O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblarining yangilangan klassifikatorini tasdiqlash to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 4-oktabrdagi 795-sonli “Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatorini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aksiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2015-yil 24-apreldagi PF-4720-son Farmonini bajarish yuzasidan hamda kasblar va lavozimlarni tasniflashning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish, uni bozor iqtisodiyoti talablariga va xalqaro amaliyotga muvofiqlashtirish, yangicha fikrlaydigan professional kadrlar tayyorlanishini ta’minlashda Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatorining rolini kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblarining yangilangan klassifikatori (keyingi o‘rinlarda Klassifikator deb ataladi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin va 2015-yil 1-iyuldan boshlab amalga kiritilsin.
2. Belgilansinki, Klassifikator:
xizmatchilar lavozimlari va ishchilar kasblari nomlaridan foydalanish yuzasidan — xodimlarning mehnat daftarchalariga yozuvlarni qayd etishda, mehnat shartnomalari tuzishda, buyruqlarni rasmiylashtirishda, xizmatchilarning lavozimlarini xodimlar toifalariga kiritishda majburiy hisoblanadi;
ishga qabul qilishda xodimlar ma’lumotining eng past darajasi, ishchilar kasblari bo‘yicha tarif razryadlarini belgilash yuzasidan — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tashkil etilgan davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarida (keyingi o‘rinlarda tashkilotlar deb ataladi), xo‘jalik boshqaruvi organlarida, shuningdek ustav kapitalida davlat ulushi 50 foizdan ortiq bo‘lgan tashkilotlarda qo‘llanilishi majburiy hisoblanadi;
ta’lim yo‘nalishi yuzasidan — tavsiya xususiyatiga ega.
3. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiga vazirliklar, idoralar, tashkilotlar va ilmiy markazlarning asoslangan takliflaridan kelib chiqib, shuningdek mehnat bozorida yangi kasblar va lavozimlar paydo bo‘lishini hisobga olib Klassifikatorga belgilangan tartibda o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish huquqi berilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi 2016-yil 1-yanvargacha bo‘lgan muddatda Klassifikator bazasida Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblarining tarmoqlararo tarif-malaka ma’lumotnomasi ishlab chiqilishini, ushbu ma’lumotnomaning elektron versiyasi vazirlikning rasmiy saytida joylashtirilishini, shuningdek ma’lumotnoma tashkilotlarning buyurtmanomalari bo‘yicha ular orasida pulli asosda tarqatilishini ta’minlasin.
5. Belgilansinki, Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 20-avgustdagi 181-son qarori bilan tasdiqlangan Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatoriga muvofiq xodimlarning mehnat daftarchalari va tashkilotlarning mehnatga oid muayyan hujjatlaridagi 2015-yil 1-iyulgacha amalga oshirilgan yozuvlar o‘z kuchini saqlaydi.
6. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari bir oy muddatda xizmatchilarning lavozimlari va ishchilar kasblari tarmoq tarif-malaka ma’lumotnomalariga ushbu qarordan kelib chiquvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalarni kiritsinlar.
7. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi:
Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi bilan birgalikda uch oy muddatda malaka guvohnomasining yagona shakli joriy etilishi va ular yagona axborot bazasida hisobga olinishini nazarda tutib ishchilarga malaka razryadlari berish uchun ular attestatsiyadan o‘tishining mezonlari va tartibi ishlab chiqilgan holda yirik korxonalar va kasb-hunar kollejlari bazasida ishchilarning asosiy kasblariga oid malaka razryadlari berish bo‘yicha mintaqaviy va tarmoq xo‘jalik hisobidagi markazlar tarmoqlarini tashkil etish to‘g‘risida taklif kiritsin;
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda o‘z idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
8. Vazirlar Mahkamasining “Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatorini tasdiqlash to‘g‘risida” 2010-yil 20-avgustdagi 181-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2010-y., 8-son, 46-modda) 2015-yil 1-iyuldan boshlab o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 19-iyun,
164-son
Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 19-iyundagi 164-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari
KLASSIFIKATORI
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatori (keyingi o‘rinlarda XALIKK — 2015 deb ataladi) xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblarini tizimlashtirish, ishchilarning ish razryadlari diapazonini va xizmatchilarning lavozimlari toifalarini belgilash, shuningdek ta’limning yo‘nalishi va darajasiga qo‘yiladigan talablarni aniqlash uchun mo‘ljallangan.
