Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
Qarori
Tijorat banklarida aktivlar sifatini tasniflash va aktivlar boʻyicha ehtimoliy yoʻqotishlarni qoplash uchun zaxiralar shakllantirish hamda ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 14-iyulda 2696-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi, “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi qonunlari va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 6-maydagi PQ–2344-son “Tijorat banklarining moliyaviy barqarorligini yanada oshirish va ularning resurs bazasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Tijorat banklarida aktivlar sifatini tasniflash va aktivlar boʻyicha ehtimoliy yoʻqotishlarni qoplash uchun zaxiralar shakllantirish hamda ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2015-yil 13-iyun,
14/5-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2015-yil 13-iyundagi 14/5-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Tijorat banklarida aktivlar sifatini tasniflash va aktivlar boʻyicha ehtimoliy yoʻqotishlarni qoplash uchun zaxiralar shakllantirish hamda ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi, “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi qonunlari va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 6-maydagi PQ–2344-sonli “Tijorat banklarining moliyaviy barqarorligini yanada oshirish va ularning resurs bazasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq tijorat banklarida aktivlar sifatini tasniflash va aktivlar boʻyicha ehtimoliy yoʻqotishlarni qoplash uchun zaxiralar (bundan buyon matnda zaxiralar deb yuritiladi) shakllantirish hamda ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
aktivlar — kredit, overdraft, lizing, faktoring, qimmatli qogʻozlar, investitsiyalar, boshqa banklardagi mablagʻlar, boʻlib-boʻlib toʻlash shaklida sotilgan mulklar, balansdan tashqari moddalar (chaqirib olinmaydigan kredit majburiyatlari, foydalanilmagan kredit liniyalari, akkreditivlar, kafolatlar) hamda moliyalash bilan bogʻliq barcha boshqa talablar.
Keyingi tahrirga qarang.
muammoli aktivlar — sifati “qoniqarsiz”, “shubhali” va “umidsiz” deb tasniflangan aktivlar;
maxsus zaxiralar — sifati “substandart”, “qoniqarsiz”, “shubhali” va “umidsiz” deb tasniflangan aktivlar boʻyicha ehtimoliy yoʻqotishlarni qoplashga moʻljallangan majburiy zaxiralar;
standart aktivlarga yaratiladigan zaxiralar — tijorat banki faoliyati davomida umuman yoki biror-bir faoliyat turi natijasida ehtimoliy yoʻqotishlarni qoplash maqsadida tashkil qilinadigan zaxiralar;
shartlari qayta koʻrib chiqilgan aktivlar — shartnoma va (yoki) unga qoʻshimcha kelishuvga muvofiq asosiy shartlari oʻzgartirilgan aktivlar;
tijorat banki aktivlari boʻyicha ehtimoliy yoʻqotishlarni qoplash uchun majburiy zaxiralar depozitlari (bundan buyon matnda majburiy zaxiralar depozitlari deb yuritiladi) — aktivlar boʻyicha ehtimoliy yoʻqotishlarni qoplash uchun tijorat banklarining Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankidagi (bundan buyon matnda Markaziy bank deb yuritiladi) majburiy zaxiralar depozitlari;
Keyingi tahrirga qarang.
taʼminlanmagan aktivlar — taʼminotsiz berilgan yoki taʼminoti belgilangan tartibda rasmiylashtirilmagan aktivlar. Bunday aktivlar mustahkam tushumga ega boʻlgan qarzdorga uning yaxshi kredit tarixi asosida berilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Tijorat banklarining hisobotlari ularning aktivlari sifatining haqiqiy holatini aks ettirishi lozim.
3. Hisobotlarning haqqoniy boʻlmasligi tijorat banki omonatchilari, kreditorlari va aksiyadorlari, shuningdek Markaziy bank va boshqa manfaatdor tomonlarni chalgʻitishga va yanglishtirishga urinish deb baholanadi hamda xavfsiz boʻlmagan, nosogʻlom bank amaliyoti deb hisoblanadi.
4. Tijorat banki balansida va balansdan tashqari moddalarda yuritilayotgan muammoli aktivlarning ulushi jami aktivlarning oʻn foizidan ortiq boʻlsa, Markaziy bank tomonidan tijorat banki ijro rahbariyatining malakasi Markaziy bank talablariga muvofiq emas deb topishga hamda tijorat banki Kengashi tomonidan bank faoliyati ustidan oʻrnatilgan nazoratni yetarli emas deb hisoblanishiga asos boʻladi.
5. Daromad keltirmaydigan aktivlarning ulushi jami aktivlarning yetmish foizidan ortiq boʻlishi bank kredit siyosati, kreditlar ajratish va ularni boshqarish jarayonining boʻshligini bildiruvchi koʻrsatkich hisoblanadi.
