Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Finlyandiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Sarmoya qoʻyishni amalga oshirish va uni oʻzaro himoyalash toʻgʻrisida
Quyida “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Finlyandiya Respublikasi Hukumati,
teng huquqlilik va oʻzaro manfaatdorlik asosida Oʻzbekiston Respublikasi bilan Finlyandiya Respublikasi oʻrtasida savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish va kengaytirishga koʻmaklashishga intilib,
ikkala Ahdlashuvchi Tomon hududida sarmoya mablagʻlari miqdori oʻsib borishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish istagida,
sarmoya qoʻyish va uni oʻzaro himoyalashga koʻmaklashish ikkala mamlakat oʻrtasidagi iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish ishida amaliy tashabbusni orttirib borishni eʼtirof etib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Taʼriflar
Taʼriflar
Ushbu Bitimda:
a) “Sarmoya qoʻyish” atamasi iqtisodiy faoliyat bilan bogʻliq boʻlgan qiymatga ega barcha mulk turlarini bildirib, xususan, oʻz ichiga quyidagilarni qamrab oladi, biroq bunda istisno joiz:
1) Koʻchirib boʻladigan va koʻchmas mulk hamda koʻchmas mulk kafolati va kafolatlar kabi boshqa mulkiy huquqlar;
2) Kompaniyalarga qoʻyilgan omonatlar, aksiyalar va huquqiy shaxslar mulkida ishtirok etishning boshqa shakllari;
3) Pul mablagʻlariga boʻlgan huquqlar qarzni talab qilish huquqlari yoki iqtisodiy qiymatga ega toʻlovlarga boʻlgan huquqlar;
4) Sanoat, tijorat va aqliy mulkchilikka boʻlgan huquqlar, jumladan turli mualliflik huquqlari, patentlar, mol belgilari, xizmat koʻrsatish sohasining nomlari, firma nomlari va sanoat namunalari, tijorat sirlari, texnologik jarayonlar, “NOU-XAU” va “GUDVILL” bilan bogʻliq huquqlar;
5) Tijoriy faoliyat va imtiyozlarga boʻlgan huquqlar, jumladan tabiiy boyliklarni qidirish, rejalash, qazib olish yoki ulardan foydalanishga tegishli huquqlar, shuningdek qonun, Bitim yoki hokimiyat qarori asosida berilgan huquqlar;
6) Ushbu Bitim koʻzda tutilgan sarmoya bilan bogʻliq va qonunlarga muvofiq ijarachi foydalanadigan ijara sarmoya mollari.
b) “Sarmoyador” atamasi:
1) Oʻz mamlakati qonunlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi yoki Finlyandiya fuqarosi boʻlgan shaxs yoki Oʻzbekiston Respublikasi yoxud Finlyandiyadagi qonunlarga muvofiq tashkil topgan yuridik shaxs boʻlib, oʻz mamlakati qonunlariga koʻra boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududiga sarmoya qoʻyish huquqiga ega boʻlgan;
2) Ahdlashuvchi Tomonlardan birining yoki Ahdlashuvchi Tomonlardan birining sarmoyadori katta hissaga ega boʻlgan uchinchi davlatning hududida oʻz manzilgohiga ega boʻlgan;
3) 1, 2-bandlarda oʻz taʼrifiga ega boʻlmagan, Ahdlashuvchi Tomonlar uni va u rejalashtirgan har bir alohida sarmoyani birgalikda maʼqullagan fuqaro yoki yuridik shaxsni bildiradi;
v) “daromadlar” atamasi sarmoya qoʻyish natijasida olingan yoki olinishi lozim boʻlgan pul mablagʻlari va boshqa qiymatiga ega mulklar, jumladan foyda, foizlar, devidentlar, royalti kabilarni anglatadi. Ammo bunda istisno joiz;
g) “hudud” atamasi Ahdlashuvchi Tomonlardan har birining davlat hududini, shuningdek Ahdlashuvchi Tomonlardan har birining hududiy suv sarhadlari bilan chegaradosh iqtisodiy mintaqa, baliq ovlash mintaqasi va sohilboʻyi suvlarini bildirib, bunda Ahdlashuvchi Tomonlar xalqaro huquqqa muvofiq boyliklarni qidirish, ishlash va saqlash maqsadida oʻz suveren huquqlarini amalga oshiradilar va ana shu boyliklarni tasarruf etadilar.
