Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QIShLOQ VA SUV XOʻJALIGI VAZIRLIGI HUZURIDAGI OʻRMON XOʻJALIGI BOSh BOShQARMASI FAOLIYATINI TAShKIL ETISh MASALALARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-iyuldagi 530-sonli “Oʻrmon xoʻjaligini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon qoʻmitasini Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasiga aylantirish toʻgʻrisida” 2000-yil 7-fevraldagi PF–2536-son Farmonini amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasi respublika oʻrmon xoʻjaligini davlat tomonidan boshqarish organi funksiyalarini amalga oshiradi, oʻrmonlarning saqlanishi, qayta barpo etilishi, muhofaza qilishini hamda oʻrmon fondi yerlaridan samarali foydalanilishi uchun javob beradi, respublika boshqa idoralarining foydalanilmaydigan yerlarda tabiatni muhofaza etuvchi va dalalarni ihota qiluvchi daraxtzorlar barpo etish hamda ulardan foydalanish boʻyicha faoliyatini tashkil etadi va muvofiqlashtirib boradi.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Quyidagilar:
Oldingi tahrirga qarang.
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 17-yanvardagi 32-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2001-y., 1-2-son, 4-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasi toʻgʻrisidagi Nizom 2-ilovaga muvofiq;
Oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasi, uning markaziy boshqaruv apparati tashkiliy tuzilmasi hamda hududiy oʻrmon xoʻjaligi boshqarmalarining namunaviy tuzilmasi 3, 3a va 3b-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilab qoʻyilsinki, Oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasi markaziy apparati hamda uning hududiy boshqarmalari faoliyatini mablagʻ bilan taʼminlash ularga qarashli korxonalar ajratmalari hisobiga amalga oshiriladi.
3. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasi boshligʻi lavozimiga koʻra vazir oʻrinbosari hisoblanadi va Vazirlar Mahkamasining qarori bilan lavozimga tayinlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasiga boshliqning ikki nafar oʻrinbosari, shu jumladan bir nafar birinchi oʻrinbosari boʻlishiga ruxsat etilsin, ular lavozimga Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vaziri tomonidan tayinlanadilar.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda viloyatlar oʻrmon xoʻjaligi boshqarmalari boshliqlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar hokimliklari bilan kelishgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan lavozimga tayinlanadilar.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasi:
bir oy muddatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi hamda viloyatlar oʻrmon xoʻjaligi boshqarmalari toʻgʻrisidagi namunaviy nizomni qayta koʻrib chiqsin va tasdiqlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi bilan birgalikda Moddiy texnika taʼminoti boʻyicha respublika oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarish birlashmasini belgilangan tartibda xoʻjalik hisobidagi firmaga aylantirish masalasini bir oy muddatda koʻrib chiqsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 17-iyuldagi 192-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Adliya vazirligi hamda Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi bilan birgilikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida 15 kun muddatda takliflar kiritsin.
7. Mazkur qarorning bajaralishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.M. Olimjonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 20-mart,
98-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 17-yanvardagi 32-son qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan —OʻR QHT, 2001-y., 1-2-son, 4-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasi toʻgʻrisida
NIZOM
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasi respublika oʻrmon xoʻjaligini davlat tomonidan boshqarish organi funksiyalarini amalga oshiradi.
2. Oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasi oʻrmon xoʻjaligining ahvoli va uni yanada rivojlantirish, tarmoqda fan-texnika taraqqiyoti, oʻrmonlardan oqilona foydalanish, ularni koʻpaytirish, muhofaza va himoya qilish, ovchilik xoʻjaligi va qoʻriqxona ishlarini, oʻrmon fondi hududida milliy bogʻlarning ishlarini yuritishni tashkil etish, oʻrmonlarning ekologik va boshqa foydali funksiyalarini kuchaytirish uchun javob beradi.
3. Oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Oliy Majlis qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining buyruqlari hamda yoʻriqnomalariga, boshqa qonun hujjatlariga va mazkur Nizomga amal qiladi.
4. Oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasi oʻrmon xoʻjaligiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar oʻrmon xoʻjaligi boshqarmalari orqali rahbarlik qiladi hamda oʻziga bevosita boʻysunuvchi korxonalarni, tashkilotlarni boshqaradi.
