OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI BOSHQARUVINING
Qarori
Tijorat banklarining likvidliligini boshqarishga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 13-avgustda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2709]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlari va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 6-maydagi PQ-2344-son “Tijorat banklarining moliyaviy barqarorligini yanada oshirish va ularning resurs bazasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Tijorat banklarining likvidliligini boshqarishga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2015-yil 22-iyul,
19/14-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2015-yil 22-iyuldagi 19/14-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Tijorat banklarining likvidliligini boshqarishga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlari va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 6-maydagi PQ–2344-sonli “Tijorat banklarining moliyaviy barqarorligini yanada oshirish va ularning resurs bazasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq tijorat banklarining (bundan buyon matnda bank deb yuritiladi) likvidliligini boshqarishga qoʻyiladigan talablarni belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
bankning likvidliligi (bundan buyon matnda likvidlilik deb yuritiladi) — bank majburiyatlarini oʻz vaqtida va toʻliq bajarilishini taʼminlash imkoniyati;
Keyingi tahrirga qarang.
doimiy boʻlmagan majburiyatlar — istalgan vaqtda bankdan chiqib ketishi ehtimoli yuqori boʻlgan yirik depozitlar yoki yirik qarzlar;
nolikvidli aktivlar — bozor narxini kotirovka boʻyicha aniqlash mumkin boʻlmagan yoki bu turdagi aktivlarning xarid narxi sotuvchi va xaridor oʻrtasidagi kelishuv natijasida alohida tarzda aniqlanadigan, qiymati katta miqdordagi oʻzgarishlarga uchrab turishi mumkin boʻlgan va taqqoslashni qiyinlashtiradigan aktivlar;
likvidli aktivlar — bozor qiymatining shakllanishini taʼminlaydigan, bozor qiymati boʻyicha qisqa muddat ichida ularni sotib olishga osonlik bilan xaridor topiladigan, doimiy ravishda sotiluvchi va sotib olinuvchi aktivlar;
Keyingi tahrirga qarang.
asosiy valyuta — bankning jami aktivlarining 5 foizi yoki undan ortiq miqdoriga teng boʻlgan aktivlar yoki majburiyatlar aks etgan valyuta;
yirik hamkor — bank jami aktivlarining 1 foizidan ortiq miqdorda moliyalashtirish manbasini taʼminlab beradigan hamkor;
Keyingi tahrirga qarang.
yirik mahsulot yoki vosita — hajmi jami aktivlarning 1 foizidan ortiq boʻlgan bank mahsuloti yoki vositasi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Likvidli aktivlarga quyidagilar kiradi:
naqd pullar;
sof quyma oltin;
bankning Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankida (bundan buyon matnda Markaziy bank deb yuritiladi) ochilgan hisobvaraqlaridagi mablagʻlar;
bankning boshqa banklarda ochilgan hisobvaraqlaridagi mablagʻlar;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qimmatli qogʻozlari;
qisqa muddatli (7 kungacha) banklararo kreditlar va depozitlar;
tavakkalchilik darajasi past boʻlgan mamlakatlar hukumatlarining qimmatli qogʻozlari;
“Standard & Poorʼs”, “Fitch Ratings” va “Moodyʼs Investors Service” kompaniyalari kabi yetakchi xalqaro reyting tashkilotlarining eng yuqori baholari berilgan, rivojlangan fond birjalari roʻyxatlariga kiritilgan, tavakkalchilik darajasi past boʻlgan mamlakatlarning yetakchi transmilliy kompaniyalarining qimmatli qogʻozlari.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Yuqori likvidli aktivlarga quyidagilar kiradi:
mazkur Nizomning 2-bandi ikkinchi, uchinchi, oltinchi va sakkizinchi xatboshilarida keltirilgan likvidli aktivlar;
ehtimoliy zararlarni qoplash zaxiralariga ajratmalar sifatida Markaziy bankka oʻtkazilgan mablagʻlardan tashqari mazkur Nizomning 2-bandi toʻrtinchi xatboshisida keltirilgan likvidli aktivlar;
Keyingi tahrirga qarang.