2-modda
Bitimni qoʻllash
Bitimni qoʻllash
1. Ushbu Bitim hududiga sarmoya qoʻyilgan Ahdlashuvchi Tomon qonunlariga muvofiq ishga solingan sarmoyalarga nisbatan qoʻllaniladi.
2. Ushbu moddaning 1-bandi qoidalarini hisobga olgan holda Bitim bir Ahdlashuvchi Tomonning sarmoyadorlari ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon hududiga ushbu Bitim kuchga kirgunga qadar va kuchga kirganidan keyin qoʻygan barcha sarmoyalarga nisbatan qoʻllaniladi.
3-modda
Sarmoyalarni himoyalash
Sarmoyalarni himoyalash
Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri oʻz qonunlari va qoidalari, shuningdek xalqaro huquqda koʻzda tutilgan doirada va har qanday holatda ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon sarmoyalariga va shuningdek bu sarmoyalardan keladigan daromadlarga nisbatan maqbul va adolatli sharoitni taʼminlaydi.
4-modda
Eng qulay sharoit yaratish tartibi
Eng qulay sharoit yaratish tartibi
Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri oʻz hududida ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon sarmoyadorlarining sarmoyalari va daromadlariga nisbatan maqbul va adolatli sharoitni taʼminlaydi.
1. Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri oʻz hududida ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon sarmoyadorlari ushbu Bitim qoidalariga muvofiq qoʻygan sarmoyalariga va ulardan keladigan daromadlariga nisbatan uchinchi mamlakatlar sarmoyalari va daromadlariga nisbatan yaratilgan sharoitdan kam boʻlmagan maqbul tartibni qoʻllaydi.
2. Urush yoki boshqa qurolli mojaro, favqulodda holat eʼlon qilinishi, jamoat tartibsizliklari natijasida sarmoyalari zarar koʻrgan Ahdlashuvchi Tomonlardan birining sarmoyadorlariga nisbatan ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon har qanday uchinchi mamlakat sarmoyadorlariga mulkni tiklash, mulkni toʻlash, tovon toʻlash yoki moddiy qiymatini tiklash bilan bogʻliq boshqa uslublar boʻyicha yaratgan shart-sharoitidan kam boʻlmagan tartibni taʼminlaydi.
Yuqoridagi jumlada koʻzda tutilgan toʻlovlar erkin muomaladagi valyutada amalga oshiriladi va bir mamlakatdan ikkinchisiga erkin holda oʻtkazib berilishi lozim.
3. Ushbu moddaning 1 va 2-bandlarida koʻzda tutilgan tartib Ahdlashuvchi Tomonlarning biri tarafidan uchinchi mamlakatlar sarmoyadorlari, sarmoyalari va daromadlariga beradigan afzallik, yengillik yoki tovon uchun asoslarga nisbatan qoʻllanilmaydi va ular quyidagilarga yaʼni:
ikki iqtisodiy makon, bojxona uyushmasi yoki erkin savdo mintaqasi toʻgʻrisida amaldagi yoki kelgusida tuzilishi mumkin boʻlgan bitimdan;
ikkiyoqlama soliq solishni bekor qilish toʻgʻrisidagi bitimga;
toʻla yoki qisman soliq solish bilan bogʻliq boshqa xalqaro bitimga asoslanadi.
