Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi kengashining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Odob komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2020-yil 23-martdagi 185-IV-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Odob komissiyasini tuzish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Odob komissiyasi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlansin (ilova qilinadi).
2. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tasdiqlashi uchun kiritilsin.
3. Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2015-yil 22-aprel,
112/1-III-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining 2015-yil 22-apreldagi 112/1-III-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Odob komissiyasi toʻgʻrisidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1.Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Odob komissiyasi (bundan buyon matnda Komissiya deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari (bundan buyon matnda deputat deb yuritiladi) tomonidan deputatlik odobi qoidalariga rioya etilishi bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqish uchun tuziladi.
2. Komissiya faoliyati Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonunlariga, shuningdek ushbu Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
3. Komissiya Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) vakolatlari muddatiga palataning qarori bilan deputatlar orasidan Komissiya raisi va aʼzolarini qoʻshganda yetti kishidan kam boʻlmagan tarkibda tuziladi.
Komissiya tarkibiga siyosiy partiyalar fraksiyalarining (bundan buyon matnda fraksiya deb yuritiladi) har biri va Oʻzbekiston ekologik harakati deputatlar guruhidan (bundan buyon matnda deputatlar guruhi deb yuritiladi) parlament faoliyatida salmoqli tajribaga ega, deputatlar korpusi oʻrtasida obroʻ-eʼtiborga sazovor boʻlgan deputatlar kiritiladi.
4. Komissiyaning son va shaxsiy tarkibi Qonunchilik palatasining qarori bilan oʻzgartirilishi mumkin.
5. Komissiya Qonunchilik palatasining qarori bilan muddatidan ilgari oʻz faoliyatini toʻxtatishi mumkin.
2-bob. Komissiyaning vakolatlari
6. Komissiya oʻz vakolatlari doirasida:
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining deputatlik odobi qoidalari” loyihasini ishlab chiqadi va Qonunchilik palatasi tasdiqlashi uchun kiritadi;
Komissiya faoliyatiga doir masalalar yuzasidan Qonunchilik palatasining qarorlari loyihalarini ishlab chiqadi;
deputatlar tomonidan deputatlik odobi qoidalariga, shuningdek umumiy qabul qilingan odob-axloq normalariga rioya etilishi masalalarini koʻrib chiqadi;
deputatlar oʻrtasida qoidabuzarliklarning oldini olishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
deputatlik odobi qoidalarining buzilishi bilan bogʻliq masalalar yuzasidan xulosalar tayyorlaydi;
deputatlar, Qonunchilik palatasining Spikeri va Spiker oʻrinbosarlari, fraksiyalar va deputatlar guruhlari rahbarlari, qoʻmitalar raislarining deputat tomonidan umumiy qabul qilingan axloq normalarini, deputatlik odobi qoidalarini buzadigan, deputat obroʻsini toʻkadigan va Qonunchilik palatasi nufuziga putur yetkazadigan xatti-harakatlar sodir etilganligi bilan bogʻliq murojaatlarini koʻrib chiqadi;
jismoniy va yuridik shaxslarning ayrim deputatlarning xatti-harakatlariga doir murojaatlarini koʻrib chiqadi;
deputatlarning qonun hujjatlarida nazarda tutilgan oʻz vakolatlarini amalga oshirishi chogʻida davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari tomonidan deputatlarning huquqlari buzilishlari haqidagi arizalarini koʻrib chiqadi;
deputatlarning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish hamda deputat faoliyatining boshqa kafolatlarini taʼminlash bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqadi;
deputatlar tomonidan deputatlik odobi qoidalariga rioya etilishi ustidan monitoringni amalga oshiradi;
deputatlik odobi qoidalarini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
Qonunchilik palatasi yoki Qonunchilik palatasi Kengashining topshirigʻiga binoan deputatlar tomonidan deputatlik odobi qoidalariga rioya etilishi holatini oʻrganib chiqib, uning natijalari haqida Qonunchilik palatasini yoki Qonunchilik palatasi Spikerini xabardor qiladi;
deputatning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish va uni chaqirib olish toʻgʻrisidagi materiallarni Qonunchilik palatasi koʻrib chiqishi uchun tayyorlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimnomasi boʻyicha deputatni jinoiy javobgarlikka tortish, ushlab turish, qamoqqa olish yoki unga sud tartibida beriladigan maʼmuriy jazo choralarini qoʻllashga rozilik berish toʻgʻrisidagi materiallarni Qonunchilik palatasi koʻrib chiqishi uchun tayyorlaydi;
Qonunchilik palatasi, fraksiyalar, deputatlar guruhlari va qoʻmitalarning majlisida oʻz vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan Komissiya xulosasini taqdim etadi;
oʻzining koʻrib chiqishi uchun kiritilgan masalalarni hal etish uchun Komissiya majlislariga ekspertlar va mutaxassislarni taklif etadi;
deputat tomonidan deputatlik odobi buzilgan taqdirda, deputat xususidagi zarur axborotni soʻrab oladi.
