oʻrnatilgan meʼyorlardan ortiqcha atrof muhitga ifloslantiruvchi moddalar chiqarayotgan va oqizayotgan 18,9 mingdan ortiq ifloslantiruvchi manba aniqlangan.
“Toza havo” tadbirining ikkita bosqichini oʻtkazish doirasida 38 ta avtotransport korxonasi, toʻqqizta avtomobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchasi va 244,8 ming avtotransport vositasi tekshirilgan, atrof muhitni ifloslantirishning oʻrnatilgan meʼyorlaridan ortiqcha zararli moddalar chiqarib ishlayotgan 16,9 ming dona avtotransport vositasi aniqlangan, 46 nafar mansabdor shaxsga jami 5,4 mln soʻm miqdorida jarima solingan.
Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun 20,6 mingdan ortiq mansabdor shaxs va fuqaro javobgarlikka tortilgan, 1 987,9 mln soʻmlik, yaʼni oʻtgan yildagiga nisbatan 30,9 foiz koʻp jarima solingan va atrof muhitga yetkazilgan zararni undirish boʻyicha daʼvolar taqdim etilgan.
Tabiatni muhofaza qilish mahalliy jamgʻarmalariga 6 444 mln soʻmdan ortiq mablagʻ kelib tushgan boʻlib, shundan 2 905,8 mln soʻmdan ortiq mablagʻ Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga va 759,3 mln soʻmdan ortiq mablagʻ Tabiatni muhofaza qilish respublika jamgʻarmasiga oʻtkazilgan.
Ustuvor yoʻnalishlar doirasida 2008 — 2012-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining atrof muhitni muhofaza qilish ishlari dasturini roʻyobga chiqarish yakunlanib, muayyan natijalarga erishilgan. Jumladan, Ishlar dasturi amalga oshirila boshlaganidan buyon 145,5 mingta avtotransport vositasini gaz yoqilgʻisiga oʻtkazish hisobiga koʻchma manbalardan atmosferaga ifloslantiruvchi moddalarni chiqarib tashlash 78,8 ming tonnaga qisqartirilgan, neft bilan birga chiqadigan 17,2 mlrd kub metrdan ortiq yoʻldosh gazlar utillashtirilgan, “Oʻzkimyosanoat” DAK obyektlarida azot oksidini chiqarib tashlash 3,5 mln tonnaga qisqartirilgan, Hisor suv omborida kichik GES qurilgan va ishga tushirilgan, u 116,3 mln kVt toza energiya ishlab chiqargan, 86 ming gektarga yaqin maydonda qishloq xoʻjaligi yerlarining meliorativ holati yaxshilangan.
Ushbu Dasturning bajarilishi uchun barcha moliyaviy manbalar hisobidan sarflangan xarajatlar jami 376,14 mlrd soʻm, 427,79 mln AQSh dollari va 504,4 ming yevroni tashkil etgan.
2008 — 2012-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining atrof muhitni muhofaza qilish ishlari dasturini bajarish natijasida atrof muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, xoʻjalikni boshqarishga ekologik usullarni joriy etish, normativ-huquqiy bazani takomillashtirishda, shuningdek fan, ekologik taʼlim va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda muhim natijalarga erishilgan.
2013 — 2017-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining atrof muhitni muhofaza qilish ishlari dasturi loyihasi ishlab chiqilgan va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan xalqaro shartnomalar doirasida olingan, bajarish masʼuliyati Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi zimmasiga yuklatilgan majburiyatlar bajarilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qozogʻiston Respublikasi Hukumati oʻrtasidagi 2012 — 2015-yillarda saygʻoqlarni muhofaza qilish, sonini koʻpaytirish va barqaror rivojlantirish boʻyicha Bitimga muvofiq birgalikdagi tadbirlar rejasi roʻyobga chiqarilmoqda. YUNESKOning Butunjahon tabiiy merosi roʻyxatiga kiritish uchun uch tomonlama hujjat — “Gʻarbiy Tyan-Shan” transchegaraviy nominatsiyasini tayyorlash toʻgʻrisida Qoʻshma deklaratsiya” loyihasi boʻyicha ishlar olib borilmoqda.
