O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
RESPUBLIKANING ENG MUHIM OBYEKTLARINI O‘Z VAQTIDA FOYDALANIShGA TOPShIRIShNI TA’MINLASh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Muhim xalq xo‘jaligi ahamiyatiga ega bo‘lgan obyektlar qurilishini belgilangan muddatlarda tugallashni ta’minlash ishlarini o‘z vaqtida tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Sho‘rtan gaz-kimyo kompleksi, Qo‘ng‘irot soda zavodi, Qizilqum fosforit kombinatini va Farg‘ona shahridagi kimyo sanoati obyektlarini foydalanishga topshirish bo‘yicha Respublika shtabi ilovaga* muvofiq tarkibda tashkil etilsin.
* Ilova berilmaydi.
Bosh vazirning o‘rinbosarlari B.S. Hamidov, A.N. Isayev shtab rahbarlari etib tayinlansin.
2. Respublika shtabiga:
Sho‘rtan gaz-kimyo kompleksi, Qo‘ng‘irot soda zavodi, Qizilqum fosforit kombinatini va Farg‘ona shahridagi kimyo sanoati obyektlarini ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmaning tegishli obyektlari bilan birgalikda o‘z vaqtida foydalanishga topshirish uchun javobgarlik;
loyihalarni amalga oshirishda qatnashuvchi vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar, kompaniyalar, mahalliy hokimiyat organlari, korxonalar, tashkilotlar va firmalarning faoliyatini muvofiqlashtirish;
Hukumatning obyektlar qurilishi bo‘yicha qarorlari, pudrat shartnomalari (kontraktlar) shartlari, ishlarni bajarish jadvallari, loyihalashtirish va asbob-uskunalar yetkazib berish muddatlari bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
obyektlar qurilishining borishi va ularni belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirish bilan bog‘liq masalalarni o‘z vaqtida hal etish bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar ko‘rish;
qurilish obyektlarini o‘z vaqtida mablag‘ va tegishli resurslar bilan ta’minlash;
qurilishda band bo‘lgan ishchilar uchun uy-joy-maishiy sharoitlar hamda savdo va boshqa xizmatlar ko‘rsatish ta’minlanishini tashkil etish;
mahalliy va xorijiy pudrat tashkilotlari va yetkazib beruvchilar harakatini muvofiqlashtirish yuklansin.
3. Belgilansinki, Respublika shtabining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari loyihani amalga oshirishda qatnashuvchi vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar, kompaniyalar, mahalliy hokimiyat organlari, korxonalar, tashkilotlar va firmalar tomonidan bajarilishi majburiydir.
4. Respublika shtabiga unga yuklangan vazifalarni bajarish uchun, zaruratga ko‘ra, mahalliy va xorijiy korxonalar va tashkilotlarni jalb qilish, mahalliy va xorijiy mutaxassislardan doimiy ishlovchi va muvaqqat ishchi guruhlar tashkil etish huquqi berilsin.
5. Belgilansinki, Respublika shtabi majlislari bir oyda kamida 2-marta o‘tkaziladi. Respublika shtabi obyektlar qurilishining borishi to‘g‘risida har oyda respublika Hukumatiga axborot bersin.
6. Quyidagilar:
Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 16-fevraldagi 87-son qarorining 11-bandi;
Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-noyabrdagi 505-son qarorining 5-bandi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri O‘.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 5-fevral,
50-son