Ta’lim sohasida kamsitishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi
Konvensiya
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bilan shug‘ullanuvchi tashkilotning bosh konferensiyasida 1960-yil 14-dekabrdagi o‘n birinchi sessiyada qabul qilingan.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bilan shug‘ullanuvchi tashkilotning bosh konferensiyasi, Parij, 1960-yil 14-noyabrdan 15-dekabrgacha o‘n birinchi sessiyasi yig‘ilishida,
eslatib o‘tamiz, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik tamoyilini tasdiqlaydi va har kimning ta’lim olish huquqini e’lon qilganini.
Ta’lim sohasida tahqirlash (haq-huquqini cheklash) — bu deklaratsiyada ko‘rsatilgan huquqlarning buzilishiga olib kelishini tasdiqlashini inobatga olib,
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bilan shug‘ullanuvchi tashkilotning Nizomiga binoan, inson huquqlarining umumbashariy hurmatini va hamma uchun ta’lim olishning teng huquqliligini ta’minlash maqsadida millatlar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga intilayotganini hisobga olib,
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bilan shug‘ullanuvchi tashkilotning alohida mamlakatlarda qabul qilingan ta’lim tizimining xilma-xilligiga asoslanib, nafaqat ta’lim sohasidagi har xil kamsitish masalalarini bartaraf etishi, balki imkoniyatlarning tengligi va barchaga teng munosabatda bo‘lishni ta’minlashi kerakligini tan olib,
ta’lim jarayonidagi kamsitishning turli jihatlari bo‘yicha mazkur sessiyaning kun tartibidagi 17.1.4-bandiga kiritilgan masala bo‘yicha takliflar olib,
O‘ninchi sessiyada qabul qilingan qarorni hisobga olib, bu masala xalqaro Konvensiya mavzusi bo‘lishi kerakligi belgilanib, tashkilotga a’zo davlatlariga tavsiyalar bergan holda,
1960-yil 14-dekabrda mazkur Konvensiya qabul qilindi.
1-modda
1. Ushbu Konvensiyada “tahqirlash” (haq-huquqini cheklash) iborasi irqi, rangi, jinsi, tili, dini, siyosiy holati va iqtisodiy holati, millati, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’iy nazar har qanday cheklash, farqlash yoki imtiyoz imkoniyatlaridan mahrum qilish masalalarini o‘z ichiga oladi.
Ta’lim sohasida tenglikni buzish quyidagi holatlarda namoyon bo‘ladi:
a) har qanday shaxs yoki guruhlar uchun biron-bir darajadagi yoki turdagi ta’lim olish imkoniyatidan mahrum qilish;
b) har qanday shaxs yoki guruhlarning ta’lim olish imkoniyatlarini past darajadagi ta’lim sifati bilan chegaralash;
d) har qanday shaxs yoki guruhlar uchun alohida ta’lim tizimlari yoki o‘quv muassasalarini yaratish yoki borlaridan foydalanish jihatlari bundan mustasno, bu esa, Konvensiyaning 2-moddasida nazarda tutilgan;
e) shaxs yoki guruhlarning qadr-qimmatiga mos kelmaydigan holatlarga tushirish.
2. Mazkur Konvensiyada “ta’lim” atamasi ta’limning barcha turlari va bosqichlariga taalluqli bo‘lib, ta’lim olish imkoniyatlari, ta’lim darajasi, sifati va u o‘tkaziladigan sharoitlarni o‘z ichiga oladi.
2-modda
Ushbu Konvensiyaning 1-moddasida berilgan holatlar ayrim davlatlardagi ta’limning o‘ziga xos jihatlarida kamsitish hisoblanmaydi, bular:
a) har xil jinsdagi talabalar uchun ta’lim tizimida yoki ta’lim muassasalarda ta’lim teng tarzda taqdim etilsa, ulardagi o‘qituvchilar bilim, malakalari bir xil bo‘lsa, sifatli bino va jihozlar mutanosib bo‘lsa, shuningdek, bir xil dasturlarni o‘rganishga sharoit yaratilsa, alohida ta’lim tizimlari yoki o‘quv muassasalarini yaratish va ularga ta’limni, faoliyatni amalga oshirish;
b) diniy yoki til sabablarga ko‘ra, o‘quvchilarning ota-onalari yoki ularning vasiylari tanloviga muvofiq, shuningdek, ta’lim tizimida ro‘yxatdan yoki ushbu muassasalarga qabul qilish ixtiyoriy bo‘lsa va ular tomonidan beriladigan bilim vakolatli ta’lim organlari tomonidan belgilangan yoki tasdiqlangan standartlarga mos kelsa, shunda bir xil darajadagi ta’lim beradigan tizimlar yoki ta’lim muassasalarini tashkil etish va ularni qo‘llab-quvvatlash;
Ma’lum bir guruhni istisno qilmagan holda, davlat tomonidan berilgan ta’limiy vazifalarni amalga oshirish, ularda qo‘shimcha imkoniyatlarni yaratish, ta’lim jarayonini vakolatli organlar tomonidan belgilangan yoki tasdiqlangan standartlarga muvofiq, xususan, bir xil darajadagi ta’lim standartlari bo‘yicha tashkil etilish yuzasidan xususiy ta’lim muassasalarini yaratish va ularni faoliyatini amalga oshirish.