Komissiya Qonunchilik palatasi va uning Kengashi qarorlariga, shuningdek ushbu Nizomga muvofiq boshqa vakolatlarga ham ega boʻlishi mumkin.
7. Komissiya Qonunchilik palatasidagi fraksiyalar, deputatlar guruhlari, qoʻmitalar, Qonunchilik palatasi Devonining tarkibiy boʻlinmalari, boshqa organlar, mansabdor shaxslar va jamoatchilik bilan hamkorlik qiladi.
8. Komissiya masalalarni Qonunchilik palatasining yoki Qonunchilik palatasi Kengashining topshirigʻiga binoan oʻz vakolatlari doirasida koʻrib chiqadi.
3-bob. Komissiya ishini tashkil etish
9. Komissiya majlislari zaruriyatga qarab oʻtkaziladi.
Komissiya majlislari ochiq tarzda oʻtkaziladi. Zarur hollarda Komissiya yopiq majlis oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin.
10. Komissiya majlisini Komissiya raisi, u yoʻqligida esa, uning topshirigʻiga binoan Komissiya aʼzolaridan biri olib boradi. Komissiya majlisida bayonnoma yuritiladi, uni raislik qiluvchi imzolaydi.
11. Komissiya majlislari, agar ularda Komissiya aʼzolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi hozir boʻlsa, vakolatlidir.
12. Komissiyaning kelgusi majlisi toʻgʻrisida uning raisi Komissiya aʼzolariga yozma ravishda, qoida tariqasida, kamida ikki kun oldin xabar qiladi, shuningdek majlisning boshqa ishtirokchilarini oldindan xabardor etadi.
13. Komissiya koʻrib chiqilayotgan masalalar yuzasidan qarorlarni Komissiyaning koʻpchilik ovozi bilan qabul qiladi. Komissiya qarorini uning majlisida raislik qiluvchi imzolaydi.
14. Komissiya raisi:
Komissiya ishini tashkil etadi;
Komissiya majlislarini chaqiradi va oʻtkazadi;
Komissiya aʼzolariga topshiriqlar beradi;
Fraksiyalar, deputatlar guruhlari, qoʻmitalar, Qonunchilik palatasi Devonining tarkibiy boʻlinmalari, boshqa organlar, mansabdor shaxslar va jamoatchilik bilan munosabatlarda Komissiya nomidan ish koʻradi;
Qonunchilik palatasi majlislarida Komissiya faoliyati toʻgʻrisidagi axborot bilan soʻzga chiqadi;
har yili Qonunchilik palatasiga Komissiya faoliyati toʻgʻrisida hisobot taqdim etadi.
15. Komissiya aʼzosi Komissiya majlisida hozir boʻlishi va oʻziga yuklatilgan majburiyatlarni bajarishi shart.
Komissiya aʼzosi Komissiya majlisida hozir boʻlish imkoni boʻlmaganda Komissiya raisini oldindan xabardor etishi shart.
16. Komissiya aʼzosi:
Komissiya tomonidan koʻrib chiqiladigan barcha masalalar boʻyicha ovoz berishga;
Komissiyaning koʻrib chiqishi uchun masalalar va takliflar kiritishga;
qarorlar tayyorlanishida, muhokamasida, qabul qilinishida, shuningdek ularning amalga oshirilishini tashkil etish hamda bajarilishini nazorat qilishda ishtirok etishga;
koʻrib chiqilayotgan masalaga doir hujjatlar, maʼlumotnomalar va boshqa zarur axborot bilan tanishib chiqishga;
Komissiya qaroriga rozi boʻlmagan taqdirda oʻz nuqtai nazarini bayon etishga haqli.
Komissiya aʼzosi ushbu Nizomga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
4-bob. Deputatlik odobi qoidalari buzilishi bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqish tartibi
17. Komissiya deputatlik odobi buzilishlari bilan bogʻliq masalalarni:
Qonunchilik palatasi yoki Qonunchilik palatasi Kengashining topshirigʻiga binoan;
Qonunchilik palatasi deputatlarining, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga binoan;
oʻz tashabbusi bilan koʻrib chiqadi.
