Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Belgiya-Lyuksemburg iqtisodiy uyushmasi oʻrtasida
Bitim
Investitsiyalarni oʻzaro ragʻbatlantirish va himoyalash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati, bir tomondan,
va
ham oʻz nomidan, ham Lyuksemburg Buyuk Gersogligi Hukumati nomidan ish yurituvchi Belgiya Qirolligi Hukumati, mavjud bitimlarga muvofiq ravishda,
Valoniya Hukumati,
Flandriya Hukumati,
va poytaxt Bryussel Hukumati, ikkinchi tomondan (bundan keyin “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar),
bir Ahdlashuvchi Tomon fuqarolarining boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududidagi investitsiyalari uchun qulay sharoitlar yaratish yoʻli bilan iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashni istab,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Taʼriflar
Taʼriflar
Ushbu Bitim maqsadlari uchun:
1. “Investor” atamasi quyidagilarni anglatadi:
a) “fuqarolar”, yaʼni Oʻzbekiston Respublikasi, Belgiya Qirolligi yoki Lyuksemburg Buyuk Gersogligining qonunchiligiga muvofiq, tegishli tarzda Oʻzbekiston Respublikasi, Belgiya Qirolligi yoki Lyuksemburg Buyuk Gersogligining fuqarosi sifatida qaraluvchi istalgan jismoniy shaxs;
b) “kompaniyalar”, yaʼni Oʻzbekiston Respublikasi, Belgiya Qirolligi yoki Lyuksemburg Buyuk Gersogligining qonunchiligiga muvofiq ravishda taʼsis etilgan hamda Oʻzbekiston Respublikasi, Belgiya Qirolligi yoki Lyuksemburg Buyuk Gersogligining tegishli hududida roʻyxatdan oʻtkazilgan oʻz organiga ega boʻlgan istalgan yuridik shaxs.
2. “Investitsiyalar” atamasi aktivlarning istalgan koʻrinishini va naqd pul mablagʻlari, tovarlar yoxud xizmatlar tarzida iqtisodiy faoliyatning istalgan sohasiga investitsiya sifatida kiritilgan yoki reinvestitsiya qilingan har qanday bevosita yoki bilvosita sarmoyalarni bildiradi.
Ushbu bitim maqsadlari uchun quyidagilarga xususan, ammo nafaqat investitsiyalar sifatida qaraladi:
a) qoʻzgʻatish mumkin boʻlgan va koʻchmas mulk, shuningdek ipotekalar, chegirib qolish huquqlari, garovlar, uzufruktlar va mulkka egalik bilan bogʻliq boʻlgan shu singari har qanday boshqa huquqlar;
b) aksiyalar, korporativ huquqlar va mulk ulushiga egalikning har qanday boshqa koʻrinishi, shu jumladan kontrol paketga kirmaydigan aksiyalarga egalik yoki Ahdlashuvchi Tomonlardan birining hududida taʼsis etilgan kompaniyalardagi bilvosita egalik;
s) obligatsiyalar, pul mablagʻlari boʻyicha talabnoma yoki iqtisodiy qiymatga ega boʻlgan har qanday harakatlarni bajarish huquqlari;
d) mualliflik huquqlari, sanoat mulkiga boʻlgan huquqlar, texnik jarayonlar, savdo nomlari va gud-vil;
e) ommaviy huquqqa koʻra yoxud kontraktga muvofiq berilgan konsessiyalar, shu jumladan tabiiy resurslarni tadqiqot qilish, rivojlantirish, qazish yoki ulardan foydalanish konsessiyalari.
Ushbu bitim maqsadlari uchun aktivlar va sarmoyalar investitsiyalangan yoki reinvestitsiya qilingan huquqiy shaklning oʻzgarishi ularning “investitsiyalar” sifatidagi taʼrifiga taʼsir koʻrsatmaydi.
3. “Daromadlar” atamasi investitsiyalardan kelgan tushumni anglatadi va xususan foyda, foizlar, sarmoyalarning oʻsishi, dividendlar va royaltini, ammo nafaqat ularni oʻz ichiga oladi.