tavakkalchilik darajasi past boʻlgan mamlakatlardagi banklarga joylashtirilib, taʼminot sifatida qoʻyilmagan likvidli aktivlar.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Yuqori likvidli aktivlar quyidagi talablarga javob berishi lozim:
kapital monandligini hisoblashda 0 foiz tavakkalchilik belgilanishi. Bunda, nomoddiy aktivlar, birlashmagan korxonalar kapitaliga qilingan investitsiyalar har qanday holatda yuqori likvidli aktivlar hisoblanmaydi;
Keyingi tahrirga qarang.
toʻplanish darajasi past boʻlishi va pul yoki repo bozorlarida oson sotilishi;
har qanday bozor sharoitida likvidlilikning isbotlangan ishonchli manbasi hisoblanishi;
moliyaviy tashkilot yoki unga daxldor boʻlgan shaxslarning majburiyatlarini oʻz ichiga olmasligi.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Uzoq muddatlarga qoʻyilgan aktivlar hisobidan yuqori foyda olish va qisqa muddatli likvidlilikka boʻlgan ehtiyojlarni qondirish oʻrtasidagi muvozanatni saqlash bankni boshqarishda bank boshqaruv organlarining samaradorligi hamda bank ijro rahbariyatining malakasi yuqori ekanligidan dalolat beruvchi asosiy komponent hisoblanadi.
6. Bank tomonidan mazkur Nizomda koʻrsatilgan barcha talablar bajarilgan taqdirda ham toʻlovlarni oʻz vaqtida oʻtkazmaslik likvidlilikka boʻlgan talabni qoʻpol ravishda buzish hisoblanadi.
7. Qisqa muddatli majburiyatlarni bajarish uchun yetarli miqdorda pul mablagʻlari va qisqa muddatli aktivlarga ega boʻlishi yuzasidan bank rahbariyati likvidlilikni rejalashtirib borishi kerak.
8. Bank foyda olishga boʻlgan intilishni muvozanatda saqlab turishi hamda daromad olish maqsadida likvidlilikka qoʻyilgan talablarni buzmasligi lozim.
2-bob. Likvidlilikni boshqarish
9. Likvidlilikni samarali boshqarish quyidagi talablar asosida amalga oshiriladi:
bank va uning atrofidagi muhitning oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olgan va aniq ifodalangan likvidlilikni boshqarish siyosatining mavjudligi;
bankning tegishli boʻlinmalarini oʻzaro muvofiqlashtirilganligi;
likvidlilik holati monitoringini amalga oshirish vazifalari yuklatilgan tarkibiy boʻlinmaning mavjudligi;
maʼlumotlar bazasini shakllantirish hamda bankning aktiv va passiv holatlarini tahlil qilish uchun axborot tizimining mavjudligi.
10. Banklarda likvidlilikni boshqarish siyosati likvidlilikni boshqarish boʻyicha asosiy holatlarni qamrab olishi hamda likvidlilikni boshqarishga oid oʻziga xos jihatlariga nisbatan pozitsiyasini yoki turli xil moliyaviy vositalarni qoʻllashga nisbatan munosabatini aniq ifoda etishi lozim.
11. Banklar likvidlilik tavakkalchiligi valyuta tavakkalchiligiga taʼsir etishi mumkinligini hisobga olib, har bir asosiy valyuta boʻyicha monitoring oʻtkazishlari va likvidlilik tavakkalchiligini boshqarishlari lozim.
12. Likvidlilikni boshqarish siyosati alohida hujjat sifatida ishlab chiqiladi va bank Kengashi tomonidan har yili tegishli yilning 1-fevraligacha tasdiqlanadi.
13. Bank Kengashi tomonidan har chorakda kamida bir marta likvidlilikni boshqarilishi muhokama qilinishi va natijasi yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinishi lozim.
14. Har bir bankda likvidlilikni boshqarish qoʻmitasi (bundan buyon matnda qoʻmita deb yuritiladi) tuzilishi hamda uning zimmasiga likvidlilikni samarali boshqarishni taʼminlash maqsadida bankning barcha boʻlinmalari faoliyatini muvofiqlashtirish majburiyati yuklatilishi lozim.