5-modda
Ekspopriatsiya
Ekspopriatsiya
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan har qaysisining sarmoyadorlari ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon hududiga qoʻygan sarmoyalari milliylashtirilishi, ekspopriatsiya qilinishi yoki milliylashtirish yoxud ekspopriatsiyaga (bundan buyon “ekspopriatsiya” deyiladi), oʻxshagan oqibatlarga ega boʻlgan choralarga duchor boʻlishi mumkin emas. Jamoatchilik manfaatlarini koʻzlaydigan, kamsitmaydigan hamda kechiktirmay tegishli va samarali tovon puli toʻlanadigan hollar bundan mustasnodir.
Tovon pulining miqdori ekspopriatsiya haqida yoki boʻlajak ekspopriatsiya toʻgʻrisidagi xabar bevosita maʼlum qilinishidagi eksporpiatsiya qilinadigan ekspopriatsiya kunidan boshlab ikki oy mobaynida toʻlanishi lozim. Shu muddat tugaganidan keyin toʻlanayotgan tovon puli toʻlab boʻlingunga qadar unga oddiy tijorat miqdorida foizlar qoʻshilib boradi va mablagʻ erkin muomaladagi valyuta hisobida qiymati aniqlangan kundagi kurs boʻyicha samarali amalga oshiriladi hamda erkin tarzda oʻtkazib beriladi.
Sarmoyasiga daxl qilingan sarmoyador ekpopriatsiya qilgan Ahdlashuvchi Tomon qonunlariga muvofiq sodir holatni zudlik bilan mazkur Ahdlashuvchi Tomon sudi yoki boshqa mustaqil organ tomonidan koʻrib chiqilishiga va ushbu moddada bayon qilingan qoidalarga muvofiq oʻzining sarmoyasi qiymati aniqlab olinishiga haqlidir.
2. Agar Ahdlashuvchi Tomonlardan biri amaldagi qonunlarga muvofiq hududining har qanday qismida barpo etilgan kompaniya yoki korxonaning mulkini va ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon sarmoyadorlari egalik qiluvchi aksiyalarni ekspopriatsiya qilsa, bunday holda ushbu moddaning 1-bandi qoidalari qoʻllaniladi.
6-modda
Sarmoya qoʻyish munosabati bilan toʻlovlar, daromadlar va koʻchirib boʻladigan mulkni oʻtkazish
Sarmoya qoʻyish munosabati bilan toʻlovlar, daromadlar va koʻchirib boʻladigan mulkni oʻtkazish
Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon sarmoyadorlariga asossiz kechiktirmay, ammo koʻpi bilan uch oy vaqt ichida sarmoya qoʻyish munosabati bilan koʻchirib boʻladigan mulkni monesiz oʻtkazishni va sarmoya qoʻyish munosabati bilan erkin muomaladagi valyutada toʻlovlarni:
1) Ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon sarmoyadori qoʻygan sarmoyadan tushgan foydalar, devidendlar, foizlar, royalti, litsenziya toʻlovlari, vositachilik, texnik yordam va texnik xizmat uchun toʻlovlar va boshqa daromadlarni;
2) Zayomlar yoki tegishli boshqa majburiyatlarni qoplash bilan bogʻliq pul mablagʻlarini;
3) Sarmoyaning sotilishi, qisman yoki toʻla tugatilishi munosabati bilan sarmoyadorga tegishli mablagʻlarni;
4) Sarmoya qoʻyish munosabati bilan uni qabul qiluvchi mamlakat hududida sarmoyador mamlakati fuqarolarining mehnati uchun olgan ish haqlarini yoki ish haqi bilan bogʻliq daromadlarini oʻtkazib berishni taʼminlaydi.
7-modda
Sarmoya qoʻyishga koʻmaklashish
Sarmoya qoʻyishga koʻmaklashish
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz qonunlari doirasida ushbu Bitimga koʻra koʻzda tutilgan sarmoyalar asosida barpo qilingan yoki barpo qilinadigan korxonalarni, shuningdek ushbu Bitim 1-moddasining a-bandi 5-kichik bandida koʻzda tutilgan tijorat faoliyati va konsessiyaga berilgan huquqlar asosida qoʻyilgan sarmoyalarni, shuningdek ularning faoliyatini jumladan xomashyo, elektr quvvati, ishchi kuchi, yuk tashish va moliya-hisobot xizmati hamda faoliyat koʻrsatish huquqini berish bilan qulay shart-sharoitlarni taʼminlashga koʻmaklashadilar.