4. “Hudud” atamasi Oʻzbekiston Respublikasi hududiga, Belgiya Qirolligi hududi va Lyuksemburg Buyuk Gersogligi hududiga nisbatan, shuningdek tegishli davlatlarning hududiy suvlari doirasidan tashqarida joylashgan hamda tabiiy resurslarni tadqiq qilish, muhofaza qilish va ulardan foydalanish maqsadida davlatlar xalqaro huquqqa muvofiq oʻz suveren huquqlari va yurisdiksiyasini amalga oshiradigan dengiz hududiga, yaʼni dengiz va suv osti makoniga nisbatan qoʻllaniladi.
2-modda
Investitsiyalarni ragʻbatlantirish
Investitsiyalarni ragʻbatlantirish
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻz hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlarining investitsiyalarini ragʻbatlantiradi va oʻz qonunlariga muvofiq shunday investitsiyalarni qabul qiladi.
2. Xususan, Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri faoliyat turlari bunday investitsiyalarning amalga oshirilishi bilan bogʻlik boʻlgan darajada, oʻz qonunchiligiga muvofiq litsenzion kontraktlar hamda tijorat, maʼmuriy va texnik yordam toʻgʻrisidagi shartnomalarni tuzish va bajarishga ruxsat etadi.
3-modda
Investitsiyalarni himoyalash
Investitsiyalarni himoyalash
1. Bir Ahdlashuvchi Tomon investorlarining boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida bevosita yoki bilvosita ravishda amalga oshirgan barcha investitsiyalari uchun adolatli va teng huquqli rejim yaratiladi. Har bir Ahdlashuvchi Tomon istalgan vaqtda boshqa Ahdlashuvchi Tomonning investorlariga nisbatan qabul qilingan majburiyatlarga rioya qilinishini taʼminlash majburiyatini oladi.
2. Jamoat tartibi va davlat xavfsizligini quvvatlash uchun zarur boʻlgan chora-tadbirlardan istisno tarzda, bunday investitsiyalar doimiy himoya va xavfsizlik bilan taʼminlanadi, yaʼni qonunda amaliyotda ularni boshqarish, quvvatlash, ishlatish, egalik qilish yoki tugatishga toʻsqinlik qiluvchi biror-bir asossiz yoki diskriminatsion choralar koʻrilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
3. 1- va 2-bandlarda qayd etilgan rejim va himoya, hech boʻlmaganda, uchinchi davlat investorlari uchun yaratiladigan shart-sharoitlarga teng boʻlib, har qanday holatda ham xalqaro huquq eʼtirof etilgan rejim va muhofazadan kam boʻlmaydi.
4. Har qanday holda bunday rejim va himoya, Ahdlashuvchi Tomonlardan biri uchinchi davlatning erkin savdo zonasi, bojxona uyushmasi, umumiy bozor yoki har qanday boshqa mintaqaviy iqtisodiy tashkilotdagi ishtiroki ularga aʼzoligi tufayli uning investorlariga yaratadigan imtiyozlarga tatbiq etilmaydi.
4-modda
Mulkka egalik huquqidan mahrum qilish va chegaralash
Mulkka egalik huquqidan mahrum qilish va chegaralash
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon ekspropriatsiya yoki natsionalizatsiya qilish boʻyicha bir Ahdlashuvchi Tomon investorlarining boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududidagi oʻz investitsiyalariga egalik qilish huquqiga bevosita yoki bilvosita ravishda taʼsir koʻrsatuvchi hech qanday chora-tadbirlarni qoʻllamaslik majburiyatini oladi.