15. Bank boshqaruvi raisi qoʻmitaga rahbarlik qiladi va qoʻmita aʼzolarini bankning asosiy tarkibiy boʻlinmalari rahbarlaridan tayinlaydi.
16. Qoʻmita bankning biznes-rejasi hamda u faoliyat olib borayotgan iqtisodiy sharoitlarga asoslanib, resurslarga boʻlgan joriy va istiqboldagi ehtiyojlarni koʻrib chiqish uchun haftasiga kamida bir marta yigʻilishi lozim.
17. Qoʻmita doimiy ravishda likvidlilik tavakkalchiligini hamda yuridik shaxslarning moliyalashtirishga boʻlgan talablarini, faoliyatlari yoʻnalishlarini, pul oqimlarini nazorat qilishi va monitoringini amalga oshirishi lozim.
18. Qoʻmita qarorlari bank boʻlinmalari va filiallari tomonidan amalga oshiriladigan tezkor va strategik koʻrsatmalarni oʻz ichiga olishi kerak.
19. Bankda likvidlilikni boshqarish uchun uning barcha tarkibiy boʻlimlaridan zarur axborotlarni olish vakolatiga ega boʻlgan tarkibiy boʻlinma tashkil etilishi lozim.
20. Bankda likvidlilikni boshqarish uchun masʼul boʻlgan tarkibiy boʻlinma zimmasiga quyidagi asosiy vazifalar yuklatiladi:
likvidlilik holatini doimiy ravishda kuzatib borish;
rahbariyatga likvidlilik holati toʻgʻrisida kunlik hisobotlarni taqdim etib borish;
likvidlilikni qisqa muddatli rejalashtirish tavsiyalarini tayyorlash;
davriy ravishda (kun, oy, chorak, yil yakunlari boʻyicha) bank boshqaruviga likvidlilik holati yuzasidan hisobotlarni taqdim etib borish.
Keyingi tahrirga qarang.
21. Kunlik likvidlilik hisobotlar 7 kunlik davr ichida likvidlilikning qisqa muddatli pasayishi yoki ortishini aks ettirishi lozim. Kunlik likvidlilik hisobotida mazkur Nizomning 1-ilovasida koʻrsatilgan maʼlumotlar aks ettirilishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
22. Kunlik likvidlilik hisoboti yuzasidan resurslar taqchilligi yuzaga kelganda uni qay tarzda qoplash toʻgʻrisida, resurslar ortiqcha boʻlganda esa keyingi davrlarda likvidlilik talablarini hisobga olib, mablagʻlarni qay tarzda foydaliroq joylashtirish toʻgʻrisida qoʻmita tomonidan tegishli qaror qabul qilinadi.
23. Uzoq muddatli rejalashtirish aktivlar va majburiyatlarni soʻndirish grafigini kamida oylik davr asosida tayyorlash yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Mazkur grafik maʼlum davr oraligʻida likvidlilikning ortib yoki kamayib ketishini aks ettirgan holda, soʻndirishning tegishli toifalari boʻyicha moliyaviy aktivlar va majburiyatlarni kuzatib borish hamda rahbariyatga muammolarni oldini olish uchun choralar koʻrish imkoniyatini yaratib berishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
24. Har bir bank, oʻz amaliyotlari hajmi va murakkabligiga bogʻliq holda, likvidlilikni samarali tarzda kuzatish imkonini beruvchi oʻz axborot tizimiga ega boʻlishi lozim. Axborot tizimlari rahbariyatning zaruriy axborotga boʻlgan ehtiyojini oʻz vaqtida va toʻliq qondirishi lozim.
25. Har bir bankda likvidlilik boʻyicha hisobotlar bank boshqaruvi axborot tizimiga koʻmaklashishi lozim. Bank boshqaruvi axborot tizimi har bir asosiy valyutaning likvidliligini monitoring qilish imkonini berishi kerak.