2-bob. Aktivlar sifatini tasniflash tizimi
6. Qarzdorlar quyidagi asosiy mezonlar boʻyicha baholanadi:
tarmoq (iqtisodiyot sektori) tendensiyasi va istiqboli;
muayyan loyihaning texnik amalga oshiriluvi va iqtisodiy raqobatbardoshligi;
moliyaviy holati va kredit olishga qodirligi;
kredit tarixi, kredit taʼminotining yomonlashuvi yoki likvidliligining pasayishi;
muayyan loyihaning iqtisodiy jihatdan asoslanishi;
rahbarining boshqarish qobiliyati (agar qarzdor yuridik shaxs boʻlsa).
7. Aktivlar sifatining tahlili va tasnifi natijalari mazkur Nizomning 6-bandida keltirilgan mezonlarga asoslanadi va ushbu mezonlar tijorat banklarining kredit portfeli va boshqa aktivlaridagi tavakkalchilikni aniqlash va baholashda qoʻllaniladi.
8. Tijorat banklarining aktivlari sifatiga koʻra “standart”, “substandart”, “qoniqarsiz”, “shubhali” va “umidsiz” toifalarga tasniflanadi.
9. Qarzlarning oʻz muddatida toʻlanishiga shubha tugʻdirmaydigan aktivlar sifati “standart” deb tasniflanadi. Bunda qarz oluvchi moliyaviy jihatdan barqaror hisoblanadi, u yetarli miqdorda kapitalga, yuqori daromadlilik darajasiga hamda barcha mavjud majburiyatlarni, jumladan, mazkur qarzni qondirish uchun yetarli pul mablagʻlari oqimiga, shuningdek amalga oshirilishi mumkin boʻlgan strategik rejaga, bozorda raqobatdoshlik qobiliyatiga, yaxshi mahsulotni ishlab chiqarishga va oʻz mahsuloti boʻyicha marketing rejasiga ega boʻladi. Taʼminot “yaxshi taʼminlangan” kredit mezonlariga mos keladi. Taʼminot turlari notarial jihatdan tasdiqlangan boʻlishi (agar qonun hujjatlarida notarial tasdiqlanishi nazarda tutilgan boʻlsa), zarur hollarda, tegishli mulk bitimini roʻyxatdan oʻtkazish uchun belgilangan tartibda roʻyxatga olinishi, shu jumladan, tijorat bankining garov mol-mulkiga doir huquqlari toʻgʻrisidagi yozuv garov reyestrida aks ettirilishi lozim. Tijorat banki kredit qaytarilmagan holda cheklovlarsiz va erkin ravishda uni taʼminot hisobidan undirib olishga haqli. Taʼminotga doir taqdim etilayotgan barcha hujjatlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rasmiylashtirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Sifati “standart” deb tasniflangan aktivlar qaytarilishida muammolar kuzatilmaydi. Bunda asosiy qarz summasining va foizlarining hech qanday qismi muddati oʻtgan yoki shartlari qayta koʻrib chiqilmagan boʻlishi lozim. Asosiy qarz summasi yoki foizlardan muddati oʻtgan va shartlari qayta koʻrilgan aktivlar sifati “standart” deb tasniflanishi mumkin emas.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Tijorat banki zaxira kapitali tarkibida sifati “standart” deb tasniflangan aktivlar uchun ularning qaytarilmagan asosiy qarz (qoldiq) summasining bir foizi miqdorida standart aktivlarga yaratiladigan zaxira shakllantirishi lozim.
