Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
“OLIY MAJLISNING INSON HUQUQLARI BOʻYICHA VAKILI (OMBUDSMAN) TOʻGʻRISIDA”GI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNIGA OʻZGARTISHLAR VA QOʻSHIMCHALAR KIRITISH HAQIDA
Mazkur Qonun Oʻzbekistan Respublikasining 2024-yil 15-noyabrdagi OʻRQ-1002-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 24-aprelda qabul qilingan “Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-yil, № 4-5, 102-modda) oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritilib, uning yangi tahriri tasdiqlansin (ilova qilinadi).
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 27-avgust,
669-II-son
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
OLIY MAJLISNING INSON HUQUQLARI BOʻYICHA VAKILI (OMBUDSMAN) TOʻGʻRISIDA
(yangi tahriri)
Ushbu Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) huquqlarini, majburiyatlarini, faoliyatining asosiy yoʻnalishlari va kafolatlarini belgilaydi.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) (bundan buyon matnda Vakil deb yuritiladi) mansabdor shaxs boʻlib, unga davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslar (bundan buyon matnda tashkilotlar va mansabdor shaxslar deb yuritiladi) tomonidan inson huquqlari hamda erkinliklari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan parlament nazoratini taʼminlash vakolatlari berilgan.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining Inson huquqlari boʻyicha vakili instituti inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning mavjud shakllari hamda vositalarini toʻldiradi. Vakil Oʻzbekiston Respublikasining inson huquqlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish va ularni xalqaro huquq normalariga muvofiqlashtirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi, fuqarolarning inson huquqlari sohasidagi huquqiy madaniyatini oshirishga koʻmaklashadi.
(1-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 29-avgustdagi OʻRQ-441-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 35-son, 916-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
2-modda. Vakil faoliyatining huquqiy asoslari
Vakil oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlari, boshqa qonun hujjatlariga, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga, shuningdek xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan prinsiplari va normalariga amal qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Vakil oʻz vakolatlarini mustaqil hamda davlat organlari va mansabdor shaxslarga tobe boʻlmagan tarzda amalga oshiradi va u Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga hisobdordir.
3-modda. Vakilni saylash
Vakil Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan besh yil muddatga saylanadi.
Vakil lavozimiga nomzod Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari koʻrib chiqishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining va Senatining Vakilni saylash toʻgʻrisidagi qarori palatalarning majlislarida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari hamda Senati aʼzolari umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Vakil nomzodi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining majlislarida koʻrib chiqilganidan keyin bu masala yuzasidan qabul qilingan uzil-kesil qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga qonunda belgilangan tartibda yuboriladi.
Vakil oʻzining vakolatlari muddati tugagach, yangi Vakil saylanguniga qadar oʻz vazifasini bajarishni davom ettirib turadi.
4-modda. Vakil lavozimiga nomzodga qoʻyiladigan talablar
Saylanish kuni yigirma besh yoshga toʻlgan, kamida besh yil Oʻzbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi Vakil lavozimiga saylanishi mumkin.
5-modda. Vakil oʻrinbosari
Vakilning belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan saylanadigan oʻrinbosari boʻladi.
Vakil oʻz lavozimidan muddatidan ilgari ozod qilingan taqdirda, Vakil oʻrinbosari uning vazifasini yangi Vakil saylanguniga qadar bajarib turadi va Vakil uchun belgilangan kafolatlar ana shu davrda unga nisbatan tatbiq etiladi.
6-modda. Vakil faoliyatining asosiy prinsiplari
Vakil faoliyatining asosiy prinsiplari qonuniylik, adolatparvarlik, demokratizm, insonparvarlik, oshkoralik, har bir inson uchun ochiqlikdir.
Oldingi tahrirga qarang.
7-modda. Vakilning faoliyati toʻgʻrisidagi hisobot
Vakilning faoliyati toʻgʻrisidagi hisobot Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining majlislarida har yili eshitiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi har yili, hisobot yilidan keyingi yilning 15-fevralidan kechiktirmay, oʻz majlisida Vakilning faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotni eshitadi.