26. Hisobotlar rahbariyatga asoslangan qarorlar qabul qilish imkoniyatini berish uchun oʻz vaqtida berilishi va yetarli darajada batafsil boʻlishi uchun ular quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim:
likvidli aktivlar haqidagi maʼlumotlar;
yuqori likvidli aktivlar haqidagi maʼlumotlar;
likvidlilik koeffitsiyentlari;
sof barqaror moliyalashtirish meʼyori koeffitsiyenti (bundan buyon matnda SBMMK deb yuritiladi);
moliyaviy resurslarning eng yirik manbalari, tarmoq va geografik hudud boʻyicha resurslar manbalarining jamlanganligi;
asosiy nomuvofiqliklarni aniqlash uchun aktivlar va passivlarni toʻlash jadvali;
likvidli aktivlar va depozitlarning aks ettiruvchi oʻzgarish jadvallari;
balansdan tashqari majburiyatlar;
berilishi kutilayotgan kreditlar;
Keyingi tahrirga qarang.
aktivlarning daromadliligi va jalb qilingan resurslarning qiymati;
Keyingi tahrirga qarang.
iqtisodiyotning ahvoli, shu jumladan, asosiy iqtisodiy indikatorlar va foiz stavkalarining oʻzgarish prognozi.
3-bob. Likvidlilikni boshqarish strategiyasi
27. Likvidlilikni samarali boshqarish aktivlar va passivlarni faol boshqarilishini oʻz ichiga olishi lozim. Likvidlilikni boshqarishga boʻlgan talablar bajarilishi bank balansining aktiv va passiv qismlarini, shuningdek koʻzda tutilmagan holatlar hisobvaraqlarini boshqarish orqali taʼminlanishi kerak.
28. Banklar resurslarni va moliyalash yoʻnalishlarini samarali diversifikatsiya qilish imkonini beruvchi moliyalash strategiyasini ishlab chiqishlari lozim.
29. Balansning aktiv qismida likvidlilikni boshqarish uchun Davlat qisqa muddatli obligatsiyalari yoki zaxiralarning ortiqcha miqdorini yoxud qisqa muddatli qoʻyilmalari kabi boshqa likvidli aktivlarni xarid qilish yoki sotish usullari bilan amalga oshiriladi.
30. Bank rahbariyati bozordagi holat boʻyicha aniq va oʻz vaqtida olingan maʼlumotlarga asoslanib, bankka jalb qilinayotgan mablagʻlar turlarining afzalliklari va kamchiliklarini batafsil aniqlashi lozim. Likvidlilikni boshqarish boʻyicha qarorlar qabul qilish quyidagi omillar tahlili asosida amalga oshiriladi:
joriy likvidlilik holati;
resurslarga boʻlgan talabning davriy oʻzgarib turishi;
resurslarga boʻlgan talablarning kutilayotgan oʻzgarishlari;
resurslar manbalari;
resurslar qiymati;
aktivlarning sifati;
resurslarning jamlanganligi;
bank kapitali va daromadligini hisobga olgan holda, bankning umumiy moliyaviy holati;
balansdan tashqari moddalardagi majburiyatlar va shartnomalar, shu jumladan, ishlatilmayotgan kredit liniyalari, akkreditivlar, qimmatli qogʻozlar yoki chet el valyutasini sotib olish uchun tuzilgan kelishuvlar.
4-bob. Likvidlilikni boshqarish usullari
31. Banklar tomonidan jalb qilingan mablagʻlar narxlarning raqobatliligiga va majburiyatlarni qaytarish muddati aktivlarni qaytarish muddatiga mos kelish talablariga javob berishi kerak.
32. Aktivlar va majburiyatlarni qaytarish muddatlarining mos kelmasligi likvidlilik tavakkalchiligining asosiy omili hisoblanadi. Bu nomutanosibliklarni anglagan holda likvidlilik tavakkalchiligini kamaytirish uchun yetarli choralarni koʻrish yoʻli bilan likvidlilikni mustahkamlash likvidlilikni samarali boshqarishni koʻrsatadi.
Bank rahbariyatiga likvidlilik yoʻnalishlari boʻyicha shartnomaviy majburiyatlarni boshlangʻich va soddalashtirilgan holatini, likvidlilikka boʻlgan talabni qachon oʻsishini koʻrsatish hamda likvidlilikka boʻlgan talabning asosiy jihatlarini aniqlash maqsadida banklar oʻz aktiv va majburiyatlarini qaytarish muddatlari oʻrtasidagi nomuvofiqlikni baholab borishlari lozim.
