Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Koreya Respublikasi Hukumatining grantini jalb etgan holda Samarqand shahrida Kasb-hunarga oʻqitish markazini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Ishsizlarni va vaqtincha band boʻlmagan aholini, shu jumladan taʼlim muassasalari bitiruvchilarini kasb-hunarga tayyorlash va qayta tayyorlash uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
grant yordami ajratish toʻgʻrisida 2013-yil 3-dekabrdagi Hadli Bitimga muvofiq Koreya Respublikasi Hukumati Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga “Oʻzbekiston Respublikasining Samarqand viloyatida kasb-hunar taʼlimi salohiyatini kuchaytirish” loyihasi (keyingi oʻrinlarda loyiha deb ataladi) doirasida Samarqand shahrida 240 oʻquvchi oʻrniga, 60 oʻrinli yotoqxonaga ega boʻlgan Kasb-hunarga oʻqitish markazini (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) tashkil etish uchun 5,5 mln AQSH dollari miqdorida grant (keyingi oʻrinlarda grant deb ataladi) berishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 3-iyundagi 339-f-son farmoyishini bajarish yuzasidan Markaz qurilishi uchun Samarqand viloyati hokimligi tomonidan Samarqand shahrida umumiy maydoni 1,6 gektar boʻlgan yer uchastkasi ajratilganligi, qurilish uchastkasini tayyorlash, kommunikatsiya tarmoqlarini oʻtkazish, dastlabki ruxsat beruvchi hujjatlarni va loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish taʼminlanganligi;
grant mablagʻlari hisobiga chetdan olib kelinadigan va Oʻzbekiston Respublikasi hududida sotib olinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq bojxona toʻlovlaridan (bojxonada rasmiylashtirish yigʻimlaridan tashqari), shuningdek qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinishi;
Markazni qurish doirasida Koreya xalqaro hamkorlik agentligining Oʻzbekistondagi ofisi (keyingi oʻrinlarda KOICAning Oʻzbekistondagi ofisi deb ataladi) obyektning buyurtmachisi hisoblanishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga grantga hisob-kitob xizmati koʻrsatish vazifasi yuklansin.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Quyidagilar Samarqand shahridagi Ishsiz va band boʻlmagan aholini kasb-hunarga oʻqitish markazining asosiy vazifalari etib belgilansin:
(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 14-oktabrdagi 824-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2017-y., 09/17/824/0115-son)
ishsizlarni va vaqtincha band boʻlmagan aholini, shu jumladan kasb-hunar kollejlarini va akademik litseylarni bitirgan doimiy ishga ega boʻlmagan shaxslarni oʻqitish muddati 1 yildan ortiq boʻlmagan muddatda quyidagi yoʻnalishlar va mutaxassisliklar boʻyicha kasb-hunarga tayyorlash va qayta tayyorlash: avtomobillarni taʼmirlash va ularga texnik xizmat koʻrsatish (avtoslesarlar, motoristlar, avtomobillar diagnostikasi boʻyicha muxassislar), payvandlash va chilangarlik ishlari (payvandchilar, chilangarlar va metallarga ishlov berish mutaxassislari) elektr va elektronika (elektron va maishiy texnikani, radio va teleapparaturani taʼmirlash va ularga servis xizmati koʻrsatish mutaxassislari), axborot texnologiyalari (hisoblash mashinalari operatorlari, kompyuterlar va boshqa tashkiliy texnikaga xizmat koʻrsatish va ularni taʼmirlash);
mehnat organlarida ishsiz sifatida roʻyxatdan oʻtmagan, ish izlayotgan shaxslarni, shuningdek korxonalar va tashkilotlarning buyurtmanomalari boʻyicha — xodimlarni, har yili oʻqitiladiganlar sonining 15 foizidan ortiq boʻlmagan hajmda, Oʻzbekiston mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasb-hunarlarga toʻlov asosida qisqa muddatli oʻqitishni tashkil etish.
4. Quyidagilar:
Markazning tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Oldingi tahrirga qarang.
(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 10-apreldagi 199-son qaroriga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2017-y., 15-son, 255-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Samarqand shahridagi Ishsiz va band boʻlmagan aholini kasb-hunarga oʻqitish markazi bevosita Samarqand viloyati Bandlik bosh boshqarmasiga boʻysundirilsin, umumiy oʻquv-metodik rahbarlik esa Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markaziga yuklansin.
(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 14-oktabrdagi 824-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2017-y., 09/17/824/0115-son)
Oldingi tahrirga qarang.