Vakilning faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatida eshitish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Vakilning faoliyati toʻgʻrisidagi hisobot Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi fraksiyalar va deputatlar guruhlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qoʻmitalari tomonidan dastlabki tarzda koʻrib chiqiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Vakilning faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotni eshitish yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari qarorlar qabul qiladi, qarorlar Vakilga yuboriladi.
(7-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 29-avgustdagi OʻRQ-441-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 35-son, 916-modda)
8-modda. Vakil lavozimiga nomuvofiq boʻlgan faoliyat
Vakil siyosiy partiyaga aʼzolikni yoki unda ishtirok etishni oʻz vakolatlari muddatiga toʻxtatib turishi yoxud tugatishi shart. Vakil ilmiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq toʻlanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shugʻullanishi mumkin emas.
9-modda. Vakilni lavozimidan muddatidan ilgari ozod qilish
Vakil lavozimdan quyidagi hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan muddatidan ilgari ozod qilinishi mumkin:
u oʻz vakolatlarini zimmasidan soqit qilish toʻgʻrisida ariza bergan taqdirda;
uning sogʻligʻi holati barqaror tarzda buzilgan va bu tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan guvohnoma bilan tasdiqlangan taqdirda;
unga nisbatan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan taqdirda;
u qonunga koʻra Vakil faoliyatiga nomuvofiq boʻlgan lavozimga saylangan yoki tayinlangan taqdirda.
Oldingi tahrirga qarang.
10-modda. Vakil tomonidan murojaatlarni koʻrib chiqish
Vakil arizalar, takliflar va shikoyatlar tarzida kelib tushgan murojaatlarni koʻrib chiqadi. Vakil shikoyatlarni ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda, arizalar va takliflarni alohida qonunda belgilangan tartibda koʻrib chiqadi.
Vakil Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining hamda Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning oʻz huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini buzayotgan tashkilotlar yoki mansabdor shaxslarning harakatlari yoxud harakatsizligi ustidan bergan shikoyatlarini koʻrib chiqadi va u oʻz tekshiruvini oʻtkazish huquqiga ega.
Vakil uchinchi shaxslarning, shu jumladan nodavlat notijorat tashkilotlarining muayyan bir kishining yoki bir guruh shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi ustidan bergan shikoyatlarini koʻrib chiqish uchun, basharti ularning bunga roziligi boʻlsa, qabul qiladi.
Shikoyatlar ogʻzaki, yozma yoki elektron shaklda berilishi mumkin.
Vakil qabul jadvallariga muvofiq jismoniy shaxslarning va yuridik shaxslar vakillarining shaxsiy qabulini, shuningdek jismoniy shaxslarning va yuridik shaxslar vakillarining sayyor shaxsiy qabullarini tashkil etadi.
Jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish jadvallari, qabulni oʻtkazish vaqti, joyi hamda qabulga oldindan yozilish toʻgʻrisidagi axborot, jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish tartibi Vakilning rasmiy veb-saytida eʼlon qilish, shuningdek uning maʼmuriy binosida hamma kirishi mumkin boʻlgan joylardagi stendlarga yoki boshqa texnik vositalarga joylashtirish orqali manfaatdor shaxslar eʼtiboriga yetkaziladi.
Vakil sudning vakolat doirasiga kiradigan masalalarni koʻrib chiqmaydi.
Anonim murojaatlar Vakil tomonidan koʻrib chiqilmaydi.
(10-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 29-avgustdagi OʻRQ-441-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 35-son, 916-modda)
11-modda. Vakil tomonidan shikoyatlarni koʻrib chiqish shartlari
Oldingi tahrirga qarang.
Vakil arz qiluvchiga oʻz huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi maʼlum boʻlib qolgan paytdan eʼtiboran yoki arz qiluvchi, agar u huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning boshqa vositalaridan foydalangan hamda qabul qilingan qarorlardan qanoatlanmagan boʻlsa, oʻz shikoyati boʻyicha qabul qilingan oxirgi qarordan xabar topgan paytdan eʼtiboran bir yil davomida berilgan shikoyatlarni koʻrib chiqadi.
(11-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 29-avgustdagi OʻRQ-441-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 35-son, 916-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Shikoyat berishning uzrli sabablarga koʻra oʻtkazib yuborilgan muddati Vakil tomonidan tiklanishi mumkin.