Standart aktivlarga yaratiladigan zaxiralar tijorat banklari tomonidan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar toʻlangandan soʻng qolgan sof foyda hisobidan mazkur Nizom kuchga kirgan kundan keyin ajratilib, hisobot sanasiga sifati “standart” deb tasniflangan aktivlar qoldigʻidan kelib chiqqan holda tashkil qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Qarzdorning moliyaviy holati barqaror hisoblangan, lekin ayrim salbiy holatlar yoki tendensiyalar mavjud boʻlib, agar ular bartaraf etilmasa, moliyalashtirilgan loyihaning amalga oshishiga yoki qarzdorning aktivni oʻz vaqtida toʻlash qobiliyatiga nisbatan shubha paydo boʻlishi mumkin boʻlgan aktivlar sifati “substandart” deb tasniflanadi. Bunda moliyaviy holati yoki taʼminotni nazorat qilish borasida bir muncha shubhalar boʻlgan, kredit hujjatlarida yetarlicha axborot boʻlmagan yoki taʼminot boʻyicha hujjatlari boʻlmagan “standart” deb tasniflangan aktivlarning sifati ham “substandart” deb tasniflanishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
13. Tijorat banki sifati “substandart” deb tasniflangan aktivlar uchun ularning qaytarilmagan asosiy qarz (qoldiq) summasining oʻn foizi miqdorida maxsus zaxira shakllantirishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Quyida keltirilgan omillardan hech boʻlmaganda bittasi mavjud boʻlsa, aktivlarning sifati “qoniqarsiz” deb tasniflanadi:
asosiy toʻlov manbalari qarz toʻlash uchun yetarli boʻlmasa, taʼminotga qoʻyilgan mulkni va qarz oluvchining boshqa asosiy vositalarini sotish, toʻlanishi lozim boʻlgan qarzlarni uzaytirishlarni hisobga olgan holda qoʻshimcha toʻlov manbalarini topish talab etiladigan boʻlsa;
qarz oluvchining joriy moliyaviy holati yoki uning pul mablagʻlarining moʻljallanayotgan oqimi majburiyatlarni qoplash uchun yetarli boʻlmasa;
qarz oluvchining kapitali yetarli darajada boʻlmasa;
ushbu sohaga nisbatan tendensiya va istiqbollar barqaror boʻlmasa;
taʼminot qiymati asosiy qarz summasidan oshmagan, hech boʻlmaganda asosiy qarzning toʻlanmagan summasiga teng boʻlsa;
asosiy qarz va foizlar boʻyicha muddati oʻtgan qarzdorlik mavjud boʻlib, uning muddati 90 kundan oshmagan boʻlsa.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
15. Tijorat banki sifati “qoniqarsiz” deb tasniflangan aktivlar uchun ularning qaytarilmagan asosiy qarz (qoldiq) summasining yigirma besh foizi miqdorida maxsus zaxira shakllantirishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
16. Sifati “qoniqarsiz” deb tasniflangan aktivlarga xos barcha xususiyatlarga ega boʻlib, mavjud sharoitda aktivlarning toʻliq qaytarilishini shubha ostiga va kam ishonchli qilib qoʻyadigan aktivlar sifati “shubhali” deb tasniflanadi. Bunda yoʻqotishlar koʻrish ehtimoli yuqori boʻlgan, lekin ayrim ijobiy omillari mavjud boʻlgan aktivlar sifati sharoit oydinlashguncha “umidsiz” deb tasniflanmaydi.
17. Quyida keltirilgan omillardan hech boʻlmaganda bittasi mavjud boʻlsa, aktivlarning sifati “shubhali” deb tasniflanadi:
“qoniqarsiz” aktivlarning hech boʻlmaganda birorta koʻrsatkichi, shuningdek ayrim boshqa salbiy tavsiflari mavjud boʻlsa (bozorda oson sotiladigan taʼminotning mavjud emasligi yoki taʼminlanmagan aktivlarning mavjudligi yoxud qarz oluvchining bankrot deb eʼlon qilinishi);
yaqin kelajakda aktivning qisman toʻlanish ehtimoli mavjud boʻlsa;
asosiy qarz va foizlar boʻyicha 90 kundan ortiq lekin, 180 kundan oshmagan muddati oʻtgan qarzdorlik mavjud boʻlsa.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
18. Tijorat banki sifati “shubhali” deb tasniflangan aktivlar uchun ularning qaytarilmagan asosiy qarz (qoldiq) summasining ellik foizi miqdorida maxsus zaxira shakllantirishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
19. Shartnomada belgilangan muddatda qaytarilmagan yoki qaytmasligidan dalolat beruvchi omillar yoki alomatlar mavjud boʻlgan hamda qaytmaydigan yoki qiymati juda pastligi tufayli hisobini balansda aktiv sifatida yuritilishi maqsadga muvofiq emas deb baholanadigan aktivlar sifati “umidsiz” deb tasniflanadi. Bunday tasniflash aktivlarda umuman hech qanday tugatiladigan qiymat mavjud emasligini bildirmaydi. Biroq, tijorat banklari oʻz balanslarida bunday aktivlarning hisobini yuritishni davom ettirishlari maqsadga muvofiq emas. Tijorat banki tomonidan taʼminotga olingan mulkni sotish orqali bunday qarzdorlikni bartaraf etish yoki uni qaytarish choralari qoʻllanishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
20. Quyida keltirilgan omillardan hech boʻlmaganda bittasi mavjud boʻlsa, aktivlarning sifati “umidsiz” deb tasniflanadi:
aktivlarni undirilishi sud jarayonida boʻlsa;
qarzdor va lizing oluvchidan undirilgan, garovga qoʻyilgan mol-mulkka boʻlgan huquqlardan foydalanish yoʻli bilan tijorat banki tomonidan balansga qabul qilingan kundan boshlab uch oy muddatda sotilmagan va bank faoliyatini kengaytirish uchun sotib olingan binodan ikki yil mobaynida foydalanilmagan hamda bank faoliyati uchun ortiq foydalanilmay qoʻyilgan paytdan boshlab bir yil mobaynida sotilmagan boʻlsa;
aktivlarning toʻlash muddati uzaytirilgan boʻlsa;
Keyingi tahrirga qarang.