2. Basharti, ijtimoiy maqsadlarda, davlat xavfsizligi va milliy manfaatlar yoʻlida, 1-band qoidalarini buzish talab etilsa, quyidagi shartlarga rioya qilinadi:
a) choralar tegishli huquqiy protseduralarga muvofiq qabul qilinadi;
b) diskriminatsion tusga ega boʻlmaydi yoki har qanday maxsus majburiyatlarga zid kelmaydi;
s) choralar aynan bir xil kompensatsiya toʻlovlari toʻgʻrisidagi qarorlar bilan birgalikda amalga oshiriladi.
Har qanday holatda ham investorlar oʻz investitsiyalariga taʼsir koʻrsatuvchi choralarni investitsiyalar amalga oshirilgan davlatning vakolatli sud organida koʻrib chiqish uchun topshirish huquqiga ega boʻladi.
3. Yuqorida eslatib oʻtilgan kompensatsiya investitsiyalarning choralar qabul qilingan yoki ular eʼlon qilingan sanadan avvalgi kundagi haqiqiy qiymatiga teng boʻlishi lozim.
Yuqorida eslatib oʻtilgan kompensatsiya investitsiyalar amalga oshirilgan davlat valyutasida yoki boshqa erkin almashtiriladigan valyutada toʻlanadi. U kechiktirilmasdan amalga oshiriladi va erkin tarzda oʻtkaziladigan hisoblanadi. U uning qiymati belgilangan kundan boshlab toʻlovlar amalga oshirilgan sanagacha normal tijorat kursi boʻyicha hisoblangan foizlarni oʻz ichiga oladi.
4. Boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida sodir boʻlgan urush yoki boshqa qurolli toʻqnashuv, inqilob, favqulodda holat yoki qoʻzgʻolon oqibatida investitsiyalariga zarar yetkazilgan Ahdlashuvchi Tomonlardan birining investorlari uchun restitutsiya, zararlarni qoplash yoki boshqa kompensatsiya toʻlovlari borasida boshqa Ahdlashuvchi Tomon yaratadigan rejim hech boʻlmaganda ana shu Ahdlashuvchi Tomonning oʻz fuqarolari yoki istalgan uchinchi davlat investorlari uchun yaratadigan eng qulay rejimga teng boʻlishi zarur.
5. Ushbu moddaga aloqador boʻlgan masalalar borasida Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri boshqa Ahdlashuvchi Tomonning investorlari uchun, hech boʻlmaganda oʻz hududida eng koʻp qulay rejimi taqdim etiladigan investorlarga yaratiladigan rejimga teng boʻlgan rejim yaratadi. Bunday rejim hech qanday sharoitda xalqaro huquqqa muvofiq eʼtirof etilgan rejimdan kam boʻlmaydi.
5-modda
Oʻtkazishlar
Oʻtkazishlar
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri boshqa Ahdlashuvchi Tomonning investorlari uchun investitsiyalar bilan bogʻliq boʻlgan barcha toʻlovlarni, shu jumladan quyidagilarni erkin ravishda oʻtkazishni taqdim etadi:
a) investitsiyalar kiritish, ularni quvvatlash va rivojlantirish uchun zarur boʻlgan summalar;
b) kontrakt toʻlovlar uchun, shu jumladan zayomlar, royalti va litsenziyalar, franshizinglar, konsessiyalar hamda shu singari oʻzga huquqlar boʻyicha boshqa toʻlovlarni qoplash uchun zarur boʻlgan summalar, shuningdek ekspatriatsiya qilingan xodimlarning ish haqlarini toʻlash uchun zarur boʻlgan summalar;
s) investitsiyalardan kelgan tushumlar;
d) investitsiyalarni butunlay yoki qisman tugashidan kelgan tushumlar, shu jumladan sarmoyalarning oʻsishi yoki investitsiyalangan sarmoyalarning koʻpayishidan kelgan daromadlar;
e) 4-moddaga muvofiq toʻlangan kompensatsiya.
2. Investitsiyalar bilan bogʻliq boʻlgan boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida ishlash uchun ruxsat berilgan istalgan Ahdlashuvchi Tomonning fuqarolariga ish haqining tegishli qismini oʻz mamlakatlariga oʻtkazishga ruxsat etiladi.
