Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining
buyrugʻi
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ozodlikdan mahrum qilish turidagi jazoni ijro etish muassasalarining ichki tartib qoidalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 15-iyulda 2495-1-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
1. Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2012-yil 29-dekabrdagi 174-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 2495, 2013-yil 29-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 31-son, 414-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ozodlikdan mahrum qilish turidagi jazoni ijro etish muassasalarining ichki tartib qoidalariga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir A. AXMEDBAYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 6-iyul,
109-son
Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2015-yil 6-iyuldagi 109-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ozodlikdan mahrum qilish turidagi jazoni ijro etish muassasalarining ichki tartib qoidalariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 8-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“8. Manzil-koloniyalar quyidagilarga boʻlinadi:
ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyatlar, ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilgan uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlar uchun, shuningdek qasddan uncha ogʻir boʻlmagan jinoyat sodir etganlik uchun ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar saqlanadigan manzil-koloniyalar;
umumiy, qattiq tartibli koloniyalardan, shuningdek tarbiya koloniyalaridan oʻtkazilgan mahkumlar saqlanadigan manzil-koloniyalar.
Manzil-koloniyalarda:
mazkur muassasalarga sud hukmiga binoan kelgan voyaga yetgan mahkumlar;
umumiy, qattiq tartibli koloniyalardan va tarbiya koloniyalaridan sudning ajrimi asosida oʻtkazilgan voyaga yetgan mahkumlar;
ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyati, ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilgan jinoyati uchun va qasddan sodir etgan uncha ogʻir boʻlmagan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazoni ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo bilan almashtirish tarzida sudning ajrimi asosida yuborilgan voyaga yetgan mahkumlar jazoni oʻtaydi.”.
2. 9-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“9. Manzil-koloniyalarga ijobiy tavsifga ega va:
ogʻir jinoyati uchun, shuningdek qasddan sodir etgan jinoyati uchun, agar u ilgari qasddan sodir etgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan boʻlsa, sud tayinlagan jazo muddatining kamida toʻrtdan bir qismini oʻtagan mahkumlar;
oʻta ogʻir jinoyati uchun, shuningdek jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish yoki jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish qoʻllanilgan va jazoning oʻtalmagan qismi mobaynida qasddan sodir etgan yangi jinoyati uchun sud tayinlagan jazo muddatining kamida uchdan bir qismini oʻtagan mahkumlar oʻtkaziladi.”.
3. 20-bandda:
a) beshinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“qasddan ogʻir va oʻta ogʻir jinoyat sodir etganligi uchun birinchi marta hukm qilingan, ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazoni ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo bilan almashtirish tartibida sudning ajrimi asosida yuborilgan mahkumlar;”;
b) quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“ragʻbatlantirish tarzida yoki sud tomonidan tayinlangan turmaga qamash tariqasidagi ozodlikdan mahrum qilish muddatini oʻtaganidan keyin turmalardan oʻtkazilgan mahkumlar oʻtaydi.”.
4. 28-bandda:
a) toʻrtinchi va beshinchi xatboshilar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“sud tomonidan tayinlangan turmaga qamash tariqasidagi ozodlikdan mahrum qilish muddatini oʻtaganidan soʻng turmalardan oʻtkazilgan mahkumlar;
sud tomonidan manzil-koloniyalardan intizomiy jazo tarzida qaytarilgan mahkumlar;”;
b) quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“qasddan sodir etgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni ilgari oʻtagan va qasddan jinoyat sodir etganligi uchun ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazoga qayta hukm qilinib, ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazoni ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo bilan almashtirish tartibida sudning ajrimi asosida yuborilgan mahkumlar oʻtaydi.”.
5. 58 va 382-bandlardagi “turma qamogʻiga” degan soʻzlar “turmaga qamash tariqasidagi ozodlikdan mahrum qilishga” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
6. 142-banddagi “turma qamogʻi” degan soʻzlar “turmaga qamash tariqasidagi ozodlikdan mahrum qilish” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
7. 368-bandning birinchi jumlasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ozodlikdan mahrum etishga hukm etilgan shaxslar, jazoni manzil-koloniyalarda oʻtayotgan shaxslar bundan mustasno, respublika budjeti hisobidan belgilangan namunada kiyim, mavsumga qarab, mahkumning jinsi va iqlim sharoitlarini inobatga olgan holda ichki kiyim va poyabzal bilan taʼminlanadilar. Mahkumlarning kiyimlari va poyabzallari bepul taʼmirlab beriladi.”.
8. Mazkur oʻzgartirish va qoʻshimchalar Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi va Oliy sudi bilan kelishilgan.
Bosh prokuror I. ABDULLAYEV
2015-yil 5-iyul
Sogʻliqni saqlash vaziri A. ALIMOV
2015-yil 20-iyun
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri A. ABDUHAKIMOV
2015-yil 25-iyun
Oliy sud raisi Sh. GAZIYEV
2015-yil 30-iyun
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 28-son, 378-modda)