3-modda
Konvensiyada belgilangan kamsitish holatlarini bartaraf etish yoki oldini olishda ushbu Konvensiyadagi ishtirokchi davlatlari zimmasiga quyidagilar belgilanadi:
a) ta’lim sohasidagi kamsitishga oid barcha qonun hujjatlari va ma’muriy buyruqlarni bekor qilish va ma’muriy amaliy holatlarga chek qo‘yish;
b) agar kerak bo‘lsa, ta’lim muassasalariga ta’lim oluvchilarni qabul qilishda har qanday kamsitishga holatlarini bartaraf etish uchun zarur bo‘lgan qonuniy choralarni qabul qilish;
d) o‘quv to‘lovlari, stipendiyalar va talabalarga boshqa yordam yoki chet elda o‘qishni davom ettirish uchun zarur bo‘lishi mumkin bo‘lgan ruxsat va imtiyozlar borasida hech qanday tafovutlarni bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik. Davlat organlari tomonidan mamlakat fuqarolarini ta’lim olishda haq-huquqini cheklash joiz emas. Ta’lim oluvchilarning erishgan muvaffaqiyati yoki ehtiyojlari asosidagi farqlanishlar bundan mustasno;
e) davlat idoralari tomonidan ta’lim muassasalariga muayyan turdagi yordam ko‘rsatadigan hollarda — ta’lim oluvchilarni faqatgina ma’lum bir guruhga mansublarga imtiyozlarni berish yoki cheklovlarni o‘rnatishga yo‘l qo‘ymaslik;
f) o‘z hududida istiqomat qiluvchi chet el fuqarolariga o‘z fuqarolari kabi ta’lim olish imkoniyatini berish.
4-modda
Ushbu Konvensiyadagi ishtirokchi-davlatlar, ta’lim sohasida imkoniyatlar va munosabatlarning tengligini amalga oshirish uchun milliy sharoit va urf-odatlarga mos keladigan davlat siyosatini shakllantirish, ishlab chiqish va amalga oshirish majburiyatini oladi, xususan:
a) boshlang‘ich ta’limni majburiy va bepul qilish; Umumiy o‘rta ta’limni variativ shaklarini yaratish va uni hamma uchun ochiq qilish; to‘liq tenglik asosida va har kimning qobiliyatiga ko‘ra oliy ta’limni hamma uchun ochiq qilish; ta’limdagi barcha qonuniy majburiyatlarning bajarilishini ta’minlash;
b) barcha davlat ta’lim muassasalarida bir xil darajadagi ta’lim va ta’lim sifati bo‘yicha teng sharoitlarni ta’minlash;
d) boshlang‘ich ta’limni tugatmagan yoki to‘liq tugatish imkoniyati bo‘lmaganlarga, ularning qobiliyatlariga mos ravishda rag‘batlantirish va rivojlantirish ta’lim usullari orqali o‘qishni davom ettirishlariga imkoniyat yaratish;
e) haq-huquqini cheklanmagan holda o‘qituvchilik kasbiga tayyorlash.