XALIKK— 2015 O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 20-avgustdagi 181-son qarori bilan tasdiqlangan Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatori o‘rniga ishlab chiqilgan.
2. Ushbu XALIKK–2015dan:
korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning (keyingi o‘rinlarda tashkilotlar deb ataladi) mehnat shartnomalari va shtat jadvallarini tuzishda, xodimlarning mehnat daftarchalariga yozuvlarni kiritishda, mehnat shartnomalari bo‘yicha buyruqlarni rasmiylashtirishda, lavozimlar va kasblarni xodimlarning tegishli toifalariga kiritishda, pensiyaga doir imtiyozlar huquqini aniqlashda xizmatchilarning lavozimlari va ishchilarning kasblari nomlarini standartlashtirish va birxillashtirish;
ta’limning darajasi va yo‘nalishini hamda xodimlarning malaka toifasini hisobga olgan holda kadrlarni samarali ravishda joy-joyiga qo‘yish;
ishlab chiqarish va boshqaruvning hozirgi darajasidan va rivojlanishi istiqbollaridan kelib chiqib, zamonaviy bozor iqtisodiyoti talablariga javob beruvchi, yangicha fikrlaydigan kadrlarni aniq maqsadni ko‘zlab tayyorlash;
turli tashkiliy-huquqiy shakllardagi tashkilotlarda kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha o‘quv dasturlarini tuzish;
mehnatni hisobga olish, tahlil qilish va uning statistikasini yuritish;
xodimlar bilan ishlashni tashkil etish sohasida axborotni qayta ishlash;
band aholini faoliyat (mashg‘ulot) turlari bo‘yicha taqsimlash;
xalqaro darajada ijtimoiy-mehnat sohasidagi statistika ma’lumotlarini taqqoslash uchun foydalaniladi.
Klassifikator tarmoq tarif-malaka ma’lumotnomalarini belgilangan tartibda ishlab chiqish uchun asos bo‘ladi.
3. Ishchilar kasblari va xizmatchilar lavozimlari XALIKK — 2015ning tasniflash obyektlari hisoblanadi.
4. Ushbu XALIKK — 2015:
xizmatchilar lavozimlari va ishchilar kasblari nomlaridan foydalanish yuzasidan — xodimlarning mehnat daftarchalariga yozuvlarni qayd etishda, mehnat shartnomalari tuzishda, buyruqlarni rasmiylashtirishda, xizmatchilarning lavozimlarini xodimlar toifalariga kiritishda majburiy hisoblanadi;
ishga qabul qilishda xodimlar ma’lumotining eng past darajasi, ishchilar kasblari bo‘yicha tarif razryadlarini belgilash yuzasidan — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tashkil etilgan davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarida (keyingi o‘rinlarda tashkilotlar deb ataladi), xo‘jalik boshqaruvi organlarida, shuningdek ustav kapitalida davlat ulushi 50 foizdan ortiq bo‘lgan tashkilotlarda qo‘llanilishi majburiy hisoblanadi, boshqa tashkilotlar uchun esa — tavsiya xususiyatiga ega.
ta’lim yo‘nalishi yuzasidan — barcha tashkilotlar uchun tavsiya xususiyatiga ega.
