Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan Hindiston Respublikasi Tashqai ishlar vazirligi oʻrtasida
Bayonnoma
Hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Hindiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Ikki mamlakat oʻrtasida doʻstona munosabatlarni rivojlantirish va oʻzaro ishonchni yanada mustahkamlash maqsadida,
Siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy, gumanitar hamda oʻzaro qiziqish uygʻotadigan boshqa sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarni sheriklik, tenglik va oʻzaro manfaat prinsiplari asosida rivojlantirishga koʻmaklashish istagida,
Xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni faollashtirish zaruriyatini taʼkidlagan holda,
Ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlikning huquqiy asosini takomillashtirish va Tomonlar mamlakatlari oʻrtasida tuzilgan bitimlarni amalga tatbiq etilishi uchun koʻmaklashishga intilib,
Quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar ikki tomonlama munosabatlarning barcha jabhalarini hamda oʻzaro qiziqish uygʻotadigan mintaqaviy va xalqaro masalalarni muhokama qilish maqsadida muntazam ravishda siyosiy maslahatlashuvlar oʻtkazadilar.
2-modda
Tomonlar 1-moddada koʻrsatilgan masalalar boʻyicha maslahatlashuvlarni Tashqi ishlar vazirlari darajasida va boshqa darajalarda, navbat bilan Oʻzbekiston va Hindistonda muntazam ravishda oʻtkazadilar.
Tomonlar zaruriyat tugʻilgan hollarda oʻzaro kelishuv asosida muayyan masalalarni muhokama qilish uchun ekspertlar guruhlarini tashkil etishlari mumkin.
Bunday maslahatlashuvlar darajasi, kun tartibi va muddatlari Tomonlar oʻrtasida diplomatik kanallar orqali oʻzaro kelishiladi.
3-modda
Tomonlar oʻzaro qiziqish uygʻotadigan masalalar boʻyicha muntazam ravishda ikki tomonlama maslahatlashuvlar oʻtkazadilar. Maslahatlashuvlar quyidagi masalalarni oʻz ichiga qamrab olishi mumkin:
a)ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash va kengaytirish choralari, shuningdek yuqori darajada va vazirliklar oʻrtasida tashriflar bilan almashish;
b) Afgʻoniston hamda Oʻrta va Yaqin Sharq mamlakatlariga taalluqli masalalar boʻyicha;
v) Konsullik masalalari;
g) Tomonlar davlatlari oʻrtasida tuzilgan ikki tomonlama bitimlarning amalga tatbiq etilishi yuzasida axborot almashish.
4-modda
Tomonlar oʻz vakolatlari doirasida ikkala mamlakatning davlat tashkilotlari, jamoatchilik va ilmiy muassasalari va tadbirkorlar guruhlari oʻrtasida bevosita aloqalar oʻrnatish va rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlaydilar, shuningdek savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda madaniy-gumanitar sohalarda ikki tomonlama hamkorlik loyihalarini amalga oshirishga koʻmaklashadilar.
5-modda
Tomonlar har ikki mamlakat davlat muassasalari tomonidan tashkil etilgan xalqaro munosabatlar va xalqaro huquq sohasida malaka oshirish va maxsus kurslarda oʻqitish boʻyicha diplomatlar bilan almashish orqali hamkorlik qiladilar.
Hind tomoni Oʻzbekiston diplomatlarini Hindiston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Xalqaro xizmat institutida malaka oshirishga koʻmaklashadi. Diplomatlar soni, malaka oshirish muddati va boshqa tafsilotlar oʻzaro maslahatlashuvlar orqali kelishiladi.
6-modda
Tomonlar xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, jumladan BMT, ShHT va boshqalar doirasida mazkur tashkilotlardagi oʻz vakolatxonalari orqali hamkorlik qiladilar.
7-modda
Mazkur Protokol qoidalarini qoʻllash yoki talqin qilishda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan har qanday nizo va kelishmovchiliklar Tomonlar oʻrtasida muzokaralar va/yoki maslahatlashuvlar orqali hal etiladi.
Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra, mazkur Protokolga yozma ravishda oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
8-modda
Mazkur Protokol imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi va Tomonlardan biri ushbu Protokolni bekor qilish istagi toʻgʻrisida olti (6) oy oldin yozma xabardor qilguniga qadar amal qiladi.
Buning tasdigʻi sifatida tegishli hukumatlar tomonidan oʻrnatilgan tartibda vakolat berilgan quyida imzo chekuvchilar mazkur Protokolni imzoladilar.
Toshkent shahrida 2015-yil 6-iyulda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, hind va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Mazkur Protokol qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)