Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
Qarori
Bir qarz oluvchi yoki bir-biriga daxldor qarz oluvchilar guruhi uchun tavakkalchilikning eng koʻp miqdorlari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 5-avgustda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2707]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 21-sentabrdagi 21/12-sonli “Bir qarz oluvchi, oʻzaro aloqador qarz oluvchilar guruhi, shu jumladan bankka aloqador shaxslar uchun tavakkalchilikning eng koʻp miqdori toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 3283, 29.10.2020-y.) asosan 2021-yil 30-yanvardan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlari va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 6-maydagi PQ-2344-son “Tijorat banklarining moliyaviy barqarorligini yanada oshirish va ularning resurs bazasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Bir qarz oluvchi yoki bir-biriga daxldor qarz oluvchilar guruhi uchun tavakkalchilikning eng koʻp miqdorlari toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2015-yil 22-iyul,
19/16-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2015-yil 22-iyuldagi 19/16-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Bir qarz oluvchi yoki bir-biriga daxldor qarz oluvchilar guruhi uchun tavakkalchilikning eng koʻp miqdorlari toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlari va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 6-maydagi PQ-2344-son “Tijorat banklarining moliyaviy barqarorligini yanada oshirish va ularning resurs bazasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq bir qarz oluvchi yoki bir-biriga daxldor qarz oluvchilar guruhi uchun tavakkalchilikning eng koʻp miqdorlarini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar.
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
qarzdor — kredit va boshqa har qanday majburiyat boʻyicha bank oldida qarzdor boʻlgan jismoniy yoki yuridik shaxs;
yuridik shaxsning yirik ishtirokchisi (aksiyadori) — ustav kapitali yoki ovoz beruvchi ulushlarning (aksiyalarning) 10 yoki undan ortiq foiziga bevosita yoki bilvosita ega boʻlgan jismoniy yoki yuridik shaxs;
yirik tavakkalchilik — jami summasi bank birinchi darajali kapitalining 10 foizidan oshadigan bir qarz oluvchi yoki bir-biriga daxldor qarz oluvchilar guruhi uchun tavakkalchilik.
2. Shaxs quyidagi hollarda yuridik shaxsga katta taʼsir koʻrsatayotgan hisoblanadi:
yuridik shaxsning yirik ishtirokchisi (aksiyadori) boʻlsa;
yuridik shaxs bilan tuzilgan rasmiy bitim asosida yoki boshqa istalgan usulda shaxsning faoliyatini boshqarish yoki rahbarlik qilish imkoniyatiga ega boʻlsa.
3. Quyidagi hollarda bankning qarzdorlari bir-biriga daxldor qarz oluvchilar guruhi deb hisoblanadi:
qarzdor(lar)dan biri boshqa qarzdor(lar)ga katta taʼsir oʻtkaza olishi mumkin boʻlsa;
bankning qarzdori boʻlgan toʻliq yoki kommandit shirkat, masʼuliyati cheklangan yoki qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatning ishtirokchisi ayni bir paytda bankning qarzdori boʻlsa;
ikki yoki undan ortiq qarzdor aynan bir shaxsning (bu shaxs bank oldida qarzdor yoki qarzdor emasligidan qatʼi nazar) taʼsiri ostida boʻlsa;
xoʻjalik jamiyati yoki shirkatning bankdan qarzdor boʻlgan ikki yoki undan ortiq ishtirokchisi aynan bir shaxs bilan solidar javobgarlikni oʻz zimmasiga olgan boʻlsa (bu shaxs bank oldida qarzdor yoki qarzdor emasligidan qatʼi nazar);
bir qarzdor ikkinchisiga kredit sifatida olingan mablagʻlarni bergan boʻlsa yoxud ikki yoki undan ortiq qarzdorlar birgalikda yoki alohida holda kredit sifatida olingan mablagʻlarini bir shaxsga (bu shaxs bank oldida qarzdor yoki qarzdor emasligidan qatʼi nazar) bergan boʻlsa (ikki yoki undan ortiq qarzdorlar bir sotuvchidan jihozlar sotib olishi kabi, odatdagi tijorat operatsiyalari bundan mustasno);
ikki va undan ortiq qarzdorlar xoʻjalik jamiyatlari va shirkatlarida ishtirok etish yoki birgalikda faoliyat yuritish uchun bankdan olgan kreditlardan foydalansa va ushbu kreditlarni yagona manbadan toʻlashsa;
qarzdorlarning birida moliyaviy qiyinchiliklar yuzaga kelgan taqdirda toʻlov boʻyicha muammolar qarzdorlarning boshqasida ham yuzaga kelsa.
