Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Isroil davlati Hukumati oʻrtasida
Bitim
Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va oʻzaro himoya qilish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Isroil Davlati Hukumati, bundan buyon “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb yuritiladi,
Har ikkala mamlakat uchun oʻzaro manfaatli boʻlgan iqtisodiy hamkorlikni jadallashtirishni nazarda tutgan holda,
Bir Davlat investorlarining ikkinchi Davlat hududidagi yirik investitsiyalari uchun qulay sharoit yaratish maqsadini koʻzlagan holda,
Mazkur Bitim asosida investitsiyalarni ragʻbatlantirish va oʻzaro himoya qilish har ikkala Davlatning oʻziga xos ishchanlik tashabbusi va ravnaq topishi uchun muhim omil boʻlib xizmat qilishini eʼtirof etgan holda,
quyidagilar xususida kelishib oldilar:
1-modda
Taʼriflar
Taʼriflar
Ushbu Bitim maqsadlariga erishish uchun:
1. “Investitsiya” atamasi barcha turdagi aktivlarni oʻz ichiga oladi va quyidagilarni ham qoʻshib hisoblagan holda hududida investitsiyalar amalga oshirilgan Ahdlashuvchi Tomonning qonun va qoidalariga muvofiq tarzda qoʻllaniladi:
a) qoʻzgʻaluvchi va qoʻzgʻalmas mulk, bunday mulkka hamda barcha turdagi mulkka nisbatan har qanday egalik huquqlari;
b) aksiyalar, obligatsiyalarga ega boʻlish va kompaniyalarda ishtirok etishning boshqa turlari natijasida olingan huquqlar;
v) pul talabnomalari, kompaniyaning xizmat munosabatlari va boshqa ulushlari hamda moliyaviy qimmatga ega boʻlgan har qanday faoliyatga tegishli huquqlarga oid talablar;
g) intellektual mulk, texnologik jarayonlar va nou-xau sohasidagi huquqlar;
d) qonun yoki kontraktga muvofiq ravishda berilgan huquqlar, tabiiy resurslarni topish, ishlab chiqarish, qazib olish va ulardan foydalanish huquqlarini oʻz ichiga oluvchi ishchan konsessiyalar.
2. Hududida investitsiyalar amalga oshirilgan Ahdlashuvchi Tomonning qonunlari va qoidalariga muvofiq investitsiyalangan va qayta investitsiyalangan aktivlar shaklining oʻzgarishi ularning investitsiya sifatida ushbu Bitimda qayd etilgan mohiyati xarakteriga taʼsir koʻrsatmaydi.
3. “Investor” atamasi quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
Oʻzbekiston Respublikasida amalga oshirilgan investitsiyalarga nisbatan:
a) Isroil Davlati fuqarosi hisoblanuvchi, bir vaqtning oʻzida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan;
b) Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari yoki doimiy yashovchilari Tomonidan bevosita yoki bilvosita ravishda nazorat qilinmaydigan kompaniyalar, shu jumladan, Isroil Davlatining amaldagi qonunchiligiga muvofiq tarzda roʻyxatdan oʻtkazilgan yoki tuzilgan korporatsiyalar, firmalar va assotsiatsiyalar.
Isroil Davlatida amalga oshirilgan investitsiyalarga nisbatan:
a) Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi hisoblanib, bir vaqtning oʻzida Isroil Davlatining fuqarosi yoki doimiy yashovchisi boʻlmagan jismoniy shaxslar;
b) Isroil Davlatining fuqarolari yoki doimiy yashovchilari Tomonidan bevosita yoki bilvosita ravishda nazorat qilinmaydigan kompaniyalar, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq roʻyxatdan oʻtkazilgan yoki tuzilgan korporatsiyalar, firmalar va assotsiatsiyalar.
4. “Daromadlar” atamasi investitsiyadan, shu jumladan, investitsiyalar, daromadlar, investitsiyalarni toʻlaligicha yoki qisman tugatishdan olingan summalar, foizlar, mulk qiymatining oʻsishi, royalti va xizmat turlari uchun toʻlovlardan olingan daromadlar summalarini oʻz ichiga oladi.