(11-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 29-avgustdagi OʻRQ-441-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qism bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2017-y., 35-son, 916-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
12-modda. Vakilga beriladigan shikoyatlarga qoʻyiladigan talablar
Vakilga berilgan shikoyatda arz qiluvchining familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shikoyat nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan berilgan taqdirda esa, uning toʻliq nomi, joylashgan yeri (pochta manzili) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
Shikoyatda qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi ustidan shikoyat qilinayotgan tashkilotning nomi, mansabdor shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi) koʻrsatiladi, arz qiluvchining fikricha, uning huquqlarini buzgan qarorlarning, harakatlarning yoki harakatsizlikning mohiyati bayon etiladi.
Shikoyatlar davlat tilida yoki boshqa tillarda berilishi mumkin.
Yozma shikoyat arz qiluvchining imzosi yoki nodavlat notijorat tashkilotining vakolatli shaxsi imzosi bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak. Yozma shikoyatni arz qiluvchining imzosi bilan tasdiqlash imkoni boʻlmagan taqdirda, shikoyat uni yozib bergan shaxsning imzosi bilan tasdiqlanib, uning familiyasi (ismi, otasining ismi) ham qoʻshimcha ravishda yozib qoʻyilishi kerak.
Elektron shaklda berilgan shikoyat qonun hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiq boʻlishi kerak.
Voyaga yetmaganlar, muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan shaxslarning manfaatlarini koʻzlab shikoyatlar qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda ularning qonuniy vakillari tomonidan berilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Vakil inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi toʻgʻrisida axborot mavjud boʻlganda yoki himoyaning huquqiy vositalaridan mustaqil ravishda foydalanishga layoqatsiz shaxslarni himoya qilish uchun oʻz tashabbusi bilan faktlar tekshiruvini oʻtkazishga haqlidir.
Shikoyat boʻyicha ilgari qabul qilingan mavjud qarorlar yoki ularning koʻchirma nusxalari, shuningdek uni koʻrib chiqish uchun zarur boʻlgan boshqa hujjatlar shikoyatga ilova qilinishi mumkin boʻlib, mazkur hujjatlar qaytarilmaydi, arz qiluvchi ularni qaytarish haqida yozma ariza bergan hollar bundan mustasno.
Arz qiluvchilar va ularning vakillari shikoyatni u koʻrib chiqilguniga qadar va koʻrib chiqilayotgan paytda shikoyat yuzasidan qaror qabul qilinguniga qadar yozma yoki elektron shaklda ariza berish orqali qaytarib olishi mumkin. Shikoyatni qaytarib olish toʻgʻrisidagi ariza qonun buzilishlarini aniqlash va bartaraf etish boʻyicha Vakil tomonidan choralar koʻrilishini istisno etmaydi.
Vakilga berilgan shikoyat uchun davlat boji undirilmaydi.
(12-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 29-avgustdagi OʻRQ-441-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 35-son, 916-modda)
13-modda. Vakilning huquqlari
Vakil quyidagi huquqlarga ega:
shikoyatni koʻrib chiqish;
arz qiluvchi oʻz huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun foydalanishi mumkin boʻlgan vositalar va shakllarni koʻrsatish;
shikoyatni uning mohiyatiga koʻra hal qilishga vakolatli boʻlgan tashkilot yoki mansabdor shaxsga yuborish;
arz qiluvchini uning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishtirish;
sababini albatta koʻrsatgan holda shikoyatni koʻrib chiqishni rad etish;
qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa chora-tadbirlarni koʻrish.
Keyingi tahrirga qarang.