33. Banklar yirik korxona-mijozlarning maxsus depozitlariga qaram boʻlib qolishini oldini olish maqsadida oʻz majburiyatlari (vositalari) tarkibini diversifikatsiya qilib borishlari lozim.
34. Banklararo bozor resurslarning muhim va yirik manbai boʻlib hisoblanadi va ular quyidagi muammolarni hal etish uchun xizmat qiladi:
Keyingi tahrirga qarang.
banklar vakillik hisobvaraqlaridagi mablagʻlar taqchilligini qoplash va uni talab darajasiga yetkazish;
moʻljallanayotgan uzoq muddatli kreditlash ehtiyoji vujudga kelguncha yoki yirik depozitni qaytarish talabi bildirilguncha boʻsh resurslarni, shu jumladan, qisqa muddatga samarali joylashtirish uchun sharoit yaratish;
Keyingi tahrirga qarang.
Markaziy bankdan olingan kreditlarni qaytarish.
Keyingi tahrirga qarang.
35. Banklar banklararo bozorda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda oʻzaro qarz munosabatlariga kirishishi mumkin. Bunda banklararo kreditlarning foiz stavkalari banklar oʻrtasida tuzilgan bitim asosida belgilanishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
Banklararo kreditlarning foiz stavkalari Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi yoki Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qimmatli qogʻozlari boʻyicha stavkalariga nisbatan ham belgilanishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
36. Taʼminotga ega boʻlmagan banklararo kredit bitimlarini tuzganda bir qarzdorga toʻgʻri keluvchi tavakkalchilik meʼyorlariga amal qilish kerak, overnayt operatsiyalari bundan mustasno boʻlib, ularning eng yuqori miqdori bank birinchi darajali kapitalining 25 foizidan oshmasligi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
37. Repo operatsiyalarida qoʻllaniladigan qimmatli qogʻozlar oson sotiluvchi va likvidli boʻlishi kerak. Banklar davlat qisqa muddatli obligatsiyalaridan boshqa qimmatli qogʻozlarni garovga olganda ularni oʻzlarida yoki uchinchi shaxslarda saqlanishini taʼminlashlari kerak.
38. Banklar stress vaqtida banklararo bozordan yoki Markaziy bankdan taʼminlangan mablagʻlarni jalb qilish maqsadida ularning garovi sifatida foydalanish mumkin boʻlgan likvidli aktivlar hajmini monitoring qilib borishlari lozim.
39. Banklar repo operatsiyalarini qonun hujjatlari talablariga rioya qilgan holda amalga oshirishlari lozim. Kredit beruvchi qimmatli qogʻozlar toʻlov muddatiga koʻra garov qiymatining kredit qiymatidan kamida 10 foizga yuqori boʻlishini taʼminlashi kerak. Ushbu marja miqdori garovga qoʻyilgan qimmatli qogʻozlarning qolgan toʻlash muddatiga koʻra belgilanishi va toʻlov muddati marja miqdoriga nisbatan belgilanishi zarur.
Keyingi tahrirga qarang.
40. Banklar bozorda kotirovka qilinmaydigan qimmatli qogʻozlar va asosiy vositalar kabi garovning nolikvid shakllarini qoʻllashda oʻzlarining zimmasidagi xatarni baholab borishlari lozim.
5-bob. Likvidlilikni baholash
41. Banklar asosiy valyutalar boʻyicha likvidlilik tavakkalchiligini monitoring va nazorat qilib borishlari kerak.
42. Banklar likvidlilik tavakkalchiligini monitoring va nazorat qilish maqsadida koʻzda tutilmagan holatlar bilan bogʻliq boʻlishi mumkin boʻlgan kirim va chiqim mablagʻlarini, shu jumladan forvard-bitimlar, repo operatsiyalari, ijroga olingan kafolatlar, devalvatsiyalangan akkreditivlar, moliyaviy holati qoniqarsiz boʻlgan qarzdorlarga berilgan akkreditivlar va kafolatlarni hisobga olishlari lozim.