Ekologik bilimlar va taʼlimni targʻib qilish ishlari, shuningdek noshirlik faoliyati kuchaytirilgan. Milliy teleradiokompaniya bilan 2012-yilga moʻljallangan birgalikdagi telekoʻrsatuvlar dasturi amalga oshirilgan. 1200 dan ortiq televizion chiqish va koʻrsatuv, 1038 ta radioeshittirish tashkil etilgan, matbuotda 1610 ta maqola va intervyu chop etilgan, kitoblar, bukletlar nashr etilgan, koʻproq koʻrgazmali tashviqotga, panno va plakatlar bilan bezashga eʼtibor qaratilgan. 11 ta matbuot konferensiyasi, brifinglar, davra suhbatlari va sakkizta media-sayohat tashkil etilgan.
Shu bilan birga, tabiatni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasida vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar bilan birga ish olib borilayotgan boʻlishiga qaramay, hozirga qadar oʻz yechimini talab qilayotgan kamchiliklar va muammolar mavjud.
Xususan, 2008 — 2012-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining atrof muhitni muhofaza qilish ishlari dasturini bajarish boʻyicha ishlarni tashkil etish va nazorat qilish uchun masʼul sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan tegishli vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar, korxonalar, muassasalar hamda tashkilotlar, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlarining mazkur Dastur va tegishli hududiy dasturlardagi tadbirlarni amalga oshirish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish yetarli amalga oshirilmagan.
2012-yil yakunlariga koʻra 2008 — 2012-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining atrof muhitni muhofaza qilish ishlari dasturining 78 ta tadbiridan 71 tasi toʻliq bajarilgan, yettita tadbir boʻyicha bajarish muddatlari uzaytirilgan. Ayni vaqtda atrof muhitni muhofaza qilish boʻyicha hududiy harakat dasturlarida rejalashtirilgan 289 ta tadbirdan 255 tasi bajarilgan, 15 ta tadbirning bajarilishi davom etmoqda, 14 ta tadbirni amalga oshirish muddati keyinroqqa koʻchirilgan, beshta tadbir bajarilmagan.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi hududiy boʻlinmalari mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan yetarli hamkorlik qilmaganligi tufayli suvni muhofaza qilish zonalaridan potensial ekologik xavfli obyektlarni olib chiqish taʼminlanmagan. Chunonchi, Sirdaryoning suvni muhofaza qilish zonasidan olib chiqilishi lozim boʻlgan 75 ta obyektdan 22 tasi olib chiqilmagan, Zarafshon, Qoradaryo, Qashqadaryo, Norin, Surxondaryo va Chirchiq daryolarining suvni muhofaza qilish zonalaridan olib chiqilishi lozim boʻlgan 151 ta potensial ekologik xavfli obyektdan beshtasi olib chiqilmagan. Toshkent shahri doirasida Chirchiq daryosi zonasida ekologik sogʻlomlashtirish boʻyicha nazarda tutilgan 44 ta tadbirdan toʻqqiztasi bajarilmagan.
Bioxilmaxillikni asrash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy strategiyasi va Harakatlar dasturi doirasida tabiatni muhofaza qilish dasturlari amalga oshirilishini tahlil qilish va baholash yetarlicha olib borilmagan. Xususan, biologik resurslardan barqaror foydalanish boʻyicha ishlab chiqilgan Dasturda bu resurslarni tabiatdan foydalanuvchilar amaliy faoliyatiga tatbiq qilish mexanizmiga aniqlik kiritilmagan. Yer maydonlari hosildorligini iqtisodiy baholash faqat oʻsimlik dunyosiga taalluqli qismi boʻyicha amalga oshirilgan.