II. OʻRMON XOʻJALIGI BOSh BOShQARMASINING ASOSIY VAZIFALARI VA FAOLIYATI YOʻNALIShLARI
5. Quyidagilar Oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasining asosiy vazifalari va faoliyati yoʻnalishlari hisoblanadi:
oʻrmon qonunchiligiga va barcha oʻrmondan foydalanuvchilar uchun majburiy boʻlgan oʻrmon hamda ovchilik xoʻjaligini yuritish boʻyicha meʼyoriy-texnika hujjatlariga rioya qilinishi ustidan nazorat qilish;
oʻrmonlardan foydalanish, ularni koʻpaytirish, muhofaza va himoya qilish, oʻrmon fondi hududida qoʻriqxona va milliy bogʻlar ishini yoʻlga qoʻyish sohasida davlat boshqaruvini amalga oshirish;
oʻrmon fondini har tomonlama kengaytirish va undan oqilona foydalanishga qaratilgan oʻrmon xoʻjaligida yagona texnika siyosatini olib borish;
oʻrmon fondini, hayvonot va oʻsimlik dunyosini davlat tomonidan hisobga olib borish hamda ularni oʻrganish;
oʻrmon xoʻjaligiga fan yutuqlari va ilgʻor tajribani joriy etish;
respublikada oʻrmonlarni qayta tiklash va ihota daraxtzorlarini koʻpaytirishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, togʻ yonbagʻirlarida, jarliklarda va tashlandiq yerlarda eroziyaga qarshi daraxtzorlar barpo etish ishlarining bajarilishini tashkil qilish;
qishloq xoʻjaligiga yaroqli yerlar choʻlga aylanib qolishining oldini olishga doir tadbirlarni amalga oshirish;
oʻrmonlari yongʻidan, oʻzboshimchalik bilan kesishdan va boshqa oʻrmon qoidalarini buzishdan himoya qilishni taʼminlash, oʻrmonlarni zararkunandalar va kasalliklardan asrash, oʻrmonlarni aviatsiya yordamida va yerdan qoʻriqlash tizimini takomillashtirish;
qoʻriqxona ishlarini va ovchilik xoʻjaligini, yovvoyi hayvonlarning davlat kadastrini yuritish;
ovchilik xoʻjaliklarini idoraviy boshqarish va nazorat qilish, oʻrmon fondi hududida ovchilik qoidalari, normalari va muddatlariga rioya qilinishini taʼminlash;
shifobaxsh va ovqatbop oʻsimliklar, yordamchi qishloq xoʻjaligi, bogʻdorchilik mahsulotlarini tayyorlash va ishlab chiqarish chora tadbirlarini amalga oshirish, ushbu maqsadlar uchun ixtisoslashtirilgan boʻlinmalar tuzish;
xoʻjalik yurituvchi subyektlarning erkinligini va iqtisodiy mustaqilligini oshirish, ularning moliyaviy ahvolini yaxshilash maqsadida ularni xoʻjalik yuritishning bozor shakllariga oʻtkazish;
xorijiy invistitsiyalarni jalb etish, qoʻshma korxonalar tashkil qilish, xususiy tadbirkorlikni, kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish;
oʻrmon xoʻjaligi korxonalari va tashkilotlarini malakali kadrlar bilan taʼminlash.
6. Oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasi oʻrmon fondi hududida oʻziga berilgan huquqlar doirasida oʻrmon, ovchilik xoʻjaligi va qoʻriqxona, milliy bogʻlar ishlarini olib borish bilan bogʻlik barcha masalalarni hal qiladi, oʻz vakolatlarini bevosita va oʻzining hududiy boshqarmalari, shuningdek, oʻziga qarashli korxonalar hamda tashkilotlar orqali amalga oshiradi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi oʻrmon xoʻjaligi tarmogʻida qonun hujjatlarining qoʻllanish amaliyotini Oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasi orqali umumlashtiradi, uni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi va koʻrib chiqish uchun ularni belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
III. OʻRMON XOʻJALIGI BOSh BOShQARMASINING FUNKSIYALARI
8. Oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasi oʻz zimmasiga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
Oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasi tasarrufidagi oʻrmon, oʻrmon-ovchilik xoʻjaligi, davlat qoʻriqxonalari, milliy bogʻlar, daxlsiz oʻrmon xoʻjaliklari (zakazniklar)ni rivojlatirishning asosiy yoʻnalishlarini belgilaydi;
belgilangan tartibda oʻrmon xoʻjaligi ishlarini prognozlashtiradi, Oʻzbekiston Respublikasining manfaatdor vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari ishtirokida respublika oʻrmon xoʻjaligini rivojlantirishning bosh reja (sxema)larini ishlab chiqadi;
oʻrmon xoʻjaligini toʻgʻri yuritishni, oʻrmon resurslaridan oqilona foydalanish, oʻrmonlarni qayta tiklash, parvarish qilish va ularning samaradorligini oshirish, ihota hamda eroziyaga qarshi daraxtzorlar barpo etishni taʼminlaydi;
oʻrmonning suvlarni asrash, ihota, sanitariya-gigiyena, sogʻlomlashtirish, qoʻriqxona va boshqa foydali funksiyalarini kuchaytirish tadbirlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
qishloq xoʻjaligi korxonalari va boshqa yerdan foydalanuvchilar hududida shartnoma shartlari asosida ihota daraxzorlari barpo etish va togʻ yonbagʻirlarini pogʻona-pogʻona qilib ishlash, jarliklarda, qiyaliklarda, yaroqsiz qizilmalar barpo etish ishlarini amalga oshiradi;
oʻrmonlarni yongʻindan, daraxtlarni oʻzboshimchalik bilan kesishdan hamda oʻrmonga zarar yetkazadigan boshqa xatti-harakatlardan muhofaza qilishni tashkil etadi, respublika hududida oʻrmonlarni qoʻriqlashga rahbarlik qiladi, oʻrmon patologiyasini nizorat qilishni va oʻrmon zararkunandalari hamda kasalliklirini hisobga olish va ularga qarshi kurashishni amalga oshiradi;
suvni asrovchi oʻrmonlarni, qimmatbaho daraxtzor yerlarni, aholi yashash joylari atrofidagi koʻkalamzor hududlarni hamda iqlimni tartibga solish, sanitariyagigiyena, sogʻlomlashtirish va boshqa himoya funksiyalarini bajaruvchi boshqa daraxtzorlarni saqlash va ularning holatini yaxshilash chora-tadbirlarini koʻradi, oʻrmon fondi yerlarida joylashgan davlat tabiat yodgorliklarini muhofaza qilishni amalga oshiradi;
choʻl, togʻ va togʻ oldi yaylovlarining holatini yaxshilash, boyitish, mahsuldorligini oshirish, bu yerlarni daraxtzorlarga aylantirish, koʻchma qumlarni mustahkamlash tadbirlarini amalga oshiradi;
oʻrmon fondining davlat hisobini va davlat oʻrmon kadastrini yuritadi;
oʻrmon xomashyosi va boshqa resurslarni oʻrganadi, ulardan samarali fodalanish choralarini koʻradi, belgilangan tartibda oʻrmon barpo etish tadbirlarini amalga oshiradi va uni takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritadi;
oʻrmonlarni guruhlarga, ihota toifalariga kiritish, shuningdek, oʻrmonlarni bir guruhdan boshqa guruhga oʻtkazish haqidagi takliflarni belgilangan tartibda kiritadi;
oʻrmon xoʻjaligini yuritish masalalari, daraxt kesish qoidalari boʻyicha asosiy qoidalarni ishlab chiqadi va belgilangan tartibda koʻrib chiqish uchun kiritadi;