14-modda. Vakilning shikoyatlarni koʻrib chiqish chogʻidagi huquqlari
Vakil shikoyatlarni koʻrib chiqish, shuningdek fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi hollarini oʻz tashabbusi bilan tekshirish chogʻida quyidagi huquqlarga ega:
aniqlanishi lozim boʻlgan holatlarni tekshirishda koʻmaklashishni soʻrab tashkilotlar va mansabdor shaxslarga murojaat qilish;
aniqlanishi lozim boʻlgan holatlarni tekshirish uchun tashkilotlarning vakillarini va mansabdor shaxslarni taklif etish. Tekshirishni harakatlari yoki harakatsizligi ustidan shikoyat berilgan tashkilotga yoxud mansabdor shaxsga topshirish mumkin emas;
tashkilotlarga va mansabdor shaxslar huzuriga moneliksiz kirish;
tashkilotlar va mansabdor shaxslardan hujjatlar, materiallar va boshqa maʼlumotlarni soʻrash hamda olish;
mansabdor shaxslardan tushuntirishlar olish;
aniqlanishi lozim boʻlgan masalalar yuzasidan tashkilotlar va mutaxassislarga xulosalar tayyorlashni topshirish;
inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxldor masalalar yuzasidan tashkilotlar hamda mansabdor shaxslar tomonidan oʻtkazilayotgan tekshirishlarda ishtirok etish;
ushlab turilgan yoki qamoqda saqlanayotgan shaxs bilan uchrashuv va suhbatlar oʻtkazish;
Oldingi tahrirga qarang.
inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi qonun hujjatlarining aniqlangan buzilishlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish toʻgʻrisida davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlariga belgilangan muddatlarda koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritish;
Keyingi tahrirga qarang.
harakatlarida inson huquqlari va erkinliklari buzilganligi aniqlangan shaxslarni javobgarlikka tortish toʻgʻrisida tegishli organlarga iltimosnoma bilan kirish;
fuqarolar manfaatlarini koʻzlab arizalar va daʼvolar bilan sudlarga davlat boji toʻlamasdan murojaat etish.
(14-moddaning birinchi qismi oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 29-avgustdagi OʻRQ-441-sonli Qonuniga asosan oʻninchi, oʻn birinchi va oʻn ikkinchi xatboshilar bilan almashtirilgan — OʻR QHT, 2017-y., 35-son, 916-modda)
Fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi hollarini tekshirayotganda maʼlum boʻlib qolgan, arz qiluvchining va boshqa shaxslarning shaxsiy hayotiga taalluqli maʼlumotlar ularning roziligisiz oshkor qilinishi mumkin emas.
Oldingi tahrirga qarang.
141-modda. Ushlab turilgan va qamoqqa olingan, maʼmuriy qamoqqa olingan va ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning Vakilga murojaat etishi
Ushlab turilgan va qamoqqa olingan, maʼmuriy qamoqqa olingan va ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar (bundan buyon matnda qamoqda turgan shaxslar deb yuritiladi) yozma shakldagi murojaatlarni (xatlar va telegrammalarni) ularning soni cheklanmagan holda Vakilning nomiga yuborish huquqiga ega. Vakil nomiga yuboriladigan murojaatlar senzura qilinmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Jazoni ijro etish muassasalarining, qamoqda saqlash joylarining va maxsus qabulxonalarning (bundan buyon matnda qamoqda saqlash joylari deb yuritiladi) maʼmuriyati qamoqda turgan shaxslarning murojaatlarini Vakilga yigirma toʻrt soatdan kechiktirmay, muhrlangan tarzda yuboradi, telegrammalarni esa darhol yuboradi. Vakilning javobi koʻzdan kechirilishi mumkin emas va arz qiluvchiga zudlik bilan yetkazib beriladi.
(141-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 14-martdagi OʻRQ-530-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.03.2019-y., 03/19/530/2769-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Vakil shikoyatlar koʻrib chiqilayotganda, shuningdek fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi hollarini oʻz tashabbusi bilan tekshirayotganda qamoqda saqlash joylariga moneliksiz kirish huquqiga ega. Mazkur muassasalarning maʼmuriyati Vakilning xavfsizligini taʼminlaydi.
(141-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 14-martdagi OʻRQ-530-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.03.2019-y., 03/19/530/2769-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Qamoqda saqlash joylarining maʼmuriyati Vakilga qamoqda turgan shaxslar bilan moneliksiz va xoli uchrashish hamda suhbatlashish uchun zarur shart-sharoitlarni taʼminlashi shart, uchrashuv va suhbat ushbu muassasalar xodimlari ularni koʻrib turadigan, lekin eshitmaydigan sharoitlarda xoli oʻtkaziladi.
