Toshkent shahar hokimining
Qarori
Toshkent shahri dehqon bozorlarida yoz mavsumida tez buziladigan goʻsht va goʻsht mahsulotlarining savdosini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 2021-yil 4-iyundagi 390/41-6-sonli “Toshkent shahar mahalliy davlat hokimiyati organlarining eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan normativ tusdagi qarorlarini bekor qilish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Veterinariya toʻgʻrisida”gi (“Xalq soʻzi”, 1993-yil, 192-son; Oliy Kengash Axborotnomasi, 1993-yil, 9-son, 335-modda) va “Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari (Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-yil, 9-son, 239-modda; “Xalq soʻzi”, 1997-yil, 214 (1731)-son), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 26-apreldagi “Dehqon bozorlari va savdo komplekslari faoliyatini tashkil qilishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-1326-sonli (“Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami”, 2010-yil, 17-son, 131-modda.), 2010-yil 8-yanvardagi “Respublika soliq organlari tizimini yanada modernizatsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-1257-sonli qarorlari (“Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami”, 2010-yil, 1-2-son, 4-modda.), Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 10-iyuldagi 521-f-sonli farmoyishi, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2011-yil 27-yanvarda 2185-son bilan roʻyxatga olingan “Bozorlar, savdo komplekslari va ularning filiallarida bir martalik yigʻimlar, ijara toʻlovlari hamda koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlovlarning oʻz vaqtida va toʻliq undirilishini tashkil etish va nazorat qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining qarori (“Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami”, 2011-yil, 4-5-son, 38-modda.), 2006-yil 10-avgustda 1610-son bilan roʻyxatga olingan “Savdo shoxobchalari va bozorlarda goʻsht mahsulotlarini sotishga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va “Oʻzstandart” agentligining 2006-yil 13-iyuldagi 6/2, 4, 255-sonli qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-yil 31-32-son, 328-modda) muvofiq, dehqon bozorlarida yozgi mavsumida tez buziladigan mahsulotlarni vaqtinchalik saqlash va sotish uchun yetarli shart-sharoitlar yaratish, aholini sifatli, kafolatlangan oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash boʻyicha oʻtkazilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Davlat Bosh sanitariya vrachi tomonidan 2000-yil 22-avgustda tasdiqlangan “Dehqon bozorlariga oid sanitariya qoida-tartiblari va gigiyenik normativlar toʻgʻrisida”gi 0098-00-sonli sanitariya qoida va meʼyorlari talablari hamda Toshkent shahar hokimligining Iqtisodiyot va ijtimoiy rivojlantirish masalalari majmuasi, Savdo, xizmat koʻrsatish sohasi va xalq isteʼmol mollari ishlab chiqarish departamenti, Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi, “Toshbozorsavdo” uyushmasining murojaatini inobatga olib qaror qilaman:
1. Toshkent shahar hokimligining Iqtisodiyot va ijtimoiy rivojlantirish masalalari majmuasi, Savdo, xizmat koʻrsatish sohasi va xalq isteʼmol mollari ishlab chiqarish departamenti, Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi, Toshkent shahar Davlat veterinariya boshqarmasi, “Toshbozorsavdo” uyushmalarining Toshkent shahar hokimligi tizimidagi dehqon bozorlarda veterinariya-sanitariya qoida va meʼyorlari talablaridan kelib chiqib, sub mahsulotlarini (jigar, ichak, oshqozon, tuyoq, oʻpka, kallapochcha va hokazolar) har yili yoz mavsumida (iyun oyidan oktyabr oyiga qadar) sovutgich uskunalari bilan taʼminlanmagan pavilon va savdo rastalarida savdoga chiqarilishini taqiqlash haqidagi takliflari maʼqullansin.