43. Banklar joriy likvidlilik meʼyorlarini bajarishlari lozim. Joriy likvidlilik koeffitsiyenti joriy aktivlarning summasini (toʻlov muddati 30 kungacha boʻlgan bankning likvidli aktivlari va qoʻyilmalari, bundan muddati uzaytirilgan yoki qaytarish muddati oʻtgan kreditlar mustasno) joriy majburiyatlar (talab qilib olinguncha va ijro etish muddati 30 kungacha boʻlgan majburiyatlar) summasiga nisbati orqali aniqlanadi va 30 foizdan kam boʻlmasligi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
44. Likvidlilik tahlil qilingan davr (oylik, choraklik, yillik) mobaynida tahlil qiluvchi likvidlilik koʻrsatkichlari oʻzgarishi tendensiyasiga ahamiyat berishi va oʻzgarishlar sabablari hamda xususiyatlarini oʻtgan davrlarga nisbatan baholashi, resurslar jalb qilishning oʻtgan va joriy strategiyalarini tahlil qilishi lozim.
45. Likvidlilik koeffitsiyenti oʻz-oʻzidan likvidlilikning yetarliligi boʻyicha aniq maʼlumotlarni bermaydi, ular umumiy bahoning bir qismi hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
46. Likvidlilikni hisoblashda likvidli aktivlarning jami aktivlardagi ulushini, doimiy boʻlmagan majburiyatlarning jami aktivlardagi ulushini, likvidli aktivlarning doimiy boʻlmagan majburiyatlardagi ulushini hisoblash orqali qoʻshimcha likvidlilik koeffitsiyentlaridan ham foydalaniladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Yuqorida keltirilgan koʻrsatkichlarning pasayishi bank resurslarining barqaror boʻlmagan manbalariga tayanganligini yoki bank portfelidagi yuqori likvidli aktivlar ulushi kamayganligidan dalolat beradi.
47. Banklar ajratilgan kreditlarni jalb qilingan depozitlarga boʻlish orqali depozitlarning ajratilgan kreditlardagi ulushini aniqlaydi. Koʻrsatkichning juda yuqori (80 foizdan ortiq) qiymati va (yoki) oʻsishi muammolarning dastlabki belgilaridanoq bankdan chiqib ketadigan barqarorligi pastroq resurslar manbalariga boʻlgan bank ishonchini bildiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
48. Banklar qimmatli qogʻozlar portfelidagi garovga qoʻyilgan qimmatli qogʻozlarni jami qimmatli qogʻozlar portfeliga boʻlish orqali likvidlilikka tezkor talablarni qoplash uchun qoʻllanila olmaydigan qimmatli qogʻozlar ulushini aniqlaydi.
49. Bank rahbariyati oʻzining likvidlilik koʻrsatkichlari toʻplamini ishlab chiqishda joriy likvidlilikdan tashqari bank xususiyatlaridan kelib chiqib boshqa omillarni hisobga olishi kerak.
50. Banklar yirik hamkor, iqtisodiyot tarmoqlari va vositalardan olinadigan moliyalash manbalarini umumlashtirgan holda tahlil qilib borishlari va tahlil natijalari boʻyicha bank Kengashi va boshqaruvi tomonidan holatni tuzatish boʻyicha tegishli choralar koʻrilishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
Bank tomonidan umumlashtirgan holda moliyalash manbalarini monitoring qilishda har bir yirik hamkorning manbai boʻyicha moliyalashtirish majburiyatlarini jami aktivlarga, chet el valyutasidagi manbalar boʻyicha moliyalashtirish majburiyatlarini jami aktivlarga va har bir yirik mahsulot yoki vosita manbai boʻyicha moliyalashtirish majburiyatlarini jami aktivlarga nisbatlari tahlil qilib boriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
51. Banklar oʻzlarining likvidlilik holatlarini har chorakda kamida bir marta stress testlaridan oʻtkazishlari lozim. Stress testlarining yakuniy natijasi boʻyicha tavakkalchilikni boshqarish strategiyasini toʻgʻrilab borishlari kerak. Stress testlarining natijalaridan kelib chiqib banklar kutilmagan stress holatlarida qoʻshimcha mablagʻlar bilan taʼminlash rejalarini ishlab chiqishlari zarur. Banklar stress testlari natijalari va koʻzda tutilmagan moliyalashga doir tuzilgan rejalar boʻyicha bank boshqaruvi tomonidan qabul qilingan qarorlar haqida Markaziy bankka maʼlumotlar taqdim etishlari lozim. Bank Kengashi va boshqaruvi stress koʻrsatkichlari va taxminlarini hamda koʻzda tutilmagan moliyalash rejalarini yetarliligi va muvofiqligini oʻrganib borishlari lozim.