(141-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 14-martdagi OʻRQ-530-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.03.2019-y., 03/19/530/2769-son)
15-modda. Vakilning faoliyatiga koʻmaklashish
Mansabdor shaxslar fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligiga taalluqli, Vakil soʻragan hujjatlar, materiallar hamda boshqa maʼlumotlarni taqdim etishlari shart.
Vakil oʻz faoliyatiga doir masalalar boʻyicha davlat organlarining, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning rahbarlari va boshqa mansabdor shaxslari tomonidan darhol qabul qilinish huquqidan foydalanadi.
Faoliyati davlat siri va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirlar bilan bogʻliq tashkilotlar, muassasalar va korxonalarga Vakilning kirishi tartibi, shuningdek davlat siri yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi axborotni Vakilga taqdim etish Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
Vakilning faoliyatiga toʻsqinlik qilish belgilangan tartibda javobgarlikka tortishga sabab boʻladi.
(15-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 29-avgustdagi OʻRQ-441-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 35-son, 916-modda)
16-modda. Vakilning shikoyatni tekshirish natijalaridan kelib chiqadigan majburiyatlari
Vakil shikoyatni tekshirish natijalariga binoan:
arz qiluvchiga koʻrib chiqish natijalarini maʼlum qilishi;
harakatlari yoki harakatsizligida fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi aniqlangan tashkilot yoki mansabdor shaxsga buzilgan huquqlarni tiklash yuzasidan tavsiyalar boʻlgan oʻz xulosasini yuborishi shart. Bunda Vakilning xulosasini olgan tashkilot yoki mansabdor shaxs uni koʻrib chiqishi va bir oydan kechiktirmay asoslantirilgan javob yuborishi shart.
17-modda. Vakilning xulosasi
Vakilning xulosasida quyidagi tavsiyalar nazarda tutilishi mumkin:
ish tashkilot yoki mansabdor shaxs tomonidan oxiriga yetkazilishi zarurligi;
tashkilot yoki mansabdor shaxsning qarori oʻzgartirilishi yoxud bekor qilinishi kerakligi;
tashkilot yoki mansabdor shaxsning qarori asoslanishi zarurligi;
tashkilot yoki mansabdor shaxs qoʻshimcha qaror qabul qilishi lozimligi.
Vakilning xulosasida boshqa tavsiyalar ham boʻlishi mumkin.
18-modda. Vakilning daxlsizlik huquqi
Vakil daxlsizlik huquqidan foydalanadi va u Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi yoki sud tartibida beriladigan maʼmuriy jazoga tortilishi mumkin emas.
Vakilga nisbatan jinoyat ishi faqat Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan qoʻzgʻatilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Vakilni majburiy keltirishga, ushlab turishga, shuningdek uning shaxsiy buyumlari, yuki, transporti, turar joyi va xizmat xonasini koʻzdan kechirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
(18-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 29-avgustdagi OʻRQ-441-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 35-son, 916-modda)
19-modda. Vakil tomonidan shikoyatlar koʻrib chiqilayotganda inson huquqlari himoya qilinishining kafolatlari
Vakilga shikoyat bergan shaxs, shuningdek Vakil tomonidan axborot toʻplash va uni tahlil etish yoki ekspert bahosi berish topshirilgan shaxslar bunday harakat uchun taʼqib qilinishi yoki huquqlari boshqacha tarzda cheklanishi mumkin emas.
Oldingi tahrirga qarang.
Vakil tomonidan shikoyatlar koʻrib chiqilayotganda jismoniy shaxsning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeyiga, shuningdek yuridik shaxslarning mulk shakli, joylashgan yeri (pochta manzili), tashkiliy-huquqiy shakllari va boshqa holatlarga qarab kamsitilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
(19-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 29-avgustdagi OʻRQ-441-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qism bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2017-y., 35-son, 916-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
20-modda. Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi boʻyicha komissiya
Oldingi tahrirga qarang.
Vakilning zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish yuzasidan uning faoliyatiga koʻmaklashish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Kengashlari tomonidan Vakil raisligida Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi boʻyicha komissiya (bundan buyon matnda Komissiya deb yuritiladi) tuziladi.