5. XALIKK — 2015da tegishli tariflar bilan birgalikda quyidagi asosiy atamalardan foydalaniladi:
a) xizmatchi lavozimi — xodimning funksional vazifalari, lavozim huquqlari va javobgarlik xususiyati bilan belgilanadigan uning xizmat mavqei;
b) ishchi kasbi — kasbga o‘qish yoki amaliyot natijasida egallangan jami bilimlar va ko‘nikmalar bilan belgilanadigan ishchining mehnat faoliyati turi;
v) xizmatchilar — tashkilotda hujjatlarni tayyorlash va rasmiylashtirishni, hisob va nazoratni, boshqaruv funksiyalarini, shuningdek xo‘jalik xizmatini amalga oshiradigan lavozimni egallagan mutaxassislar;
g) mutaxassislar — ishlab chiqarish va ma’muriy jarayonlarni rejalashtiruvchi, loyihalashtiruvchi va nazorat qiluvchi, murakkab texnikaga xizmat ko‘rsatuvchi, hujjatlarni ishlab chiquvchi, xodimlarni boshqaruvchi, tashkilot faoliyati jarayonlarini, shu jumladan ularga farmoyish beruvchi vakolatlar berilmagan holda tartibga soluvchi, ta’lim beruvchi va sog‘lomlashtiruvchi, ijodiy va ilmiy faoliyatni, shu jumladan boshqa o‘ziga xos funksiyalarni amalga oshiruvchi xodimlar. Mutaxassislar boshqaruv va ishlab chiqarish xodimlariga tegishli bo‘lishi, farmoyish berish va ijro etish funksiyalarini bajarishlari mumkin;
d) ishchilar — mehnat quroli yordamida mehnat jarayonida ishlov berilishi kerak bo‘lgan materiallarga (mehnat predmetiga) ta’sir ko‘rsatadigan, asosan jismoniy mehnat bilan shug‘ullanadigan, mahsulot yaratadigan, mashinalarni kuzatadigan, sozlaydigan va saqlaydigan, mehnat predmetlari joyini o‘zgartiradigan, mehnatning normal sharoitlarini saqlab turadigan, tovarlar va xizmatlarning ishlab chiqarish texnologiyasi bilan belgilanadigan boshqa funksiyalarni bajaradigan xodimlar;
e) xodimlar toifasi — xizmatchining mehnati mazmunining tavsiflari va ko‘rsatkichlari tizimi:
boshqaruv xodimlari — boshqaruv funksiyalarini amalga oshiruvchi, xodimlarga rahbarlik qiluvchi, zarur qarorlarni ishlab chiquvchi va qabul qiluvchi, tashkilot faoliyatini rejalashtiruvchi, nazorat qiluvchi va jarayonlarni tartibga soluvchi, zarur qarorlar qabul qilish uchun ma’lumotlar tayyorlovchi xodimlar. Boshqaruv xodimlari tashkilotning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlar va vazifalarga erishishi uchun zarur tashkiliy-texnik shartlarni, yuklangan funksiyalar va ishlab chiqarish dasturlari bajarilishini ta’minlaydilar. Boshqaruv xodimlari rahbarlarga va boshqaruv xodimlari mutaxassislariga bo‘linadi;
ishlab chiqarish xodimlari — tashkilotning asosiy mahsulotlari (xizmatlari)ni ishlab chiqarish, shuningdek ishlab chiqarish dasturida belgilangan qo‘shimcha mahsulotlar (xizmatlar)ni ishlab chiqarish jarayonida bevosita qatnashadigan xodimlari. Ishlab chiqarish xodimlari tarkibiga boshqaruv xodimlariga tegishli bo‘lmagan muhandis xodimlar va texniklar, ishchilar, kichik mutaxassislar va ishlab chiqarish jarayonida bevosita qatnashadigan boshqa xodimlar kiradi;
texnik xodimlar — funksiyasiga boshqaruv xodimlari faoliyatiga texnik xizmat ko‘rsatish hamda ishlab chiqarish va texnologik jarayonlarni ta’minlash ishlarini bajarish (nashr etish, ko‘paytirish va arxiv ishlarini bajarish, kutubxona ishi, hujjatlarni yetkazib berish, kompyuter texnikasiga xizmat ko‘rsatish, idora, kotiblik ishlarini va boshqa ishlarni bajarish) kiradigan xodimlar;
xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar — funksiyasiga binolar va hududlarga texnik xizmat va xo‘jalik xizmati ko‘rsatish, ularni qo‘riqlash, boshqaruv xodimlariga transport xizmati ko‘rsatish, tashkilotning boshqaruv va ishlab chiqarish xodimlariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha boshqa ishlar, shu jumladan ijtimoiy-maishiy xizmat ko‘rsatish kiradigan xodimlar. Xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarga mutaxassislar va ishchilar toifasiga mansub bo‘lmagan aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish xodimlari ham kiradi;
j) xodim ma’lumotining eng past darajasiga qo‘yiladigan talablar — “Ta’lim to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq xizmatchi yoki ishchi kasbi bo‘yicha ishga kirishda, qoidaga ko‘ra, bajariladigan ishlar va funksional vazifalarning o‘ziga xosligidan kelib chiqib talab qilinadigan ma’lumotning eng past darajasi. Ishga qabul qilishda ma’lumot ixtisosligiga qo‘yiladigan talablar qonun hujjatlari talablari hisobga olingan holda davlat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari va tashkilotlar tomonidan belgilanishi mumkin;
z) ishchilarning tarif razryadlari diapazoni — ishchi tomonidan bajariladigan faoliyatning aniq turiga xos bo‘lgan ishlarning eng past razryadidan eng yuqori razryadigacha bo‘lgan oraliq. Tarif razryadlarining diapazonida belgilangan aniq tarif razryadlari ishning murakkabligini va uning uchun talab etiladigan ishchi malakasini belgilaydi;
i) ta’lim yo‘nalishi — ta’lim muassasasida bitiruvchi tomonidan tegishli darajadagi ta’lim dasturi bo‘yicha egallangan va ular tomonidan kasbiy yoki lavozim faoliyatining muayyan turi bajarilishini ta’minlaydigan bazaviy va fundamental bilimlar, o‘quv va ko‘nikmalar yig‘indisi.
II. XALIKK — 2015ning tuzilmasi
6. Ushbu XALIKK— 2015 quyidagi bo‘limlardan iborat:
1-bo‘lim — “Ishchilarning asosiy kasblari” — Ishlar va ishchi kasblari yagona tarif-malaka ma’lumotnomasiga muvofiq ishchilar kasblarining, shuningdek huquq va majburiyatlari ushbu XALIKK— 2015ga 1-ilovaga* muvofiq iqtisodiyot tarmoqlarida kasblar tarkibini tartibga soluvchi ustavlar, maxsus ilovalar va tegishli qarorlarda nazarda tutilgan ishchilar kasblarining nomlarini o‘z ichiga oladi;
2-bo‘lim — “Xizmatchilarning asosiy lavozimlari” — iqtisodiyotda va ushbu XALIKK — 2015 ga 2-ilovada* ko‘rsatilgan tashkilotlarning tashkiliy-tarkibiy sxemalarida qo‘llaniladigan faoliyatlarning nomlarini o‘z ichiga oladi.
* 1- va 2-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
7. 1-bo‘lim ishchilar kasblarining tartib raqamlarini ularning ortib borishi tartibida, alifbo bo‘yicha ishchilar kasblari nomlarini va O‘zbekiston Respublikasi Mashg‘ulotlarning milliy standart klassifikatori bo‘yicha ularga muvofiq kodlarni (keyingi o‘rinlarda MMSK deb ataladi), tarif razryadlari diapazonlarini (keyingi o‘rinlarda TRD deb ataladi), O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi mutaxassisliklarini tayyorlash yo‘nalishlari, kasblar va mutaxassisliklar klassifikatori (keyingi o‘rinlarda O‘MKTMTYMK deb ataladi) bo‘yicha kodlarni o‘z ichiga oladi.