5. “Hudud” atamasi Ahdlashuvchi har bir tomonga nisbatan ana shu Ahdlashuvchi Tomonning hududini, shu jumladan, hududiy suv, kontinental shelf va Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzlarining suveren huquqlarini amalga oshirishlari mumkin boʻlgan yoki xalqaro huquqqa muvofiq uning yurisdiksiyasida boʻlgan va eksklyuziv iqtisodiy zonalarni bildiradi.
2-modda
Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoyalash
Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoyalash
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri oʻz davlati hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlarining investitsiyalarini ragʻbatlantiradi va ularni amalga oshirish uchun barcha qulay sharoitlarni yaratadi hamda oʻziga qonun tomonidan berilgan huquqlarga muvofiq ravishda shunday sarmoyalar kiritishga yoʻl qoʻyadi.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomonning investorlari amalga oshiradigan investitsiyalari uchun ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon hududida adolatli va bir xil rejim, toʻliq himoya va xavfsizlik taʼminlanadi. Ahdlashuvchi Tomonlarning hech qaysisi oʻz hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomonning menejment, xizmatlar koʻrsatish, investorlarning investitsiyalarini qoʻllash va joylashtirish, ulardan foydalanish borasida asossiz yoki ularni kamsituvchi choralar qoʻllanishiga yoʻl qoʻymaydi.
3-modda
Milliy rejim va mumkin qadar qulayliklar yaratish rejimi qoidalari
Milliy rejim va mumkin qadar qulayliklar yaratish rejimi qoidalari
1. Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri oʻz hududida ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon investorlarining investitsiyalari yoki daromadlari uchun oʻz investorlarining investitsiyalari yoki daromadlari uchun yoki istalgan uchinchi Davlat investorlarining investitsiyalari yoki daromadlari uchun yaratilganidan koʻra ziyodroq imkoniyatlar, qulay shart-sharoitlar yaratib beradi.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning investorlari uchun menejment, xizmatlar koʻrsatish, ularning investitsiyalaridan foydalanish, ularni qoʻllash va joylashtirish borasida oʻz investorlari yoki istalgan uchinchi davlat investorlari uchun yaratilganidan koʻra yanada qulayroq boʻlgan rejim yaratib beradi.
4-modda
Zararlar uchun tovon toʻlash
Zararlar uchun tovon toʻlash
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining investori investitsiyalariga boshqa Ahdlashuvchi tomon hududida sodir boʻlgan urush yoki boshqa qurolli toʻqnashuvlar, inqilob, favqulodda holatlar, isyon, qoʻzgʻolon, fuqarolar oʻrtasidagi tartibsizliklar yoki shunga oʻxshash boshqa voqealar oqibatida yetkazilgan zararlarni qoplash ana shu Ahdlashuvchi Tomonga boshqa Ahdlashuvchi Tomon oʻz investorlari yoki istalgan uchinchi Davlat investorlari uchun yaratilganidan koʻra yanada qulayroq rejimda restitutsiyalar, tovon toʻlash yoki zararlarni qoplash tarzida amalga oshiriladi. Bunday toʻlovlar erkin ravishda oʻtkaziladi.
2. Ushbu moddaning 1-bandiga xolis munosabatda boʻlgan holda Ahdlashuvchi Tomonlardan birining investorlariga boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida yuqorida sanab oʻtilgan vaziyatlardan birortasi oqibatida, yaʼni:
a) ularning mulki boshqa Tomonning kuchi yoki hukmronligi natijasida rekvizitsiya qilingan holda, yoki
b) ularning mulki bosqinchilik xatti-harakati sodir etilganligi tufayli yoki vaziyat taqozosi bilan yuz bermagan holatlarda boshqa Tomonning kuchi yoki hukmronligi natijasida vayron etilgan holda yetkazilgan zarar uchun restitutsiya yoki aynan shunday tovon toʻlovlari toʻlanadi.
