Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisining Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining 2011-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi N. Umarovning Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining 2011-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotini tinglab va muhokama qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati shuni qayd etadiki, Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan 2011-yilda atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazoratni taʼminlash borasida mamlakatda ekologik vaziyatni sogʻlomlashtirishga, shuningdek bu sohada xoʻjalik yurituvchi subyektlarni tekshirishlarni tashkil etishni tartibga solishga qaratilgan muayyan ishlar olib borilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va uning tarkibiy boʻlinmalarining qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirayotgan faoliyati oʻtgan davrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimov tomonidan 2010-yilda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2011-yilda iqtisodiyotni barqaror rivojlantirishning eng muhim ustuvor yoʻnalishlariga bagʻishlangan Oʻzbekicton Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlisida belgilab berilgan vazifalarni bajarishga qaratilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2011-yil 26-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisining Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining 2010-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti haqida”gi 181–II-sonli qarorida qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar ham amalga oshirilgan. Xususan, tabiatni muhofaza qilish faoliyatini boshqarishning iqtisodiy usullarini takomillashtirish uchun atrof tabiiy muhitga yetkazilgan ekologik zararni hisoblab chiqarish uslubi ishlab chiqilgan hamda amaldagi normativ hujjatlarga oʻzgartishlar kiritilgan, Navoiy, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarining qishloq vrachlik punktlarida hamda olisdagi fermer xoʻjaliklarida fotoelektrik stansiyalar va biogaz qurilmalarini oʻrnatish boʻyicha ishlar amalga oshirilgan, geografik axborot tizimlari texnologiyalarini qoʻllagan holda Aydar-Arnasoy koʻllar tizimining hozirgi holati va oʻzgarish dinamikasi monitoring qilingan, baliq pitomniklari tashkil etish boʻyicha ishlar bajarilgan hamda shu maqsadlar uchun tadbirkorlar va fermerlarga tabiatni muhofaza qilish jamgʻarmalarining mablagʻlari ajratilgan, “Jayron” ekomarkazini va Hisor qoʻriqxonasini asrash hamda rivojlantirish boʻyicha ishlarni olib borishga 78,0 mln soʻm oʻzlashtirilgan.
Mamlakatda ekologik xavfsizlik masalalarini hal etishga kompleks yondashuvni taʼminlash maqsadida Orolboʻyida atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish boʻyicha tadbirlar rejasi amalga oshirilgan, Oʻzbekiston Respublikasida atrof tabiiy muhitning ifloslanishini monitoring qilish dasturi va Gidroxlorftoruglerodlarni isteʼmoldan chiqarish milliy strategiyasini roʻyobga chiqarish, Bioxilmaxillikni asrash boʻyicha milliy strategiyani va Harakatlar dasturini takomillashtirish sohasida ishlar davom ettirilgan, Oʻzbekiston Respublikasining eng muhim baliqchilik xoʻjaligi havzalarini pasportlashtirish oʻtkazilgan, qayta tiklanadigan energiya manbalarini joriy etish boʻyicha ishlar amalga oshirilgan. Hisobot davrida Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasida 2009-2011-yillarda baliqchilik tarmogʻini rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini bajarish ishlari tugallangan. Dasturni bajarish doirasida 2011-yilda 171 ta yangi xoʻjalik tashkil etilgan va 2012-yil 1-yanvar holatiga Oʻzbekiston Respublikasi hududida 1301 ta baliqchilik xoʻjaligi ishlab turibdi.
