Oʻzbekicton Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining 2010-2011-yillar va 2012-yilning oʻtgan davri mobaynidagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining (bundan buyon matnda Qoʻmita deb yuritiladi) 2010-2011-yillar va 2012-yilning oʻtgan davri mobaynidagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotini tinglab va muhokama qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi shuni qayd etadiki, hisobot davrida Qoʻmita “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonunida nazarda tutilgan vakolatlarini amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimovning 2010-yil 26-yanvardagi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining (bundan buyon matnda Senat deb yuritiladi) birinchi majlisidagi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining 2010-yil 27-yanvardagi qoʻshma majlisidagi “Mamlakatimizni modernizatsiya qilish va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish – ustuvor maqsadimizdir” hamda 2010-yil 12-noyabrdagi qoʻshma majlisidagi “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi” nomli maʼruzalaridan, shuningdek “Oʻzbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasidan kelib chiqadigan vazifalarni oʻz faoliyatining ustuvor yoʻnalishi sifatida belgilagan.
Qoʻmita tomonidan mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, milliy xavfsizlikni, mamlakat suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilishga yoʻnaltirilgan davlat siyosatini qonunchilik jihatidan taʼminlashga, uning huquqiy bazasini takomillashtirishga, qonunlarning ijro etilishi ustidan nazoratni kuchaytirishga qaratilgan muayyan ishlar amalga oshirilgan.
Qoʻyilgan vazifalarni roʻyobga chiqarish uchun Qoʻmita oʻz faoliyatini Senat Kengashi tomonidan tasdiqlangan Senat qoʻmitalarining qonunchilik va nazorat faoliyati hamda tadbirlari rejalari, Senat Kengashining majlislarida koʻrib chiqish uchun tavsiya etilayotgan masalalar, “Barkamol avlod yili”, “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” va “Mustahkam oila yili” Davlat dasturlarida belgilab berilgan asosiy qoidalarda, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti – Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni I. Karimovning Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining 20 yilligi munosabati bilan qabul qilingan Direktivasida bayon etilgan ustuvor maqsad va yoʻnalishlar asosida amalga oshirgan. Qoʻmita tadbirlar rejalarini shakllantirishda kiritilayotgan masalalarni tadbir oʻtkazilayotgan hudud uchun naqadar dolzarbligi va zarurligini alohida eʼtiborga olgan.
Qoʻmita tomonidan Senatning yalpi majlislarida koʻrib chiqish uchun 17 ta masala, shu jumladan yettita Oʻzbekiston Respublikasi qonuni kiritilgan, ular belgilangan tartibda maʼqullangan.
Hisobot davrida qonunlar ijrosini oʻrganish bilan bogʻliq nazorat faoliyati va tadbirlarni amalga oshirish doirasida sakkizta qoʻmita majlisi, toʻrtta konferensiya, uchta davra suhbati, sakkizta seminar oʻtkazilgan, ulardan beshtasi Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi, “Barkamol avlod yili” va “Mustahkam oila yili” Davlat dasturlaridan kelib chiqadigan vazifalarni bajarishga yoʻnaltirilgan.
Nazorat faoliyatini amalga oshirish jarayonida Qoʻmitaning asosiy eʼtibori qonunlarning, mamlakat mudofaasi va milliy xavfsizlikni taʼminlash borasidagi davlat dasturlarini toʻliq va sifatli ijro etilishiga toʻsqinlik qilayotgan sabablarni aniqlashga, ularni ijro etishda yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklarni bartaraf etishga, shuningdek qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqishga qaratilgan.
Shu maqsadda nazorat faoliyati doirasida Qoʻmita tomonidan: 2010-yil 6-avgustda Qoʻmita va xalq deputatlari Qashqadaryo viloyat Kengashining “Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining Qashqadaryo viloyatida ijro etilishini oʻrganish natijalarini muhokama qilish boʻyicha qoʻshma majlisi; 2011-yil 22-aprelda Qoʻmita va xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashining “Qutqaruv xizmati va qutqaruvchi maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining Samarqand viloyatida ijro etilishini oʻrganish natijalari muhokamasiga bagʻishlangan qoʻshma majlisi; 2011-yil 16-noyabrda Qoʻmita va xalq deputatlari Surxondaryo viloyat Kengashining “Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining Surxondaryo viloyatida ijro etilishini oʻrganish natijalarini muhokama etish boʻyicha qoʻshma majlisi; 2012-yil 11-mayda Qoʻmita va xalq deputatlari Fargʻona viloyat Kengashining “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining Fargʻona viloyatida ijro etilishini oʻrganish natijalari muhokamasiga bagʻishlangan qoʻshma majlisi oʻtkazilgan. Bundan tashqari, 2010-yil 15-dekabrda “Barkamol avlod yili” Davlat dasturi doirasida Qoʻmita va xalq deputatlari Namangan viloyat Kengashining “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining yoshlarni harbiy xizmatga tayyorlashga doir qismini Namangan viloyatida ijro etilishini oʻrganish natijalari muhokamasiga bagʻishlangan qoʻshma majlisi oʻtkazilgan.