3. Oʻtkazishlar kelishuvlarga muvofiq, oʻtkazilayotgan kunda qoʻllanilayotgan kurs boʻyicha erkin almashtiriladigan valyutada, tez orada hisob-kitob qilgan holda, foydalanilayotgan valyutada amalga oshiriladi.
4. Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri oʻtkazishlarni asossiz kechiktirishlarsiz, faqat odatdagi soliqlar va xarajatlarni toʻlagan holda amalga oshirilishini taʼminlash uchun zarur boʻlgan tegishli ruxsatnomalar beradi.
5. Ushbu moddada koʻrsatilgan kafolatlar, kamida eng koʻp qulaylik rejimi taqdim etiladigan investorlarga beriladigan kafolatlarga teng boʻlishi lozim.
6-modda
Subrogatsiya
Subrogatsiya
1. Agar Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri yoki ana shu Tomonning istalgan davlat organi oʻz investorlariga investitsiyalarni qoplashni taʼminlovchi kafolatlar boʻyicha kompensatsiyalar toʻlasa, boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlarning huquqlari yuqorida qayd etilgan birinchi Ahdlashuvchi Tomonga yohud uning davlat organiga oʻtishini tan oladi.
2. Topshirilgan huquqlar borasida boshqa Ahdlashuvchi Tomon ziyon koʻrgan investorning huquqlari oʻtgan sugʻurtachiga qarshi qayd etilgan investorning qonun yoki kontraktga muvofiq majburiyatlarini qoʻllash huquqiga egadir.
7-modda
Qoidalarning qoʻllanishi
Qoidalarning qoʻllanishi
Agar investitsiyalar bilan bogʻliq masala ham ushbu Bitimga, ham Ahdlashuvchi Tomonlardan birining milliy qonunlariga yoki xalqaro konvensiyalar bilan tartibga solinadigan boʻlsa, boshqa Ahdlashuvchi Tomonning investorlari eng qulay boʻlgan qoidalardan foydalanishga haqlidirlar.
8-modda
Maxsus bitimlar
Maxsus bitimlar
Ahdlashuvchi Tomonlardan biri va boshqa Ahdlashuvchi Tomonning investorlari oʻrtasida tuzilgan maxsus bitimga muvofiq amalga oshirilgan investitsiyalar ushbu Bitim qoidalari va maxsus bitim qoidalari bilan tartibga solinadi.
9-modda
Investitsion nizolarni hal etish
Investitsion nizolarni hal etish
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining investori va boshqa Ahdlashuvchi Tomon oʻrtasidagi har qanday investitsion nizo toʻgʻrisida sud jarayonini boshlash uchun birinchi Tomon yozma ravishda xabar qiladi. Bildirishnoma batafsil tarzda asoslangan memorandum bilan birgalikda yuboriladi.
Tomonlar nizoni imkon qadar muzokaralar yoʻli bilan, zarur boʻlgan hollarda uchinchi tomondan ekspertlar konsultatsiyasi olish yoki diplomatik kanallar orqali Ahdlashuvchi Tomonlar yarashish yoʻli bilan hal etishga harakat qiladilar.
2. Bildirishnoma yuborilgan sanadan boshlab olti oy mobaynida tomonlar oʻrtasida nizo bevosita bitim orqali tinch yoʻl bilan hal etilmagan yoki diplomatik kanallar orqali yarashilmagan holda nizo investorning xohishiga koʻra koʻrib chiqish uchun yoki investitsiyalar amalga oshirilgan davlatning vakolatli organiga, yoki xalqaro arbitrajga topshiriladi.
Bu bilan bogʻliqlikda, Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri shu tarzda har qanday nizoni arbitraj yoʻli bilan yakuniy ravishda hal etilishiga avvaldan rozilik bildirdi. Bunday rozilik barcha ichki maʼmuriy yoki sud himoya kanallarini qoʻllashni talab qilish huquqidan voz kechishni nazarda tutadi.
