Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qirgʻiziston Respublikasi oʻrtasida
Protokol
“Erkin savdo toʻgʻrisida”gi 1996-yil 24-dekabrdagi Bitimga erkin savdo rejimidan istisnolar haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirgʻiziston Respublikasi Hukumati (Quyida Ahdlashuvchi Tomonlar deb nomlanadi) quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashdilar.
1-modda
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirgʻiziston Respublikasi Hukumati oʻrtasida erkin savdo toʻgʻrisida 1996-yil 24-dekabrdagi Bitimning 2-moddasida koʻzda tutilgan istisnolar quyidagi tovarlarga nisbatan qoʻllaniladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining eksport tarifi toʻgʻrisidagi Qonunchiligi, shuningdek tovarlar (ishlar va xizmatlar) eksporti hamda importini litsenziyalash va meʼyorlash toʻgʻrisida tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasidan/ga Qirgʻiziston Respublikasiga/dan eksport/import qilish chogʻida ularni bojxonada rasmiylashtirish paytida amalda boʻlgan qonunchiligi taʼsiri ostiga tushuvchi tovarlar (ushbu Protokolni imzolash paytida eksport va importni notarif asosida tartibga solish sohasidagi eksport tariflari va cheklashlari amal qiladi. Bular Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 18-iyun 219-son qarori 1- va 2-ilovasi bilan, 1995-yil 25-iyuldagi 287-son qarori, uning 3, 4, 5, 6, 8, 9-ilovalari bilan belgilab qoʻyilgan).
2. Qirgʻiziston Respublikasining eksport tarifi toʻgʻrisidagi Qonunchiligi, shuningdek tovarlar (ishlar va xizmatlar) eksporti hamda importini litsenziyalash va meʼyorlash toʻgʻrisida tovarlarni Qirgʻiziston Respublikasidan/ga Oʻzbekiston Respublikasiga/dan eksport/import qilish chogʻida ularni bojxonada rasmiylashtirish paytida amalda boʻlgan qonunchiligi taʼsiri ostiga tushuvchi tovarlar (ushbu Protokolni imzolash paytida Qirgʻiziston Respublikasi Hukumatining 1994-yil 13-iyundagi 408-son va 1995-yil 22-martdagi 97-son qarorlari bilan belgilangan eksport va import notarif asosida tartibga solish sohasidagi eksport tariflari va cheklashlari amal qiladi).
Ahdlashuvchi Tomonlar yuqorida koʻrsatib oʻtilgan masalalar boʻyicha oʻz ichki qonunlaridagi barcha oʻzgarishlar toʻgʻrisida bir-birlarini darhol xabardor qiladilar.
2-modda
1. Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Protokolning 1-moddasiga muvofiq eksportda tarif va notarif cheklashlar qoʻllaniladigan tovarlarga nisbatan bir-birlariga eng qulay rejimini yaratib beradilar, shu jumladan:
boj poshlinasi va yigʻimlar, shunday poshlina va yigʻimlarni undirish, tovarlarni shu jumladan ularning bojxonasi orqali rasmiylashtirishga, tranzit, omborlarga joylashtirish va qaytadan;
yuklashga taalluqli tovarlar eksporti bilan bogʻliq boʻlgan tartib va qoidalar;
bevosita yoki bilvosita eksport qilinadigan tovarlar bilan bogʻliq har qanday turdagi soliqlar va boshqa ichki yigʻimlar;
ichki bozorda tovarlarni sotish, xarid qilish, tashish, taqsimlash va ulardan foydalanish qoidalari;
litsenziyalar berish sohasida bir-birlariga qulay rejim yaratadilar.
3-modda
Ushbu Protokolning 2-moddasining qoidalari har bir Ahdlashuvchi Tomon:
bojxona ittifoqi yoki erkin savdo zonasini vujudga keltirish maqsadida yoxud shunday ittifoq yoki zonani vujudga keltirish natijasida uchinchi mamlakatlarga;
xalqaro bitimlar asosida rivojlanayotgan mamlakatlarga;
chegara atrofidagi savdo-sotiqni yengillashtirish maqsadida qoʻshni mamlakatlarga;
maxsus Bitimlarga muvofiq bir-biriga beradigan afzalliklar va imtiyozlarga nisbatan qoʻllanilmaydi.
4-modda
1. Ushbu Protokol Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirgʻiziston Respublikasi Hukumati oʻrtasida erkin savdo haqida 1996-yil 24-dekabrda imzolangan Bitimning ajralmas qismi boʻlib, mazkur Bitim bilan bir vaqtda kuchga kiradi.
2. Ushbu Protokol erkin savdo toʻgʻrisidagi Bitimning 2-moddasida koʻzda tutilgan yangi Protokol tuzilgungacha boʻlgan davrda amal qiladi.
Ushbu Protokol Toshkent shahrida 1996-yil 24-dekabrda oʻzbek, qirgʻiz va rus tillarida ikki nusxada tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga egadir.
Mazkur Protokolning qoidalarini talqin etish maqsadlari uchun rus tilidagi matn ustunroq kuchga ega.
(imzolar)