Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
RESPUBLIKAGA ISTEʼMOL TOVARLARI NOQONUNIY OLIB KELINIShI VA SOTILIShINING OLDINI OLISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-apreldagi PF-122-sonli “Bojxona maʼmuriyatchiligini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi hududiga isteʼmol tovarlari olib kelinishini tartibga solish toʻgʻrisida” 2002-yil 11-iyuldagi PF 3105-son Farmonini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilansinki, nooziq-ovqat isteʼmol tovarlari yuridik shaxslar tomonidan import qilinganda yigʻim TIF TN kodidan va tovarning kelib chiqish mamlakatidan qatʼi nazar, tovar bojxona qiymatining 30 foizi miqdorida erkin almashtiriladigan valyutada undiriladi.
Koʻrsatib oʻtilgan yigʻim miqdori tovarlarni olib kelishda qoʻshilgan qiymat soligʻini hisoblab chiqishda soliq solinadigan bazaga kiritilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
2. 2002-yil 1-avgustdan boshlab tovar-xomashyo birjalarida respublikaga isteʼmol tovarlari olib kelinishini nazarda tutuvchi bitishuvlarni amalga oshirish taqiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi koʻrsatib oʻtilgan operatsiyalar bojxonada rasmiylashtirilishini taqiqlasin.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasiga bunday hollar aniqlangan taqdirda koʻrsatib oʻtilgan tovarlarni belgilangan tartibda musodara qilishga ruxsat berilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi bir oy muddatda Oʻzbekistonning bojxona chegarasi orqali olib kelinadigan isteʼmol tovarlari roʻyxatini ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar, bunda texnologiya ehtiyojlari uchun tovarlar va yarim tayyor mahsulotlar istisno qilinsin.
4. “Otchopar buyum bozori”, “Karvon bozor”, “Chorsu” bozori kabi buyum bozorlarida jismoniy shaxslar tomonidan sotiladigan barcha import isteʼmol tovarlariga respublikaning bojxona chegarasi orqali oʻtishda ular roʻyxatdan oʻtkazilganligini tasdiqlovchi hujjatlar — guvohnoma taqdim etilishi tartibi belgilansin.
Yuqorida koʻrsatib oʻtilgan hujjatlar mavjud boʻlmagan taqdirda import isteʼmol tovarlari belgilangan tartibda olib qoʻyiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Moliya vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda import isteʼmol tovarlarini bojxona chegarasi orqali olib oʻtishning amaldagi mexanizmini takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritsin.
Shu bilan birgalikda isteʼmol tovarlarini olib oʻtish va bojxonada rasmiylashtirishning belgilangan normalari va tartibi buzilishiga yoʻl qoʻyayotgan yuridik va jismoniy shaxslarning masʼuliyati darajasi oshirilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga qonun hujjatlari va normativ-huquqiy hujjatlarga mazkur qarordan kelib chiquvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 19-iyul,
257-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2002-y., 14-son, 109-modda, 17-18-son, 138-modda; 2003-y., 20-son, 187-modda; 2012-y., 35-son, 403-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.01.2018-y., 06/18/5303/0579-son)