Angren, Andijon, Buxoro, Toshkent, Chirchiq va Fargʻona shaharlarida, Sariosiyo tumanida atmosfera havosining ifloslanish darajasini sanitariya-gigiyena normalarigacha pasaytirish boʻyicha tadbirlar rejalari ishlab chiqilgan va amalga oshirilmoqda. Bajarilgan tadbirlar natijasida Andijon, Chirchiq va Fargʻona shaharlarida atmosfera havosining ammiak bilan, Buxoro shahrida uglerod oksidi bilan ifloslanishi sanitariya-gigiyena normalarigacha pasaytirilgan. Shu bilan birga, sanitariya-gigiyena normalari Buxoro shahrida chang boʻyicha 1,3 baravar, Angren shahrida ammiak boʻyicha 1,5 baravar, Toshkent shahrida azot dioksidi boʻyicha 1,3 baravar, Sariosiyo tumanida ftorli vodorod boʻyicha 1,6 baravar yuqoriligicha qolmoqda. Bu mazkur shaharlarda atmosfera havosining ifloslanish darajasini pasaytirish boʻyicha tadbirlarni davom ettirish zarurligini koʻrsatadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 19-sentabrdagi 212-sonli qarori bilan tasdiqlangan 2008 – 2012-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining atrof muhitni muhofaza qilish ishlari dasturini roʻyobga chiqarish maqsadida 2011-yilda Dasturda nazarda tutilgan 78 ta tadbirning 31 tasi bajarilgan, 40 ta tadbir bajarilmoqda. Ayni vaqtda, 2011-yil yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining atrof muhitni muhofaza qilishga doir hududiy harakat dasturlarida rejalashtirilgan 289 ta tadbirdan 52 tasi bajarilgan, 226 tasi bajarilmoqda, bitta tadbir boʻyicha bajarish muddatlarini koʻchirish masalasi koʻrib chiqilmoqda, toʻrtta tadbir boʻyicha ularni roʻyobga chiqarish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 21-dekabrdagi PQ-1446 va 2011-yil 4-oktabrdagi PQ-1623-sonli qarorlariga muvofiq keyingi muddatlarga surilgan, oltita tadbir (Qoraqalpogʻiston Respublikasida, Qashqadaryo, Navoiy, Surxondaryo, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida) bajarilmayotir. Respublika dasturida va hududiy dasturlarda nazarda tutilgan ayrim tadbirlarni bajarish muddatlari qonun hujjatlari bilan uzaytirilgan. Umuman olganda, atrof muhitni muhofaza qilish boʻyicha 2008–2012-yillarga moʻljallangan hududiy harakat dasturlarini roʻyobga chiqarish jarayonida 2011-yilda 658,9 mlrd soʻm, 20,7 mln AQSh dollari, shu jumladan respublika va mahalliy tabiatni muhofaza qilish jamgʻarmalarining 295,5 mln soʻm mablagʻlari, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va mahalliy budjetlarning 56,6 mlrd soʻmdan ortiq mablagʻlari, korxonalarning 601,9 mlrd soʻmdan ortiq, 2,3 mln AQSh dollaridan ortiq miqdoridagi mablagʻlari, 42,6 mln soʻm va 18,5 mln AQSh dollaridan ortiq investitsiya mablagʻlari oʻzlashtirilgan.
Shu bilan birga, tabiatni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasida vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar bilan birga ish olib borilayotgan boʻlishiga qaramay, hozirga qadar oʻz yechimini talab qilayotgan muammolar va kamchiliklar mavjud.
Ayrim mahalliy davlat hokimiyati organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan 2008-2012-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining atrof muhitni muhofaza qilish ishlari dasturini roʻyobga chiqarishga doir tadbirlarni belgilangan muddatlarda bajarishga yetarli eʼtibor berilmayotir. Chunonchi, Shirin shahar (Sh. Tojiboyev) hokimligi tomonidan “Shirin shahrining oqova suvlarini tozalash boʻyicha inshootlar qurilishi” loyihasini tugallash, “Oʻzbekenergo” DAK (B. Teshaboyev) tomonidan Yangi-Angren IESda elektrfiltrlarni rekonstruksiya qilish boʻyicha chiqindilarni kamaytirishga qaratilgan ishlarni tugallash yuzasidan tegishli chora-tadbirlar koʻrilmayotir.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida (M. Yerniyazov), Qashqadaryo (T. Djurayev), Navoiy (E. Turdimov), Surxondaryo (N. Choriyev), Toshkent (R. Xolmatov) viloyatlarida va Toshkent shahrida (R. Usmonov) atrof muhitni muhofaza qilish boʻyicha tegishli hududiy harakat dasturida belgilab qoʻyilgan bittadan tadbir bajarilmayotir. Bundan tashqari, Qoraqalpogʻiston Respublikasida hududiy dasturda nazarda tutilgan “Qoraqalpogʻiston Respublikasining aholi punktlarida va tuman markazlarida mavjud axlatxonalarni rekonstruksiya qilish va yangilarini qurish” loyihasini, Sirdaryo viloyatida “Viloyat shaharlari, tuman markazlari va aholi punktlaridagi mavjud axlatxonalarning holatini talablarga muvofiq yaxshilash va yangi axlatxonalar qurish” loyihasini hamda “Yangiyer va Guliston shaharlaridagi tozalash inshootlarini kapital taʼmirlash” loyihasini, Toshkent viloyatida “Maishiy va zaharli sanoat chiqindilarini saqlash va qayta ishlash, shahar hamda tuman markazlarida, aholi punktlarida axlatxonalar qurish va ularni rekonstruksiya qilish” loyihasini tugallash boʻyicha ishlar yetarli hajmda olib borilmayotir.
Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 7-fevraldagi “Surxondaryo, Xorazm viloyatlarida va Qoraqalpogʻiston Respublikasida Amudaryo daryosining suvni muhofaza qilish zonasi va sohilboʻyi mintaqasini belgilash toʻgʻrisida”gi 27-sonli hamda 2007-yil 9-fevraldagi “Andijon, Namangan, Sirdaryo, Toshkent va Fargʻona viloyatlarida Sirdaryo daryosining suvni muhofaza qilish zonasi va sohilboʻyi mintaqasini belgilash toʻgʻrisida”gi 29-sonli qarorlarini bajarish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining organlari tomonidan 2012-yilga qadar Amudaryo va Sirdaryo daryolarining suvni muhofaza qilish zonalaridan ekologik potensial xavfli obyektlarni olib chiqish boʻyicha reja-grafiklar bajarilishi ustidan nazorat amalga oshirilmoqda. Ammo bu boradagi ish ham nazorat samarasiz amalga oshirilganligi tufayli tugallanmay qolgan. Natijada Sirdaryo daryosining suvni muhofaza qilish zonasidan olib chiqilishi kerak boʻlgan 75 ta obyektning 40 tasi olib chiqilgan, Amudaryo daryosining suvni muhofaza qilish zonasida joylashgan 21 ta obyektdan 10 tasi olib chiqilgan. Bundan tashqari, Zarafshon, Norin, Chirchiq, Surxondaryo, Qashqadaryo va Qoradaryo daryolarining suvni muhofaza qilish zonalaridan olib chiqilishi kerak boʻlgan 152 ta ekologik potensial xavfli obyektdan 143 tasi olib chiqilgan. Toshkent shahri chegarasida Chirchiq daryosi zonasida ekologik sogʻlomlashtirish boʻyicha 44 ta tadbirdan faqat 37 tasining bajarilishi taʼminlangan. Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha Amudaryo daryosining suvni muhofaza qilish zonasidan olib chiqilishi kerak boʻlgan ekologik potensial xavfli 18 ta obyektdan atigi yettitasi olib chiqilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qoʻmitalarining 2011-yilga moʻljallangan qonunchilik va nazorat faoliyati rejasiga muvofiq “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi, “Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi, “Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida”gi, “Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining, sogʻliqni saqlash, ekologiya sohasidagi davlat dasturlarining Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida ijro etilishi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi tomonidan amaliy yordam koʻrsatish yoʻli bilan oʻrganib chiqildi.
Qayd etilgan qonunlarning ijro etilishini oʻrganish jarayonida Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida tabiatni muhofaza qilish sohasidagi muayyan kamchiliklar va hal etilishi talab qilinadigan vazifalar aniqlangan.
Xususan, “Tojikiston alyuminiy kompaniyasi” davlat unitar korxonasining taʼsiri Surxondaryo viloyatida ekologik vaziyat yomonlashuviga sabab boʻlayotgan asosiy omildir. “Tojikiston alyuminiy kompaniyasi” atmosfera havosiga har yili 23,0 ming tonna atrofida ifloslantiruvchi moddalar, shu jumladan 122,0 tonna ftorli vodorod chiqarib tashlamoqda va bu holatning aholi salomatligiga oʻta salbiy taʼsiri davom etmoqda, Surxondaryo viloyatining shimoliy tumanlarida ekologik vaziyat yomonlashib, iqtisodiy zarar yetkazilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda mamlakatimizning boshqa viloyatlarida ushbu qonunlarning bajarilishiga yetarlicha eʼtibor qaratmagan.