Olmaliq, Nukus, Toshkent, Chirchiq kabi shaharlarda atmosfera havosining ifloslanish darajasini ifloslantiruvchi moddalarning ayrim ingrediyentlari boʻyicha ekologiya va sanitariya-gigiyena normalarigacha pasaytirish uchun koʻrilayotgan chora-tadbirlar yetarlicha samarali emas.
Kichik daryolardagi suvning sifat holati boʻyicha monitoring yetarli darajada oʻrnatilmagan. Chunonchi, Chirchiq daryosi va Salor kanali suvining ifloslanish darajasi sanitariya-gigiyena meʼyorlaridan oshib ketgan.
Andijon, Asaka, Xonobod shaharlarida (Andijon viloyati), Qarshi shahrida (Qashqadaryo viloyati), Kattaqoʻrgʻon shahrida (Samarqand viloyati), Guliston, Yangiyer, Shirin shaharlarida va Farhod shaharchasida (Sirdaryo viloyati) kommunal maishiy oqova suvlarni tozalash inshootlarining ishi ustidan nazoratni amalga oshirish masalalarida kamchiliklar mavjud.
Nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining ekologik nazoratni amalga oshirishda, mamlakat mintaqalaridagi ekologik vaziyat va aholi salomatligini monitoring qilishda, shuningdek tabiatni muhofaza qilish dasturlarini amalga oshirishda faol ishtirok etishini taʼminlash boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar yetarli natija bermayotir.
Korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning ishlab chiqarish chiqindilarini utillashtirish va ulardan takroran foydalanish, shuningdek ularni qayta ishlash boʻyicha ilgʻor texnologiyalarni joriy etish borasidagi ishlarini muvofiqlashtirish sust amalga oshirilmoqda.
Yuqorida bayon etilganlarga asoslanib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qapop qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi N. Umarovning Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining 2012-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va uning hududiy boʻlinmalarining vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlarining tabiatni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek 2012-yilda tabiatni muhofaza qilish dasturlarini amalga oshirish borasidagi ishlari yetarli emasligi koʻrsatib oʻtilsin.
3. Yuqorida qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etish va 2013-yilda ularga yoʻl qoʻymaslik maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi (N. Umarov):
atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan oʻtkazilayotgan davlat nazoratining taʼsirchanligi hamda natijaliligini taʼminlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
2008 — 2012-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining atrof muhitni muhofaza qilish ishlari dasturi va hududiy dasturlarni bajarishda yoʻl qoʻyilgan kamchilik va xatolarni tanqidiy tahlil qilsin va kelgusida tegishli dasturlarni ishlab chiqishda ularni inobatga olsin;
2013 — 2017-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining atrof muhitni muhofaza qilish ishlari dasturi amalga oshirilishini nazorat va monitoring qilishning taʼsirchan mexanizmini belgilasin;
Oʻzbekiston Respublikasining yangi qabul qilingan qonunlari va xalqaro huquq meʼyorlarini inobatga olgan holda Bioxilmaxillikni asrash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy strategiyasi va Harakatlar dasturini yangilash choralarini koʻrsin;
tabiatni muhofaza qilish dasturlari amalga oshirilishi, xususan Oʻzbekiston Respublikasining Aydar-Arnasoy koʻllar tizimida ekologik vaziyatning barqarorligini taʼminlash va undan samarali foydalanish boʻyicha 2008 — 2015-yillarga moʻljallangan harakatlar rejasi, 2013-yilda Oʻzbekiston Respublikasida baliqchilik tarmogʻini rivojlantirish boʻyicha tadbirlar dasturi bajarilishining borishi ustidan tizimli monitoringni taʼminlasin, manfaatdor vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar bilan birgalikda ularni oʻz vaqtida amalga oshirish boʻyicha tegishli chora-tadbirlar koʻrsin;