5-modda
Ekspropriatsiya
Ekspropriatsiya
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan har ikkalasi investorlarining investitsiyalari, ana shu Ahdlashuvchi Tomonning ichki zaruriyatlari bilan bogʻliq boʻlgan jamoat maqsadlaridan mustasno boʻlgan hollarda, natsionalizatsiya qilinmaydi, ekspropriatsiya qilinmaydi yoki ularga nisbatan tabiatan shunga oʻxshash tadbirlar qoʻllanilmaydi, yoxud boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida ekspropriatsiya (bundan buyon “ekspropriatsiya” deb yuritiladi), kamsitmaslik asosida ular uchun tez orada, aynan va foydali tovon toʻlanadi. Bunday tovon toʻlash bevosita ekspropriatsiya qilingunga qadar yoki bundan avval qanday hol yuz berganligiga bogʻliq ravishda zaruriy ekspropriatsiya barchaga ovoza qilingan vaqtda, ekspropriatsiya qilingan investitsiyalarning bozor narxiga muvofiq ravishda ana shu toʻlovlar kunigacha Ahdlashuvchi Tomon taqdim etgan stavka boʻyicha oʻtkazilgan foizlarni oʻz ichiga oladi hamda erkin ravishda istalgan joyga oʻtkaziladi. Ekspropriatsiyadan ziyon koʻrgan investorlar Ahdlashuvchi Tomon qonunlariga koʻra ana shu Ahdlashuvchi Tomonning sud yoki boshqa tegishli organlari tomonidan ularning ishi tezda koʻrib chiqilishini va mazkur bandda belgilangan prinsiplarga muvofiq ravishda ularning investitsiyalari qiymatiga baho berilishini talab qilish huquqiga ega.
2. Ahdlashuvchi Tomon oʻz hududida amalda boʻlgan qonunlarga koʻra roʻyxatdan oʻtkazilgan yoki tashkil etilgan kompaniyaning aktivlari va Ahdlashuvchi Tomonning investorlari ega boʻlgan aksiyalari 1, 3-moddaning mohiyati doirasida ekspropriatsiya qilinganda yoki boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlari boshqa mulkiy huquqlarga ega boʻlgan hollarda mazkur moddaning shunday aksiyalari yoki boshqa mulkiy huquqlarga ega boʻlgan boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorining investitsiyalariga nisbatan tezda, aynan va foydali tovon toʻlash toʻgʻrisidagi 1-bandi qoidalari kuchga kiradi.
6-modda
Investitsiyalar va daromadlarni repatriatsiya qilish
Investitsiyalar va daromadlarni repatriatsiya qilish
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlarining investitsiyalari borasida investor oʻzining barcha soliq majburiyatlariga rioya qilgan va valyuta tartibotlari qoidalarida belgilab berilgan barcha talablarni bajargan hollardagina ularning investitsiyalari va daromadlarini erkin ravishda oʻtkazishga nisbatan joriy investitsiyalari amalga oshirilgan kunda kuchga ega boʻlgan barcha huquq va imtiyozlar uchun kafolat beradi. Pul oʻtkazish ortiqcha kechikishsiz sarmoya dastlab investitsiyalangan muomaladagi valyutada yoki investor va tegishli Ahdlashuvchi Tomon oʻrtasidagi kelishuvga binoan erkin muomaladagi boshqa valyutada amalga oshiriladi. Agar investor bilan boshqa tarzda kelishilmagan boʻlsa, pul oʻtkazilayotgan vaqtdagi mavjud valyuta almashtirish kursi boʻyicha pul oʻtkazish mumkin.
2. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining valyuta kursi qoidalariga oʻzgarishlar kiritilgan holda, ana shu Ahdlashuvchi Tomon bunday oʻzgarishlar oʻz hududida amalga oshirilgan investitsiyalarga ziyon yetkazmasligi xususida kafolat beradi.