Yuqorida bayon etilganlarga asoslanib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qapop qiladi:
1. Oʻzbekistan Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi N. Umarovning Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining 2011-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasiga (N. Umarov) tabiatni muhofaza qilish sohasida davlat nazoratini amalga oshiradigan vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarining faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek tabiatni muhofaza qilish dasturlari ishlab chiqilishi va roʻyobga chiqarilishini amalga oshirish boʻyicha oʻz vakolatlaridan toʻla foydalanmaganligi koʻrsatib oʻtilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi (N. Umarov) manfaatdor vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda:
2008 – 2012-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining atrof muhitni muhofaza qilish ishlari dasturida va tegishli hududiy dasturlarda nazarda tutilgan tadbirlar samarali va toʻla-toʻkis tugallanishi yuzasidan taʼsirchan choralar koʻrsin;
Oʻzbekiston Respublikasining atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish boʻyicha 2013 – 2017-yillarga moʻljallangan harakat dasturi loyihasi 2012-yil 1-sentabrga qadar belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga koʻrib chiqish uchun kiritilishini taʼminlasin;
“Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi, “Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi, “Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida”gi, “Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining Surxondaryo va Fargʻona viloyatlarida ijro etilishini joriy yilning birinchi yarim yilligida oʻrgansin va oʻrganish natijalari haqida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga 2012-yilning 1-avgustiga qadar axborot taqdim etsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi (N. Umarov):
tabiiy resurslardan, shu jumladan er, suv, mineral-xomashyo resurslaridan, biologik resurslardan oqilona foydalanish boʻyicha tadbirlarni amalga oshirish borasidagi ishning samaradorligini kuchaytirsin;
mulk shaklidan qatʼi nazar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, shuningdek fuqarolar tomonidan atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarning ijro etilishi boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqsin;
manfaatdor vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralari bilan birgalikda biologik resurslardan oqilona foydalanish, ularni mamlakatga olib kirish hamda mamlakatdan olib chiqish sohasidagi qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi oʻsimlik dunyosi obyektlaridan foydalanish tartibi hamda qoidalarini takomillashtirish haqida takliflar tayyorlasin;
2012-yilda va kelgusida ekologik xavfsizlikni taʼminlash uchun atmosfera havosining ifloslanish darajasini sanitariya-gigiyena normalarigacha pasaytirishga, shuningdek mamlakat hududidagi daryolarning ifloslanish darajasini pasaytirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va ularning roʻyobga chiqarilishini taʼminlasin;
qonun hujjatlari bilan berilgan vakolatlar doirasida ekologik potensial xavfli obyektlarni mamlakatdagi yirik daryolarning suvni muhofaza qilish zonalaridan olib chiqish boʻyicha ishlar oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash yuzasidan qoʻshimcha choralar koʻrsin;
atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, resurslarni tejaydigan, toza texnologiyalarni hamda qayta tiklanadigan energiya manbalarini joriy etish sohasidagi ilmiy-texnikaviy salohiyatdan yanada samarali foydalansin;
ekologik monitoring, istiqbolni belgilash va axborot bilan taʼminlashning, shuningdek mamlakat hududida tabiiy muhitni transchegaraviy ifloslanishdan muhofaza qilishning yagona tizimini takomillashtirsin;
oʻz vakolatlari doirasida ekologiya fani, ekologik taʼlim, tarbiya va madaniyat, shuningdek ekologik bilimlarni targʻib qilish tizimini yanada rivojlantirish va takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha choralar koʻrsin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
baliq zaxiralari kamayib ketishining oldini olish maqsadida mamlakatda baliqchilik tarmogʻini rivojlantirishga qaratilgan tadbirlarni bajarish boʻyicha taʼsirchan choralar koʻrsin, baliq ovlash bilan shugʻullanadigan va baliq urchitish hamda melioratsiya bilan shugʻullanmaydigan suv havzalarining ijarachilari bilan munosabatlarni huquqiy tartibga solishga alohida eʼtibor qaratsin;
chiqindilarni toʻplash, saralash va qayta ishlash boʻyicha amal qilib turgan punktlar va poligonlarni belgilangan talablarga muvofiq holga keltirish, shuningdek bu sohada rejalashtirilgan yangi obyektlarni qurish boʻyicha ishlar oʻz vaqtida bajarilishini tashkil etsin;
obyektlar qurish va ularni joylashtirish uchun ruxsatnomalar berish hamda yer ajratishni amalga oshirish vaqtida “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi, “Ekologik ekspertiza toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari va boshqa tegishli qonun hujjatlari talablariga ogʻishmay rioya etilishini taʼminlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2024-yil 28-martdagi KQ-704-IV-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
7. Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, masʼul davlat idoralari ushbu qarorni ijro etishning borishi toʻgʻrisida 2013-yilning 10-fevraliga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga axborot taqdim etsin.
8. Ushbu qarorning ijro etilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi (X. Razzakov) zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2012-yil 24-mart,
SQ-304-II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2012-y., 3-son, 76-modda)