1-bo‘limning jadvali quyidagi shaklga ega:
| T/r | Kasbning nomi | MMSK bo‘yicha kod | TRD | Ta’limning eng past darajasi | O‘MKTMTYMK bo‘yicha kod |
8. 2-bo‘lim xizmatchilar lavozimlarining tartib raqamlarini ularning ortib borishi tartibida, alifbo bo‘yicha xizmatchilarning lavozimlari nomlarini va ularga muvofiq bo‘lgan MMSK kodlarini, xodimlarning toifalari kodlarini, ta’limning eng past darajasini, shuningdek O‘MKTMTYMK hamda Oliy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari klassifikatori (keyingi o‘rinlarda OTYMK deb ataladi) bo‘yicha kodlarni o‘z ichiga oladi.
2-bo‘limning jadvali quyidagi shaklga ega:
| T/r | Lavozimlar nomi | MMSK bo‘yicha kod | Xodimlar toifasi | Ta’limning eng past darajasi | OTYMK bo‘yicha kod |
9. MMSK kasblari va yo‘nalishlari kodlari Xalqaro mehnat tashkilotining Mashg‘ulotlarning xalqaro standart klassifikatori ISCO-88ga muvofiqdir va to‘rtta raqamdan iborat:
birinchi raqam o‘zida yiriklashtirilgan guruhni ifodalaydi;
ikkinchi raqam kichik guruhni ifodalaydi;
uchinchi raqam tarkibli guruhni ifodalaydi;
to‘rtinchi raqam bazaviy guruhni ifodalaydi.
Masalan:
|
Kod |
2 |
Asosiy guruh: mutaxassislar — professionallar | |||
|
Kod |
2 |
1 |
Kichik guruh: fizika, matematika va texnika fanlari sohasida mutaxassislar — professionallar | ||
|
Kod |
2 |
1 |
3 |
Kichik guruh: kompyutyerlar bo‘yicha mutaxassislar — professionallar | |
|
Kod |
2 |
1 |
3 |
1 |
Boshlang‘ich: tizimlarning ishlab chiquvchilari va tahlilchilari |
10. O‘MKTMTYMK va OTYMK bo‘yicha kodlar Ta’limning xalqaro standart klassifikatsiyasiga asoslangan va yettita raqamdan iborat:
birinchi raqam ta’lim dasturining darajasi kodini belgilaydi: “3” kodi — o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi, “5” va “5A” kodlari — tegishli ravishda “bakalavr” va “magistr” akademik darajalari uchun; “2” va “1” kodlar — tegishli ravishda, shu jumladan ishlab chiqarishda (“2”) va maxsus kasbiy tayyorgarlikni talab etmaydigan (“1”) qisqa muddatli kasb tayyorgarligi darajasi uchun;
ikkinchi raqam — bilimlar sohasi kodi;
uchinchi raqam — ta’lim sohasi kodi;
to‘rtinchi va beshinchi raqamlar — ta’lim yo‘nalishi kodi;
oltinchi va yettinchi raqamlar — mutaxassisliklar kodi (OTYMKda ko‘rsatilmagan mutaxassisliklar kodlari “00” raqamlari bilan belgilanadi).
Masalan:
|
Kod |
3 |
Ta’lim darajasi — o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi | ||||
|
Kod |
3 |
1 |
Bilim sohasi — gumanitar soha | |||
|
Kod |
3 |
1 |
4 |
Ta’lim sohasi — tabiiy fanlar | ||
|
Kod |
3 |
1 |
4 |
08 |
Ta’lim yo‘nalishi — geologiya | |
|
Kod |
3 |
1 |
4 |
08 |
01 |
Mutaxassislik — kollektor |
XALIKK — 2015da ko‘rsatilgan har bir kasb yoki lavozimga OTYMK va O‘MKTMTYMK bo‘yicha bir yoki bir necha kodlar muvofiq bo‘lishi mumkin.