asosiy qarz va foizlar boʻyicha 180 kundan ortiq kunga muddati oʻtgan qarzdorlik mavjud boʻlsa.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
21. Tijorat banki sifati “umidsiz” deb tasniflangan aktivlar uchun ularning qaytarilmagan asosiy qarz (qoldiq) summasining yuz foizi miqdorida maxsus zaxira shakllantirishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
22. Agar tijorat bankida bitta qarzdorga berilgan bir necha aktivlar mavjud boʻlsa, qarzdor tomonidan tijorat bankiga qaytariladigan barcha aktivlar sifati ulardan eng past toifada tasniflangan aktivlar sifatidek tasniflanishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
23. Agar qarzdorning bir nechta tijorat banklari oldida qarzi mavjud boʻlib, ularning birida qaytarilishi lozim boʻlgan aktivlar sifati eng past toifada tasniflangan boʻlsa, boshqa tijorat banklari ham ushbu qarzdorga berilgan aktivlar sifatini mazkur toifada tasniflashlari shart. Bunda tijorat banklari qarzdorga boshqa tijorat banklari tomonidan berilgan aktivlar sifatining tasnifini aniqlash uchun kredit axboroti maʼlumotlar bazasidan foydalanishlari lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
3-bob. Taʼminotga qoʻyiladigan talablar
24. Taʼminot kredit toʻlashning ikkilamchi manbai hisoblanadi. Tijorat banklari tomonidan taʼminotga kreditni qoplashning asosiy manbai sifatida qaralmasligi lozim.
25. Taʼminotni tahlil qilishda tijorat banklari tomonidan uning likvidliligi eʼtiborga olinishi lozim. Bunda tijorat banki taʼminotni sotishdan asosiy qarz va foiz summalarining qaytarilishini baholashi shart.
26. Aktivlarning yuqori likvidli taʼminotiga:
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining (bundan buyon matnda Hukumat deb yuritiladi) kafolati;
tijorat banklarida ochilgan hisobvaraqlardagi milliy va xorijiy valyuta shaklidagi garov;
Hukumatning qimmatli qogʻozlari shaklidagi garov;
Markaziy bankning qimmatli qogʻozlari shaklidagi garov;
Keyingi tahrirga qarang.
qimmatbaho metallar shaklidagi oltin va kumush quymalari shaklidagi garov kiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
27. Aktivlarning yuqori likvidli boʻlmagan taʼminotiga:
koʻchmas mulk, shu jumladan yer uchastkasiga boʻlgan huquq;
koʻchar mol-mulk;
xoʻjalik jamiyatidagi ulushga boʻlgan huquq;
mazkur Nizomning 26-bandida nazarda tutilmagan boshqa qimmatli qogʻozlar shaklidagi garov;
yuridik va jismoniy shaxslarning kafolat va kafilliklari kiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
4-bob. Shartlari qayta koʻrib chiqilgan aktivlar sifatini tasniflash
28. Aktivlarning quyida keltirilgan asosiy shartlaridan hech boʻlmaganda bittasi oʻzgartirilgan boʻlsa, ular shartlari qayta koʻrib chiqilgan aktivlar deb hisoblanadi:
foiz stavkasining pasaytirilishi, Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi pasayishi munosabati bilan foiz stavkasining pasaytirilishi holatlari bundan mustasno;
asosiy qarzning kamaytirilishi yoki undan qisman voz kechilishi;
foizlar va (yoki) asosiy qarzga doir toʻlovlarning bir qismi yoki barchasidan voz kechilishi;
aktivning asosiy va (yoki) foizlarining toʻlash muddati kechiktirilishi yoki uzaytirilishi;
qarz oluvchi va (yoki) taʼminot turining oʻzgartirilishi, kreditning bir qismi qaytarilganligi munosabati bilan taʼminotdan chiqarilgan holatlar bundan mustasno.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
29. Shartlari qayta koʻrib chiqilgan aktivlar sifatini tasniflashda quyidagi omillar hisobga olinishi kerak:
shartlar qayta koʻrib chiqilishining asoslari yoki sabablari;
Keyingi tahrirga qarang.
bir qarz oluvchiga qarzni qaytarish muddatining necha marta uzaytirilganligi;
dastlabki bitim shartlariga nisbatan yangi bitimda keltirilgan shartlardagi oʻziga xos oʻzgartirishlari. Bunda foiz stavkasining bozor stavkasi darajasidan pasayishi, qoʻshimcha ravishda aktiv boʻyicha qabul qilingan taʼminotning oʻzgarishi yoki kreditni qaytarish muddatining uzaytirilishi shartlari qayta koʻrib chiqilgan aktiv sifatini tasniflash va tahlil qilish jarayonida inobatga olinishi lozim.