4. Bir qarz oluvchi yoki bir-biriga daxldor qarz oluvchilar guruhiga toʻgʻri keluvchi tavakkalchiliklar (kreditlar) quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
Oldingi tahrirga qarang.
kreditlar, yuridik shaxs ustav kapitaliga va boshqa qimmatli qogʻozlariga kiritilgan investitsiyalar, berilgan kafolatlar va ular boʻyicha toʻlab berilib, undirilmagan mablagʻlar, qabul qilingan kafolatlar (kafilliklar), bosqichma-bosqich toʻlash sharti bilan sotilgan aktivlar, akseptlar yoki akkreditivlar, lizing, qimmatli qogʻozlar va chet el valyutasini sotib olish boʻyicha har qanday huquqiy asoslangan majburiyatnoma, faktoring, repo, svop hamda hisoblangan foizlar va balansdan tashqari moddalarda aks ettirilgan majburiyatlar;
(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2017-yil 24-iyundagi 14/15-son qarori (roʻyxat raqami 2707-1, 24.07.2017-y.) tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 30-son, 744-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
moliyalashtirishga doir barcha yuridik majburiyatlar;
overdraftlar (mijozlarning hisobvaraqlaridagi debet qoldiqlari);
balansning balansdan tashqari moddalarga oʻtkazilgan (“umidsiz” deb tasniflangan) barcha summalar, qarzdorning toʻlash majburiyati u bankrot deb eʼlon qilinganligi natijasida yuridik jihatdan bekor qilingan hollar bundan mustasno.
Keyingi tahrirga qarang.
2-bob. Bir qarz oluvchi yoki bir-biriga daxldor qarz oluvchilar guruhi uchun tavakkalchilikning eng yuqori darajasi
5. Bankning bir qarz oluvchi yoki bir-biriga daxldor qarz oluvchilar guruhi uchun tavakkalchilikning eng yuqori miqdori bank birinchi darajali kapitalining 25 foizidan oshmasligi kerak.
6. Bir qarz oluvchi yoki bir-biriga daxldor qarz oluvchilar guruhiga toʻgʻri keluvchi taʼminlanmagan kredit (eʼtimodli kredit), shuningdek faktoring xizmatlari uchun tavakkalchilikning eng yuqori miqdori bank birinchi darajali kapitalining 5 foizidan oshmasligi zarur.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Yirik tavakkalchiliklarning umumiy miqdori bank birinchi darajali kapitalining 8 barobaridan oshmasligi lozim.
8. Mazkur Nizomning 5 va 6-bandlarida koʻzda tutilgan cheklovlar quyidagi hollarda tatbiq etilmaydi:
bozor qiymati kreditlarning 125 foizini qoplay oladigan davlat qimmatli qogʻozlari, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining kafolati yoki boshqa majburiyatlari bilan taʼminlangan kreditlar;
bank tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga qayta moliyalashtirilgan kreditlar;
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 18-noyabrdagi PF-4053-son “Iqtisodiyot real sektori korxonalarining moliyaviy barqarorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq banklarga tanlov savdolarda mulk sifatida sotilgan ishlab chiqarish korxonalari mulki negizida tuzilgan korxonalarga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 19-noyabrdagi F-4010-son farmoyishi bilan tasdiqlangan Iqtisodiy nochor korxonalarni tanlov savdolarida banklarga realizatsiya qilish tartibiga muvofiq iqtisodiy sudlarning qarorlariga koʻra tugatish qiymati boʻyicha banklar balansiga qabul qilingan korxonalar mulki negizida tuzilgan yangi korxonalarga berilgan kreditlar;
(8-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2017-yil 24-iyundagi 14/15-son qarori (roʻyxat raqami 2707-1, 24.07.2017-y.) tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 30-son, 744-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
kreditlar kredit beruvchi bankdagi depozitlar bilan taʼminlanganda.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Kredit bankdagi depozitlar bilan taʼminlangan boʻlsa, u holda depozit kreditni taʼminlash uchun maxsus hisobvaraqqa kiritilishi hamda kredit shartnomasi yoki boshqa qoʻllaniladigan bitimda kredit qaytarilmagan holda bank depozitni ishlatishi mumkin ekanligi shart qilib qoʻyilishi lozim. Bank kreditini qaytarish muddati yetib kelgunga qadar maxsus hisobvaraqqa kiritilgan depozitdan mablagʻlarni olishga yoʻl qoʻymaslik maqsadida zarur choralarni koʻrishi va nazorat oʻrnatishi kerak.