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartib va muddatlarda koʻrib chiqiladi.
18. Deputat oʻzining huquqi, shaʼni va qadr-qimmati, ishchanlik obroʻsiga daxl qiladigan asossiz ariza taqdim etilgan taqdirda amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq ularni himoya qilishga haqli.
19. Komissiya majlisiga, haqiqiy holatlarni aniqlash va xolisona qaror qabul qilish maqsadida, oʻziga nisbatan masala koʻrib chiqilayotgan deputat, zarur boʻlgan hollarda esa, arizachilar va boshqa shaxslar taklif etiladi. Komissiya majlisining vaqti va joyi haqida tegishli ravishda xabardor etilgan shaxslarning kelmasligi arizani yoki shikoyatni, Qonunchilik palatasining topshirigʻini koʻrib chiqish uchun toʻsqinlik qilmaydi.
20. Komissiya majlisida:
kun tartibidagi masala oʻqib eshittiriladi;
Qonunchilik palatasining, Qonunchilik palatasi Kengashining topshirigʻi yoki deputat tomonidan deputatlik odobi qoidalari buzilganligi toʻgʻrisidagi murojaat oʻqib eshittiriladi;
deputatlik odobi qoidalari buzilganligi toʻgʻrisida oʻziga nisbatan shikoyat yoki ariza tushgan deputat, zarur boʻlgan hollarda esa, arizachi eshitiladi.
21. Deputat Komissiyaga oʻz huquqlari, shaʼni va qadr-qimmatining himoyasi uchun materiallar hamda boshqa axborotni taqdim etishga haqli.
22. Ariza materiallari, Qonunchilik palatasi yoki Qonunchilik palatasi Kengashining topshirigʻi bilan tanishib chiqish yakunlari boʻyicha Komissiya deputatning harakatlarida deputatlik odobi qoidalarining buzilishi faktining mavjudligini, deputatga nisbatan aniq taʼsir koʻrsatish choralarini koʻrsatgan holda yoxud deputatning harakatlarida deputatlik odobi qoidalari buzilishi faktining mavjud emasligini belgilaydi.
23. Deputatlik odobi qoidalarining deputat tomonidan buzilganligi fakti aniqlangan taqdirda, Komissiya:
deputatga nisbatan ogohlantirish tarzidagi taʼsir koʻrsatish chorasini qoʻllash toʻgʻrisida;
Qonunchilik palatasiga deputatning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish va uni chaqirib olish haqida taklif kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqli.
24. Deputatning harakatlarida deputatlik odobi qoidalari buzilishi faktining mavjud emasligi aniqlangan taqdirda, murojaat koʻrib chiqilmaydi.
25. Komissiya qabul qilingan qaror haqida arizachiga, oʻziga nisbatan masala koʻrib chiqilgan deputatga va Qonunchilik palatasi Kengashiga yozma ravishda maʼlum qiladi.
Qonunchilik palatasi qarorining loyihasi Komissiya tomonidan Qonunchilik palatasi koʻrib chiqishi uchun kiritilganda, unga qisqa tushuntirish xati va boshqa zarur materiallar ilova qilinadi.
26. Komissiya qarori ustidan Qonunchilik palatasiga shikoyat qilish mumkin. Qonunchilik palatasi Komissiya qarorini bekor qilishga va oʻz vakolati doirasida boshqa qaror qabul qilishga haqli.
27. Deputat tomonidan Qonunchilik palatasining majlisi jarayonida deputatlik odobi qoidalarining buzilishiga yoʻl qoʻyilgan taqdirda Qonunchilik palatasi majlisida raislik qiluvchi Qonunchilik palatasining Reglamentiga muvofiq choralar koʻradi, shuningdek Komissiyaga deputat tomonidan deputatlik odobi qoidalarining buzilganligi masalasini koʻrib chiqishni taklif etishga haqli.
28. Murojaat uning tashabbuskori tomonidan Komissiya qarori qabul qilinguniga qadar qaytarib olinishi mumkin.
29. Taraflarning yarashuvi, shuningdek deputat oʻz xohishi bilan oshkora uzr soʻragan hollarida, oʻziga nisbatan taʼsir choralari qoʻllanilishidan ozod etilishi mumkin.
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2015-y., 4-son, 167-modda)