2. Davlat soliq boshqarmasi (M. Pardayev), Bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini nazorat qilish bosh boshqarmasining Toshkent shahar boʻlimi (R. Raimov), Savdo, xizmat koʻrsatish sohasi va xalq isteʼmol mollari ishlab chiqarish departamenti (R. Abdumajitov), Ichki ishlar bosh boshqarmasi (M. Adilov), Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi (R. Umarov), Davlat veterinariya boshqarmasi (R.Xasanov), “Toshbozorsavdo” uyushmasi (S. Nematullayev), tuman hokimlari:
tez buziladigan sub mahsulotlar bilan belgilanmagan joylarda, shu jumladan bozorlar hududidan tashqari joylarda noqonuniy savdo qilish holatlarini oldini olish choralari koʻrilsin.
3. Tuman hokimlari:
tuman hokimlarining iqtisodiyot va ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari boshchiligida tegishli boshqarma, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Jamoat tartibini saqlash boshqarmasining quyi boʻlimlari, Davlat veterinariya boshqarmasi, Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi masʼul xodimlarini jalb qilgan holda dehqon bozorlarida tez buziladigan sub mahsulotlari savdosini tartibga solish boʻyicha maxsus ishchi guruhlar tuzilsin;
tashkil etilgan maxsus ishchi guruhlar zimmasiga muntazam ravishda tadbirlar olib borish hamda oʻtkazilgan tadbirlar davomida aniqlangan kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etish vazifasi yuklatilsin.
4. “Toshbozorsavdo” uyushmasi (S. Nematullayev), tuman hokimlari har oy yakuni boʻyicha amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida Toshkent shahar hokimligiga axborot taqdim etib borsinlar.
5. “Toshbozorsavdo” uyushmasi (S. Nematullayev):
dehqon bozorlari, ularning shoxobchalari hamda ular hududida joylashgan barcha obyektlarda, tizimli ravishda tozalash va dezinfeksiya tadbirlari amalga oshirib borilsin;
savdo rastalari oraliqlarida chiqindilarni yigʻish uchun maxsus chiqindi yigʻish qutilari oʻrnatgan holda, chiqindi yigʻish maydonchalarini tartibga keltirish va yigʻilgan chiqindilarni har kuni olib chiqib ketilishi tashkil etilsin;
dehqon bozorlari va shoxobchalari hududida goʻsht, sut, parranda tuxumi, salat va qandolat mahsulotlari savdosi amalga oshiriladigan rastalarga sovutgich uskunalari oʻrnatish boʻyicha zaruriy choralar koʻrilsin.
6. Toshkent shahar Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi (R. Umarov), Davlat veterinariya boshqarmasi (R. Xasanov), “Toshbozorsavdo” uyushmasi (S. Nematulalev):
dehqon bozorlari va ularning hududida faoliyat yuritayotgan obyektlarning ishchi-xizmatchilari hamda tadbirkorlarni belgilangan muddatlarda tibbiy koʻrikdan oʻtganligi, maxsus ish kiyimlari bilan taʼminlanganligi, mahsulotlarni saqlash va sotish qoidalariga rioya qilinishi, ish joylarini, sanitariya holatini talab darajasida boʻlishi ustidan nazorat oʻrnatilsin;
aholi isteʼmoli uchun sifati kafolatlanmagan mahsulotlarning sotilishini oldini olish boʻyicha keskin chora-tadbirlar belgilansin;
chorva mollarining kallapochchasi va ichki aʼzolarini dehqon bozorlari hududiga tozalangan holda savdoga chiqarilishi tashkil etilsin va doimiy nazoratga olinsin.
7. Axborot xizmati (X. Ermatov), “Vecherniy Tashkent” va “Toshkent oqshomi” tahririyati (A. Akromov), “Kompyuterlashtirish markazi” DUK (M. Asomov): mazkur qaror rasmiy eʼlon qilinishi hamda www.toshkent.uz veb-saytiga joylashtirilishi taʼminlansin.
8. Mazkur qaror rasman eʼlon qilingandan uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Toshkent shahar hokimligining Iqtisodiyot va ijtimoiy rivojlantirish masalalari majmuasi, Savdo, xizmat koʻrsatish sohasi va xalq isteʼmol mollari ishlab chiqarish departamenti boshligʻi R. Abdumajitov hamda Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh vrachi R. Umarov zimmalariga yuklatilsin.
Hokim R. USMONOV
Toshkent sh.,
2015-yil 18-avgust,
752-son