6-bob. Likvidlilik koʻrsatkichlariga qoʻyiladigan talablar
52. Banklar 2016-yil 1-yanvardan boshlab likvidlilikni qoplash meʼyorini taʼminlashlari shart. Likvidlilikni qoplash meʼyori koeffitsiyenti (bundan buyon matnda LQMK deb yuritiladi) yuqori likvidli aktivlarning keyingi 30 kun ichidagi jami sof chiqimga nisbati sifatida aniqlanadi (LQMK=yuqori likvidli aktivlar/keyingi 30 kun ichidagi jami sof chiqim).
Keyingi tahrirga qarang.
LQMK 80 foizdan kam boʻlmasligi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi 30 kun ichidagi kirim keyingi 30 kun ichidagi chiqimning 75 foizidan oshgan taqdirda, keyingi 30 kun ichidagi kirim sifatida keyingi 30 kun ichidagi chiqimning 75 foizi olinadi.
Keyingi 30 kun ichidagi kirim va chiqimning qayta hisoblash koeffitsiyenti Markaziy bank tomonidan oʻrnatiladi va majburiyatlarning turi va muddatiga bogʻliq boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
2017-yil 1-yanvardan boshlab LQMK 90 foizdan kam boʻlmasligi lozim. 2018-yil 1-yanvardan boshlab LQMM 100 foizdan kam boʻlmasligi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
53. Banklar 2018-yil 1-yanvardan boshlab sof barqaror moliyalashtirish meʼyorini taʼminlashlari shart. SBMMK barqaror moliyalashtirishning mavjud summasini barqaror moliyalashtirishning zarur summasiga nisbati sifatida aniqlanadi (SBMMK=barqaror moliyalashtirishning mavjud summasi/barqaror moliyalashtirishning zarur summasi). SBMMK hisoblash namunasi mazkur Nizomning 2-ilovasida koʻrsatilgan.
Keyingi tahrirga qarang.
SBMMK 100 foizdan kam boʻlmasligi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
SBMMK aktivlarni qaytarish muddatlarini hisobga olgan holda, moliyalashning barqaror resurslari mavjud boʻlishi uchun, shuningdek 1 yildan ortiq muddatdagi balansdan tashqari moddalardagi majburiyatlarni qoʻshib, likvidlilikka boʻlgan talabni (zarur boʻlgan barqaror moliyalashtirishni) qondirish uchun kerak.
54. Barqaror moliyalashtirishning mavjud summasiga quyidagilar kiradi:
bank regulyativ kapitali;
Keyingi tahrirga qarang.
amaldagi qaytarish muddati 1 yil va undan ortiq boʻlgan bank majburiyatlari;
qaytarish muddati belgilanmagan boshqa depozitlar va qarz mablagʻlari summasining 30 foizi;
qaytarish muddati 1 yildan kam boʻlgan boshqa depozitlar va qarz mablagʻlari summasining 30 foizi.
Keyingi tahrirga qarang.