2-bo‘limda xizmatchilarning ayrim lavozimlari bo‘yicha, “OTYMK va O‘MKTMTYMK bo‘yicha kod” ustunida “5Axxxxxx” kodi ko‘rsatilgan, u Oliy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari klassifikatorlariga muvofiq “Magistr” darajasini anglatadi.
Izoh. “xxxxxx” belgilari 0 dan 9 gacha bo‘lgan istalgan sonni bildiradi.
“O‘MKTMTYMK, OTYMK bo‘yicha kod” ustunida “-” belgisi ko‘rsatilgan hollarda ma’lumoti yo‘nalishiga nisbatan talablar qo‘yilmaydi.
11. Ishchilar kasblari tarif razryadlarining diapazoni (IKD) belgilangan tartibda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari tomonidan ishlab chiqilgan Ishchilar kasblarining yagona tarif-malaka yo‘riqnomalariga hamda tarmoq tarif-malaka yo‘riqnomalari ishchilarning kasblari bo‘yicha ularning murakkabligiga ko‘ra (mehnat sharoitlarini hisobga olmasdan) ishchilar kasblari bo‘yicha ishlarning eng kam va eng yuqori razryadlarini “1” dan “8”gacha oraliqda belgilaydi, bunda: “1” razryad — xodimdan past malakani talab qiladigan eng oddiy ishlarni, “8” razryad esa — ishchidan eng yuqori kasbiy malakani va tajribani talab qiladigan alohida murakkab va noyob ish turlarini ifodalaydi. Aksariyat hollarda ishchining eng yuqori malaka razryadi oltinchi razryaddan oshmaydi.
12. Xodimlarning xizmatchilar lavozimlariga tegishli toifalari quyidagi qisqartmalar bilan belgilangan:
B — boshqaruv xodimlari;
M — mutaxassislar-bajaruvchilar;
T — texnik xodimlar;
X — xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar;
I — ishlab chiqarish xodimlari.
13. Ma’lumotining eng past darajasi quyidagi qisqartmalar bilan belgilangan:
O/M — oliy ma’lumotli, u “bakalavr” va “magistr” darajalarini o‘z ichiga oladi;
O‘MKHT — o‘rta maxsus, kasb-hunarga doir ma’lumotli;
TQ — ma’lumoti darajasiga talab qo‘yilmaydi.
III. XALIKK–2015ni qo‘llanish xususiyatlari
14. Xizmatchilarning ayrim lavozimlari bajariladigan funksiyalarga ko‘ra boshqaruv va ishlab chiqarish xodimlariga tegishli bo‘lishi mumkin.
Agar davlat va xo‘jalik boshqaruvi organi tuzilmasida ishlab chiqarish bo‘linmalari ajratib ko‘rsatilmagan bo‘lsa, u holda xodimlarning “Mutaxassislar” toifasiga kiritilgan lavozimlar boshqaruv xodimlariga tenglashtiriladi, tegishli normativ-huquqiy hujjatlarda istisno shaklida ko‘rsatilgan ayrim lavozimlardan tashqari.
15. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning normativdagi sonini aniqlashda texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning ayrim lavozimlari va kasblari ishlab chiqarish xodimlari jumlasiga kiritilishi mumkin, agar ushbu lavozimlar va kasblar mazkur davlat va xo‘jalik boshqaruvi organining ishlab chiqarish bo‘linmalari shtatlar tuzilmasiga kiritilgan bo‘lsa.
16. Xizmatchilarning ayrim lavozimlari va ishchilarning kasblari bo‘yicha XALIKK — 2015da ko‘rsatilmaganlar belgilanishi mumkin:
a) hosila lavozimlar va kasblar, shu jumladan:
ishchilar kasblari bo‘yicha — “katta” va “yordamchi”;
xizmatchilar lavozimlari bo‘yicha — o‘rinbosar, yordamchi, birinchi, ikkinchi, uchinchi, to‘rtinchi, beshinchi, bosh, yetakchi, katta, kichik, oliy ma’lumotli, o‘rta maxsus ma’lumotli, kasb-hunarga doir ma’lumotli, smenali, brigadali, viloyat, tuman, uchastka, kon va hokazo.