10. Depozit chet el valyutasida kiritilgan boʻlsa, bu valyutaning qiymati kredit qoldigʻining kamida 125 foizini tashkil etishi lozim. Mazkur depozit valyutasining qiymati Markaziy bankning kursi boʻyicha chet el valyutasida hisoblanadi hamda har haftada ikki marta qayta baholanishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Bank rahbariyati mazkur Nizomga muvofiq talab qilinadigan darajada taʼminot qiymatini saqlab turishga doir tegishli choralarni koʻrishi lozim. Agar taʼminotning bozor qiymati tushib ketsa, bank 10 ish kuni mobaynida taʼminot miqdorini ushbu Nizomga muvofiqlashtirish choralarini koʻrishi zarur.
3-bob. Banklarda lizing xizmatlari boʻyicha tavakkalchilikning eng koʻp miqdori
12. Har bir bank lizing xizmatlarini koʻrsatayotganda lizing oluvchi lizing obyektidan foydalanish shartlarini bajarishi va undan maqsadli foydalanilishi ustidan lizing shartnomasi shartlari va qonun hujjatlari talablariga muvofiq nazoratni amalga oshiradi.
13. Banklar koʻrsatayotgan lizing xizmatlarining umumiy summasi (avializing bundan mustasno) bank birinchi darajali kapitalining 25 foizidan oshmasligi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
4-bob. Hisobotni yuritish
14. Har bir bank bir qarz oluvchi yoki bir-biriga daxldor qarz oluvchilar guruhi uchun tavakkalchilikning hamda yirik tavakkalchiliklarga doir yuzaga kelishi mumkin boʻlgan barcha yirik yoʻqotishlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan hisobotni yuritishi va har oyda bir marotaba Markaziy bankka taqdim etishi lozim.
15. Markaziy bankka taqdim qilinadigan hisobot har bir qarz oluvchi va bir-biriga daxldor qarz oluvchilar guruhi boʻyicha qarzdorlarning nomi, ular toʻlamagan bank krediti umumiy summasi hamda qarzdorning boshqa majburiyatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olishi lozim. Shuningdek, hisobotga bankning yuzaga kelishi mumkin boʻlgan barcha yirik tavakkalchiliklarning umumiy summasi ham kiritiladi.
5-bob. Yakuniy qoidalar
16. Mazkur Nizom kuchga kirgan sanada bankda bir qarz oluvchi yoki bir-biriga daxldor qarz oluvchilar guruhiga toʻgʻri keluvchi tavakkalchilik miqdori belgilangan meʼyorlardan oshadigan boʻlsa, bunday aktivlar dastlabki shartlarda va muddatlarda toʻlanishi mumkin.
17. Bir qarz oluvchi yoki bir-biriga daxldor qarz oluvchilar guruhiga toʻgʻri keluvchi tavakkalchilikning umumiy summasi kreditni berish vaqtida mazkur Nizomda koʻzda tutilgan cheklovlar doirasida boʻlib, keyinchalik belgilangan meʼyorlardan oshib borsa (bank umumiy kapitali darajasi tushishi yoki valyutaning ayirboshlash stavkasi oʻzgarishi sababli), bank mazkur holat haqida Markaziy bankni zudlik bilan xabardor qilishi lozim.
18. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 31-son, 420-modda; 2017-y., 30-son, 744-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 03.04.2018-y., 10/18/2707-2/0989-son, 06.09.2018-y., 10/18/2707-3/1845-son; 21.02.2020-y., 10/20/2707-4/0201-son)