55. Barqaror moliyalashtirishning zarur summasiga quyidagilar kiradi:
qaytarilishiga 1 yil va undan ortiq muddat qolgan bank aktivlari, shu jumladan muammoli kreditlar va nomoliyaviy aktivlar (yer uchastkalari, binolar, mebel, kompyuterlar va avtomashinalar);
sud jarayonida boʻlgan yoki belgilangan tartibda undirilmagan aktivlar;
qaytarish muddati 1 yildan kam boʻlgan boshqa aktivlar summasining 30 foizi, qaytarish muddati 1 yildan kam boʻlgan yoki muddatsiz likvidli aktivlar bundan mustasno;
balansdan tashqari moddalardagi majburiyatlarning 15 foizi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
7-bob. Yakuniy qoida
56. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
Tijorat banklarining likvidliligini boshqarishga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
1-ILOVA
Tijorat bankining kunlik likvidlilik hisobotida aks ettirilishi lozim boʻlgan
MAʼLUMOTLAR
1. Joriy aktivlar:
naqd pul;
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankidagi vakillik hisobvaragʻi;
davlat qisqa muddatli obligatsiyalari (garovga qoʻyilganlardan tashqari);
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining boshqa qimmatli qogʻozlari (garovga qoʻyilganlardan tashqari);
boshqa tijorat banklariga berilgan kreditlar (overnayt);
Keyingi tahrirga qarang.
boshqa tijorat banklardagi vakillik hisobvaraqlari;
boshqa tijorat banklaridan olinadigan depozitlar;
qaytadigan kreditlar — asosiy summaning bir qismi;
Keyingi tahrirga qarang.
boshqa aktivlar.
2. Kutilayotgan moliyaviy manbalar:
depozitlarning rejalashtirilayotgan oʻsishi;
toʻlov muddati kelgan kreditlar;
Keyingi tahrirga qarang.
boshqa manbalar.
3. Moliyalashtirish boʻyicha kutilayotgan talablar:
yangi kreditlarni moliyalashtirish (kreditlar turi batafsil koʻrsatiladi);
Keyingi tahrirga qarang.
depozitlarning chiqib ketishi (hisobvaraq turi batafsil koʻrsatiladi);
asosiy vositalarni sotib olish;
boshqa majburiyatlar.
4. Balansdan tashqari majburiyatlar:
Keyingi tahrirga qarang.
moliyalashtirilayotgan kredit liniyalari;
akkreditiv boʻyicha toʻlovlar;
toʻlov muddati kelgan qimmatli qogʻozlarni sotib olish boʻyicha majburiyatlar;
toʻlov muddati kelgan chet el valyutasini sotib olish boʻyicha majburiyatlar;
boshqa majburiyatlar.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Yetishmayotgan va ortiqcha resurslar — miqdori joriy aktivlar va kutilayotgan moliyaviy manbalardan moliyalashtirish boʻyicha kutilayotgan talablar va balansdan tashqari majburiyatlarni ayirish orqali aniqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Yetishmayotgan va ortiqcha resurslar natijasidan kelib chiquvchi mablagʻlarni jalb qilish va investitsiyalash boʻyicha tavsiyalar.
Tijorat banklarining likvidliligini boshqarishga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
2-ILOVA
Sof barqaror moliyalashtirish meʼyori koeffitsiyentini hisoblash
NAMUNASI
|
Hisobvaraq |
Aktiv |
Majburiyat | ||
|
1 yildan kam |
1 yildan ortiq |
1 yildan kam |
1 yildan ortiq | |
|
1 |
50 |
— |
— |
50 |
|
2 |
30 |
— |
— |
20 |
|
3 |
40 |
60 |
10 |
30 |
|
4 |
30 |
150 |
70 |
120 |
|
5 |
50 |
75 |
50 |
50 |
|
6 |
– |
25 |
60 |
40 |
|
Jami |
200 |
300 (S) |
190 |
310 (D) |
Barqaror moliyalashtirishning mavjud summasi (D) = 310 + (190 x 30 foiz) = 367;
Barqaror moliyalashtirishni zarur summasi (S) = 300 + (200 x 30 foiz) = 360;
Sof barqaror moliyalashtirish meʼyori koeffitsiyenti = 367 / 360 yaʼni 100 foizdan baland.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 32-son, 437-modda; 2017-y., 25-son, 559-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.04.2018-y., 10/18/2709-2/1100-son, 22.04.2019-y., 10/19/2709-3/2980-son; 25.02.2020-y., 10/20/2709-4/0221-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son, 10.12.2021-y., 10/21/2709-05/1153-son; 07.02.2024-y., 10/24/2709-6/0103-son; 22.04.2025-y., 10/25/2709-7/0368-son; 04.08.2025-y., 10/25/2709-8/0690-son; 20.07.2026-y., 10/26/2709-9/0751-son)