30. Shartlari qayta koʻrib chiqilgan aktivlar sifati “substandart”, “qoniqarsiz”, “shubhali” va “umidsiz” toifalarning mezonlaridan foydalangan holda tasniflanadi.
Agar shartlari qayta koʻrib chiqilgan aktiv boʻyicha almashuvchi yoki qoʻshimcha qarzdor dastlabki qarzdorning shoʻbasi yoki daxldor boʻlgan qarzdor boʻlsa, bunda aktivlar sifatining dastlabki tasnifi oʻzgarmasligi kerak. Qarz beruvchi tomonidan qarzga doir xizmat koʻrsatilishi salbiy tasniflashning oʻzgartirilishini talab etuvchi hollar bundan mustasno.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
31. Yangi qarzdor tomonidan asosiy qarz va foizlarning toʻlanmagan barcha summalari qoplansa, muammoli aktivlar sifatining tasnifi tegishli tarzda qayta koʻrib chiqilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
32. Agar almashuvchi yoki qoʻshimcha qarzdorning dastlabki qarzdor bilan hech qanday aloqasi boʻlmasa, aktivlar sifatini tasniflash mezonlari almashuvchi yoki qoʻshimcha qarzdorga nisbatan qoʻllaniladi. Mazkur jarayon almashuvchi yoki qoʻshimcha qarzdorning biznesni normal yuritish sharoitida aktivlarni toʻlay olish layoqatiga muvofiq tarzda amalga oshirilishi lozim.
33. Aktivlar sifati ularning shartlari qayta koʻrib chiqilishidan oldingi tasniflangan toifadan yuqori yoki yaxshiroq toifada tasniflanishi mumkin emas. Hech qanday holatda aktivga uning shartlari qayta koʻrib chiqilgandan soʻng darhol “standart” toifani berish mumkin emas. Aktiv ikki va undan ortiq marta shartlari qayta koʻrib chiqilganda, aktiv sifatini tasniflash toifasi shartlari qayta koʻrib chiqilishidan oldingi toifasidan bir pogʻonaga past boʻlishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
5-bob. Investitsiya portfelining sifatini tasniflash
34. Tijorat bankining investitsiya portfeli (sotishga moʻljallangan qimmatli qogʻozlarga yoki qaram xoʻjalik jamiyatlariga va shuʼba xoʻjalik jamiyatlariga qilingan investitsiyalar, soʻndirish muddatigacha saqlanadigan qarz qimmatli qogʻozlariga qilingan investitsiyalar) quyidagi omillar asosida tasniflanishi va belgilangan miqdorda ehtimoliy yoʻqotishlarni qoplash zaxirasi yaratilishi lozim:
oxirgi bir yil davomida tijorat bankiga daromad keltirmagan investitsiya — “qoniqarsiz” sifatida;
oxirgi ikki yil davomida tijorat bankiga daromad keltirmagan investitsiya — “shubhali” sifatida;
oxirgi uch yil davomida daromad olinmagan investitsiya sifati — “umidsiz” sifatida.
Keyingi tahrirga qarang.
35. Agar tijorat banki tomonidan qilingan investitsiyani qayta baholash natijasida salbiy farq yuzaga kelsa, ushbu miqdorda ehtimoliy yoʻqotishlarni qoplash zaxirasi yaratilishi lozim.
Investitsiyalarning sifati eng past toifada tasniflanishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
6-bob. Tijorat banki aktivlari boʻyicha ehtimoliy yoʻqotishlarga doir zaxirani shakllantirish
36. Zaxiralarning yetarliligi davriy ravishda kamida oyiga bir marotaba tahlil qilinishi, zarur hollarda, qoʻshimcha zaxiralar yaratilishi lozim.
Bunda tijorat banklari zaxiralarni shakllantirish va ular boʻyicha buxgalteriya oʻtkazmalarini dasturlashgan holda amalga oshirishlari lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
37. Belgilangan meʼyorlarga muvofiq yaratilgan zaxiraga nisbatan aktiv boʻyicha ehtimoliy yoʻqotishlar miqdorining oshib ketishi mumkinligidan dalolat beruvchi omillar va sharoitlar aniqlanganda, zaxiraga ehtimoliy yoʻqotishlarga nisbatan yirik ajratmalar amalga oshirilishi kerak.
38. Aktiv sifati “umidsiz” deb tasniflanishi bilan 3 ish kuni ichida uning hisobi balansdan tashqari moddalarda aks ettirilishi va tegishli maxsus zaxiralar kamaytirilishi lozim. Zararlar ular tan olingan davrda hisobdan chiqarilishi kerak.