Komissiya tarkibi nodavlat notijorat tashkilotlarining, ommaviy axborot vositalarining vakillari, inson huquqlari va erkinliklari sohasida kasbiy va amaliy bilimlarga ega boʻlgan olimlar jumlasidan tuziladi. Komissiya tarkibiga ijro etuvchi hokimiyat organlarining vakillari ham maslahat ovozi huquqi bilan kirishi mumkin.
Komissiya oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Kengashlari tomonidan tasdiqlanadigan Nizomga amal qiladi.
Vakil Komissiya aʼzosini oʻz vakili etib tayinlashi mumkin.
Komissiya oʻz vakolatlari muddati tugagach, yangi Vakil saylanguniga qadar oʻz vakolatlarini bajarishni davom ettirib turadi.
(20-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 29-avgustdagi OʻRQ-441-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 35-son, 916-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
201-modda. Vakilning qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir faoliyati
Keyingi tahrirga qarang.
Vakil oʻz faoliyatiga doir masalalar boʻyicha qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlari koʻrib chiqishi uchun qonunlarni ishlab chiqish va qabul qilish, qonunlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarda ishtirok etishi yuzasidan takliflar kiritishga haqlidir.
Keyingi tahrirga qarang.
Vakil qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash boʻyicha ishchi guruhlar faoliyatida ishtirok etishi, loyihalarning huquqiy ekspertizasini oʻtkazishi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining majlislarida ishtirok etishi hamda muhokama etilayotgan qonun loyihalari boʻyicha takliflar va mulohazalar kiritishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
202-modda. Vakilning inson huquqlari va erkinliklari sohasida fuqarolarning huquqiy madaniyatini yuksaltirishga doir faoliyati
Vakil fuqarolarning inson huquqlari va erkinliklari sohasida Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, boshqa normativ-huquqiy hujjatlari va xalqaro shartnomalari, xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplari hamda normalari toʻgʻrisidagi bilimi va xabardorligini oshirish chora-tadbirlarini koʻradi.
Vakil inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish vositalari, usullari va mexanizmlariga oʻqitishga qaratilgan maʼrifiy va taʼlim dasturlarini, ilmiy-amaliy tadbirlar hamda seminarlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi.
203-modda. Vakilning inson huquqlari va erkinliklari sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga doir faoliyati
Vakil inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha xalqaro tashkilotlarga aʼzo boʻlib kirishga, inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha xorijiy institutlar bilan hamkorlikni rivojlantirishga haqli.
Vakil Oʻzbekiston Respublikasining inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro shartnomalari bajarilishi toʻgʻrisida inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha xalqaro tashkilotlar hamda xorijiy institutlarning xabardorligini oshirishga koʻmaklashadi.
Vakil Oʻzbekiston Respublikasining inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro shartnomalarning bajarilishiga doir maʼruzalarini tayyorlashda ishtirok etadi.
204-modda. Vakilning parlament nazoratining boshqa subyektlari bilan hamkorligi
Vakil jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi hollarini oʻz tashabbusiga koʻra tekshirish bilan bogʻliq materiallarni har chorakda umumlashtirib boradi.
Vakil jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish bilan bogʻliq materiallarni umumlashtirish hamda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari, shuningdek jamiyat va davlat manfaatlari buzilishiga olib keluvchi sabablar hamda shart-sharoitlarni aniqlash natijalariga koʻra davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari vakillarining axborotini eshitish masalasini koʻrib chiqish toʻgʻrisidagi taklif bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qoʻmitalariga murojaat qilishi mumkin.
Vakil Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining parlament nazoratini amalga oshirishga doir tadbirlarida ishtirok etishga, ularga koʻrib chiqilayotgan masalalar yuzasidan materiallar taqdim etishga haqlidir.
Vakil Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalariga inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlashga doir ayrim masalalar yuzasidan maʼruza kiritishi mumkin.
205-modda. Vakilning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi bilan hamkorligi
Vakil Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi koʻrib chiqishi uchun qonunga muvofiq masalalar kiritish huquqiga ega.
Vakil Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining majlislarida ishtirok etishi mumkin va sud tomonidan koʻrib chiqilayotgan barcha masalalar yuzasidan oʻz nuqtai nazarini bayon etishga haqlidir.
