Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
Qarori
Mikrokredit tashkilotlari va lombardlar tomonidan kassa operatsiyalarini amalga oshirish qoidalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 9-sentabrda 1719-2-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2025-yil 13-iyundagi 12/16-sonli ““Mikrokredit tashkilotlari va lombardlar tomonidan kassa operatsiyalarini amalga oshirish qoidalarini tasdiqlash haqida”gi qaror, shuningdek unga oʻzgartirish va qoʻshimchalarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 1719-4, 23.07.2025-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi va “Mikrokredit tashkilotlari toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2007-yil 21-iyuldagi 20/3-son qarori (roʻyxat raqami 1719, 2007-yil 24-sentabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 39-son, 405-modda) bilan tasdiqlangan Mikrokredit tashkilotlari va lombardlar tomonidan kassa operatsiyalarini amalga oshirish qoidalariga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2015-yil 22-avgust,
22/9-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2015-yil 22-avgustdagi 22/9-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Mikrokredit tashkilotlari va lombardlar tomonidan kassa operatsiyalarini amalga oshirish qoidalariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 4-bandning birinchi xatboshisi “1-ilovaga” degan soʻzlar “mazkur Qoidalarning 1-ilovasiga” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
2. 6-bandda:
birinchi xatboshi “bankka” degan soʻzdan keyin “inkassatorlar orqali” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari hisoblangan nobank kredit tashkilotlari asosiy hisobvaragʻi ochilgan bank kassasiga eng kam oylik ish haqining yigirma barobari miqdorigacha boʻlgan naqd pullarni mustaqil topshirishlari mumkin.”.
3. 10-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“10. Naqd pullarni qabul qilish vaqtida nobank kredit tashkilotlarining kassiri soʻmning toʻlovga yaroqlilik belgilarini aniqlashda mazkur Qoidalarning 1a-ilovasiga amal qilishi shart.
Nobank kredit tashkiloti kassiri naqd pullarni bosh buxgalter (agar buxgalter mavjud boʻlsa) tomonidan imzolangan kirim kassa orderlari boʻyicha qabul qiladi.
Naqd pullar qabul qilinganda nobank kredit tashkiloti bosh buxgalteri (agar buxgalter mavjud boʻlsa) va kassiri tomonidan imzolangan, kassir muhri qoʻyilgan yoki kassa apparatining izi (otteski) tushirilgan kvitansiya beriladi.”.
4. 26-bandda:
birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Nobank kredit tashkilotlarining kassa xonalari mazkur Qoidalarning 1b-ilovasiga muvofiq texnik jihatdan mustahkamlanishi va qoʻriqlash-yongʻindan saqlash signalizatsiya vositalari bilan jihozlanishi lozim.”.
uchinchi xatboshidagi “2-ilovada” degan soʻzlar “mazkur Qoidalarning 2-ilovasida” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
5. 37-bandning ikkinchi xatboshisidagi “3-ilovada” degan soʻzlar “mazkur Qoidalarning 3-ilovasida” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
6. Mazkur oʻzgartirish va qoʻshimchalarning 1 va 2-ilovalariga muvofiq tahrirdagi 1a va 1b-ilovalar bilan toʻldirilsin.
7. Mazkur oʻzgartirish va qoʻshimchalar Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan kelishilgan.
Ichki ishlar vaziri A. AXMEDBAYEV
2015-yil 12-avgust
Mikrokredit tashkilotlari va lombardlar tomonidan kassa operatsiyalarini amalga oshirish qoidalariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarga
1-ILOVA
1-ILOVA
“Mikrokredit tashkilotlari va lombardlar tomonidan kassa operatsiyalarini amalga oshirish qoidalariga
1a-ILOVA
1a-ILOVA
Soʻmning toʻlovga yaroqlilik belgilarini aniqlash
qoidalari
1. Mikrokredit tashkilotlari va lombardlar tomonidan haqiqiyligi shubhalantirmaydigan hamda ular qiymatini belgilaydigan soʻzlar, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri, seriyasi va raqamlari toʻliq saqlangan banknotlar, ular umumiy oʻlchamining 55 foizi mavjud boʻlsa hamda shikastlanish darajasidan qatʼi nazar, toʻliq hajmini va yuz tomonida qiymat tasvirini saqlagan metall tangalar toʻlovga qabul qilinadi.
2. Mikrokredit tashkilotlari va lombardlar:
istalgan qismi, jumladan toʻlovlilik alomatlari belgilanishiga taʼsir etadigan darajada teshilgan, yirtilgan siyqalangan joylari, dogʻlari boʻlgan, siyohda yozilgan;
ayrim qismlari shak-shubhasiz bitta biletga tegishli boʻlgan yirtilgan va yelimlangan;
qiymatini koʻrsatadigan raqamlar, yozuvlar boʻlgan qismlardan tashqari, oʻz rangini oʻzgartirgan, kuygan (koʻproq kuygan);
toʻliq hajmini saqlamagan banknotlarni toʻlovga qabul qilishi va pul tushumi tarkibida banklarga topshirishi lozim.