Yuqorida koʻrsatilganlardan tashqari, mudofaa va xavfsizlik sohasidagi dolzarb masalalarni chuqur oʻrganish va hal etish uchun Qoʻmita tomonidan konferensiya, davra suhbati va seminarlar oʻtkazilgan.
Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan vazifalarni roʻyobga chiqarish maqsadida Qoʻmita tomonidan Senatning Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi bilan birgalikda 2011-yil 22-sentabrda “Tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazishda qonuniylikka rioya etish – inson huquqlari va erkinliklari kafolati” mavzuida seminar oʻtkazilgan.
Bundan tashqari Qoʻmita tomonidan: 2010-yil 30-martda Surxondaryo viloyatida “Vatanni, uning hududiy yaxlitligi va mustaqilligini himoya qilish – Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining konstitutsiyaviy burchi” mavzuida seminar; 2010-yil 25-iyunda Navoiy viloyatida “Yoshlarni harbiy xizmatga tayyorlashda mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda jamoat birlashmalarining oʻrni va roli” mavzuida davra suhbati; 2011-yil 2-fevralda Toshkent viloyatida “Aholini favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilishning dolzarb masalalari” mavzuida seminar; 2011-yil 10-avgustda Buxoro viloyatida “Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash: muammolar va ularni hal etish yoʻllari” mavzuida konferensiya; 2012-yil 10-fevralda Oʻzbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy Kengashida “Yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda oilaning roli” mavzuida seminar oʻtkazilgan.
Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari, davlat dasturlari samarali ijro etilishini taʼminlash, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarini, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini, ommaviy axborot vositalarini faol jalb etgan holda aholi oʻrtasidagi tushuntirish ishlarining sifatini oshirish, qonunchilikni yanada takomillashtirish maqsadida Qoʻmitaning nazorat faoliyati va boshqa tadbirlar yakunlari boʻyicha qabul qilingan qarorlari va tavsiyalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, tegishli vazirliklar, idoralar va tashkilotlarga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga yuborilgan. Bundan tashqari, Qoʻmita oʻzi tomonidan qabul qilingan qarorlarning ijro etilishi monitoringini olib borgan.
Qoʻmitaning tavsiyalari qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlari tomonidan “Tezkor-qidiruv faoliyati toʻgʻrisida”gi, “Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari loyihalarini tayyorlashda, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qator qonun osti hujjatlarini ishlab chiqishda foydalanilgan. Qabul qilingan tavsiyalar asosida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan qonunlarni ijro etishda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etish choralari koʻrilgan.
Hisobot davrida Qoʻmita aʼzolari Senat, uning Kengashi, qoʻmitalari va Senatning mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari tomonidan tashkil etilgan 3152 ta tadbirda ishtirok etgan (2010-yilda – 927 ta, 2011-yilda – 1055 ta, 2012-yilning oʻtgan davri mobaynida – 1170 ta) va 2038-marta maʼruza bilan soʻzga chiqqan.
Ommaviy axborot vositalarida Qoʻmita aʼzolarining 2050 ta chiqishi eʼlon qilingan va efirga uzatilgan (2010-yilda – 519 ta, 2011-yilda – 526 ta, 2012-yilning oʻtgan davri mobaynida – 1005 ta), shu jumladan gazeta va jurnallarda 803 ta maqola eʼlon qilingan, 895 ta intervyu va axborot materiallari televideniye orqali efirga uzatilgan, radio orqali 352 ta chiqishlar amalga oshirilgan.
Qoʻmita tomonidan fuqarolar va saylovchilarning murojaatlarini koʻrib chiqish, shuningdek ularning qabulini amalga oshirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Hisobot davrida Qoʻmita aʼzolari tomonidan fuqarolarning 5882 ta yozma murojaati koʻrib chiqilgan (2010-yilda – 1545 ta, 2011-yilda – 1706 ta, 2012-yilning oʻtgan davri mobaynida – 2631 ta), 4115 nafar fuqaro qabul qilingan (2010-yilda – 1029 nafar, 2011-yilda – 1459 nafar, 2012-yilning oʻtgan davri mobaynida – 1627 nafar). 147 ta soʻrov yuborilgan (2010-yilda – 26 ta, 2011-yilda – 57 ta, 2012-yilning oʻtgan davri mobaynida – 64 ta), saylovchilar bilan 1119 ta uchrashuvlar oʻtkazilgan (2010-yilda – 197 ta, 2011-yilda – 287 ta, 2012-yilning oʻtgan davri mobaynida – 635 ta). Senat yalpi majlisi kun tartibiga kiritilgan masalalar boʻyicha Qoʻmita aʼzolari 74-marta soʻzga chiqqan (2010-yilda – 28-marta, 2011-yilda – 28-marta, 2012-yilning oʻtgan davri mobaynida – 18-marta).