5-modda
1. Mazkur Konvensiya tarafdorlari bo‘lgan Davlatlar quyidagicha hisoblashadi:
a) ta’lim inson shaxsining to‘liq rivojlanishiga hamda inson huquqlari va asosiy erkinliklarini hurmat qilishga qaratilgan bo‘lishi lozim; u barcha xalqlar va barcha irqiy yoki diniy guruhlar o‘rtasida o‘zaro tushunish, bag‘rikenglik va do‘stlik, shuningdek, Birlashgan Millatlar tashkiloti tinchlikparvar faoliyatini rivojlantirishga ko‘maklashish kerak;
b) ota-onalar va, zarur holatlarda, huquqiy vasiylar, birinchidan, o‘z farzandlarini nafaqat davlat ta’lim muassasalariga, balki har bir Davlat qonun hujjatlarida belgilangan chegaralar doirasida, vakolatli ta’lim organlari tomonidan rasmiylashtirilgan yoki tasdiqlangan minimal talablarga javob beradigan nodavlat ta’lim muassasalariga erkin yuborishi, va, ikkinchidan, o‘z e’tiqodiga muvofiq bolalarni diniy va axloqiy tarbiya bilan ta’minlashi lozim;
hech bir shaxs va bir butun holdagi guruh a’zolariga o‘z e’tiqodlariga mos kelmaydigan diniy tarbiyani singdirishga harakat qilinmasligi kerak;
s) milliy ozchilikni tashkil qiladigan guruh a’zolari maktablarni boshqarish, shu jumladan, o‘z ta’lim ishlarini olib borish huquqiga ega deb tan olinishi kerak va har bir davlatning ta’lim siyosatiga muvofiq, o‘z tilidan foydalanishi yoki uni o‘rgatishi mumkin, ammo:
i) bu huquqni amalga oshirish milliy ozchilikni tashkil etadigan guruhga mansub shaxslarning butun jamoa madaniyati va tilini tushunishiga va uning faoliyatida ishtirok etishiga to‘sqinlik qilmaydi va u mamlakat suverenitetiga putur yetkazmaydi;
ii) bunday maktablarda ta’lim darajasi vakolatli organlar tomonidan belgilangan yoki tasdiqlangan umumiy darajadan past emas; va
iii) bunday maktablarga qatnash ixtiyoriydir.
2. Ushbu Konvensiya tarafdorlari bo‘lgan davlatlar ushbu moddaning 1-bandida belgilangan tamoyillarning qo‘llanilishini ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘rish majburiyatini oladilar.
6-modda
Ushbu Konvensiyani qo‘llashda, uning taraflari bo‘lgan davlatlar, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat tashkilotining Bosh konferensiyasi ta’limdagi kamsitishning turli jihatlariga qarshi kurash choralarini aniqlash va ushbu sohada teng imkoniyat va munosabatni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni aniqlash uchun qabul qilishi mumkin bo‘lgan tavsiyalarni hisobga olish majburiyatini oladi.
7-modda
Ushbu Konvensiyaga a’zo davlatlar, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat tashkilotining Bosh konferensiyasiga, Konferensiya tomonidan belgilanadigan vaqt va shaklda, qonun chiqaruvchi, ma’muriy va boshqa choralar taqdim etayotgani to‘g‘risida davriy hisobotlarda hisobot berishadi, ular ushbu Konvensiyani amalga oshirish uchun, xususan, 4-moddada ko‘rsatilgan milliy siyosatni shakllantirish va rivojlantirish, erishilgan natijalar va ushbu siyosatni amalga oshirishda duch kelgan to‘siqlarni o‘z zimmalariga oladilar.
8-modda
Agar mazkur Konvensiyaning tarafdorlari bo‘lgan ikki yoki undan ortiq davlatlar o‘rtasida uni talqin qilish va qo‘llash borasida kelishmovchiliklar yuzaga kelsa va bu kelishmovchiliklar muzokaralar yo‘li bilan hal qilinmasa, tomonlarning iltimosiga binoan, agar boshqa kelishuv vositalari mavjud bo‘lmasa, Xalqaro sudga qaror chiqarishi uchun yuboriladi.
9-modda
Mazkur Konvensiyaga nisbatan hech qanday qo‘shimcha izohlarga yo‘l qo‘yilmaydi.
10-modda
Mazkur Konvensiya ikki yoki undan ortiq davlatlar o‘rtasida tuzilgan bitimlar tufayli shaxslar yoki guruhlar foydalanishi mumkin bo‘lgan huquqlarga, agar bu huquqlar Konvensiya qoidalariga yoki ruhiga zid bo‘lmasa, zarar yetkazmaydi.
11-modda
Ushbu Konvensiya ingliz, ispan, rus va fransuz tillarida tuzilgan bo‘lib, ushbu to‘rt matn ham bir xil kuchga ega.
12-modda
1. Mazkur Konvensiya ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkilotining a’zo davlatlari Konstitutsiyasida ko‘zda tutilgan tartibda ratifikatsiya yoki qabul qilinadi.
2. Qabul qilish haqidagi ratifikatsiya yorliq yoki aktlarini saqlash uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Bosh direktoriga topshiriladi.
13-modda
1. Ushbu Konvensiyaga Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo bo‘lmagan har qanday davlat Ijroiya Kengashining tashkilotga a’zo bo‘lish haqidagi taklifini olgandan so‘ng qo‘shilishi mumkin.
2. A’zo bo‘lish a’zo bo‘lish haqidagi aktni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Bosh direktoriga saqlash uchun topshirish orqali amalga oshiriladi.