oʻrmon xoʻjaligining toʻgʻri yuritilishini, oʻrmon resurslaridan foydalanishni tekshiradi, oʻrmonlarni oʻzboshimchalik bilan kesishdan va oʻrmonga zarar yetkazadigan boshqa xatti-harakatlardan qoʻriqlashni, respublika oʻrmon fondiga ega boʻlgan boshqa korxonalar va tashkilotlar tomonidan oʻrmonning zararkunandalar va kasalliklardan himoya qilinishini tashkil etadi, oʻrmon fondiga ega boʻlgan korxonalar va tashkilotlarga oʻrmon xoʻjaligini yuritishda uslubiy yordam koʻrsatadi;
Oʻzbekiston Respublikasi oʻrmonlarida oʻrmondan foydalanish (qancha yogʻoch kesilishi) hajmlarini ishlab chiqadi va belgilangan tartibda tasdiqlash uchun taqdim etadi;
ov qilish qoidalari va muddatlariga rioya etilishini, oʻrmon fondi hududida hayvonot dunyosidan foydalanilishini idoraviy nazorat qiladi;
qoʻriqxonalar, milliy bogʻlarning hayvonot va oʻsimlik dunyosini saqlash va qayta tiklash qoidalariga rioya etilishini idoraviy nazorat qiladi;
oʻrmon urugʻchiligi va oʻrmon koʻchatzorlarini tashkil etadi va rivojlantiradi, daraxtlar va butasimon navlar urugʻlari tayyorlashni, oʻz ehtiyojlari va boshqa isteʼmolchilarning talablarini qondirish uchun ekish materiali oʻstirishni taʼminlaydi;
yogʻoch-taxta tayyorlashni, shuningdek, yogʻochdan, yogʻoch chiqindilaridan xalq isteʼmol tovarlari va ishlab chiqarish maqsadlaridagi tovarlar ishlab chiqarishni, oʻrmonlarda qoʻshimcha ravishda foydalaniladigan mahsulotlar tayyorlashni tashkil etadi;
oʻrmon fondi hududida texnika oʻsimliklarni yigʻish va tayyorlash borasidagi barcha ishlarni muvofiqlashtiradi, ilmiy-tadqiqot institutlari bilan birgalikda yovvoyi holda oʻsuvchi oʻsimliklarning tarqalishini va mavjud resurslarini oʻrganadi, ularni yigʻish va tayyorlashning maqbul miqdorini belgilaydi;
mol boqish normasi, ularning yaylovlarda joylashishi va oʻrmon fondi yerlaridan foydalanishning boshqa turlari, toʻlanadigan haq miqdori haqida belgilangan tartibda takliflar ishlab chiqadi;
oʻrmon xoʻjaligi sohasida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishga koʻmaklashadi;
eksport-import operatsiyalarini amalga oshiradi va oʻrmon xoʻjaligi korxonalari tomonidan bu operatsiyalar oʻtkazilishiga koʻmaklashadi;
bogʻlar, tozkorlar, qishloq xoʻjaligi ekinlari, yongʻoq mevali oʻsimliklarning hosildorligi oshirilishini taʼminlaydi, mevalarni topshirish boʻyicha shartnomalarning oʻz vaqtida tuzilishi va bajarilishini tashkil etadi;
kadrlar zaxirasini yaratadi, rahbar xodimlar va mutaxassislarni tayyorlaydi hamda ularning malakasini oshiradi;
oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishini kompleks mexanizatsiyalash va avtomatlashtirish, yuqori samarali texnologiyalarni joriy etish tadbirlari oʻtkazilishini taʼminlaydi;
oʻziga qarashli davlat qoʻriqxonalari, milliy tabiiy bogʻlar va daxlsiz oʻrmon xoʻjaliklari toʻgʻrisidagi nizomni belgilangan tartibda Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligiga tasdiqlash uchun kiritadi;
oʻziga qarashli korxonalar va tashkilotlarga belgilangan tartibda mablagʻ ajratadi, moliyaviy ahvolini yaxshilashga qaratilgan tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
oʻziga qarashli korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning buxgalteriya hisobotlarini va balanslarini koʻrib chiqadi va tasdiqlaydi, yigʻma balanslar tuzadi va ularni tegishli organlarga taqdim etadi;
oʻziga qarashli korxonalarda hisob va hisobot yuritilishini hamda mol-mulk saqlanishini tashkil etadi, yetkazilgan moddiy zararni undirish choralarini koʻradi;
Bosh boshqarmaning ishlab chiqarish va moliyaviy faoliyati haqidagi hisobotlarni belgilangan muddatlarda, hisobga olish va hisobotning amaldagi shakllari boʻyicha tegishli organlarga taqdim etadi;
fuqarolarning xatlari (arizalari, shikoyatlari) koʻrib chiqilishini tashkil etadi va xatlarda maʼlum qilingan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini koʻradi.