Ushbu talablarga muvofiq kelmaydigan banknotlar va tangalar toʻlovga yaroqsiz hisoblanadi va banklar tomonidan ekspertizaga qabul qilinadi.”.
Mikrokredit tashkilotlari va lombardlar tomonidan kassa operatsiyalarini amalga oshirish qoidalariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarga
2-ILOVA
2-ILOVA
“Mikrokredit tashkilotlari va lombardlar tomonidan kassa operatsiyalarini amalga oshirish qoidalariga
1b-ILOVA
1b-ILOVA
Nobank kredit tashkilotlarining kassa xonalarini texnik jihatdan mustahkamlash va qoʻriqlash — yongʻindan ogoh etish vositalari bilan jihozlash boʻyicha
talablar
1. Mazkur talablar nobank kredit tashkilotlarida kassa xonalarini texnik jihatdan mustahkamlash va qoʻriqlash — yongʻindan ogoh etish vositalari bilan jihozlash boʻyicha meʼyorlarini belgilaydi.
2. Mavjud naqd pul va boshqa qimmatliklarning but saqlanishini taʼminlash uchun kassa quyidagi talablarga javob berishi shart:
a) boshqa xizmat va yordamchi xonalardan ajratilgan boʻlishi;
b) binoning 1-qavatida joylashgan boʻlishi, shuningdek ichki ishlar organi va inkassatsiya xizmati bilan kelishilgan holda, koʻp qavatli binoning oraliq qavatida joylashishi mumkin.
3. Kassa kamida 2 ta xonadan iborat boʻlishi shart:
a) qimmatliklarni saqlash xonasi;
b) kassa operatsiyalarini amalga oshirish xonasi.
4. Kassa xonalari gʻishtli yoki temir beton devorlarga, mustahkam pol va shiftlarga, ishonchli ichki devor va toʻsiq devorlarga ega boʻlishi lozim.
5. Kassa xonalari tashqi devorlarining qalinligi 400 mm boʻlgan gʻisht yoki temir beton devorlardan, ichki devorlar va toʻsiq devorlarining qalinligi kamida 120 mm boʻlgan gʻisht yoki temir beton devorlaridan iborat boʻlishi lozim.
6. Kassa xonalarida diametri 200 mm dan katta boʻlgan teshiklar mavjud boʻlsa, ular temir panjaralar bilan jihozlanishi lozim.
7. Qimmatliklarni saqlash xonasi ikkita eshik bilan yopilishi shart:
a) tashqariga ochiladigan, 3 mm dan kam boʻlmagan qalinlikdagi temirdan yasalgan bir tavaqali, oʻzi yopilib qolmaydigan ikkita mexanik qulf bilan yopiladigan tashqi eshik (qulflar bir-biridan kamida 300 mm oraliqda oʻrnatiladi);
b) ichkariga ochiladigan, temir panjara koʻrinishidagi diametri 16 mm dan kam boʻlmagan poʻlat simlardan tayyorlangan va xona ichkarisidan surma zulfin bilan yopiladigan ichki eshik.
8. Qimmatliklarni saqlash xonasida derazalarning boʻlishi man etiladi.
9. Qimmatliklarni saqlash xonasida pul va boshqa qimmatliklar yonmaydigan seyflarda saqlanishi lozim.
10. Kassa operatsiyalarini amalga oshirish xonasiga tashqariga ochiladigan, 3 mm dan kam boʻlmagan qalinlikdagi temirdan yasalgan eshik oʻrnatilishi shart.
11. Kassa operatsiyalarini amalga oshirish xonasining deraza romlariga ichki tarafdan metall panjaralar oʻrnatilishi shart.
12. Deraza romlariga oʻrnatiladigan barcha panjaralar oʻlchamlari 150x150 mm dan koʻp boʻlmagan yacheykalarni hosil qilib, diametri kamida 16 mm boʻlgan poʻlat simlardan tayyorlanadi va panjaralar devorga qoqilgan uchi qayrilgan mixlarga payvandlash yoʻli bilan mahkamlanadi. Yongʻin yoki favqulodda holatlar yuzaga kelganda insonlarni va moddiy boyliklarni saqlash maqsadida, binoning 1-qavatidagi deraza romlariga oʻrnatiladigan panjaralarni xonaning ichki tomonidan yengil ochiladigan qilib bajarilishi lozim.
13. Uchi qayrilgan mixlar diametri kamida 16 mm boʻlgan poʻlat simlardan tayyorlanadi va qurilish konstruksiyalariga kamida 150 mm ichkariga qoqiladi.