Xizmatchilarning ayrim lavozimlari bo‘yicha hosila lavozimlar bir lavozim doirasida tashkilot rahbari tomonidan belgilanadi.
Hosila lavozimni (kasbni) belgilashda xodimlarning lavozim vazifalarini bajarishdagi mustaqilligi darajasi, uning qabul qilinadigan qarorlarning to‘g‘riligi yuzasidan javobgarligi, tashabbuskorligi, mehnatining samaradorligi va sifati, shuningdek amaliy faoliyati tajribasi hisobga olinadi.
Hosila lavozimlarga va kasblarga XALIKK–2015da ko‘rsatilgan lavozimlar va kasblar bo‘yicha faoliyat mazmuni xususiyatlarini aniqlashtirish yo‘li bilan hosil qilingan lavozimlar va kasblar ham kiritiladi. Ushbu holatda uning asosida ushbu hosila lavozim (kasb) hosil qilingan XALIKK–2015da ko‘rsatilgan lavozim (kasb) klassifikatsiya obyekti hisoblanadi;
b) lavozimning malaka toifalari: oliy, birinchi, ikkinchi, uchinchi.
Xizmatchilarning lavozimlari bo‘yicha malaka toifalari, odatda, qonunchilikda belgilangan tartibda o‘tkaziladigan attestatsiya natijalari bo‘yicha belgilanadi;
v) klassliligi va klass darajalari.
Ular bo‘yicha klasslilik va klass darajalari belgilanadigan lavozimlar ro‘yxati, shuningdek ularni belgilash tartibi qonun hujjatlarida belgilanadi.
17. 2-bo‘limning “Lavozimning nomi” ustunida xizmatchilarning ayrim lavozimlari bo‘yicha takrorlanadigan (ekvivalent) nom ko‘rsatilgan.
Masalan:
| T/r | Lavozimlar nomi | MMSK bo‘yicha kod | Xodimlar toifasi | Ma’lumotining eng past darajasi | O‘MKTMTYKM va OTYMK bo‘yicha kodi |
| |
Kimyo-laboratoriyasi boshlig‘i (mudiri) |
1239 |
U |
O/M |
5320300 |
Ushbu holatda tashkilotlarning mehnat shartnomalarini va shtat jadvallarini tuzishda, xodimlarning mehnat daftarchalariga yozuvlarni kiritishda, mehnat munosabatlari bo‘yicha buyruqlarni rasmiylashtirishda, lavozimlar va xodimlarning tegishli toifalariga kiritishda, pensiya imtiyozlariga bo‘lgan huquqni aniqlashda lavozimning to‘g‘ri nomi ham asosiy, ham takrorlanadigan (ekvivalent) nom hisoblanadi.
18. Ishga qabul qilishda talab qilinadigan ma’lumotning eng past darajasini belgilashda:
oliy ta’lim muassasalarini “bakalavr” va “magistr” darajasi bilan tamomlagan shaxslar oliy ma’lumotli xodimlar jumlasiga kiritiladi;
akademik litseylarni va kasb-hunar kollejlarini, texnikumlarni, kasb-hunar-texnika, tibbiyot, pedagogika yoki boshqa bilim yurtlarini tamomlagan shaxslar o‘rta maxsus kasb-hunar ma’lumotiga ega xodimlar jumlasiga kiritiladi;
oliy ta’lim muassasalarini 2001-yilgacha (ushbu yil ham kiradi) tamomlagan shaxslar magistr darajasini olgan shaxslarga tenglashtiriladi.