8-modda
Ahdlashuvchi Tomon bilan sarmoyador oʻrtasidagi nizolar
Ahdlashuvchi Tomon bilan sarmoyador oʻrtasidagi nizolar
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining sarmoyadori va ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon oʻrtasida ikkinchi tomonning hududida birinchi tomonning sarmoyasiga taalluqli huquqiy nizolar yozma ravishdagi talabnoma topshirganiga uch oy boʻlishiga qaramay, Tomonlar ularni hal qila olmasalar, Ahdlashuvchi Tomonlardan birining talabiga muvofiq koʻrib chiqish uchun:
a) 1965-yil 18-martda Vashingtonda imzolangan sarmoyalar boʻyicha davlatlar va boshqa davlatlar fuqarolari oʻrtasidagi nizolarni hal qilish tartibi toʻgʻrisidagi Bitim qoidalaridan kelib chiqib, agar ikkala Tomon ham bu Shartnomada qatnashsa, sarmoya nizolarini hal etish boʻyicha xalqaro markaz (bundan keyin “markaz”)ga;
b) xalqaro savdo huquqi boʻyicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti Komissiyasining amaldagi hakamlik reglamentiga muvofiq tuzilgan xalqaro hakamlik “ad hoc” sudiga beriladi. Nizolashuvchi Tomonlar mazkur qoidalarga oʻzgarishlar kiritish toʻgʻrisida yozma ravishda ahdlashib olishlari mumkin.
2. Ushbu moddaning 1-bandidagi nizoni hakamlik sudiga berishga taalluqli qoidalar borligidan qatʼi nazar, sarmoyador nizoni koʻrib chiqish uchun hakamlik sudiga bergunga qadar nizoni hal etish tartibini tanlash huquqiga ega.
Ahdlashuvchi Tomonlar hakamlik sudi qarorini tan oladilar va 1958-yil Nyu-Yorkda qabul qilingan ajnabiy hakam qarorlarini eʼtirof etish va bajarish toʻgʻrisidagi konvensiyaga muvofiq uni bajaradilar.
9-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi nizolar
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi nizolar
1. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi ushbu Bitimni talqin qilish yoki qoʻllashga taalluqli nizolar imkoni boricha muzokaralar yoʻli bilan hal qilinishi lozim.
2. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi nizoni bunday yoʻl bilan hal qilish imkoniyati boʻlmagan taqdirda Ahdlashuvchi Tomonlardan birining iltimosiga koʻra, betaraf hakamlik sudi koʻrib chiqish uchun topshirilishi lozim.
3. Bunday betaraf hakamlik sudi har bir aniq holat uchun alohida quyidagicha tartibda tashkil qilinadi. Betaraf hakamlik sudini tuzish toʻgʻrisidagi iltimos tushganidan keyin 2 oy vaqt mobaynida Tomonlarning har biri bittadan sudya tayinlaydi. Keyin bu ikki sudya uchinchi davlat fuqarosini tanlashadi. U ikkala Ahdlashuvchi Tomonlar roziligi bilan betaraf hakamlik sud raisi etib tayinlanadi. Rais betaraf hakamlik sudining ikki aʼzosi tayinlangan kundan boshlab ikki oylik muddat mobaynida tayinlanishi lozim.