14-modda
Mazkur Konvensiya qabul qilish yoki a’zo bo‘lish haqidagi uchinchi ratifikatsiya yorlig‘i yoki akti saqlashga topshirilgandan kundan boshlab, faqat saqlash uchun qabul qilish yoki a’zo bo‘lish to‘g‘risidagi ratifikatsiya aktini belgilangan kun yoki undan oldin topshirgan davlatlarga nisbatan uch oydan so‘ng kuchga kiradi. Boshqa har qanday davlatga nisbatan Konvensiya saqlash uchun qabul qilish yoki a’zo bo‘lish to‘g‘risidagi ratifikatsiya aktini topshirgach, uch oydan so‘ng kuchga kiradi.
15-modda
Ushbu Konvensiyaga a’zo davlatlar uning ta’siri nafaqat o‘z metropolisi hududiga, balki tashqi aloqalari uchun javobgar bo‘lgan barcha o‘z-o‘zini boshqarmaydigan qaram, mustamlaka va boshqa hududlarga ham taalluqli ekanligini tan oladilar; ular, agar zarurat bo‘lsa, ushbu hududlarda Konvensiyaning bajarilishini ta’minlash uchun ratifikatsiya, qabul qilish yoki a’zo bo‘lish paytida, hatto undan oldin ham, ushbu hududlarning hukumatlari yoki vakolatli organlari bilan maslahatlashishga va bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Konvensiya amalga oshiriladigan hududlar bo‘yicha Ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti Bosh direktorini xabardor (notifikatsiya) qilishga majburdirlar. Ushbu notifikatsiya olingan kundan boshlab uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
16-modda
1. Ushbu Konvensiyaga a’zo har bir davlat o‘z nomidan yoki tashqi aloqalari uchun javobgar bo‘lgan har qanday hudud nomidan uni bekor qilishi mumkin.
2. Bekor qilish uchun bekor qilish to‘g‘risida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti Bosh direktoriga yozma dalolatnoma taqdim etiladi.
3. Bekor qilish bekor qilinganlik to‘g‘risidagi dalolatnoma olinganidan so‘ng o‘n ikki oy o‘tgach kuchga kiradi.
17-modda
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat tashkilotining Bosh direktori 13-moddada ko‘rsatilgan tashkilotga a’zo davlatlarni va a’zo bo‘lmagan davlatlarni 12 va 13-moddalarida ko‘rsatilgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining barcha qabul yoki a’zolik to‘g‘risidagi, shuningdek, 15 va 16-moddalarda ko‘rsatilgan tatbiq etish va bekor qilish haqidagi hujjatlarning tasdiqlanganligini, saqlanganligini xabardor qiladi.
18-modda
1. Bu Konvensiya Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat tashkilotining bosh anjumani tomonidan qayta ko‘rib chiqilishi mumkin. Biroq, uning qayta ko‘rib chiqilgan matni faqat qayta ko‘rib chiqilgan Konvensiyaga a’zo bo‘lgan davlatlarda majburiydir.
2. Agar bosh anjuman ushbu Konvensiyani to‘liq yoki qisman qayta ko‘rib chiqish natijasida yangi Konvensiyani qabul qilgan bo‘lsa va agar yangi Konvensiyada boshqa ko‘rsatmalar bo‘lmasa, eski Konvensiya qayta ko‘rib chiqilgan matnni o‘z ichiga olgan yangi Konvensiya kuchga kirgandan boshlab tasdiqlash, qabul qilish yoki a’zo bo‘lish uchun yopiq hisoblanadi.
19-modda
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomining 102-moddasiga muvofiq, ushbu Konvensiya Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti Bosh direktorining iltimosiga binoan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Kotibiyatida ro‘yxatga olinadi.
Parijda 1960-yil 15-dekabrda 11-sessiya yig‘inida bosh anjuman raisi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti Bosh direktori tomonidan ikkita haqiqiy nusxadagi Konvensiya imzolangan; bu nusxalar Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti arxivida saqlanadi va tegishli tarzda tasdiqlangan nusxalari 12 va 13-moddalarda ko‘rsatilgan barcha davlatlarga, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkilotiga yuborilgan.
Yuqoridagi matn, Konvensiyaning Parijda 11-sessiyada bo‘lib o‘tgan va 1960-yil 15-dekabrda tugagan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ta’lim, ilm-fan va madaniyat tashkiloti bosh anjumanining asl matni hisoblanadi.
Asos sifatida ushbu Konvensiyaning 1960-yil 15-dekabrda imzolanganligini ko‘rsatish mumkin.
(imzolar)