7-modda
Istisnolar
Istisnolar
Mazkur Bitimning istalgan Ahdlashuvchi Tomon yoki istalgan uchinchi Davlat investorlari uchun yaratilajak eng qulay rejim xususidagi qoidalari Ahdlashuvchi Tomonlarning hech birini boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlariga nisbatan quyidagilar bilan bogʻliq ravishda koʻzda tutilgan afzal rejim, ustunlik yoki imtiyozlarni qoʻllashga majbur etmaydi:
a) toʻlaligicha yoki qisman soliq solishning shartlariga tegishli boʻlgan har qanday xalqaro bitim yoki shartnoma yoxud toʻlaligicha yoki qisman soliq solish shartlariga oid ichki qonunchilik;
b) mavjud boʻlgan va kelgusida tuziladigan har qanday bojxona uyushmasi, erkin savdo zonasi toʻgʻrisidagi bitim yoki istalgan Ahdlashuvchi Tomon aʼzosi hisoblangan yoki aʼzosi boʻlishi mumkin boʻlgan bir xil xalqaro bitim;
8-modda
Ahdlashuvchi Tomon va boshqa Ahdlashuvchi Tomon investori oʻrtasidagi nizolar
Ahdlashuvchi Tomon va boshqa Ahdlashuvchi Tomon investori oʻrtasidagi nizolar
1. Ahdlashuvchi Tomon va boshqa Ahdlashuvchi Tomon oʻrtasida ikkinchi Tomonning birinchi Tomon hududidagi investitsiyalariga nisbatan yuzaga kelgan har qanday huquqiy nizolarni imzolash uchun 1965-yil 18-martda Vashingtonda ochilgan Davlatlar va boshqa Davlatlar fuqarolari oʻrtasidagi investitsion nizolarni hal etish toʻgʻrisidagi Konvensiyaga muvofiq maxsus Bitim yoki arbitraj yoʻli bilan hal etish uchun mazkur Bitim har bir Ahdlashuvchi Tomonga Investitsion nizolarni hal etuvchi Xalqaro Markaz (bundan buyon “Markaz” deb yuritiladi)ga murojaat qilish majburiyatini yuklaydi.
2. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining hududida amaldagi qonunchilikka muvofiq ravishda tashkil etilgan yoki roʻyxatdan oʻtkazilgan va bunday nizolar paydo boʻlgunga qadar aksiyalarning koʻpchiligi fuqarolarga yoki Boshqa Ahdlashuvchi Tomonning kompaniyalariga tegishli boʻlgan kompaniyalarga Konvensiyaning 25(2)(b)-moddasiga muvofiq Konvensiya maqsadida boshqa Ahdlashuvchi Tomonning kompaniyasi sifatida qaraladi.
3. Agar shunday nizolar paydo boʻlsa va oʻzaro kelishuv yoki nizo paydo boʻlganligi toʻgʻrisida xabar berilgan kundan boshlab uch oy mobaynida oʻzga tarzda hal etilmasa, ziyon koʻrgan investor Markazning Bosh kotibiga Konvensiyaning 28 yoki 36-moddalariga muvofiq shu xususda iltimos bilan murojaat etgan holda ishni arbitraj yoʻli bilan koʻrib chiqilishini tashkil etishi mumkin.
Nizolardagi ikkinchi tomon boʻlib hisoblanuvchi investor kontrakt sugʻurtasiga muvofiq koʻrilgan zararlarning bir qismi yoki toʻla hajmidagi tovon toʻlovlarini olishi uchun nizolarda birinchi tomon boʻlib hisoblanuvchi Ahdlashuvchi Tomon ish koʻrilayotgan jarayonning hech bir bosqichida yoki qaror chiqarilayotganda eʼtirozlar bildirmaydi.
4. Quyidagi hollarda hech bir Ahdlashuvchi Tomon koʻrib chiqish uchun Markazga topshirilgan nizolarni hal etish ishiga diplomatik kanallar orqali taʼsir koʻrsata olmaydi, bordiyu:
a) Markazning Bosh kotibi yoki kelishtiruvchi komissiya yoki ular tomonidan tuzilgan hakamlik sudi nizo Markaz yurisdiksiyasidan tashqari deb qaror qilsa;
b) boshqa Ahdlashuvchi Tomon hakamlik sudi tomonidan chiqarilgan har qanday qarorni bajarmagan hollarda.