39. Aktivning hisobdan chiqarilishi uning qisman yoki toʻliq qaytarilishi mumkinligini inkor etmaydi.
40. Agar aktiv sifati “standart” deb tasniflanmagan boʻlsa, tijorat banki qarzdorga ehtimoliy yoʻqotishlari bilan bogʻliq boʻlgan tavakkalchilikning batafsil tahlilisiz qoʻshimcha kredit mablagʻlari, joriy kredit boʻyicha qoʻshimcha resurslar yoki yangi kreditlar shaklida mablagʻlar berishi mumkin emas.
41. Quyida keltirilgan omillardan hech boʻlmaganda bittasi mavjud boʻlishi, Markaziy bank tomonidan muayyan aktivlar sifatini yanada salbiy tasniflash uchun asos boʻladi:
tijorat banki kredit portfeli umumiy holatining yomonlashuvi;
tijorat bankida kreditlar berishga doir yetarli tahlil va tekshiruvlarning oʻzgarishi yoki mavjud emasligi;
tijorat banki shu tarmoq va sohaga berilgan kreditlar boʻyicha amalda zararlar koʻrganligi;
yirik aktivlarning toʻplanishi;
nomaqbul iqtisodiy yoʻnalish va sharoitlar, xususan, qarzdorlarning bir yoki bir necha sanoat tarmoqlari yoki maʼmuriy-hududiy birlikda katta miqdorda toʻplanishi;
tijorat banki tomonidan taqdim etilgan hisobotni tahlil qilish yoki Markaziy bank tomonidan oʻtkazilgan inspeksiya tekshirishlari natijasida aniqlangan qarzdorning yoxud tijorat bankining moliyaviy ahvoliga taalluqli boshqa holatlar.
Bunda Markaziy bank mazkur Nizom talablarida belgilangan miqdorda zaxiralarni qayta koʻrib chiqishni va (yoki) qoʻshimcha zaxiralar shakllantirishni talab qilishi mumkin.
42. Zaxiralarga ajratmalar tegishli “Koʻrilishi mumkin boʻlgan zararlarni baholash” hisobvaragʻini debetlash hamda tegishli “Aktivlar va lizing boʻyicha koʻrilishi mumkin boʻlgan zararlarni qoplash zaxirasi” hisobvaragʻini kreditlash orqali amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
43. Zaxiralar yetarli boʻlmagan hollarda, tijorat banki tomonidan zaxiralarga qoʻshimcha ajratmalar zaxiralarning yetishmovchiligi aniqlangan davrda amalga oshirilishi zarur.
44. Agar tijorat banki aktivlari portfeli tahlil qilinganidan keyin uning zaxiralari talab qilinganidan ortiq boʻlsa, u holda tijorat banki tegishli “Aktivlar va lizing boʻyicha koʻrilishi mumkin boʻlgan zararlarni qoplash zaxirasi” hisobvaragʻini debetlashi va tegishli “Koʻrilishi mumkin boʻlgan zararlarni baholash” hisobvaragʻini kreditlashi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
7-bob. Majburiy zaxiralar depozitlariga mablagʻ oʻtkazish
45. Tijorat banklari mablagʻlarni vakillik hisobvaragʻidan Markaziy bankda ochiladigan majburiy zaxiralar depozitlariga tijorat banki aktivlari boʻyicha ehtimoliy yoʻqotishlarni qoplash uchun shakllanishi lozim boʻlgan maxsus zaxiralar mablagʻlari miqdoriga teng summani oʻtkazishni taʼminlashlari shart.
46. Majburiy zaxiralar depozitlariga oʻtkazish uchun majburiy boʻlgan mablagʻlar hajmi zaxiralar summasidan kelib chiqib, har oy yakunlari boʻyicha hisoblab chiqariladi.
Tijorat banklari hisob-kitob yakunlari boʻyicha 3 ish kuni davomida maxsus zaxiralar miqdoridan yetishmayotgan summani majburiy zaxiralar depozitlariga oʻtkazishi shart.
Har oyning 10- va 20-sanasi yakunlari boʻyicha Markaziy bank tomonidan tijorat banklariga ularning asoslab berilgan murojaatlari asosida ortiqcha summalar qaytarib beriladi.
47. Mazkur Nizom talablaridan kelib chiqib Markaziy bank tijorat bankining aktivlarini tahlil qilish asosida muayyan aktivlar sifatini yanada salbiy tasniflab, belgilangan miqdorda zaxiralarni qayta koʻrib chiqish va (yoki) qoʻshimcha zaxiralar shakllantirish hamda ularning miqdoriga teng summani Markaziy bankda ochiladigan majburiy zaxiralar depozitlariga oʻtkazib berish boʻyicha tijorat banklariga ijro etilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berishi mumkin.