vakolati doirasida Zarafshon, Qoradaryo, Qashqadaryo, Norin, Sirdaryo, Surxondaryo va Chirchiq daryolarining suvni muhofaza qilish zonasidagi potensial ekologik xavfli obyektlarni olib chiqish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar koʻrsin;
Olmaliq, Nukus, Toshkent, Chirchiq shaharlarida atmosfera havosini ifloslantiruvchi moddalarni ayrim ingrediyentlar boʻyicha ekologiya va sanitariya-gigiyena normalarigacha pasaytirish borasida taʼsirchan chora-tadbirlar bajarilishini taʼminlasin;
Investitsiya dasturiga kiritish uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda manfaatdor vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar bilan birgalikda maishiy chiqindilarni utillashtirish hamda qayta ishlash boʻyicha texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan takliflar tayyorlasin;
Namangan va Toshkent viloyatlaridagi sobiq konlar hududidagi ekologik vaziyatni sogʻlomlashtirish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni koʻrsin;
ijtimoiy ahamiyatga ega obyektlarda qayta tiklanadigan ekologik toza energiya manbalarini oʻrnatish va ularni keng joriy etish boʻyicha ishlarni davom ettirsin;
Nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyati boshqa institutlariga ular tomonidan mamlakat mintaqalaridagi ekologik holat va aholi salomatligi monitoringini amalga oshirishda yordam bersin;
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi (U. Inoyatov), Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (B. Xodiyev) va boshqa manfaatdor vazirliklar, davlat qoʻmitalari hamda idoralar bilan birgalikda ekologiya fanini rivojlantirish, ekologik bilimlarni keng targʻib qilish va ekologik madaniyatni yuksaltirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
Olmaliq, Nukus, Toshkent va Chirchiq shaharlarida atmosfera havosining ifloslanish darajasini sanitariya-gigiyena normalarigacha pasaytirish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrsin;
Zarafshon, Qoradaryo, Qashqadaryo, Norin, Sirdaryo, Surxondaryo va Chirchiq daryolarining suvni muhofaza qilish zonalaridan potensial ekologik xavfli obyektlarni olib chiqish boʻyicha ishlarni tugallasin;
aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlashni yaxshilash boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
Andijon, Asaka, Xonobod shaharlarida (Andijon viloyati, A. Usmanov), Qarshi shahrida (Qashqadaryo viloyati, T. Djurayev), Kattaqoʻrgʻon shahrida (Samarqand viloyati, Z. Mirzayev), Guliston, Yangiyer, Shirin shaharlarida va Farhod shaharchasida (Sirdaryo viloyati, O. Ashurmatov) sanoat va maishiy oqova suvlarni kommunal tozalash inshootlarini rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va ularning ishlash samaradorligini oshirish boʻyicha ishlarni tashkil qilsin;
Oʻzbekiston Respublikasida atrof muhitni muhofaza qilishning 2013 — 2017-yillarga moʻljallangan hududiy harakat dasturlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar, tuman hamda shahar Kengashlari:
atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlari va tegishli tabiatni muhofaza qilish dasturlari ijro etilishini davriy ravishda oʻrgansin;
soha qoʻmitasi va komissiyalari majlislarida 2008 — 2012-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining atrof muhitni muhofaza qilish boʻyicha tegishli hududiy harakat dasturlarini bajarish yakunlari koʻrib chiqilishini taʼminlasin;
ushbu qarorni ijro etishning borishi sessiyalarda yoki soha qoʻmitasi va komissiyalari majlislarida muhokama etilishini tashkil qilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi (N. Umarov) ushbu qarorni ijro etishning borishi toʻgʻrisida 2014-yilning 20-yanvariga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga axborot taqdim etsin.
7. Ushbu qarorning ijro etilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi (X. Razzakov) zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2013-yil 29-mart,
CQ-376-II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2013-y., 3-son, 67-modda)