206-modda. Vakilning nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorligi
Vakil mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini, shu jumladan tarmoq va hududiy dasturlarni, shuningdek inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni va boshqa qarorlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlikni oʻz vakolatlari doirasida amalga oshiradi.
Vakil nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillarining Vakil tomonidan shakllantiriladigan ishchi va ekspert guruhlari, komissiyalar va boshqa jamoatchilik-maslahat organlari faoliyatida ishtirok etishi uchun zarur sharoitlar yaratadi.
Vakil inson huquqlari va erkinliklari sohasida mavjud materiallar toʻgʻrisida nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan axborot almashuvini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Vakil nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan birgalikda tadbirlar, maslahatlashuvlar va muzokaralar oʻtkazishi, shuningdek ijtimoiy sheriklik toʻgʻrisida bitimlar va shartnomalar tuzishi mumkin.
207-modda. Vakil faoliyatining ochiqligi
Vakil manfaatdor shaxslarning, shuningdek ommaviy axborot vositalarining Vakil faoliyati toʻgʻrisidagi axborotdan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda foydalanishini taʼminlaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Vakil oʻz faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni Vakilning rasmiy veb-saytida joylashtiradi va yangilab turadi, Vakilning yillik hisobotini, inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro shartnomalarning bajarilishi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasining maʼruzalarini va boshqa materiallarni ommaviy axborot vositalarida eʼlon qiladi.
Vakil oʻz matbuot organini taʼsis etishi va boshqa matbuot nashrlarining hammuassisi boʻlishi mumkin.
208-modda. Vakilning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi mintaqaviy vakili
Vakil Komissiya aʼzolari orasidan oʻzining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi vakilini (bundan buyon matnda Vakilning mintaqaviy vakili deb yuritiladi) tayinlaydi.
Vakilning mintaqaviy vakili quyidagi huquqlarga ega:
tegishli mintaqada yashovchi jismoniy shaxslarning yoki tegishli mintaqada joylashgan nodavlat notijorat tashkilotlarining murojaatlarini qabul qilish va koʻrib chiqish, ularning buzilgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini tiklashda koʻmaklashish;
mahalliy davlat hokimiyati organlariga, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarga va ularning mansabdor shaxslariga aniqlashtirilishi lozim boʻlgan holatlar yuzasidan tekshiruv oʻtkazishda koʻmaklashishni soʻrab murojaat qilish, shuningdek ulardan koʻrib chiqilayotgan masalalar boʻyicha hujjatlar, materiallar va boshqa maʼlumotlarni soʻrash hamda olish;
inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ularni himoya qilish sohasida axborot-maʼrifiy ishlarni amalga oshirish, shu jumladan mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, shuningdek nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikda amalga oshirish.
Vakilning mintaqaviy vakili:
oʻz faoliyati toʻgʻrisida har chorakda Vakilga axborot taqdim etishi;
arz qiluvchining shaxsiy hayoti toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, shuningdek shikoyatlarni tekshirishga doir axborotni Vakilning ruxsatisiz va roziligisiz oshkor etmasligi shart.
Vakilning mintaqaviy vakili qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi va uning zimmasida boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari Vakilning mintaqaviy vakili faoliyatiga koʻmaklashadi.
Vakilning mintaqaviy vakili inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir faoliyati toʻgʻrisida har yili tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesini, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarini xabardor qiladi.
Vakilning mintaqaviy vakiliga Vakil tomonidan imzolanadigan guvohnoma beriladi.
(201 — 208-moddalar Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 29-avgustdagi OʻRQ-441-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — OʻR QHT, 2017-y., 35-son, 916-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
209-modda. Vakilning qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olish boʻyicha faoliyati
Vakil qamoqda saqlash joylariga muntazam kirib turish orqali qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olish boʻyicha choralar koʻradi.