5. Belgilansinki, Markazning taʼminoti, ishsizlarni va band boʻlmagan aholini kasb-hunarga qayta tayyorlash, shuningdek import qilinadigan oʻquv-laboratoriya asbob-uskunalarini va moddiy resurslarni Oʻzbekiston Respublikasi hududida saqlash, rasmiylashtirish va tashish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasining Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Samarqand viloyati Bandlik bosh boshqarmasi tasarrufidagi mablagʻlar hisobiga qoplanadi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 14-oktabrdagi 824-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2017-y., 09/17/824/0115-son)
6. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda Moliya vazirligining:
Markazning oʻqituvchi va oʻquv-yordamchi xodimlarining lavozim maoshlariga aniq miqdori Markaz rahbariyati tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan kelishgan holda belgilanadigan Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasining Samarqand viloyati Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmasi tasarrufidagi mablagʻlardan 40 foizgacha miqdorda doimiy ustama belgilash toʻgʻrisidagi;
pulli qisqa muddatli kurslar tashkil etishdan va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalardan tushadigan mablagʻlar hisobiga shakllantiriladigan Markazni moddiy-texnik rivojlantirish va moddiy ragʻbatlantirish jamgʻarmasini (keyingi oʻrinlarda Rivojlantirish jamgʻarmasi deb ataladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
7. Belgilab qoʻyilsinki:
Markazning rahbarlari, oʻqituvchilari, ustalari va boshqa xodimlariga kasb-hunar kollejlarining tegishli lavozimlari uchun belgilangan bazaviy tarif stavkalari tatbiq etiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
belgilangan tartibda ishsiz deb eʼtirof etilgan oʻquvchilarga bevosita Markazda bepul oʻqigan davrida Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasida ushbu maqsadlar uchun nazarda tutilgan mablagʻlar hisobiga qonun hujjatlarida belgilangan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 35,2 foizi miqdorida, biroq 6 oydan koʻp boʻlmagan muddatga stipendiya toʻlanadi;
(7-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
tashkilotlar oʻquvchilarning ishlab chiqarish amaliyotini oʻtash davrida ularga ishlab chiqarish amaliyoti dasturlariga muvofiq ularning ishlab chiqarish faoliyatini taʼminlaydigan haq toʻlanadigan ish joylari taqdim etish huquqiga ega.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi belgilangan tartibda:
Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi bilan kelishgan holda Markaz ustavi hamda Markaz ishida qoʻllanadigan zarur oʻquv-metodik dasturlar va materiallar;
Oʻquvchilarni 1 yilgacha muddatga bepul oʻqitishga qabul qilish va ularni qayta tayyorlash hamda kirish va yakuniy malaka imtihonlari (testlari)ni oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ishlab chiqilishini va tasdiqlanishini taʼminlasin, bunda qabul oʻqiyotganlarni ishga joylashtirishni kafolatlovchi uch tomonlama (ish beruvchi, tuman (shahar) bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi, jismoniy shaxs) shartnoma mavjud boʻlganda, mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish organlari yoʻllanmalari boʻyicha tanlov asosida amalga oshirilishi nazarda tutilsin;
Rivojlantirish jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladigan foyda normativini belgilashni hisobga olgan holda, qisqa muddatli oʻqitish boʻyicha pulli xizmatlarning qiymatini shakllantirish metodikasini aniqlashni nazarda tutuvchi Markazning moddiy-texnik rivojlantirish va moddiy ragʻbatlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va sarflash tartibi toʻgʻrisidagi nizom;
oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tizimi taʼlim muassasalarining belgilangan pedagogik va oʻquv-ishlab chiqarish yuklamalaridan kelib chiqqan holda Markazning shtat jadvali ishlab chiqilishini va tasdiqlanishini taʼminlasin.
9. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi loyiha doirasida Markazning qurilishi va jihozlanishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi hududiga chetdan olib kelinadigan tovarlarni temir yoʻl stansiyalarida saqlash va yuklash-tushirish ishlarining toʻlov undirilmasdan bajarilishini taʼminlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining buyurtmanomalari boʻyicha loyihani amalga oshirishda qatnashadigan xorijiy mutaxassislarga belgilangan tartibda koʻp martalik kirish vizalari berilishini va ularning muddati uzaytirilishini, shuningdek ularning vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olinishini va muddati uzaytirilishini davlat bojlari undirmasdan taʼminlasin.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-sentabrdagi 593-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son)
Oldingi tahrirga qarang.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Oʻzbekiston Respublikasiga loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni (Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari orasida bunday mutaxassislar boʻlmagan taqdirda) jalb etishga ruxsatnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini), shuningdek koʻrsatib oʻtilgan xorijiy fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga tasdiqnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini) belgilangan tartibda taʼminlasin.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 14-oktabrdagi 824-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2017-y., 09/17/824/0115-son)
12. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin;
oʻzining idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S.Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 15-may,
122-son
Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 15-maydagi 122-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oldingi tahrirga qarang.
Samarqand shahridagi Ishsiz va band boʻlmagan aholini kasb-hunarga oʻqitish markazining
tuzilmasi
(1-ilova nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 14-oktabrdagi 824-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2017-y., 09/17/824/0115-son)
Xodimlarning umumiy soni — 24 kishi, ulardan boshqaruv xodimlari — 7 kishi.
* Texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar soni belgilangan normativlarga muvofiq aniqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 10-apreldagi 199-son qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2017-y., 15-son, 255-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 10-apreldagi 199-son qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2017-y., 15-son, 255-modda)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 20-son, 253-modda; 2017-y., 15-son, 255-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2017-y., 09/17/824/0115-son; 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son; 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son)