48. Tijorat banklari tomonidan mazkur Nizomning 46 va 47-bandlarida koʻrsatilgan talablar bajarilmagan taqdirda Markaziy bank majburiy zaxiralar depozitlariga oʻtkazilishi zarur boʻlgan mablagʻlarni tijorat banklarining Markaziy bankdagi vakillik hisobvaraqlaridan undiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
8-bob. Zaxiralardan foydalanish
49. Tijorat banki zaxiralarning yetarli darajada boʻlishini taʼminlash uchun toʻliq javobgarlik tijorat banki Kengashi va Boshqaruviga yuklatiladi.
50. “Umidsiz” aktivlar boʻyicha zaxiralar hisobidan qoplash toʻgʻrisidagi qaror tijorat banki Boshqaruvi tomonidan qabul qilinib, bu haqda tijorat banki Kengashiga 3 ish kuni ichida axborot beriladi.
Tegishli “Aktivlar va lizing boʻyicha koʻrilishi mumkin boʻlgan zararlarni qoplash zaxirasi” hisobvaragʻidan qoplangan “umidsiz” aktivlarning hisobi balansning “Koʻzda tutilmagan holatlar” hisobvaragʻida yuritiladi. Bunda quyidagi buxgalteriya oʻtkazmalari amalga oshiriladi:
Debet: tegishli “Aktivlar va lizing boʻyicha koʻrilishi mumkin boʻlgan zararlarni qoplash zaxirasi” hisobvaragʻi;
Kredit: tegishli aktiv hisobvaragʻi;
Debet: 95413 — “Hisobdan chiqarilgan kreditlar va lizinglar” hisobvaragʻi;
Kredit: 96397 — “Boshqa koʻzda tutilmagan holatlar hisobvaraqlari boʻyicha kontr-hisobvaraq” hisobvaragʻi.
Ehtimoliy yoʻqotishlarni qoplash zaxira mablagʻlari yetishmagan taqdirda, tegishli “Koʻrilishi mumkin boʻlgan zararlarni baholash” hisobvaragʻidan “Aktivlar va lizing boʻyicha koʻrilishi mumkin boʻlgan zararlarni qoplash zaxirasi” kontr-aktiv hisobvaragʻiga qoʻshimcha ajratmalar qilinishi kerak. Oʻtkazilayotgan aktiv boʻyicha olinadigan foizlarni hisobga olish shaxsiy hisobvaragʻi ham bir vaqtning oʻzida ushbu aktiv boʻyicha “Foizli daromadlar” hisobvaraqlarini debetlash va “Aktivlar boʻyicha olinishi lozim boʻlgan hisoblangan foizlar” hisobvaraqlarini kreditlash yoʻli bilan yopilishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
51. “Umidsiz” aktivlar va ular boʻyicha hisoblab yozilgan foizlarning balans hisobvaraqlaridan “Koʻzda tutilmagan holatlar” hisobvaragʻiga oʻtkazish ushbu aktiv boʻyicha qarzlar hamda ular boʻyicha foizlarning bekor qilinishini bildirmaydi. Shuning uchun ushbu qarz, shuningdek u boʻyicha foizlar balansdan tashqari moddalarda ular bu hisobvaraqlarga oʻtkazilgan paytdan boshlab besh yildan kam boʻlmagan muddat mobaynida aks ettirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Tijorat banki qonun hujjatlariga muvofiq mazkur aktiv boʻyicha asosiy qarz summasi va foizlarni undirish yuzasidan barcha chora-tadbirlarni qoʻllashi zarur. Tijorat banki qarzdor (emitent) majburiyatining toʻliq summasini toʻgʻri aks ettirish uchun mazkur aktivga foizlar hisoblab yozishni uni balansdan tashqari moddalarga oʻtkazgandan keyin ham davom ettiradi, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qarzdor va kafilning majburiyatlari bekor boʻladigan holatlar bundan mustasno.
Keyingi tahrirga qarang.
Bunda tijorat banki muntazam ravishda, bir oyda kamida bir marta qarzdorga balansdan tashqari moddalardagi qoldiqlarga mos keladigan asosiy qarz va hisoblangan foizlar boʻyicha muddati oʻtgan qarzning mavjudligini maʼlum qilgan holda kredit boʻyicha qarzni qoplash va u boʻyicha hisoblangan foizlarni toʻlash talab qilingan daʼvo xatini, balansdan tashqari moddalardan koʻchirma ilova qilingan holda, qarzdor yoki uning huquqiy vorisiga (tugatilish jarayonida boʻlsa, tugatish komissiyasiga) yuborishi lozim. Ushbu daʼvo xatlarini olmaslik qarzdorni qarzini qaytarish majburiyatidan ozod etmaydi. Daʼvo xati va hisobvaraqdan koʻchirma tijorat bankining muddati oʻtgan asosiy qarzni va hisoblangan foizlarni undirib olish boʻyicha sud organlariga murojaat etishi uchun asos boʻladi.