Qoʻmita aʼzolaridan P. Arabbayeva, B. Mamajanov, F. Toshev, N. Chariyevning senatorlik faoliyati eʼtiborga molik. Ular nafaqat Qoʻmitaning, balki Senatning boshqa qoʻmitalari va Senatning mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasining tadbirlarida ham faol ishtirok etishgan.
Shu bilan birga Qoʻmita faoliyatida foydalanilmagan imkoniyatlar mavjud. Qoʻmita mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga, milliy xavfsizlikni, mamlakat suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilishga yoʻnaltirilgan davlat siyosatini qonunchilik jihatidan taʼminlashga qaratilgan qonunlar ijrosi ustidan nazoratning taʼsirchanligini yanada oshirishi, qabul qilinayotgan qonunlar mohiyatini aholi oʻrtasida kengroq tushuntirish masalalari boʻyicha joylarda ishlab chiqarishdan ajralmagan holda faoliyat yuritayotgan Qoʻmita aʼzolarining faolligini oshirish yuzasidan choralar koʻrishi, Qoʻmita tomonidan qonunlar ijrosini oʻrganish natijasi boʻyicha qabul qilingan qarorlarning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan bajarilishi masalasini oʻrganishga va ularni Qoʻmita majlislarida koʻrib chiqishga alohida eʼtibor berishi zarur.
Yuqorida bayon etilganlarga asoslanib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining 2010-2011-yillar va 2012-yilning oʻtgan davri mobaynidagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti bildirilgan takliflarni eʼtiborga olgan holda maʼqullansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi (Y. Tursunbayev) faoliyatini yanada rivojlantirish maqsadida:
oʻtgan davrdagi faoliyatni tanqidiy baholab, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan amaliy choralar koʻrsin;
kelgusidagi faoliyatida alohida eʼtiborni mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga, milliy xavfsizlikni, mamlakat suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilish sohasidagi davlat siyosatini qonunchilik jihatidan taʼminlashga, uning huquqiy bazasini takomillashtirishga, qonunlarning ijro etilishi ustidan nazoratni kuchaytirishga, shuningdek mintaqalarning ijtimoiy-siyosiy rivojlanishini taʼminlash masalalariga qaratsin;
Qoʻmita tomonidan qonunlar ijrosini nazorat tartibida oʻrganish natijalari boʻyicha qabul qilingan qarorlarning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan bajarilishini hamda bajarilishi natijalari Qoʻmita majlislarida koʻrib chiqilishini taʼminlashga alohida eʼtibor bersin;
qabul qilinayotgan qonunlar mohiyatini aholi oʻrtasida yanada kengroq tushuntirish masalalari boʻyicha joylarda ishlab chiqarishdan ajralmagan holda faoliyat yuritayotgan Qoʻmita aʼzolarining faolligini oshirish yuzasidan choralar koʻrsin;
Senat, Senat Kengashi va Qoʻmita qarorlari oʻz vaqtida ijro etilishini taʼminlashga alohida eʼtibor bersin;
Qoʻmita tomonidan joylarga chiqib olib borilayotgan nazorat faoliyati yakunlari va tadbirlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritish boʻyicha aniq choralar koʻrsin;
qabul qilinayotgan qonunlarning, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlarining, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmon va qarorlarining, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlarining, shuningdek Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasining mazmun va mohiyatini jamoatchilik orasida yanada keng targʻibot qilish masalalariga eʼtiborni kuchaytirsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi aʼzolari:
ommaviy axborot vositalarida yoritilayotgan materiallarning sifatini yanada oshirsin hamda ushbu materiallarning tegishli xalq deputatlari mahalliy Kengashlari rasmiy veb-saytlarida joylashtirib borilishiga eʼtibor qaratsin;
saylovchilar bilan uchrashuvlarda ular tomonidan koʻtarilgan masalalar mohiyatini chuqur oʻrganib, ularning muammolarini qonun doirasida hal etilishi choralarini koʻrsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining barcha qoʻmitalari ushbu qarorda bayon etilgan talablardan kelib chiqib oʻz faoliyatini yanada kuchaytirishga eʼtibor qaratsin.
5. Ushbu qarorning ijro etilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining oʻrinbosari M. Radjabova zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2012-yil 4-dekabr,
KQ-40-II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2012-y., 12-son, 374-modda)