Oʻzbekiston Respublikasi bilan Fransiya Respublikasi oʻrtasida
Bitim
Erkin harakat qilish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Fransiya Respublikasi,
Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasida diplomatik munosabatlarning oʻrnatilishi ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlikning yoʻlga qoʻyilishiga koʻmaklashishini taʼkidlab,
bir davlatda ikkinchi davlatning diplomatik vakillarining boʻlishi bu davlatlarning xalqlari oʻrtasida oʻzaro tushunishga koʻmaklashishini tan olib,
1961-yil 18-aprel Vena Konvensiyasining diplomatik aloqalar haqidagi qoidalariga amal qilishga sodiqliklarini tasdiqlab,
Tomonlarning EXHK doirasida zimmalariga olgan erkin harakatga doir majburiyatlarni hayotga tatbiq qilishga intilib,
quyidagilarni tushunishga erishdilar:
1-modda
1. Har bir Tomon Vena Konvensiyasining diplomatik aloqalar toʻgʻrisidagi 26-moddasiga muvofiq boshqa Tomonning diplomatik missiyalarining barcha aʼzolariga oʻz hududida cheklanmagan erkin harakat qilishiga kafillik beradi.
2. Diplomatiya xodimlari oʻz safarlari haqida avvaldan maʼlumotlar berishga yoki ularni amalga oshirish uchun ruxsatnoma olishga majbur emaslar.
2-modda
Milliy xavfsizlik yoki mudofaa manfaatlaridan kelib chiqib, Tomonlardan har birining ichki huquq qonunlariga muvofiq baʼzi bir zonalarga kirish cheklanishi yoki taqiqlanishi mumkin.
3-modda
Diplomatik missiyalar aʼzolarining cheklanmagan erkin harakatiga tegishli 1 va 2-bandlarning qoidalari ushbu Tomon hududida doimiy istiqomat qiluvchi yoki u yerda vaqtincha boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi va Fransiya Respublikasi fuqarolariga, jumladan, siyosiy, ijtimoiy yoki kasaba uyushmalari tashkilotlari vakillariga, ishbilarmonlarga, jurnalistlarga ham qoʻllanishi mumkin.
4-modda
Ushbu Bitimdagi hech narsa Tomonlardan har birining istisno hollarda, jamoat tartibi sababi bilan, boshqa Tomondan kelgan shaxsning, diplomatik va konsullik vakillaridan tashqari, erkin harakat qilishini cheklash huquqiga toʻsqinlik qilmaydi.
5-modda
Ushbu Bitimdagi hech narsa Tomonlardan birining oʻz hududiga kirish uchun viza tartibini oʻrnatish huquqlarini cheklamaydi.
6-modda
Ushbu Bitimning qoidalari Tomonlardan birining uchinchi davlatlarga nisbatan qabul qilgan majburiyatlariga hech bir holda taʼsir qilmaydi.
7-modda
Ushbu Bitimning amal qilishi Tomonlardan biri boshqa Tomonni ushbu Bitimning amal qilishi tugatilganligi haqidagi qarori qabul qilinishidan uch oy oldin ogohlantirgandan soʻng tugatilishi mumkin.
8-modda
Ushbu Bitim ratifikatsiya qilinadi va ratifikatsiya yorliklari bilan almashish imkoni boricha qisqa muddatda Toshkentda amalga oshiriladi. Bitim ratifikatsiya yorliklari bilan almashinuvidan bir oy oʻtganidan soʻng kuchga kiradi.
Toshkent shahrida, 1994-yil 26-aprelda, ikki asl nusxada, har biri oʻzbek va fransuz tilida tuzildi, har ikki matn ham bir xil kuchga ega.
(imzolar)