19. Ayrim holatlarda klassifikatorda belgilangan ma’lumotning eng past darajasiga yoki yo‘nalishiga ega bo‘lmagan, lekin yetarli darajada amaliy tajribaga ega bo‘lgan, o‘zlariga yuklangan lavozim vazifalarini to‘liq hajmda va sifatli bajaradigan xodimlar ma’lumotning tegishli darajasini yoxud ma’lumotning boshqa yo‘nalishini talab qiladigan lavozimga qabul qilinishi mumkin, agar qonunchilikda boshqa tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa.
IV. XALIKK — 2015 ga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish
20. XALIKK-2015 ga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish (aktuallashtirish) vazirliklar,idoralar, tashkilotlar, shuningdek fuqarolar (keyingi o‘rinlarda foydalanuvchilar deb ataladi) takliflari asosida Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
XALIKK — 2015 ni aktuallashtirish uchun foydalanuvchilar Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi nomiga quyidagi ma’lumotlar ilova qilingan buyurtmanomani yuboradilar:
a) XALIKK — 2015 ga kiritish yoki XALIKK — 2015dan chiqarib tashlash uchun tavsiya etilayotgan lavozimlar va kasblarning nomi;
b) kiritish uchun tavsiya etilayotgan har qaysi kasb va lavozim bo‘yicha:
tarif-malaka tavsifnomalarining yoki faoliyat mazmunining tavsifi;
XALIKK — 2015 da ko‘rsatilgan kodlar, shu jumladan MMSK, O‘MKTMTYKM va OTYMK bo‘yicha kodlar, ishchilar kasblari uchun — razryadlar diapazoni va xizmatchilar lavozimlari uchun — xodimlarning toifasi;
v) har qaysi kasb yoki lavozimni XALIKK — 2015 ga kiritishning yoki XALIKK — 2015 dan chiqarib tashlashning zarurligi asoslangan tushuntirish xati.
21. XALIKK — 2015 aktuallashtirish bo‘yicha berilgan buyurtmanomalar O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan kundan boshlab 3 oy mobaynida, ekspertlarni jalb etgan holda ko‘rib chiqiladi. Tavsiya etilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar qabul qilingan taqdirda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi XALIKK — 2015 ga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida belgilangan tartibda buyruq chiqaradi, rad etilgan taqdirda esa — foydalanuvchiga asoslangan rad etish xatini yuboradi.
XALIKK–2015 ga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining tegishli buyrug‘i Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab kuchga kiradi.
22. Agar xodimlarning mehnat daftarchalarida yoki tashkilotning mehnat munosabatlarini belgilovchi mahalliy hujjatlarida XALIKK — 2015 da mavjud bo‘lmagan kasblar va lavozimlar ko‘rsatilgan bo‘lsa yoki biror-bir belgilari bo‘yicha XALIKK— 2015 da ko‘rsatilgan kasblar va lavozimlarga muvofiq bo‘lmagan kasblar va lavozimlar ko‘rsatilgan bo‘lsa O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi ushbu kasblar va lavozimlarning XALIKK — 2015 da ko‘rsatilganlarga o‘xshashligini belgilashi mumkin. Ushbu holatda XALIKK — 2015 ga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish talab qilinmaydi.
V. Normativ havolalar
23. XALIKK— 2015 doirasida quyidagi normativ havolalardan foydalaniladi:
O’z DSt 6.01.2:2007. O‘zbekiston Respublikasining texnik-iqtisodiy va ijtimoiy axborotlarni tasniflash va kodlashtirish yagona tizimi;
O’z DT 008:2000. O‘zbekiston Respublikasining mashg‘ulotlar milliy standart klassifikatori;
O’z DSt 1007:2012. Oliy ta’lim davlat ta’lim standarti. Oliy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari klassifikatori;
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining ta’lim yo‘nalishlari, mutaxassisliklar va kasblar tasniflagichi, 2015-yil;
Mashg‘ulotlarning Xalqaro Standart Klassifikatori (MXSK-88);
Ta’limning Xalqaro Standart Klassifikatsiyasi (TXSK), YUNESKO, 1997-yil.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2015-y., 25-son, 326-modda; 29-son, 693-modda)