Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TADBIRKORLIK FAOLIYATINING AYRIM TURLARI BILAN ShUGʻULLANIShNI TARTIBGA SOLISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 7-yanvardagi 6-sonli “Xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat turlari roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq va mulkchilikning xususiy shakliga asoslangan kichik va oʻrta korxonalar tashkil etishni ragʻbatlantirish, yuridik shaxs tashkil etmasdan yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishni tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qonun hujjatlarida belgilangan tartibda faqat yuridik shaxs shaklida tashkil etilgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan amalga oshiriladigan faoliyatning ayrim turlarining ilova qilinayotgan roʻyxati tasdiqlansin.
Oldingi tahrirga qarang.
Belgilansinki, ilova qilinayotgan roʻyxatga kirmagan tadbirkorlik faoliyati turlari bilan jismoniy shaxslar yuridik shaxs tashkil etmasdan belgilangan tartibda shugʻullanishlari mumkin, qonun hujjatlariga muvofiq faoliyatning faqat yuridik shaxslar shugʻullanishlari mumkin boʻlgan ayrim turlari bundan mustasno.
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 22-oktabrdagi 363-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2002-y., 20-son, 157-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
2. Belgilab qoʻyilsinki, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari rahbarlari hokimiyat va boshqaruv mahalliy organlari tomonidan “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qatʼiy rioya qilinishi hamda nazorat qiluvchi va boshqa davlat organlarining tadbirkorlarning xoʻjalik faoliyatiga aralashishiga yoʻl qoʻyilmasligi, xususiy tadbirkorlikning keng rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishi uchun javob beradilar.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Moliya vazirligi boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga amaldagi qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiquvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida taklif kiritsinlar.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S.Azimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 4-iyun,
197-son
Tadbirkorlik subyektlari — faqat yuridik shaxslar tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladigan faoliyatning ayrim turlari
ROʻYXATI
ROʻYXATI
| T/r |
Faoliyat turining nomi |
| 1. | Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlarni yoxud bunday materiallar qoʻllanilgan buyumlarni sotib olish va sotish |
| 2. | Muhr va shtamplar tayyorlash |
| 3. | Mehmonxonalar, otellar va kempinglar tashkil etish |
| 4. | Yuridik shaxslarga kapital qurilish, qurilish-montaj ishlari boʻyicha xizmatlar koʻrsatish |
| 5. | Loyiha, loyiha-konstruktorlik faoliyati hamda loyihalar va smetalarni ekspertizadan oʻtkazish |
| 6. | Neft mahsulotlarining barcha turlarini sotish |
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2002-y., 11-12-son, 90-modda, 20-son, 157-modda, 22-son, 174-modda)