4. Agar ushbu moddaning 3-bandida koʻrsatilgan muddat ichida lozim boʻlgan tayinlashlar amalga oshmasa, Tomonlarning har biri, oʻzgacha kelishuv boʻlmagan taqdirda, zarur tayinlashlarni amalga oshirish iltimosi bilan Xalqaro Sud Raisiga murojaat qiladi. Agar Rais Ahdlashuvchi Tomonlardan birining fuqarosi boʻlsa yoki u qandaydir sababga koʻra mazkur vazifani bajara olmasa, bunday holda lozim boʻlgan tayinlashlarni amalga oshirish Xalqaro Sudning Vitse-Raisiga tavsiya qilinadi. Agar Vitse-Rais Ahdlashuvchi Tomonlardan birining fuqarosi boʻlsa yoki u ham mazkur vazifani bajara olmasa, u holda lozim boʻlgan tayinlashlarni amalga oshirishni undan keyingi vazifasi jihatidan katta boʻlgan Xalqaro Sud aʼzosiga tavsiya qilinadi. U Ahdlashuvchi Tomonlardan hech qanday moneʼsiz bajara olishi kerak.
5. Betaraf hakamlik sudi koʻpchilik ovoz bilan qaror qabul qiladi. Betaraf hakam sudining qarori har ikkala Tomon uchun majburiydir. Ahdlashuvchi Tomonlar sud raisi va aʼzolarining xarajatlarini teng shaklda oʻz zimmalariga oladilar. Betaraf hakamlik sudi oʻz qarorida Ahdlashuvchi Tomonlardan biri xarajatlarning koʻproq qismini qoplaydi, deb ajrim chiqarish ham mumkin. Bunday ajrim har ikkala Tomon uchun majburiy boʻladi. Sud ish tartibi qoidasi toʻgʻrisidagi masalani oʻzi mustaqil hal qiladi.
10-modda
Subrogatsiya
Subrogatsiya
Agar Ahdlashuvchi Tomon yoki u tarafdan shu Ahdlashuvchi Tomonning sarmoyadori sarmoyalariga nisbatan bergan kafolati asosida tayinlangan vakil sarmoyadorga tovon haqi toʻlasa, u holda birinchi Ahdlashuvchi Tomon yoki u tarafidan tayinlangan vakil ushbu Bitimga asoslangan holda subrogatsiya tartibida sarmoyadorning maʼlum huquqlariga ega boʻladi.
11-modda
Milliy qonunlar va xalqaro bitimlar
Milliy qonunlar va xalqaro bitimlar
Ushbu Bitim hech bir qoidasi milliy qonunlar yoki xalqaro huquq asosida berilgan huquqlar yoki imtiyozlarni cheklamaydi.
12-modda
Bitimning kuchga kirishi, muddati va amal qilishini toʻxtatish
Bitimning kuchga kirishi, muddati va amal qilishini toʻxtatish
1. Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Tomonlar Bitimning kuchga kirishi uchun zarur konstitutsion rasmiy jihatlarni bajarganligi toʻgʻrisida bir-birlariga diplomatiya yoʻli bilan xabar barganlaridan soʻng 30 kun oʻtgach, kuchga kiradi.
2. Ushbu Bitim 15 yil muddat ichida amalda boʻladi va agar ushbu moddaning 3-bandiga muvofiq u bekor qilinmagan taqdirda shu muddat mobaynida oʻz kuchini saqlab qoladi.
3. Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri ikkinchi Ahdlashuvchi Tomonni ushbu Bitimning amal qilishini dastlabki birinchi 15 yillik muddat ichida yoki undan keyin har qanday vaqtda toʻxtatishi toʻgʻrisida bir yildan kam boʻlmagan muddat ichida diplomatiya yoʻli bilan yozma ravishda xabar berib, bekor qilishi mumkin.
4. Ushbu Bitimning amal qilishi toʻxtatilgunga qadar qoʻyilgan sarmoyalariga nisbatan 1 va 11-moddalarning qoidalari Bitimning amal qilishi toʻxtatilgandan keyingi 15 yil muddat ichida oʻz kuchida qoladi.
Bitim 1992-yil 1-oktabrda Toshkent shahrida ikki asl nusxada, har biri oʻzbek va fin tillarida tuzildi, har ikkala matn ham bir xil kuchga egadir.
(imzolar)