Vakil qamoqda saqlash joylariga kirganida:
qamoqda turgan shaxslarning soni haqida axborot oladi;
qamoqda turgan shaxslarni saqlash va ular bilan muomalada boʻlish sharoitlarini oʻrganadi;
qamoqda turgan shaxslar bilan, shuningdek qamoqda saqlash joylari maʼmuriyatining xodimlari bilan uchrashuvlar va suhbatlar, shu jumladan xoli uchrashuvlar va suhbatlar oʻtkazadi. Bunda mazkur uchrashuvlar va suhbatlar jarayoni borishining bayonnomasi yuritiladi, zarur boʻlganda texnika vositalaridan foydalaniladi;
shaxsning qamoqda turishining qonuniyligini tasdiqlovchi hujjatlar bilan tanishadi va ularning koʻchirma nusxalarini oladi;
qamoqda saqlash joylarining maʼmuriyatidan qamoqda turgan shaxsni tibbiy tekshiruvdan oʻtkazishni, unga tibbiy, psixologik va boshqa yordam koʻrsatilishini talab qiladi, mazkur tadbirlar oʻtkazilayotganda ushbu shaxsning roziligi bilan hozir boʻladi;
qamoqda saqlash joylarining maʼmuriyati rahbarlaridan qamoqda turgan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash masalalari yuzasidan tushuntirishlar oladi;
qamoqda saqlash joylari maʼmuriyatining gʻayriqonuniy harakatlariga (harakatsizligiga) chek qoʻyish uchun zudlik bilan choralar koʻradi;
qamoqda turgan shaxslarni saqlash sharoitlari toʻgʻrisida xulosa tuzadi va uni tegishli tashkilotlarga yoki mansabdor shaxslarga yuboradi;
tegishli davlat organlariga ularning qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olishga doir faoliyatini takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar va takliflar kiritadi.
Vakil shaxslar turgan, oʻz ixtiyori bilan chiqib keta olmaydigan boshqa joylarda ham qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olish boʻyicha mazkur moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan choralarni koʻradi.
Vakilning qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olish boʻyicha faoliyatiga koʻmaklashish uchun Vakil tomonidan ekspert guruhi tuziladi. Ekspert guruhi toʻgʻrisidagi nizom Vakil tomonidan tasdiqlanadi.
Ekspert guruhining tarkibi nodavlat notijorat tashkilotlarining, qoida tariqasida, yurisprudensiya, tibbiyot, psixologiya, pedagogika sohasida, shuningdek boshqa sohalarda kasbiy hamda amaliy bilimlarga ega boʻlgan vakillari orasidan shakllantiriladi.
Vakil ekspert guruhi aʼzolarining qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olishga doir vazifalarini belgilaydi, shuningdek ularga qamoqda saqlash joylariga va shaxslar turgan, oʻz ixtiyori bilan chiqib keta olmaydigan boshqa joylarga moneliksiz kirish huquqini beruvchi maxsus yoʻllanmalar beradi. Maxsus yoʻllanma Vakil Kotibiyatining xodimlariga ham beriladi.
(209-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 14-martdagi OʻRQ-530-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.03.2019-y., 03/19/530/2769-son)
21-modda. Vakilning Kotibiyati hamda Vakil faoliyatining moddiy-texnika taʼminoti
Oldingi tahrirga qarang.
Vakilning faoliyatini taʼminlash uchun Kotibiyat tuziladi, mazkur Kotibiyat haqidagi nizom Vakil tomonidan tasdiqlanadi. Vakilning Kotibiyati yuridik shaxs hisoblanadi.
(21-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 14-martdagi OʻRQ-530-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.03.2019-y., 03/19/530/2769-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Kotibiyat tuzilmasida Vakilning qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olish boʻyicha faoliyatiga koʻmaklashuvchi sektor tuziladi.
(21-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 14-martdagi OʻRQ-530-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.03.2019-y., 03/19/530/2769-son)
Vakilning Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan oʻz muhri boʻladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Vakil faoliyatining moddiy va boshqa taʼminoti Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi hamda unda alohida satrda nazarda tutiladi.
(21-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 29-avgustdagi OʻRQ-441-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 35-son, 916-modda)
22-modda. Vakil toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Vakil toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 38-39-son, 420-modda; 2017-y., 35-son, 916-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.03.2019-y., 03/19/530/2769-son, 05.09.2019-y., 03/19/563/3685-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 19.02.2024-y., 03/24/909/0133-son; 21.09.2024-y., 03/24/963/0735-son)