Ichki audit xizmati va tijorat banki Boshqaruvi har chorakda balansdan tashqari moddalariga oʻtkazilgan “umidsiz” aktivlarni undirish boʻyicha qoʻllanayotgan chora-tadbirlar haqida tijorat banki Kengashiga yozma ravishda maʼlumot berishlari shart.
Tijorat banki Kengashi moliyaviy yil yakuni boʻyicha bank aksiyadorlarining yillik umumiy yigʻilishi kun tartibiga bankning “umidsiz” aktivlarini undirish boʻyicha qoʻllangan chora-tadbirlar haqidagi masalani kiritadi.
52. Tijorat banki Boshqaruvi tomonidan qabul qilingan Hukumatning qaroriga koʻra markazlashtirilgan resurslar yoxud boshqa mablagʻlar hisobidan berilgan kreditlar hisobidan shakllangan “umidsiz” aktivni balans hisobvaraqlaridan balansdan tashqari moddalarga oʻtkazish haqidagi qaror Hukumat yoxud Markaziy bank oldidagi qarzlarning bekor qilinishiga olib kelmaydi va tijorat banki tomonidan Hukumat yoxud Markaziy bank oldidagi qarzlar qaytarilishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
53. Agar qarzdor tomonidan balansdan tashqari moddalarda hisobga olinadigan aktiv boʻyicha qarz tijorat banki tomonidan ushbu qarzni undirish boʻyicha koʻrilgan barcha chora-tadbirlarga qaramasdan, u bu hisobvaraqlarga oʻtkazilgandan keyin besh yil davomida toʻlanmasa, u holda ushbu aktiv (asosiy qarzlar ham, foizlar ham) tijorat banki Kengashining aksiyadorlar umumiy yigʻilishida tasdiqlangan qaroriga koʻra hisobdan chiqarilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
54. Agar qarzdor ilgari ehtimoliy yoʻqotishlarni qoplash uchun zaxira qilingan aktiv boʻyicha toʻlovni amalga oshirsa va qarz tijorat bankining balans hisobvaraqlaridan balansdan tashqari moddalariga oʻtkazilmagan boʻlsa, u holda tegishli “Aktivlar va lizing boʻyicha koʻrilishi mumkin boʻlgan zararlarni qoplash zaxirasi” hisobvaragʻi debetlanadi va tegishli “Koʻrilishi mumkin boʻlgan zararlarni baholash” hisobvaragʻi (agar zaxira joriy yilda yaratilgan boʻlsa) yoki “Hisobdan chiqarilgan mablagʻlarniig qaytarilishi” hisobvaragʻi (agar zaxira oʻtgan yillarda yaratilgan boʻlsa) kreditlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
55. Agar qarzdor aktiv “Koʻzda tutilmagan holatlar” hisobvaragʻiga oʻtkazilganidan keyin u boʻyicha toʻlovni amalga oshirsa, u holda tijorat banki tomonidan ushbu qarzdorning hisobvaragʻi yoki kassa hisobvaragʻi debetlanadi va tegishli “Aktivlar va lizing boʻyicha koʻrilishi mumkin boʻlgan zararlarni qoplash zaxirasi” hisobvaragʻi kreditlanadi hamda tegishli “Aktivlar va lizing boʻyicha koʻrilishi mumkin boʻlgan zararlarni qoplash zaxirasi” hisobvaragʻi debetlanadi va tegishli “Koʻrilishi mumkin boʻlgan zararlarni baholash” hisobvaragʻi (agar zaxira joriy yilda yaratilgan boʻlsa) yoki “Hisobdan chiqarilgan mablagʻlarniig qaytarilishi” hisobvaragʻi (agar zaxira oʻtgan yillarda yaratilgan boʻlsa) kreditlanadi, shu bilan bir vaqtning oʻzida, 96397 — “Boshqa koʻzda tutilmagan holatlar hisobvaraqlari boʻyicha kontr-hisobvaraq” hisobvaragʻi debetlanadi va 95413 — “Hisobdan chiqarilgan kreditlar va lizinglar” hisobvaragʻi kreditlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
9-bob. Yakuniy qoida
56. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 28-son, 374-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2018-y., 10/18/2696-2/1120-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son, 10.12.2021-y., 10/21/2696-3/1152-son; 12.06.2023-y., 10/23/3442/0359-son; 21.05.2024-y., 10/24/2696-4/0354-son; 24.12.2025-y., 10/25/2696-5/1198-son)