3. Nizo xalqaro arbitrajda hal etiladigan holda, investorning xohishiga koʻra nizo koʻrib chiqish uchun quyida sanab oʻtilgan tashkilotlardan birining arbitrajiga topshiriladi:
BMTning Xalqaro savdo huquqi boʻyicha komissiyasi (YuNSITRAL) tomonidan belgilangan Arbitraj qoidalariga muvofiq tashkil etilgan ad hoc Arbitraj Sudiga;
1965-yil 18-martda Vashingtonda imzolash uchun ochilgan Davlatlar va boshqa davlatlarning fuqarolari oʻrtasidagi investitsion nizolarni hal etish boʻyicha konvensiyaga muvofiq taʼsis etilgan Investitsion nizolarni hal etuvchi xalqaro markaziga, agar ikkala tomon davlatlari qayd etilgan konvensiya qatnashchisi boʻlsa.
Agar ushbu talab qondirilmasa, har bir Ahdlashuvchi Tomon I.C.S.I.D. Qoʻshimcha xizmatlar toʻgʻrisidagi qoidalariga muvofiq nizoni koʻrib chiqish uchun arbitrajga topshirishga rozilik bildiradi.
Parijdagi Xalqaro savdo palatasining Arbitraj Sudiga;
Stokgolmdagi Savdo palatasining Arbitraj Sudiga.
Agar arbitraj tartibotlari Ahdlashuvchi Tomonning tashabbusiga binoan tavsiya etilgan boʻlsa, shu Tomon manfaatdor investorga nizo topshiriladigan arbitraj organini belgilashni taklif etadi.
4. Arbitraj jarayoni yoki arbitraj qarorini bajarishning istalgan bosqichida nizoda ishtirok etuvchi hech qaysi Ahdlashuvchi Tomon, eʼtiroz sifatida nizoda qarshi tomon hisoblanuvchi investorning sugʻurta polisi yoki ushbu Bitimning 6-moddasida koʻzda tutilgan kafolatlarga muvofiq, unga yetkazilgan zararlarni toʻliq yoki qisman ravishda qoplovchi kompensatsiya olganligiga asoslanishi mumkin emas.
5. Arbitraj Sudi milliy qonunlar, shu jumladan hududida investitsiyalar amalga oshirilgan, nizoda ishtirok etuvchi Ahdlashuvchi Tomonning huquqlari kolliziyasi bilan bogʻliq boʻlgan qoidalar asosida, shuningdek ushbu Bitimning qoidalari, investitsiyalar borasida tuzilgan maxsus bitimlarning shartlari hamda xalqaro huquq prinsiplari asosida qaror qabul qiladi.
6. Arbitraj qarori nizoda ishtirok etuvchi tomonlar uchun yakuniy va majburiy hisoblanadi. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻz milliy qonunlariga muvofiq qarorni bajarish majburiyatini oladi.
10-modda
Milliy rejim va eng koʻp qulaylik rejimi
Milliy rejim va eng koʻp qulaylik rejimi
Investitsiyalar rejimi bilan bogʻliq boʻlgan barcha masalalarda, Ahdlashuvchi Tomonlardan har birining investorlari uchun boshqa Ahdlashuvchi Tomon oʻz fuqarolariga yoki istalgan uchinchi davlat investorlariga yaratadigan eng qulay boʻlgan rejimni taqdim etadi.
11-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi ushbu Bitimni talqin qilish yoki qoʻllashga doir bahslar
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi ushbu Bitimni talqin qilish yoki qoʻllashga doir bahslar
1. Ushbu Bitimni talqin qilish yoki qoʻllash bilan bogʻliq. boʻlgan har qanday nizo imkon qadar diplomatik kanallar orqali hal etiladi.
2. Bahs diplomatik kanallar orqali hal etilmagan holda, bahs koʻrib chiqish uchun ikkala Tomonning vakillaridan iborat boʻlgan Qoʻshma komissiyaga topshiriladi; birinchi tomonning talabiga koʻra ushbu komissiya asossiz kechiktirishlarsiz jarayonni boshlash uchun yigʻiladi.