9-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi nizolar
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi nizolar
1. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi ushbu Bitimni talqin qilish yoki qoʻllash borasidagi nizolar imkoniyatga koʻra, shu jumladan, agar har ikkala Ahdlashuvchi Tomon ham ana shu har ikkala Ahdlashuvchi Tomonlarning vakillaridan tashkil topgan Ikki tomonlama Komissiyaga murojaat etish imkoniyatiga ega boʻlishni istasalar diplomatik kanallar orqali muvofiqlashtirilishi lozim.
2. Agar Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi nizolar ular paydo boʻlganligi toʻgʻrisida xabar berilgan kundan boshlab olti oy mobaynida bunday yoʻl bilan hal etilmasa, istalgan Tomonning iltimosiga koʻra ish hakamlik sudiga topshiriladi.
3. Bunday hakamlik sudi har bir konkret ish uchun quyidagi tartibda tuziladi: arbitraj toʻgʻrisida iltimosnoma olingandan soʻng ikki oy mobaynida har bir Ahdlashuvchi Tomon bittadan sud aʼzosini tayinlaydi. Sudning ana shu ikki aʼzosi uchinchi Davlat fuqarosini tayinlaydi va u har ikkala Ahdlashuvchi Tomonning roziligiga binoan sud Raisi etib tayinlanadi. Sud Raisi sudning har ikki aʼzosi tayinlangan kundan soʻnggi ikki oy muddat mobaynida tayinlanishi lozim.
4. Agar mazkur moddaning 3-bandida belgilangan davr mobaynida zaruriy tayinlov amalga oshirilmasa, istalgan Ahdlashuvchi Tomon, boshqa kelishuv boʻlmagan holda zaruriy tayinlovni oʻtkazish uchun Parijdagi Xalqaro Savdo Palatasining Xalqaro Sudi (bundan buyon XSP deb yuritiladi) Prezidentini taklif etishga haqli. Agar Xalqaro Sud Prezidenti Ahdlashuvchi Tomonlardan birining fuqarosi boʻlsa yoki u belgilangan vazifalarni bajara olmasa, zaruriy tayinlov uchun Ahdlashuvchi Tomonlardan hech qaysisining fuqarosi boʻlmagan Vitse-Prezident taklif etiladi.
5. Hakamlik sudi oʻz qarorlarini koʻpchilik ovoz bilan qabul qiladi. Bunday qarorlar har ikkala Ahdlashuvchi Tomon uchun majburiy hisoblanadi. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻz sud aʼzosi va arbitraj ishidagi oʻz vakiliga sarflanadigan xarajatlarni toʻlaydi. Ish koʻrilayotgan davrda sud Raisi uchun sarflanadigan va boshqa xarajatlarni Tomonlar teng ravishda birgalikda toʻlaydilar. Ishni koʻrib chiqishning tartib-qoidalari hakamlik sudi tomonidan belgilanadi.
10-modda
Subrogatsiya
Subrogatsiya
1. Agar Ahdlashuvchi Tomonlardan biri yoki u vakolatli etib tayinlagan Agentlik (“Birinchi Ahdlashuvchi Tomon”) boshqa Ahdlashuvchi Tomon (“Ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon”) hududidagi investitsiyalarga nisbatan zararlarni qoplash boʻyicha tovon toʻlovlarini amalga oshiradigan boʻlsa, ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon quyidagilarni tan oladi:
a) Tovon toʻlovlari oluvchi Tomonning qonunga koʻra yoki qonuniy operatsiyalarga oid barcha huquq va talablari birinchi Ahdlashuvchi Tomonga oʻtadi;
b) birinchi Ahdlashuvchi Tomon tovon toʻlovlari oluvchi Tomon singari subrogatsiya prinsiplariga muvofiq oʻz huquqlarini amalga oshirishi va shunday talablarni qoʻya olishi uchun ham oʻz zimmasiga investiyatsilar bilan bogʻliq boʻlgan majburiyatlarni oladi.
