OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRINING
buyrugʻi
Uy-joy-kommunal xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha kompensatsiya pul toʻlovlarining mexanizmi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 7-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2175-3]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2026-yil 12-yanvardagi 319-sonli “Uy-joy-kommunal xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha kompensatsiya pul toʻlovlarining mexanizmi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruq, shuningdek unga oʻzgartirish va qoʻshimchalarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2175-9, 19.01.2026-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 14-apreldagi PF-4715-son “Keksalarni ijtimoiy himoya qilish va moddiy qoʻllab-quvvatlashni yanada kuchaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2010-yil 30-noyabrdagi 102-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 2175, 2010-yil 30-dekabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 52-son, 531-modda) bilan tasdiqlangan Uy-joy-kommunal xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha kompensatsiya pul toʻlovlarining mexanizmi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2015-yil 4-may,
38-son
Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2015-yil 4-maydagi 38-sonli buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Uy-joy-kommunal xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha kompensatsiya pul toʻlovlarining mexanizmi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
1. 1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Quyidagilar eng kam ish haqining 45 foizi miqdorida oylik kompensatsiya pul toʻlovlari (keyingi oʻrinlarda — kompensatsiya deb yuritiladi) oluvchilari hisoblanadi:
a) 1941 — 1945-yillardagi urush nogironlari va qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslar. Urush nogironlari va qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslar doirasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 8-sentabrdagi 252-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat pensiyalarini tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 1 va 2-son ilovalarida belgilangan;
b) oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz pensionerlar;
v) Sovet Ittifoqi Qahramonlari, Sotsialistik Mehnat Qahramonlari va “Slava” ordenining uchala darajasi bilan mukofotlangan shaxslar;
g) fashist konslagerlarining sobiq voyaga yetmagan mahbuslari;
d) Leningrad shahri qamali davrida ishlagan fuqarolar;
e) koʻrish qobiliyati boʻyicha I guruh nogironlari;
j) Chernobil halokati oqibatida jabrlangan fuqarolar;
z) yadro poligonlari va boshqa radiatsiya-yadro obyektlarida harbiy xizmatni oʻtagan pensiya yoshidagi shaxslar.”.
2. Quyidagi mazmundagi 11-band bilan toʻldirilsin:
“11. 1941 — 1945-yillardagi urush nogironlari va qatnashchilari, ularga tenglashtirilgan shaxslardan tashqari, eng kam ish haqining 50 foizi miqdorida oylik kompensatsiya pul toʻlovlari oluvchilari hisoblanadi.”.
3. 2-banddagi “18” raqami “25” raqami bilan almashtirilsin.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 18-son, 231-modda)