IV. OʻRMON XOʻJALIGI BOSh BOShQARMASINING HUQUQLARI
9. Oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasiga quyidagi huquqlar beriladi:
respublikaning tegishli vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralari bilan kelishgan holda oliy oʻquv yurtlarini, ilmiy-tadqiqot, loyihalash va loyihakonstruktorlik tashkilotlarini, shuningdek, ilmiy xodimlarni va mutaxassislarni oʻrmon xoʻjaligi, oʻrmon ovchilik va qoʻriqxona ishlari, milliy bogʻlar, daxlsiz oʻrmon xoʻjaliklari bilan bogʻliq boʻlgan alohida masalalarni ishlab chiqishga va ekspertizalar oʻtkazishga jalb etish;
mansabdor shaxslarga oʻrmon xoʻjaligini yuritishga doir qonun hujjatlari buzilishini, oʻrmonlarni muhofaza qilish va himoya qilishdagi, oʻrmon resurslaridan foydalanishdagi nuqsonlarni bartaraf etish toʻgʻrisida yozma koʻrsatmalar berish;
vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlardan oʻrmon xoʻjaligini yuritish, oʻrmonlarni muhofaza va himoya qilish hamda oʻrmon resurslaridan toʻgʻri foydalanish masalalari boʻyicha tegishli maʼlumotlarni belgilangan tartibda soʻrab olish;
mol boqishdan, oʻrmon qonunchiligi talablari buzilganligi uchun zararni undirishdan tushadigan mablagʻlarni oʻtkazish uchun bank muassasalarida hisob-kitob raqamlari va maxsus hisob raqamlari ochish;
oʻz vakolatlari doirasida xalqaro tashkilotlar, muassasalar, organlar, korxonalar, xorijiy mansabdor va xususiy shaxslar bilan aloqalarni amalga oshirish, oʻrmon xoʻjaligi yuritish boʻyicha qoʻshma korxonalar tashkil etish.
V. OʻRMON XOʻJALIGI BOSh BOShQARMASI FAOLIYATI TAShKIL ETISh
10. Oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasiga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan lavozimga tayinlanadigan boshliq Qishloq va suv xoʻjaligi vazirining oʻrinbosari boshchiliq qiladi.
Boshliqning Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda Qishloq va suv xoʻjaligi vazirining buyrugʻi bilan tayinlanadigan ikki nafar oʻrinbosari boʻladi. Boshliq oʻrinbosaralari oʻrtasida vazifalarni Oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasi boshligʻi taqsimlaydi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar oʻrmon xoʻjaligi boshqarmalari boshliqlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan kelishgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan tayinlanadilar.
11. Oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasi boshligʻi boshqarmaga yuklangan vazifalar va majburiyatlarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi, oʻz oʻrinbosarlarining, boʻlimlar boshliqlarining Bosh boshqarma faoliyatining ayrim sohalariga rahbarlik qilishi, shuningdek, oʻrmon xoʻjaligi korxonalari va tashkilotlari ishi uchun javobgarligi darajasini belgilaydi.
12. Oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasi boshligʻi oʻz vakolatlari doirasida Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari asosida va ularni bajarish yuzasidan Bosh boshqarma tizimi korxonalari, tashkilotlari tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan buyruqlar va yoʻriqnomalar chiqaradi, koʻrsatmalar beradi, ularning ijrosini tekshiradi.
13. Oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi yozilgan muhrga ega boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 17-yanvardagi 32-son qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan —OʻR QHT, 2001-y., 1-2-son, 4-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasi markaziy apparatining
tashkiliy tuzilmasi
Xodimlar soni: hammasi 30 kishi (xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari)
Keyingi tahrirga qarang.
Hududiy oʻrmon xoʻjaligi boshqarmasining
NAMUNAVIY TUZILMASI
Keyingi tahrirga qarang.