2. Har qanday holatlarda ham birinchi Ahdlashuvchi Tomon quyidagi huquqlarga ega boʻladi:
a) berilgan huquq va talablarga muvofiq ega boʻlgan huquq, talab va majburiyatlariga nisbatan birdek rejim;
b) shunday huquq va talablar natijasida olingan har qanday toʻlovlar, shuningdek tovon toʻlovlari oluvchi Tomon sifatida u investitsiyalar va ular bilan bogʻliq boʻlgan daromadlarga nisbatan ushbu Bitimga muvofiq tovon toʻlovlari olish huquqiga ega.
11-modda
Boshqa qoidalarni qoʻllash
Boshqa qoidalarni qoʻllash
Agar istalgan Ahdlashuvchi Tomonning qonunchiligidagi qoidalar yoki hozirda mavjud boʻlgan amaldagi xalqaro qonunchilik bilan bogʻliq boʻlgan yoki Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida qoʻshimcha tarzida ushbu Bitimni toʻldirish uchun kiritilgan majburiyatlar umumiy va maxsus qoidalardan iborat boʻlsa, mazkur bitimga koʻra bir Ahdlashuvchi Tomon investorlari uchun yaratiladigan rejimdan koʻra yanada yaxshiroq rejim yaratish huquqini beradi, bunday Qoidalar oʻzining afzalliklari bilan ushbu Bitimdan koʻra ustun hisoblanadi.
12-modda
Bitimni qoʻllash
Bitimni qoʻllash
Ushbu Bitimning qoidalari mazkur Bitim qonuniy kuchga kirgan yoki u kuchga kirgunga qadar boʻlgan davrda amalga oshirilgan investitsiyalarga nisbatan qoʻllanadi.
13-modda
Bitimning qonuniy kuchga kirishi
Bitimning qonuniy kuchga kirishi
Har bir Ahdlashuvchi Tomon Bitimning qonuniy kuchga kirishi uchun talab etiladigan oʻzining ichki tartibotlari tugaganligi toʻgʻrisida boshqa Ahdlashuvchi Tomonni diplomatik kanallari orqali yozma ravishda xabardor qiladi. Boshqa Ahdlashuvchi Tomon bu haqda xabarnoma olgan kundan boshlab Bitim qonuniy kuchga kiradi.
14-modda
Bitimning amalda boʻlish va uni harakatdan toʻxtatish muddatlari
Bitimning amalda boʻlish va uni harakatdan toʻxtatish muddatlari
Mazkur Bitim oʻn yil davomida qonuniy kuchga ega hisoblanadi.
Agar Tomonlar ushbu Bitimni harakatdan toʻxtatish toʻgʻrisida yozma ravishda xabar qilmasalar, u oʻn yillik muddat tugagandan soʻng oʻz kuchida qoladi, oradan 12 oy oʻtgach esa Bitim bekor qilinadi. Mazkur Bitim kuchga ega boʻlgan davrda amalga oshirilgan investitsiyalarga nisbatan Bitim qoidalarining kuchi Bitim harakatdan toʻxtatilgan sanadan soʻng oʻn yillik muddat mobaynida ham saqlanib qoladi va ular umumiy xalqaro huquq qoidalariga muvofiq ravishda qoʻllaniladi.
Ushbu Bitimni oʻz Hukumatlari Tomonidan lozim darajada vakolat olgan shaxslar quyida imzo chekuvchilar guvohligida imzoladilar.
Toshkent shahrida, 1994-yil 4-iyulida, yaʼni 5754 yilda, ikki nusxada tuzilgan, har biri oʻzbek, ivrit va ingliz tilida yozilgan, barcha matnlar bir xil kuchga ega. Matnlar talqinida kelishmovchiliklar yuzaga kelsa, ingliz tilidagi Bitim ustun kuchga ega hisoblanadi.
(imzolar)