3. Agar Qoʻshma komissiya bahsni hal eta olmasa, istalgan Ahdlashuvchi Tomonning talabiga koʻra, nizo har bir alohida holat uchun quyidagi tarzda taʼsis etilgan Arbitraj Sudiga topshiriladi:
Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri boshqa Ahdlashuvchi Tomonni nizoni arbitrajga topshirish toʻgʻrisidagi oʻz niyati haqida xabardor qilgan kundan boshlab 2 oy ichida har bir Ahdlashuvchi Tomon bittadan arbitr tayinlaydi. Tayinlov sanasidan keyingi 2 oy mobaynida bu ikki arbitr oʻzaro kelishuvga binoan arbitraj sudining raisi sifatida uchinchi davlat fuqarosini tayinlaydi.
Ushbu muddatlarga rioya qilinmagan holda istalgan Ahdlashuvchi Tomon zaruriy tayinlovlarni oʻtkazish uchun Xalqaro Sud Prezidentini taklif qilishga haqlidir.
Agar Xalqaro Sud Prezidenti istalgan Ahdlashuvchi Tomonning, yoki istalgan Ahdlashuvchi Tomon diplomatik munosabatlarga ega boʻlmagan davlatning fuqarosi boʻlsa, yoxud har qanday boshqa sababga koʻra ushbu vazifani bajara olmasa, tayinlovlarni amalga oshirish uchun Xalqaro Sudning Vitse-prezidenti taklif etiladi.
4. Bunday tarzda tashkil etilgan Sud oʻz protseduralarini aniqlaydi. Uning qarorlari koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi; ular Ahdlashuvchi Tomonlar uchun yakuniy va majburiy hisoblanadi.
5. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻz arbitrini tayinlash boʻyicha xarajatlarni qoplaydi. Uchinchi arbitrni tayinlash bilan bogʻliq xarajatlar va sudning maʼmuriy xarajatlari Ahdlashuvchi Tomonlar tarafidan teng miqdorda qoplanadi.
12-modda
Avvalgi investitsiyalar
Avvalgi investitsiyalar
Ushbu Bitim, shuningdek u qonuniy kuchga kirgunga qadar bir Ahdlashuvchi Tomonning investorlari boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida uning qonunlari va normativ hujjatlariga muvofiq amalga oshirgan investitsiyalariga nisbatan ham tatbiq etiladi.
13-modda
Kuchga kirish va davom etish muddati
Kuchga kirish va davom etish muddati
1. Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida ratifikatsiya toʻgʻrisidagi hujjatlar bilan almashilgandan soʻng kuchga kiradi. Bitim oʻn (10) yil mobaynida amal qiladi.
2. Istalgan Ahdlashuvchi Tomon ushbu Bitimning amal qilish muddati tugashidan kamida olti oy avval uning amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisida xabarnoma topshirgunga qadar ushbu Bitim oʻz-oʻzidan keyingi oʻn yillik muddatga uzaytiriladi, bunda Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri Bitimning joriy amal qilish muddati tugashidan kamida olti oy avval bildirishnoma yuborish yoʻli bilan Bitimning amal qilishini toʻxtatish huquqini saqlab qolishiga kelishildi.
3. Ushbu Bitimning amal qilishi toʻxtatilgan sanaga qadar amalga oshirilgan investitsiyalar u amal qilishi tugatilgan kundan boshlab oʻn yil mobaynida ushbu Bitim bilan tartibga solinadi.
Shuni tasdiqlash uchun, tegishli Hukumatlar tomonidan shunga lozim darajada vakolatlangan quyida imzo chekuvchilar ushbu Bitimni imzoladilar.
Toshkent shahrida 1998-yil 17-aprelda, ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, fransuz, golland va ingliz tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil yuridik kuchga egadir. Talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan hollarda, ingliz tilidagi matn ustuvor kuchga ega boʻladi.
(imzolar)