14. Kassa operatsiyalarini amalga oshirish xonasi xizmat koʻrsatish uchun oʻlchami 200x300 mm boʻlgan maxsus darcha bilan jihozlanishi va darcha ichkari tomonidan qulf yoki ilgak orqali berkitiladigan boʻlishi lozim.
15. Kassa operatsiyalarini amalga oshirish xonasi kun davomida pullarni vaqtincha saqlash uchun seyf bilan jihozlangan boʻlishi shart.
16. Kassa xonalari qoʻriqlash signalizatsiyasining ikkita himoya toʻsigʻi bilan jihozlanishi shart:
a) birinchi himoya toʻsigʻi — xonaning perimetrini himoya qiladi. Kassa operatsiyalarini amalga oshirish xonasida derazalar mavjud boʻlganda, ular deraza ochilishi va oyna sinishini qayd etish xabargohlari bilan jihozlanadi;
b) ikkinchi himoya toʻsigʻi — xonaning hajmini himoya qiladi. Buning uchun hajmni qoʻriqlash (ultratovush, infraqizil, optik-elektron, radiotoʻlqin rusumli) xabargohlari qoʻllaniladi.
17. Kassa operatsiyalarini amalga oshirish xonasida kassirlarning ish joylari tashvish xabari vositalari bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
18. Qimmatliklarni saqlash xonasidagi qoʻriqlash signalizatsiyasining ikkita himoya toʻsigʻi ishdan tashqari vaqtda qabul nazorat uskunasi orqali texnik qoʻriqlash punktiga qoʻriqlashga topshiriladi. Kassa operatsiyalarini amalga oshirish xonasidagi tashvish xabari vositasi ish vaqti davomida texnik qoʻriqlash punktiga ulanadi.
19. Kassa va unga tegishli boʻlgan xonalardagi qoʻriqlash signalizatsiyasining ikkita himoya toʻsigʻi alohida shleyflar bilan qabul-nazorat uskunalariga ulanib uning chiqishi bitta shleyf orqali texnik qoʻriqlash punktiga va kassaning navbatchilik xonasidagi xabar berish uskunasiga ulanadi.
20. Kassa xonalari meʼyoriy hujjatlarda belgilangan tartibda yongʻindan xabar beruvchi qurilmalar (tutunli, issiqli va h.k.) bilan jihozlanadi va ular texnik qoʻriqlash punktiga yoki navbatchi xodimlar postidagi yongʻindan xabar beruvchi nazorat qilish uskunasiga ulanadi.
21. Qoʻriqlash va yongʻindan xabar beruvchi signalizatsiya vositalari tizimi va kassani yoritish tizimi alohida-alohida montaj qilinadi hamda elektr taʼminoti turli manbalardan olinadi. Simlarning barcha turlari plastmassa quvurlarda yashirilgan holda oʻtkaziladi.
22. Kassa xonalarining qoʻriqlash va yongʻindan xabar beruvchi signalizatsiya vositalari tizimi SHNQ 2.04.09-2007 “Binolar va inshootlarning oʻt oʻchirish avtomatikasi” talablariga hamda qoʻriqlash va yongʻindan xabar beruvchi signalizatsiya vositalari bilan jihozlanadigan obyektlarning idoraviy roʻyxatlariga muvofiq kelishi va doimo ishchi holatda boʻlishi lozim.
23. Ichki ishlar organlarining qoʻriqlash boʻlinmalari tomonidan qoʻriqlash va yongʻindan ogohlantiruvchi signalizatsiya vositalari bilan xizmat koʻrsatishga qabul qilinadigan kassalar ushbu boʻlinmalar rahbariyati koʻrsatmasiga binoan himoya vositalari bilan qoʻshimcha ravishda jihozlanishi mumkin.
24. Kassa xonalarini qoʻriqlash va yongʻindan ogohlantiruvchi signalizatsiya vositalari bilan jihozlashga doir ishlar Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan berilgan maxsus litsenziyalarga ega boʻlgan yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
25. Kassa xonalarida montaj qilingan qoʻriqlash va yongʻindan ogohlantiruvchi signalizatsiya vositalarini montaj tashkilotidan foydalanishga qabul qilish va dalolatnomani imzolash ichki ishlar organlari qoshidagi qoʻriqlash boʻlinmalari, davlat yongʻin nazorati organlari va nobank kredit tashkilotlari vakillari bilan birgalikda tuzilgan komissiya tomonidan amalga oshiriladi. Montaj tashkiloti majburiy tartibda qoʻriqlash va yongʻindan ogohlantiruvchi signalizatsiya vositalari montajining ijro chizmasi va montaj qilingan signalizatsiya apparatlarini ishlatish yoʻriqnomasini taqdim etadi.”.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 36-son, 481-modda)